«Ey Muhammad, bir kecha-kunduzda ummatlaringga besh vaqt namozni farz qildim. O‘zim ahd qildimki, kim shu besh vaqt namozni o‘z vaqtida ado etib yursa, u kishini jannatga kiritaman. Kim o‘z vaqtida ado etib yurmasa, u banda xususida ahdim yo‘qdir» (Hadisi qudsiy).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) as'hoblaridan so‘radilar: «Birortangiz uyingizning oldidan oqib o‘tadigan daryoda (yoki soyda) har kuni besh mahal yuvinsangiz, badanimda kir qolibdi, deb aytasizmi?» Sahobalar: «Sira ham kir qolmaydi», deyishdi. Rasuli akram: «Besh vaqt namoz ham shunga o‘xshash, Alloh taolo namoz sababli gunohlarni kechiradi».
«Asr namozini uzrsiz qazo qilib qo‘ygan odam bola-chaqasiyu mol-dunyosidan ajragan kishi kabidir».
«Qorong‘u kechalarda masjidga borgan kishilarga, Qiyomat kuni nurga ega bo‘lishlari xushxabarini yetkazing».
«Sizlardan birlaringiz namoz o‘qigan joyda tahoratini buzmasdan o‘tirgan muddatda, farishtalar uni: “Iloho, bu kishining gunohlarini kechir va unga rahm ayla”, deb duo qilishadi».
«Kechasi turib ibodat qilgan va xotinini uyg‘otgan, xotini turishni xohlamasa, yuziga suv sepgan odamga Alloh rahmatini yog‘dirsin. Kechasi turib namoz o‘qigan va erini uyg‘otgan, eri turishni xohlamasa, yuziga suv sepgan xotinga Alloh rahmatini yog‘dirsin».
«Namoz jannatning kalitidir».
«Namoz dinning ustunidir».
«Namoz mo‘minning me’rojidir».
O‘MI matbuot xizmati
Savol: Yolg‘iz namoz o‘qiyotgan odam masalan, xufton namozini jahriy qilib o‘qiyotgan bo‘lsa va esidan chiqib maxfiy o‘qib yuborsa, uning hukmi nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kishining namozi to‘liq ado etilgan hisoblanadi. Chunki yolg‘iz o‘qiyotgan namozxon jahriy namozlarni xohlasa jahriy yoki maxfiy o‘qishi mumkin. Ammo jahriy o‘qishi jamoat bilan ado etishga o‘xshaganligi uchun afzal hisoblanadi. Maxfiy namozlarda esa u ham maxfiy o‘qiydi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kunduz vaqtida o‘qiladigan namozlarda ovoz chiqarilmaydi, deganlar.
Yolg‘iz holatda namozni maxfiy o‘qiyotgan namozxon esida yo‘q jahriyga o‘tib ketib qolsa yoki jahriy o‘qiyotib maxfiyga o‘tib ketib qolsa, bu holatda sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Lekin qasddan qilsa, xatokor hisoblanadi.
Jahriy namozlarda qiroatni jahriy va maxfiy namozlarda maxfiy qilishning vojibligi jamoatga, ya’ni imomga tegishli masala hisoblanadi. Shuning uchun imom bu ishlarni unutib tark etsa, sajdai sahv qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi