15 noyabr kuni Saudiya Arabistoniga umra amallarini ado etish uchun yetib kelgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi Madinai munavvaradagi “Zam-zam pulman” mehmonxonasida katta ehtirom va yuksak iltifotlar ila kutib olindi. Katta orzular, yaxshi tilaklar va chin ixloslar og‘ushida kelgan ziyoratchilarni ishchi guruhi a’zolari kutib oldilar.
Ziyoratchilarimizga mehmonxonada taomlar tortildi hamda ularga shirinliklar ulashilib, ikrom qilindi. “Haj – 2019” mavsumi ishchi guruhi a’zolari, shifokorlar va Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati mutasaddilari yurtdoshlarimizga tabassum ila peshvoz chiqdilar.
Bunday sharoitlar va iltifotlar ziyoratchilarimizning ibodatga bo‘lgan rag‘batlarini yanada oshiradi va ixloslarini ziyoda aylaydi, insho Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.
Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.
Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati