Arabiston yarimorolida aholi ko‘paygach, guruh-guruh bo‘lib shimoli-sharqiy taraflarga ko‘chib ketgandan keyin ularning ko‘pchiligi Iroqda joylashib qoldi va ziroat bilan mashg‘ul bo‘ldi. Ular dastlab Alloh subhanahu va taologa ibodat qilishdi. Biroq vaqt o‘tishi bilan to‘g‘ri yo‘ldan adashib, turli but-sanamlarga sig‘ina boshlashdi. Shunda rasullarning birinchisi bo‘lgan Nuh alayhissalom insonlarni Alloh taoloning diniga chaqira boshladilar. U zot alayhissalom mazkur diyorlarda yashab turgan qavmlar uchun payg‘ambar qilib yuborildilar.
NUH ALAYHISSALOM
Nuh alayhissalom Idris alayhissalomning avlodlaridandir. U zotning otalarining ismi Lomaqdir.
Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, u kishi: «Odam bilan Nuh orasida o‘n asr o‘tgan. Hammasi Islomda bo‘lgan», deganlar.
Odamlarning dindan uzoqlashishi
Alloh taolo Odam Atoni jannatdan yerga tushirgach, uning zurriyotiga baraka berdi. Ular tezda ko‘payib ketdilar, kasb-kor o‘rgandilar. Ular Odam Atoga kelgan dinga e’tiqod qilib, yagona Allohga ibodat qilib yashay boshladilar. Odam alayhissalom avlodlarini to qiyomatgacha xayrli ishlardan qaytarishga ont ichgan shayton bu holga toqat qila olmadi. Kishilarni shirkka chakirish, but-sanamlarga ibodat qildirish payiga tushdi. Odam Atoning dastlabki avlodlari ichida Allohdan qo‘rqadigan, taqvodor, solih kishilar bor edi. Atrofdagilar ularni yaxshi ko‘rishar, hurmat qilishardi. Vaqti-soati yetib, ular olamdan o‘tganlaridan so‘ng shayton qolgan kishilarni: «Agar sizlar vafot etgan solih kishilarni haqiqatda yaxshi ko‘rsangiz, ularni eslab turishni xohlasangiz, suratlarini chizib qo‘ying, ertayu kech ko‘rib turasizlar», deya vasvasa qila boshladi.
Bu gap odamlarga yoqib tushdi. Avval boshda suratlariga qarab, ularni eslab turishdi. So‘ng suratlar o‘rniga haykallar qilib, ibodatxona va uylarga ko‘yishdi. Ular bu haykallar hech kimga foyda ham, zarar ham keltira olmasligini yaxshi bilishsa ham, lekin solih kishilarning barakasi umidida haykallarni hurmat qilishardi. Vaqt o‘tishi bilan haykallarning soni ham, ularga bo‘lgan izzat-ikrom ham ortib boraverdi. Qaysi solih kishi vafot etsa, unga haykal qo‘yadigan bo‘lishdi.
Keyingi avlodlar odamlar o‘z otalarining haykallarini ulug‘layotganlarini, ularning huzurida duo qilishayotganini ko‘rib, voyaga yetdilar. Oxir-oqibatda kishilar haykallarga sajda qiladigan, ulardan yordam so‘raydigan va ularga qurbonlik ataydigan bo‘lib qolishdi. Shunday qilib, haykallar butu sanamlarga aylandi. Odamlar ularni iloh darajasiga ko‘tarib, e’tiqod bilan ibodat qila boshladilar.
Yaratgan Xoliqni qo‘yib, toshdan, loydan, yog‘ochdan bo‘lgan haykallarga sig‘inish katta xato va zulm, Alloh taoloning g‘azabini keltiradigan ulkan gunoh edi.
Yangi payg‘ambarlar yuborish zarurati
Ana shunda Alloh taolo adashgan bandalariga rahm qi-lib, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishi uchun paygambar yubo-rishni iroda qildi.
Parvardigor bu paygambar odamlarning o‘zlaridan bo‘li-shini xoxdadi, chunki payg‘ambar Alloh taoloning farmonla-rini kishilarga yetkazish bilan birga o‘z hayotiga tatbiq qi-lib, o‘rnak bo‘lishi ham zarur edi. Agar payg‘ambar farishta bo‘lsa, odamlar: «Bu farishta. Uning bizdan ustunligi bor. Shuning uchun farmonlarni bajarishi ham oson, biz esa ba-jara olmaymiz», deya bahona qilishlari mumkin edi. Shuning uchun Alloh taolo odamlarga o‘zlaridan chiqqan, o‘zlariga o‘x-shash bir odam payg‘ambar bo‘lsa, bunday bahonani pesh qila olmaydilar, degan hikmat bilan shunday iroda qildi.
Shis va Idris alayhissalomlar nabiy sifatida o‘z qavm-larining xatolarini tuzatishga, to‘g‘ri yo‘lga boshlashga ha-rakat qildilar, ammo ulardan keyin ahvol yanada og‘irlashdi. Alloh taolo yana yangi payg‘ambar yuborishni iroda qildi.
Nuh alayhissalomning yuborilishlari
O‘sha zamonda yashagan kishilar ichida boylar, zodagonlar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, Alloh taolo Nuh alayhissalomni payg‘ambar qilib tanladi. Nuh oliyjanob, solih, aqlli, halim, to‘g‘riso‘z, omonatli, mehribon odam edi.
Alloh taolo u zotga vahiy yuborib, qavmini dinga chaqirishga buyurdi. Nuh alayhissalom: «Men sizga payg‘ambar bo‘ldim», deb qavmiga murojaat qilganlarida, ba’zilar: «Bu qachondan beri payg‘ambar bo‘lib qolibdi? Kechagina biz bilan yurgan edi-ku!» deyishdi.
Mutakabbir boylar esa: «Alloh shu qashshoqdan boshqani topa olmabdi-da, nima, boshqalar o‘lgan ekanmi?» deyishdi.
Yana boshqa birovlar: «Nuh shu yo‘l bilan obro‘ topmoqchi, boshliq bo‘lmoqchi», deyishdi.
Shunday qilib, Nuh alayhissalom o‘z qavmini iymonga chorladi. But-sanamlarni tark etib, Allohga ibodat qilishga da’vat eta boshladi.
Bu holatni Alloh taolo Nuh surasida quyidagicha bayon etadi:
«Biz Nuhni: «Qavmingni ularga alamli azob kelishidan avval ogohlantir», deb o‘z qavmiga rasul qilib yubordik» (1-oyat).
Nuh alayhissalom Iroqning janubida, hozirgi Kufa shahri joylashgan hudud atrofida yashagan aholiga payg‘ambar qilib yuborilganlar.
Nuh alayhissalom «rasullarning shayxi» deb ham ataladilar, chunki u zot besh «ulul azm» (sabot-matonatli) payg‘ambarlardan biridirlar.
Nuh alayhissalomning da’vatlari
Nuh alayhissalom amri ilohiyni bajarishga, o‘z qavmlarini Alloh taoloning diniga da’vat qilishga kirishdilar. U zot qavmlarini Allohning diniga da’vat qilishda barcha imkoniyatlarni ishga soldilar.
Avval maxfiy, keyinroq oshkora, oxirida ham oshkora, ham maxfiy da’vat qildilar. Shu bilan birga, ularni qiziqtirish uchun dindorlikdan bu dunyoning o‘zidayoq keladigan foydalarni ham zikr qildilar. Ammo sarkash qavm o‘z payg‘ambarining da’vatini qabul qilmadi, turli nobakorliklarda davom etdi.
Nuh alayhissalomning hasratlari
Shunda Nuh alayhissalom o‘z ishlarini, dardu hasratlarini to‘kib soldilar.
Alloh taolo Nuh surasida marhamat qiladi:
«Nuh dedi: «Robbim, ular menga isyon qildilar va moli, bola-chaqasi ziyondan boshqani ziyoda qilmaganga ergashdilar. Va nihoyatda katta makr qildilar. Va ular: «Ilohlaringizni hech tark qilmanglar va Vaddni ham, Suvo’ni ham, Yag‘usni ham, Ya’uqni ham va Nasrni ham tark qilmang», dedilar» (21-23-oyatlar).
Rivoyatlarda kelishicha, Vadd, Suvo’, Yag‘us, Ya’uq va Nasrlar solih, taqvodor kishilar bo‘lishgan. Odamlar ularni nihoyatda yaxshi ko‘rib, hurmat qilishgan. Vaqti-soati yetib, ular vafot etib ketishgach, odamlar shayton vasvasasiga uchib, ularning suratlarini chizishgan, so‘ng haykallarini yasab olishgan. Ular ziyorat qilingan va asta-sekin ularga dardu hasratlar aytiladigan bo‘lgan. Oqibatda vaqt o‘tib, ularga iloh deb qaralgan va ibodat qilingan.
Nuh alayhissalomning duolari
Umid uzilgandan keyin Nuh alayhissalom o‘zlarining mashhur duolarini qildilar:
«Darhaqiqat, ular ko‘plarni adashtirdilar. Va Sen zolimlarga zalolatdan boshqani ziyoda qilma» (Nuh surasi, 24-oyat).
Nuh alayhissalomning duolari qabul bo‘ldi. Alloh taolo kofirlarni bitta ham qo‘ymay halok qildi, chunki ular insoniyat badaniga tushgan qorason kasali kabi ediki, ularni kesib tashlamasa bo‘lmasdi.
Sarkash qavm ila tortishuv
Mazkur holat Nuh alayhissalomning sarkash qavmga qilgan da’vatlarining sodda bir ko‘rinishi, xolos. Aslida u zot uzoq vaqt turli sharoitlarda da’vat olib borganlar.
Bu haqda imom Jaloliddin Suyutiy «Ad-durrul mansur fit-tafsir bil ma’sur» kitobida Ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Alloh taolo Nuh alayhissalomni qirq yoshida payg‘ambar qilib yubordi. U o‘z qavmini ellik yil kam ming yil Allohga da’vat qildi. U to‘fondan keyin oltmish yil yashadi. Odamlar ko‘payib, keng dunyo torlik qildi».
Bir odamning ming yildan ortiq hayot kechirgani ko‘plarga g‘alati tuyulishi mumkin. Lekin bu inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqatdir. Qur’oni Karimda kelgan xabarni inkor qilgan odam kofir bo‘ladi. Ayni choqda, bu hol aql tarozisida tortsa bo‘ladigan oddiy bir ish. Qadimgi kishilar uzoq umr kechirgani hammaga ma’lum. Buning ustiga, oz sonli jonzotlarning umri uzun, adadi ko‘plarniki qisqa bo‘lishi ham tajribada ko‘rilgan. Nuh alayhissalom insoniyat to‘fon tufayli qirilib ketgan bir davrda yashaganlari e’tiborga olinsa, bunday uzoq umr ko‘rish oddiy bir hol ekani bilinadi.
Nuh alayhissalom turli yo‘llar bilan to‘qqiz yuz ellik yil da’vat qilsalar ham, ozgina qavmdan boshqalar iymonga kelmadi. Bunday holda ko‘plar sinovga dosh bera olmay, qaytib ketishi ham mumkin. Ammo haqiqiy iymon sohiblari o‘z iymonlaridan qaytmaydilar. Nuh alayhissalomning davrlarida ham shunday bo‘ldi. Nuh alayhissalom va u zotga iymon keltirganlar iymonlarida sobit qoldilar.
Oxirgi duoibad
Kofirlar esa shuncha yillar o‘tsa ham, iymonga kelishmadi. Ularning iymonga kelishlariga hech qanday umid ham qolmadi.
Nuh alayhissalom qavmining o‘ta ketgan sarkashligi, zalolatga mahkam yopishib olgani hamda ularga va’z-nasihat ta’sir qilmasligini anglab yetgach, Alloh taologa nido qildilar:
«Robbim! Qavmim meni yolg‘onchiga chiqarishdi. O‘zing men bilan ularning oramizni yaxshilab ochgin va menga hamda men bilan birga bo‘lgan mo‘minlarga najot bergin» (Shu’aro surasi, 117-118-oyatlar).
Kema yasashga amr bo‘ldi
Alloh taolo Nuh alayhissalomning duolarini qabul qildi.
«Va Nuhga vahiy qildikki: «Qavmingdan iymon keltirganlardan boshqa hech kim iymon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq qilinuvchilardir» (Hud surasi, 36-37-oyatlar).
Nuh alayhissalom Alloh taoloning amriga binoan ulkan kema yasadilar.
To‘fon yaqinlashdi
Mana, o‘sha va’da qilingan vaqt ham keldi:
«Nihoyat, amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «Unga (kemaga) har bir (tur)dan bir juftdan va avval u haqda so‘z ketgan kimsadan boshqa ahlingni va iymon keltirganlarni ham ol», dedik. U bilan birga iymon keltirganlar juda oz edi» (Xud surasi, 40-oyat).
To‘fon dahshatli tus olib kelardi. Nuh alayhissalom va sheriklari najot kemasiga minganlaridan so‘ng kema ularni tog‘lardek bo‘lib, mavj urayotgan to‘lqinlar ustida olib keta boshladi.
Allohning azobi kelgandan keyin kofirlarning birortasini hech kim, hech narsa qutqara olmadi. Faqat Alloh O‘zi rahm qilgan bandalarini najot kemasida kutqarib qoldi.
Vaqti-soati yetib, to‘fon tinchidi. Dunyoni sukunat chulg‘adi.
Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, najot kemasida Nuh alayhissalom bilan birga sakson kishi o‘z oilalari bilan bo‘lgan. Ular kemada bir yuz ellik kun kolganlar.
Nuh alayhissalom mustaqil shariat ila kelgan birinchi rasul-payg‘ambar bo‘ldilar.
Nuh alayhissalom shirkdan ogohlantirgan birinchi payg‘ambar bo‘ldilar.
Nuh alayhissalom «payg‘ambarlarning shayxi» nomini oldilar.
Nuh alayhissalom eng ko‘p umr ko‘rgan inson va payg‘ambardirlar.
Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, u zot Makkai mukarramada Masjidul Haromning yaqiniga dafn qilinganlar.
Nuh alayhissalomning o‘g‘illaridan biri bo‘lmish Som va uning farzandlari Arabiston yarimoroli tomonga yurdilar. Homning o‘g‘illari janub tarafga – Iroq tomon yurdilar va o‘sha yerlarning atroflariga joylashdilar. Nuh alayhissalomning Yofas ismli o‘g‘illari va uning zurriyoti sharq tomonga, bir qismi esa g‘arb tomonga harakatlanishdi. Boshqalar esa turli taraflarga tarqalib ketdi.
IROQDAGI SUMARIYA DAVLATI
Iroq tarafga borib, qaror topgan odamlar jamoasi Shin’or nomli pasttekislikka joylashdi. U yerda ularning hayoti yaxshilandi. Qadrlari baland, darajalari yuqori bo‘ldi va «sumariylar» degan nom bilan tanildilar. Ular asosan ziroatchilik bilan shug‘ullanishdi, to‘g‘onlar qurishdi. Ularning yaqinidagi yerlarga boshqa bir qavm ham joylashib, ko‘paya boshladi. Ularga poytaxt bo‘lgan shaharning nomi Akkod bo‘lib, keyinchalik bu qavm «akkodiylar» degan nom bilan tanildi.
Ulardan ba’zilari mazkur joyning sharqiy tarafidagi tepaliklarga ko‘chib o‘tishdi va Susa degan shaharni barpo etishdi. Bu xalq tarixda «iylomiylar» nomi bilan ma’lum va mashhur bo‘ldi.
Keyinchalik samuriylar mintaqada eng kuchli davlatga aylandi. Ularning eng mashhur podshohlaridan biri Sarjun ismli odam bo‘lgan. Mashhur shaharlaridan biri esa Ur deb nomlangan. Haykallarga va yulduzlarga ibodat qiluvchi mazkur kishilar uzoq yillar zalolatda qolib ketishdi.
IBROHIM ALAYHISSALOM
Vaqti-soati yetganda Alloh taolo ularga Ibrohim alayhissalomni payg‘ambar qilib yubordi. U kishi Ur shahrining qavmidan edilar.
Ibrohim alayhissalomning otalarining ismi Ozar bo‘lib, nasablari Nuh alayhissalomning o‘g‘illari Somga borib taqaladi.
Ibrohim alayhissalomning kunyalari Abu Ziyfon bo‘lgan. Bu «mehmondo‘st» degan ma’noni anglatadi. Ibrohim alayhissalomning uylariga tashrif buyurgan mehmonlar bilan bo‘lgan qissalari Qur’oni Karimdagi eng mashhur qissalardan ekani ma’lum.
Ibrohim alayhissalom, bir rivoyatga ko‘ra, Bobilda tavallud topganlar. Ma’lumki, Bobil hozirgi Iroq davlati hududiga qarashli bo‘lgan. U zot alayhissalom tavallud topganlarida otalari yetmish besh yoshda bo‘lgan ekan. Ibrohim alayhissalom o‘rtancha farzand bo‘lganlar.
Ibrohim alayhissalom ilohiy ta’limotlardan uzoqlashgan, ma’naviy qadriyatlar izdan chiqqan bir jamiyatda o‘sdilar. O‘sha vaqtda Bobilga Namrud ismli zolim podshoh hukmdorlik qilar edi. U yerning odamlari mol-dunyo va aysh-ishratga nihoyatda berilgan, shu bilan birga, shirk e’tiqodida bo‘lib, but-sanamlarga sig‘inishardi. Qavmning e’tiqodi buzuqligidan foydalangan podshoh o‘zini xudo deb e’lon qilgan edi.
Ibrohim alayhissalom o‘z qavmlari – Iroq kaldoniylari orasida o‘sib-ulg‘aydilar. Alloh taolo u zotning qalblarini hidoyat nuri ila munavvar qilgan edi. Shu bois o‘sib-ulg‘ayganlari sari Ibrohim alayhissalomning bu noma’qulchiliklarga nisbatan noroziliklari ham kuchayib bordi. Aqlini tanigach, otasining ham, qavmi va boshqa yaqinlarining ham toshdan, yog‘ochdan o‘zlari yo‘nib-o‘yib ishlab olgan but-sanamlarga sig‘inayotganlariga guvoh bo‘ldilar.
Ibrohim alayhissalom sof qalbi va ongi ila bu ish noto‘g‘ri ekani, jonsiz tosh yoki quruq yog‘och odamlar tomonidan bir oz ishlov berilgani bilan xudoga aylanib qolmasligini tushunib yetdilar. O‘zi jonsiz bo‘lgan narsa o‘zgalarga qanday qilib jon ato qila olsin?! O‘zi aqlsiz narsa qanday qilib o‘zgalarga aql bera olsin?! O‘zidan zararni qaytara olmaydigan narsa qanday qilib o‘zgalardan zararni daf etsin?!
Vaqt-soati yetgach, Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni payg‘ambarlikka tanlab oldi. Uzoq tayyorgarliklardan so‘ng u kishi shirkka qarshi kurashga qat’iy bel bog‘ladilar. Bu ishni u zot avval o‘z oilalaridan boshladilar.
Ibrohim alayhissalom birinchi navbatda mushrik otalarini shirkni tark etishga da’vat qildilar.
«Ibrohimning o‘z otasi Ozarga: «Sanamlarni xudolar qilib olasanmi? Men seni va sening qavmingni, albatta, ochiq-oydin adashuvda ko‘rmoqdaman», deganini esla» (An’om surasi, 74-oyat).
Ota e’tiroz bildirdi, orada munozaralar bo‘ldi. Ibrohim alayhissalom otalariga qilgan da’vatlari foyda bermagach, otalariga qo‘shib qavmlariga ham xitob qila boshladilar.
O‘tgan ummatlar orasida Alloh taologa shirk keltirishda g‘oyat nom taratgan qavmlardan biri Ibrohim alayhissalomning qavmlari edi. Ular nafaqat but-sanamlarga, balki yulduz, oy, quyosh kabi jismlarga ham sig‘inishardi. Ibrohim alayhissalom ularni bu narsalarga emas, ularni yaratgan Xoliqqa – Alloh taoloning O‘ziga iymon keltirib, ibodat qilishga da’vat etdilar.
Podshoh bilan munozara
Albatta, bo‘lib o‘tayotgan bu gap-so‘zlar o‘sha vaqtda xudolik da’vosini qilgan podshohga yetib borgan bo‘lishi ke-rak. Shuning uchun ham u Ibrohim alayhissalomni muno-zaraga chorladi. Ana shu mashhur munozara Baqara surasida quyidagicha vasf qilinadi:
«Alloh podshohlik berib qo‘ygani sababidan Ibro-him bilan Robbi haqida tortishgan kimsani bilmading-mi? Ibrohim: «Robbim tiriltiradi va o‘ldiradi», dedi. U: «Men tiriltiraman va o‘ldiraman», dedi. Ibrohim: «Alloh quyoshni mashriqdan chiqarur, sen uni mag‘ribdan chiqargin-chi», dedi. Bas, kufr keltirgan lol qoldi. Va Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas» (258-oyat).
Butlar haqidagi tortishuvlarning biridan so‘ng Ibrohim alayhissalom butlarni parchalab tashlash niyatlarini amalga oshirishga qaror qildilar. U zot nobakor qavmning dodini berish, butlarning qo‘lidan hech vaqo kelmasligini amalda isbot qilish maqsadida boshqacha yo‘l tutdilar.
Tafsirchi ulamolarimizning keltirishlaricha, Ibrohim alayhissalomning qavmida ma’lum va mashhur bayramlar bo‘lgan. Ular bayramlarda o‘yin-kulgi va kayfu safoga chiqishar, chiqishdan oldin esa soxta xudolarining huzuriga turli meva-chevalar qoldirib ketishardi. Dilxushlik va kayfu safolardan so‘ng kelib, o‘sha yeguliklarni muborak taom sifatida qaytarib olishardi.
Qavmining to‘g‘ri yo‘lga yurishidan umidi uzilgach, Ibrohim alayhissalom bir reja tuzib, ana shunday bayram kunini kutdilar. U zot qavmidan ko‘rgan nobakorlik, sarkashliklar oqibatida yuraklari juda siqilgan, huzur-halovatlarini yo‘qotgan, qavmlari uchun qayg‘urib, qiyin ahvolga tushib qolgan edilar.
Bayramga otlanib chiqqan qavm a’zolari Ibrohim alayhissalomning huzurlariga kelib, u zotning o‘zlari bilan bayramga chiqishlarini so‘rashdi. Shunda «yulduzlarga bir nazar soldi...» (Soffot surasi, 88-oyat).
Haligi odamlarga javob berishdan oldin xuddi ibodatxonadagi boshqa odamlar kabi osmonga o‘ziga xos bir nazar soldilar. U zotning bu holatlari suhbatdoshlarida «U osmondagi yulduzlardan biror narsani bilib oldi, shekilli», degan gumon paydo qilishi mumkin edi.
«Va: «Men bemorman», dedi» (Soffot surasi, 89-oyat).
Bu bilan yuraklari siqilaverib, mushkul ahvolga tushib qolganlarini, qavmlariga kuyaverib, qalblari dardga to‘lganini bildirdilar. Shoshilib turgan odamlar bu gapdan keyin darhol Ibrohim alayhissalomni qoldirib, yo‘llarida davom etishdi. Ular ketishganidan so‘ng Ibrohim alayhissalom oldi taomga to‘la soxta ilohlar bilan ibodatxonada yolg‘iz o‘zlari qoldilar.
Ibrohim alayhissalom hamma butlarni parcha-parcha qilib tashladilar. Eng katta butga esa tegmasdan, butun qoldirdilar. Bundan xabar topgan mushriklar manzaraga tezroq guvoh bo‘lish uchun bir-birlarini turtishib-surishib, shosha-pisha Ibrohim alayhissalomning oldilariga yetib kelishdi.
Ular ilohlarini sindirgan kishining adabini berib qo‘yishga qaror qilishdi. Biroq bu jazo chorasi ommaning ko‘z o‘ngida bo‘lishi ma’qul ko‘rildi. Shoyadki, boshqalar ko‘rib, ibrat olib, «Bundan buyon hech kim ilohlarimizga qo‘l tekkizmasa», deb o‘ylashdi. Va nihoyat, Ibrohim alayhissalomni odamlar huzurida so‘roq qila boshlashdi. Unga: «Xudolarimizni parcha-parcha qilib tashlagan senmisan?» deyishdi. Ibrohim alayhissalom: «Yo‘q, bu ishni o‘sha ilohlaringizning kattasi qildi, hamma kichik ilohlarni sindirib tashlab, o‘zi qoldi. Agar menga ishonmasanglar, (o‘sha but-sanaminglar) gapiradigan bo‘lsa, ularning o‘zlaridan so‘rab ko‘ringlar», dedilar.
Ibrohim alayhissalomning bu gaplari mushrik qavmga ta’sir qildi.
«So‘ngra yana boshlari aylanib: «Batahqiq, bularning gapira olmasligini bilar eding!» dedilar» (Anbiyo surasi, 65-oyat).
Jinoyatchi mushrik qavm bir-birlariga: «Ibrohimni jazolash uchun katta gulxan yoqadigan joy quringlar. Unga olov yoqib, Ibrohimni o‘sha gulxanga otinglar», deyishdi. Xullas, mushriklar katta gulxan yoqib, Ibrohim alayhissalomni o‘sha gulxanga otishdi.
Olov Alloh taoloning amri bilan Ibrohim alayhissalomga salqin va salomatlik bo‘ldi, u zotga hech qanday ozor yoki zarar yetmadi.
Alloh taoloning yo‘lida yurish haqidagi da’vatlar, tushuntirishlar va bahslar otaga ham, qavmga ham kor qilmadi. Ular bu va’z-nasihat va da’vatlardan foyda olish o‘rniga zulmga zo‘r berishdi. Ezgulik da’vatchisiga turli yomonliklar qilishdi. Uni ham o‘zlarining botil yo‘llariga yurgizmoqchi bo‘lishdi. Oxir-oqibat uni jismonan yo‘q qilishga urinishdi, chunki uning tirik yurishi o‘sha nobakor qavm uchun katta tahlika edi. Oddiy xalq uning orqasidan ketib qolishidan qo‘rqishardi.
Shomga ko‘chib o‘tishlari
Shuncha qilingan jiddu jahdlardan so‘ng ham Ibrohim alayhissalomga u zotning jufti halollari Sora onamiz va akalari Horonning o‘g‘li Lutdan boshqa hech kim iymon keltirmadi. Ana shunda Ibrohim alayhissalom: «Albatta, men Robbimga boruvchiman. U meni hidoyat qilur» (Soffot surasi, 99-oyat), deb dinu diyonat uchun hijratga ketishni afzal ko‘rdilar.
U zot sof niyatlarini tushunmagan nobakor qavmdan, eski odatlarni tark etishni xohlamayotgan zolimlardan voz kechishni xohladilar. Faqat Alloh taolo bilan qolishni, O‘zidangina yordam so‘rab, faqat Alloh taolo buyurganidek yashashni ixtiyor qildilar. Shuning uchun ham ishonch bilan: «U meni hidoyat qilur», dedilar.
«Alloh taolo O‘zi meni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladi. Ikki dunyo saodatiga eltuvchi yo‘lga boshlaydi».
Qatoda roziyallohu anhuning aytishlaricha, Ibrohim alayhissalom insonlardan birinchi bo‘lib (Bibi Sora bilan) Shom yerlariga ko‘chib o‘tgan zotdirlar. Shunday qilib hijrat amalga oshdi. Bir holatdan ikkinchi holatga ajrab chiqildi. Shu paytgacha Ibrohim alayhissalom farzand ko‘rmagan edilar. Hijrat yolg‘izligida Alloh taolodan farzand so‘radilar.
«Robbim, menga solihlardan ato et». Unga bir halim o‘g‘ilning xushxabarini berdik» (Soffot surasi, 100-101-oyatlar).
Yoshi bir joyga borib qolgan, begona yurtlarda muhojir bo‘lib yurgan befarzand odam uchun bu juda buyuk xushxabar edi. Uzoq davom etgan befarzandlikdan keyin farzandli bo‘lish naqadar baxt! Uzoq davom etgan bu befarzandlikdan so‘ng ayniqsa o‘g‘illik bo‘lish qanchalik baxt! U o‘g‘ilning halim bo‘lishi yanada ulug‘ baxt! Ana shu farzand Ismoil edi!
Ammo o‘sha halim o‘g‘il dunyoga kelgungacha hali oldinda anchagina voqealar bor edi.
Abu Hurayraroziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
«Nabiy Ibrohim alayhissalom uchta yolg‘ondan boshqa hech yolg‘on gapirmagan. Ikkitasi Allohning zotida (Kitobida) «Men bemorman», degan gapi va «Yo‘q, buni manavi, ularning kattasi qildi», degan gapi. Bittasi Sora haqida. U kishi bir jabborning (zolim podshohning) yeriga bordi. U zot bilan Sora ham bor edi. U (Sora) odamlarning go‘zali edi. U zot unga: «Mana bu jabbor sening xotinim ekaningni bilsa, sen(ga yetishish) uchun menga kuch ishlatadi. (Shuning uchun) agar sendan so‘rab qolsa, mening singlim ekaningni aytgin. Sen mening Islomdagi singlimsan. Men yer yuzida men va sendan boshqa musulmon borligini bilmayman», dedi.
Ular uning yeriga kirganlarida uni jabborning ahlidan ba’zilari ko‘rib qolib, uning oldiga borib: «Sening yeringga bir ayol keldi. U sendan o‘zgaga munosib emas», deyishdi.
U odam yubordi. Uni olib kelishdi.
Ibrohim alayhissalom namozga turdi.
(Sora) uning (zolim podshohning) oldiga kirganida o‘zini tuta olmay, qo‘lini unga uzatgan edi, ko‘li qattiq tirishib qoldi. Shunda unga: «Allohga duo qil. Qo‘limni qo‘yib yuborsin. Senga zarar yetkazmayman», dedi. U uning aytganini qildi, lekin jabbor yana yomonlikka qaytdi. Qo‘li avvalgidan ham qattiqroq tirishib qoldi. Unga yana avvalgi gapini qaytardi. U uning aytganini qildi, lekin jabbor yana yomonlikka qaytdi. Qo‘li avvalgi ikkisidan xam qattiqroq tirishib qoldi. Shunda unga: «Allohga duo qil. Qo‘limni qo‘yib yuborsin. Allohga qasam, senga zarar yetkazmayman», dedi. U uning aytganini qilgan edi, quli bo‘shadi. Uni olib kelgan odamni chaqirib: «Sen menga odam emas, shaytonni olib kelibsan! Uni mening yerimdan chiqarib yubor! Unga Hojarni ham ber!» dedi.
U jo‘nab ketdi. Ibrohim alayhissalom uni ko‘rib, namozini tugatdi va: «Nima gap?!» dedi.
«Yaxshilik! Alloh fojirning qo‘lini tiydi! Xizmatchi ham berdi», dedi».
Abu Hurayra: «Ana o‘sha sizning onangiz bo‘ladi, ey osmon suvi farzandlari!» dedi».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisi sharifdagi «jabbor»dan murod zolim podshoh, «jabborning yeri»dan murod Misrdir. Ibrohim alayhissalom Sora onamiz bilan Misrga hijrat qilgan vaqtlarida u yerda bir zolim odam podshohlik qilar edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Nabiy Ibrohim alayhissalom uchta yolg‘ondan boshqa hech yolg‘on gapirmagan. Ikkitasi Allohning zotida (Kitobida) «Men bemorman», degan gapi va «Yo‘q, buni manavi, ularning kattasi qildi», degan gapi. Bittasi Sora haqida» degan gaplaridan zinhor-bazinhor «Ibrohim alayhissalom umrlarida uch marta yolg‘on gapirgan ekanlar» degan fikr kelib chiqmasligi kerak. Bu yerdagi «yolg‘on»dan sirtidan yolg‘on bo‘lib ko‘ringan, aslida boshqa tarafga burib yuborsa bo‘ladigan gaplar ko‘zda tutilgan.
Qissaning davomi shuki, Sora onamiz zolim podshoh o‘zlariga sovg‘a qilgan Hojar ismli ayolni erlari Ibrohim alayhissalomga sovg‘a qildilar. Ehtimol, o‘zlari befarzand bo‘lganlari uchun erlarining boshqa ayol bilan ham turmush qilib ko‘rishini o‘ylagan bo‘lsalar, ajab emas.
Hojar onamiz homilador bo‘lib, Ismoilni dunyoga keltirdilar. O‘sha vaqtda Ibrohim alayhissalom 86 yoshda edilar.
Alloh taolo iroda qilgan hikmatga binoan Sora onamizning rashklari qo‘zidi. Oxiri borib Hojar onamizni go‘daklari bilan boshqa bir joyga olib borib qo‘yishga kelishildi.
Zurriyotni giyohsiz vodiyga joylashtirish
Ibrohim alayhissalom juda uzoq yo‘l yurgandan so‘ng hozirgi Ka’bai muazzamaning o‘rniga Hojar onamiz bilan go‘dak Ismoilni qoldirib, ortlariga qaytdilar. Ma’lum bir joyga yetib, u zot ona-bolani ko‘radigan, ular esa u zotni ko‘rmaydigan joyda turib, Alloh taologa iltijo ila quyidagi duoni qildilar:
«Robbimiz, haqiqatda men o‘z zurriyotimni Baytul haroming yoniga, giyohsiz vodiyga joylashtirdim. Robbimiz, namozni to‘kis ado etishlari uchun. O‘zing odamlardan ba’zilarining qalblarini ularga talpinadigan qilgin va ularni mevalardan rizqlantirgin. Shoyad, shukr qilsalar» (Ibrohim surasi, 37-oyat).
Alloh taolo Ibrohim alayhissalomning bu duolarini qabul etdi. Mazkur yurtni, Harami sharifni omonlik yurti qilib qo‘ydi. Uning omonligiga tahdid soladiganlarni halokatga giriftor qildi. U yerdagilar Allohga ibodatni to‘g‘ri qilib, namozni to‘kis ado etganlarida, omonlikka qo‘shib to‘qchilikni ham berdi. Musulmon bo‘lgan odamlar qalbini o‘sha tomonga talpinib turadigan qildi. Yerlarida hech narsa o‘smasligiga qaramay, u joyning aholisini turli mevalar bilan rizqlantirib qo‘ydi.
Ibrohim alayhissalom har zamonda kelib, oilalaridan xabar olib turdilar. Ismoil ham o‘sib-ulg‘ayib bordi.
Keyin nima bo‘lganini Soffot surasining quyidagi oyatlaridan bilib olamiz.
Qurbonlik qilish
«Bas, (bola) uning o‘zi bilan birga yuradigan bo‘lganida: «Ey o‘g‘ilcham, men tushimda seni so‘yayotganimni ko‘ryapman, bir o‘ylab ko‘r, nima deysan?» dedi. U: «Ey otajon, senga amr etilgan ishni bajar, inshaalloh, meni sabr qiluvchilardan ekanimni ko‘rursan», dedi» (102-oyat).
Ibrohim alayhissalom qurbonlik uchun bolasini so‘yishga tayyorligini bildirdi. Uni yotqizib, bo‘yniga pichoq tiradi. Ammo Allohning irodasi Ismoilning qonini to‘kish bo‘lmagani uchun pichoq o‘tmadi. Shunda Alloh taolo Ismoil alayhissalomning o‘rniga jannatdan katta bir ko‘chqorni so‘yish uchun yubordi. Ibrohim alayhissalom o‘sha qo‘chqorni qurbonlikka so‘ydilar. Bu ishlar Minoda – hozirda hojilar qurbonlik so‘yadigan joyda bo‘lib o‘tdi.
Baytullohning qurilishi
Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga va u zotning solih amalli zurriyotlariga imomlik, rahbarlikni va’da qildi. Ushbu imomlikning ko‘rinishlaridan biri – Baytullohni qurish va unga tegishli ishlar bo‘ldi.
Imom Buxoriy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan uzun qissada, jumladan, quyidagi iboralar ham bor:
«Ibrohim: «Ey Ismoil, Alloh menga bir ish buyurdi», dedi.
Ismoil: «Robbingiz buyurgan ishni ado eting», dedi.
(Ibrohim) «Sen yordam berasanmi?» dedi.
(Ismoil) «Yordam beraman», dedi.
«Alloh menga mana shu yerga uy qurishni buyurdi», deb kichik tepalik va uning atrofini ko‘rsatdi. Ana o‘shanda Baytullohning poydevorini ko‘tara boshladilar. O‘g‘il tosh tashir, ota qurar edi».
Hajning boshlanishi
Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga faqat Baytullohni qurish sharafinigina bermadi. Balki uni qurishdan asosiy maqsad bo‘lgan haj ibodatini yo‘lga qo‘yishdek buyuk baxtni ham aynan o‘sha zotga nasib etdi.
Demak, Baytullohni qurish ishi Alloh taoloning bevosita ko‘rsatmalari asosida bo‘lgan.
Ibrohim alayhissalomning Alloh taolo tomonidan mukofotlanishlari yuqorida zikr etilgan narsalar bilan cheklanib qolmadi. Alloh taolo u zotga yana bir o‘g‘il ko‘rishlari, uning ismi Is'hoq bo‘lishi, u ham solihlardan, payg‘ambarlardan bo‘lishining xushxabarini berdi.
Ibrohim alayhissalom ajallari yetib, bu dunyoni tark etdilar. Necha yil yashaganlari aniq emas, ammo 200 yildan kam. Oila a’zolari u zotni Makfila nomli g‘orga, zavjalari Sora onamizning yonlariga dafn qildilar. U joy hozirda Falastinning Xalil shahridadir.
KЕYINGI MAVZULAR:
Iroqdagi Akkod va Bobil davlati;
Yunus alayhissalom;
Ikkinchi Bobil;
Kaldoniylar davlati tamadduni;
Fors davlati tamadduni;
Shu yil, 12 may kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikromov boshchiliklarida viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari hamda "Haj – 2024" ziyoratchilaridan iborat tuzilgan ishchi guruhi a’zolari uchun Namangan viloyati Yangi Namangan tumanidagi “Imom Buxoriy“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lgan hojilar bilan Yangi Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
birinchi yo‘nalish – imom-xatibning “Haj-2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish;
ikkinchi yo‘nalish – imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
uchinchi yo‘nalish – imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Ishchi guruh a’zolari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Yangi Namangan tumanida faoliyat olib bordi.
Shuningdek Ishchi guruh a’zolari Yangi Namangan tumani masjidlari hududidagi mahallaning bir necha xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘raldi. Xonadondagi yoshlarni ta’lim tarbiyasi bilan tanishildi, ularning muammolari o‘rganildi, taklif fikr, mulohazalari tinglandi va mahallalarda namunaviy bo‘lgan oilalarga kirib keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati