Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Avgust, 2026   |   3 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:19
Shom
19:25
Xufton
20:49
Bismillah
16 Avgust, 2026, 3 Rabi`ul avval, 1448

22.11.2019 y. Islomda ulug‘ insonlarga hurmat va itoat masalasi

19.11.2019   15097   15 min.
22.11.2019 y. Islomda ulug‘ insonlarga hurmat va itoat masalasi

بسم الله الرحمن الرحيم

الْحَمْدُ للهِ وَلِيِّ الصَّالِحِيْن، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى إِمَامِ الْمُتَّقِيْن، وَقُدْوَةِ النَّاسِ أَجْمَعِيْن، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ

وَمَنْ اقْتَفَى أَثَرَهُ إِلَى يَوْمِ الدِّيْن أَمَّا بَعْدُ

ISLOMDA ULUG‘ INSONLARGA HURMAT VA ITOAT MASALASI

Muhtaram jamoat! Xalqimizning ko‘p asrlik tarixidan yurtdagi ulug‘ zotlar, ulamolar, ishboshilarga hurmat, ularning o‘gitlariga itoat milliy qadriyat hisoblangan. Jamiyat ravnaqi, xalq farovonligi ushbu zotlarning pand-nasihatlari va ko‘rsatmalariga amal qilishga har tomonlama bog‘liqligi – isbot talab qilmas haqiqatdir!    

“Itoat” kalimasi “bo‘ysunish”, “taslimlik”, “hukmga rozi bo‘lish” so‘zlari bilan ma’nodosh bo‘lib, ularning qarshisida “osiylik”, “haddan oshish” kabi so‘zlar turadi. Itoat to‘g‘risida Qur’oni karimning bir qancha oyatlarida so‘z yuritilgan bo‘lib, jumladan shunday deyiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَلَا تُبْطِلُوا أَعْمَالَكُمْ

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz va Payg‘ambarga itoat etingiz! Amallaringizni zoye qilmangiz!” (Muhammad surasi, 33-oyat).

Alloh taologa va Uning rasuliga itoat etish deganda – Islom dini ko‘rsatmalariga amal qilish tushuniladi. Shuning uchun ham buyuk vatandoshimiz Imom Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh Alloh va Uning rasuliga itoat etish ma’nosidagi mazkur oyatni “Allohning farzlariga, Rasulullohning sunnatlariga itoat etingiz” deya tafsir qilganlar.

Alloh taolo va Uning rasuliga itoat qilishga buyuk ajru savoblar va’da qilingan. Bunga qarshi chiqqanlarni qattiq jazodan ogohlantirilgan. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ يُدْخِلْهُ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَذَلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ * وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا وَلَهُ عَذَابٌ مُهِينٌ

ya’ni: “...Kim Alloh va (Uning) payg‘ambariga itoat etsa, uni ostidan anhorlar oqib turadigan bog‘larga (jannatga) kiritur. (Ular) u yerda abadiy (bo‘lurlar). Bu ulkan yutuqdir. Kim Alloh va (Uning) payg‘ambariga itoatsizlik qilsa va hududlaridan tajovuz qilsa, uni do‘zaxga abadiy (qolishi uchun) kiritur va uning uchun xor qiluvchi azob (bordir)”.

Muhtaram jamoat! Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hukmlariga itoat etish ham Allohga itoat etish demakdir. Rasulullohga itoat etish u zotning sunnatlarini lozim tutish, nimani keltirgan bo‘lsalar, barchasiga bo‘ysunish bilan amalga oshadi. Alloh taolo qaysi payg‘ambarni yuborgan bo‘lsa, ummatlariga itoatni farz qilgan.

Suyukli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga bo‘ysunishning zarurligiga U Zotning ko‘plab hadisi shariflarida ham ta’kidlangan. Imom Hokim Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

كُلُّ أُمَّتِي يَدْخُلُونَ الجَنَّةَ إِلا مَنْ أَبَى ، مَنْ أَطَاعَنِي دَخَلَ الجَنَّةَ وَمَنْ عَصَانِي فَقَدْ أَبَى

(رَوَاهُ الإمَامُ الحَاكِمُ)

ya’ni:Bosh tortuvchidan tashqari ummatimning har biri jannatga kiradi”,  dedilar. sahobalar: “Yo Allohning rasuli, bosh tortuvchi kim?” dedilar. Shunda U Zot: “Kim menga itoat qilsa, jannatga kiradi. menga itoat etmagan kimsa bosh tortuvchidir”, –  dedilar.

Ushbu hadisi sharifda Alloh va rasuliga itoat etganlarga oxiratda najot, itoat etmay, qarshi chiqqanlarga azob va halokat borligi bayon qilingan. 

Muhtaram jamoat! Itoatning yana bir ko‘rinishi payg‘ambar merosxo‘rlari bo‘lgan ulamolar va xalqning o‘zidan saylangan rahbarlarga itoat qilishdir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ أَطِيعُواْ اللّهَ وَأَطِيعُواْ الرَّسُولَ وَأُوْلِي الأَمْرِ مِنكُمْ

ya’ni: “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, payg‘ambarga va o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilarga itoat qiling (Niso surasi, 59-oyat).

Ushu oyati karimada kelgan “o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilar”ni ba’zi mufassirlar “ulamolar” deya tafsir qilishgan. Ibn Jarir Tabariy “ish boshilar”ning tafsirida mashhur sahoba Abu Hurayra raziyallohu anhuning: “ular sizlardan bo‘lgan amirlar”, – deb izoh berganini rivoyat qilgan (“Tafsiri Tabariy” 8-juz, 492-bet).

Yuqoridagi oyati karimalardan ma’lum bo‘ladiki, musulmon kishi avvalo Alloh taolo va Uning rasuliga to‘la taslim bo‘lib, ma’siyat bo‘lmaydigan o‘rinda rahbarlarga itoat etishi va bo‘yinsunishi lozim bo‘ladi. 

Inson va jamiyat hayotining barcha tarmoqlarini qamrab oluvchi mukammal shariatimizda oddiy fuqaroning rahbarga qay yo‘sinda muomala qilish masalasiga ham alohida urg‘u berilgan. Ahli sunna va jamoa aqidasini bayon qiluvchi mo‘tabar manba’laridan biri hisoblanmish “Aqidatut-tahoviya”da ushbu mavzuga alohida to‘xtalib, shunday deyilgan:

وَلَا نَرَى الْخُرُوجَ على أَئِمَّتِنَا وَوُلَاة أُمُورِنَا، وَإِنْ جَارُوا، وَلَا نَدْعُو عَلَيْهِمْ، وَلَا نَنْزِعُ يَدًا مِنْ طَاعَتِهِمْ، وَنَرَى طَاعَتَهُمْ مِنْ طَاعَة الله عَزَّ وَجَلَّ فَرِيضَة، مَا لَمْ يَأْمُرُوا بِمَعْصِيَة، وَنَدْعُوا لَهُمْ بِالصَّلَاحِ وَالْمُعَافَاة

ya’ni: “Imomlarimiz, boshliqlarimiz agarchi zulm qilsalar-da, ularga qarshi chiqish mumkin, deb hisoblamaymiz. Ulardan birortasini qarg‘amaymiz. Ularga bo‘ysunishdan bosh tortmaymiz. Ular modomiki ma’siyatga amr qilishmas ekan, ularga itoat qilishni Allohga itoat qilish o‘laroq farz, deb bilamiz. Ularning haqqiga salohiyat, muvaffaqiyat va salomatlik so‘rab duo qilamiz”.

Peshqadam salaflarimizdan biri hisoblanuvchi — imom Abu Ja’far Tahoviy ushbu jumlalari bilan bo‘yinsinuvchi inson va rahbar munosabatlariga doir, ahli sunnaning muhim masalalariga urg‘u bermoqdalar. Unga ko‘ra tinch aholi tomonidan qonuniy yo‘l bilan saylangan hukumat rahbariga, hattoki u jabr qilsa ham, itoat qilish, uning amridan bo‘yin tovlamaslik lozim bo‘ladi. Balki, rahbarga bo‘ysunish aqidamizning asliy muhim masalalaridan biri hisoblanadi.

imom Tahoviy hazratlari aytgan ushbu matnga ko‘plab sahih hadislar asos bo‘ladi. Jumladan Nabiy alayhissalom o‘zlarining hadisi shariflaridan birida shunday deganlar:

 مَنْ أَطَاعَنِي فَقَدْ أَطَاعَ الله ، وَمَنْ عَصَانِي فَقَدْ عَصَى الله ، وَمَنْ يُطِعِ الأَمِيرَ فَقَدْ أَطَاعَنِي،

وَمَنْ يَعْصِ الأَمِيرَ فَقَدْ عَصَانِي 

(رَوَاهُ الإِمَامُ الْبُخَارِيُّ وَالإِمَامُ أَحْمَدُ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه

ya’ni “kim menga itoat etsa, Allohga itoat etibdi. Kim menga osiy bo‘lsa, Allohga osiy bo‘libdi. Kim amirga itoat etsa, menga itoat etibdi. Kim amirga osiy bo‘lsa, menga osiy bo‘libdi” (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

" اسْمَعُوا وَأَطِيعُوا وَإِنْ اُسْتُعْمِلَ عَلَيْكُمْ عَبْدٌ حَبَشِيٌّ كَأَنَّ رَأْسَهُ زَبِيبَةٌ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ الْبُخَارِيُّ وَالإِمَامُ أَحْمَدُ)

ya’ni: quloq solinglar va bo‘ysuninglar! Garchi sizlarga boshi mayizdek habashiy boshliq etib tayinlangan bo‘lsa ham”, – deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Muhtaram jamoat! Rahbarga qarshi isyon – aslida xavorijlarning tutgan yo‘lidir. Xavorijlar xatto ulug‘ sahobiy hazrati Ali raziyallohu anhuning rahbarligini tan olmay, u kishiga qarshi chiqib, Islom tarixida birinchi isyonga asos solgan toifa bo‘lgan. Afsuslar bo‘lsinki, hazrati Alidek ulug‘ zotning rahbarligiga qarshi chiqqan ushbu toifaning izdoshlari xozirgacha mavjud.

Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

" مَنْ كَرِهَ مِنْ أَمِيرِهِ شَيْئًا فلْيَصْبِرْ؛ فَإِنَّهُ مَنْ خَرَجَ مِنَ السُّلْطَانِ شِبْرًا مَاتَ مِيتَةً جَاهِلِيَّةً "

(رَوَاهُ الإِمَامُ الْبُخَارِيُّ)

ya’ni: Kimki amirning biror narsasini noma’qul ko‘rsa, unga sabr qilsin. Chunki, kim podshohning itoatidan bir qarich bo‘lsa-da tashqari chiqsa, shubhasiz, johiliyatda o‘ladi (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Alloma Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh bu hadisni sharhida shunday deydilar:

فِي الْحَدِيثِ حُجَّةٌ فِي تَرْكِ الْخُرُوجِ عَلَى السُّلْطَانِ وَلَوْ جَارَ وَقَدْ أَجْمَعَ الْفُقَهَاءُ عَلَى وُجُوبِ طَاعَةِ السُّلْطَانِ الْمُتَغَلِّبِ وَالْجِهَادِ مَعَهُ ، وَأَنَّ طَاعَتَهُ خَيْرٌ مِنْ الْخُرُوجِ عَلَيْهِ لِمَا فِي ذَلِكَ مِنْ حَقْنِ الدِّمَاءِ وَتَسْكِينِ الدَّهْمَاءِ

ya’ni: “Bu hadisda sulton agarchi zolim bo‘lsa ham, unga qarshi chiqilmasligiga hujjat bor. Fuqaholar hukumat rahbari bo‘lib turgan sultonga itoat qilish va uning yonida turib dushmanga qarshi jang qilish vojibligiga bir ovozdan ijmo’ qilganlar. Shuningdek, sultonga itoat qilish, unga qarshi isyon ko‘tarishdan yaxshiroqdir. Chunki sultonga itoat bilan keraksiz g‘am-tashvishlarga barham beriladi va qon to‘kilishining oldi olinadi” (Fathul-Boriy sharhi sahihil-Buxoriy” 13-juz, 9-bet).

Hijriy II asrda yashab o‘tgan ruhiy tarbiyaning yetuk mashoyixlaridan biri bo‘lgan – “Obidul Haramayn” (“Masjidul Harom” va “Masjidun Nabaviy”ning obidi) degan laqabga ega bo‘lgan zot – Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadilar: "Agar menga birgina ijobat bo‘ladigan duo berilsa, uni albatta rahbarning haqqiga qilgan bo‘lardim. Zotan, agar o‘sha duoni o‘zimning haqimda qiladigan bo‘lsam, uning natijasi o‘zimdan nariga o‘tmaydi, ammo rahbarning haqqiga qilsam, el-yurtga foyda keltiradi".

Mashhur tobeinlardan biri Abu Muslim al-Xovlaniy rahimahulloh shunday deydilar:

 إنه مُؤمَّرٌ عَلَيْكَ مِثْلُكَ، فَإِن اهْتَدَى فَاحْمَد اللهَ، وَإنْ عَمِلَ بِغَيْرِ ذَلِكَ؛ فَادْعُ لَهُ بِالْهُدَى، وَلاَ تُخَالِفْهُ فَتَضِلّ.

ya’ni: “Sizning ustingizga Alloh tomonidan xuddi siz kabi bir inson boshliq qilib qo‘yilgan. Agar u to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsa, Allohga hamd ayting! Agar bunday bo‘lmasa, uni Alloh to‘g‘ri yo‘lga solishini so‘rab, uning haqqiga duo qiling! Unga qarshi chiqmang! Aks holda adashasiz”.

Hijriy IV asr boshlarida yashab o‘tgan zohid va obid zotlardan yana birlari Alloma Abu Muhammad Barbahoriy rahimahulloh aytadilar:

إِذَا رَأَيْتَ الرَّجُلَ يَدْعُوا عَلَى السُّلْطَانِ 

فَاعْلَمْ أَنَّهُ صَاحِبُ هَوَى

وَإِذَا رَأَيْتَ الرَّجُلَ يَدْعُو لِلسُّلْطَانِ بِالصَّلاَحِ

فَاعْلَمْ أَنَّهُ صَاحِبُ سُنَّةٍ

ya’ni: “Podishohga duoyibad qilayotgan kishini ko‘rsangiz, bilingki, u nafsi-havosiga ergashuvchi kishidir. Podshohning salohiyatini so‘rab, uni duoyi xayr qilayotgan kishini ko‘rsangiz, bilingki, u sunnatga ergashuvchi kishidir”.

Muhtaram jamoat! Bugungi kunda Vatanimiz o‘z erkiga ega bo‘lib, taraqqiyot sari jadal odimlab borar ekan, shuni unutmaylikki, atrofda xalqimiz tinchligi va ravnaqiga rahna soladigan g‘arazli kuchlarning ham halovati yo‘qolib bormoqda. Natijada parokandalik chiqarish niyatida turli-tuman fitna iddaolarni tarqatish bilan aholi orasida beqarorlik va ishonchsizlik kayfiyatini yoyishga harakat qilmoqdalar. Davlat rahbari va hukumatga itoatda bo‘lishni “g‘ayri islomiy” deb tushunuvchi o‘sha kimsalar o‘zlarini go‘yoki adolatparvar, islomga to‘liq amal qiluvchi komil musulmon qilib ko‘rsatishadi. Aslida, voqe’lik ularning shariatimizda ayni ushbu mavzu bilan bog‘liq ahkomlarni mutlaqo bilmasligi, buning oqibatida ularning tutgan yo‘li faqat vayronkorlikka, musulmonlarning zarariga xizmat qilayotganidan dalolat bermoqda.

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning fiqhiy masalalar qismida  hanafiy mazhabi bo‘yicha bomdodning farziga yetib kelgan kishi sunnatni o‘qish tartibini bayon qilamiz.

Bomdodning ikki rakat sunnatini o‘qimagan odam imomni farz namozida topsa, qaraydi: agar sunnatni o‘qisa, hech bo‘lmaganda farzning bir rakaatiga ulguradigan bo‘lsa, sunnatni o‘qib, so‘ngra imomga iqtido qiladi. Mana shunda ham sunnat, ham jamoatning fazilatiga erishadi. Chunki Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"مَنْ أَدْرَكَ رَكْعَةً مِنَ الْصَلاَةِ فَقَدْ أَدْرَكَ الْصَلاَةَ"  

(رواه الإمام مسلم والإمام ابن ماجة عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni: “Kim namozdan bir rakatni topsa, haqiqatan o‘sha namozni topibti” (Imom Muslim va Imom Ibn Moja rivoyatlari)”.

Bunday holatda sunnatni farz o‘qilayotgan safda o‘qimaydi. Chunki ulamolar bundan qaytarganlar, makruh bo‘ladi. Balki, imkon bo‘lsa, boshqa xonada yoki safdan uzoqroq joyda o‘qib, tezlik bilan jamoatga qo‘shiladi. Agar sunnatni o‘qisa, farzning bir rakatiga ham ulgurmaydigan bo‘lsa, sunnatni o‘qimasdan, farz o‘qish uchun jamoatga ergashadi. Chunki jamoatga ergashishning savobi sunnatni o‘qish savobidan ko‘proqdir. Jamoatni fazilati haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"صَلاَةُ الْجَمَاعَةِ تَفْضُلُ صَلاَةَ الْفَذِّ بِسَبْعٍ وَعِشْرِيْنَ دَرَجَةً"  

(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم عن عبد الله بن عمر رضي الله عنه)

ya’ni: “Jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma yetti daraja afzaldir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Shuni ham unutmaslik kerakki, bomdodning farziga qo‘shilgani sababli o‘qilmay qolgan bomdodning sunnatini farzdan keyin o‘qilmaydi. Balki sunnat bunday kishidan soqit bo‘ladi. Chunki bomdodni sunnati faqat bir o‘rinda qazo qilinadi. U ham bo‘lsa, bomdodning sunnati farzi bilan birga qazo bo‘lib, bugungi bomdod namozining qazosini zavol vaqtigacha o‘qiydigan kishi sunnatini ham birga qazo qilib o‘qiydi, zavoldan keyinga qolsa, faqat farzi o‘qiladi (Fathu babil inoya” va “Hidoya” kitoblari).

Alloh taolo qilayotgan ibodatlarimizni dargohida maqbul aylasin! Yurtimizni turli fitna va ofatlardan panohida asrasin! Shariatimiz ko‘rsatmalarini mukammal o‘rganib, unga amal qilib borishimizga muvaffaq etsin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “HALOL KASB – BARAKA KALITI” mavzusida bo‘ladi.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   19351   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari