Insonga Alloh tarafidan judayam ko‘plab ne’matlar berilgan. Bu ne’matlar har biri inson uchun juda ham foydalidir. Agar inson har bir berilayotgan ne’matni o‘z o‘rnida ishlata bilsa, insonni ikki dunyo saodatiga erishtiradi. Shu ne’matlarni biri bu vaqtdir. Inson vaqtini yaxshilikka, savobli amallarga bag‘ishlar ekan, bu u uchun saodatdir.
Imomi Shofe’iy rahmatullohi alayhi aytadilar: “Vaqt qilich kabidir. Agar sen kesmasang, seni kesib ketadi. Allohni toati bilan, nafl namozlarni ko‘paytirish bilan, qarindoshlikni tiklash bilan, kasallarni borib ko‘rish bilan, sadaqot berish bilan, nafl ro‘zalar tutish bilan, birodaringning ko‘ngliga shodlik kiritish bilan, salomni oshkor qilish, shirin so‘z aytish bilan, ota-onang, aka-ukalaring va ahli ayolingga tabassum ila nazar solish bilan vaqtingni o‘z foydangga hal qil”.
Afsuski, hozirda hayot faqat shu dunyodan iborat deya o‘ylaydigan, oqibatda dunyo lazzati bilan mashg‘ul bo‘lib, bebaho umrni behuda narsalarga sarflash bilan ovora bo‘lib qolmoqdalar. Ayniqsa, aksar yoshlar internetdan foydalanar ekan, qimmatbaho vaqtini hazon qilayotgani, na dunyosi va na oxirati ishlariga foyda bo‘lmagan behuda narsalarni muhokama qilish, boshqalarni g‘iybat qilish va o‘z kindik qoni to‘kilgan zaminni yomonlab o‘tirishiga nima deyish mumkin?!
Ana shunday umrini behuda o‘tkazayotganlar unutmang! Qiyomat kuni bandadan so‘raladigan birinchi narsa – kishining umri, vaqtini nimaga sarflagani bo‘larkan! Shu holda qanday javob berishga biz tayyormizmi?! Xulosa o‘zingizdan!
Nuriddin TILLABOYEV,
Uchko‘prik tumani “Uchko‘prik” masjidi imom-xatibi
4 yanvar kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdullohxon domla Samatov va Kosonsoy tumanida faoliyat yuritayotgan imomlar ishtirokida diniy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan kosonsoylik talaba-yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ilm-ma’rifatning ahamiyati, shuningdek, yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va bilimli avlodni tarbiyalash borasida davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar xususida fikr almashildi. Talabalarga ta’limni yakunlagandan so‘ng o‘z tumanlarida masjid va mahallalarda imom-xatib, imom-noib hamda otinoyi sifatida xizmat qilishlari muhim ekani ta’kidlandi.
Abdullohxon domla yoshlarni ota-ona va ustozlar ishonchini oqlab, yurt va xalq manfaati yo‘lida fidokorona xizmat qilishga chorladi. Uchrashuv yakunida talabalarga o‘qishlarida muvaffaqiyat tilab duolar qilindi.
Shuningdek, homiylar ko‘magida 3 nafar talabaga o‘quv shartnoma uchun sertifikatlar topshirildi. Barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari va hadiyalar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati