Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida eng ulug', eng aziz ayyom – O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yillik bayramiga qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda.
Har go'shada bayram shukuhi, yurtdoshlarimizning yuzu ko'zlarida quvonch, barchaning kayfiyati ko'tarinki. Shunday dorilamon kunlarga etkazgani uchun hammamiz Yaratgan Rabbimizga cheksiz hamdu sanolar aytmoqdamiz.
Mamlakatimizda bayram arafasida o'z sohasi fidoyisi, mehnatesvar, faol, tashabbuskor, o'z taqdirini shu yurt taqdiri deb bilgan xodimlarni taqdirlash go'zal an'anaga aylangan.
Shu an'anaga muvofiq kuni kecha Toshkent shahridagi "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf" masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan otinoyilarni taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
Tadbirni ochib bergan Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov otinoytilarni Mustaqilik bayrami bilan samimiy tabriklab, faol va jonkuyar otinoyilarga o'zlarining tashakkurlarini izhor qildilar. Otinoyilarning barcha xayrli ishlariga ulkan zafar va muvaffaqiyatlar tiladilar.
Taqdirlash marosimida Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosarlari: Ergashali domla Rustamov va Abdulloh domla Yo'ldoshev, vakillik mas'ul xodimi Saidxon Maxsumov ham ishtirok etib, otinoyilarni bayram bilan qutladi.
Yig'ilishda diniy sohasidagi ko'p yillik samarali mehnati, xotin-qizlar o'rtasida turli bid'at-xurofotlarning oldini olishga qo'shgan munosib hissasi, yosh avlodni ezgu g'oyalar, vatanparvarlik, milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda faol bo'lgan otinoyilar Tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Tadbir so'ngida otinoyilarning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilanib, xayrli duolar qilindi.

.jpg)
.jpg)

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati