“Tabarruk” arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda “barakani talab qilish”; shar’iy istilohda esa, “Alloh taolodan bir narsa sababli yaxshilikni istash”ni bildiradi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan qolgan muborak narsalar (kiyim, taom, sharob, idish, soch-soqol, namoz o‘qigan joylari va hokazo)ni tabarruk qilishga ulamolarimiz ittifoq qilganlar. Sahobai kiromlar shunday qilganliklari haqida bir qancha hadisi sharif va siyrat kitoblarida ko‘plab ma’lumotlar bayon qilingan. Quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz.
Tahorat suvlarining tabarruk qilinishi. Rasulullohning muborak badanlariga tekkan narsani tabarruk qilishga o‘ta haris bo‘lgan sahobai kiromlar U Zot sallallohu alayhi vasallamning tahorat suvlarini talashishardi. Yetmay qolganlar suvdan nasibador bo‘lgan sahobalar qo‘lidagi namlikni tabarruk qilishgan. Tarixdan ma’lumki, Makka mushriklari elchisi Urva ibn Mas’ud as-Saqafiy Hudaybiya sulhi kuni sahobalarning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan munosabatlarini, U Zotni qanday hurmat-ehtirom qilishlarini diqqat bilan kuzatgach va qavmiga qaytib borgach shunday dedi:“(Ey qavmim), qasamki, men ko‘p podshohlar, jumladan, Qaysar, Kisro va Najoshiy huzurida bo‘lganman. Allohga qasamki, biron bir podshohning ayonlari Muhammadning as'hobi Uni ulug‘laganidek ulug‘laganini ko‘rmaganman. Qasamki, agar bir ishga buyursa, uni ado etishga shoshilishadi. Tahorat qilsa, tahoratiga suv berishga (yoki tahoratidan ortgan suvni) talashib, urishib ketgudek bo‘ladilar. U gapirsa, ovozlarini chiqarmay, jim quloq solishadi. Uni hurmat qilganlaridan yuziga tik boqishmaydi” (Shu mazmundagi hadisni Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
“Avnul ma’bud” nomli kitobda bunday deyiladi: “Buzoa qudug‘i atrofida yashaydiganlardan birortasi xastalansa, quduq suvi bilan yuvingin, unga Rasulullohning tahorat suvlari tushgan, deyilardi. Bemor yuvingandan so‘ng go‘yo kishandan xalos bo‘lgandek o‘zini yengil his qilardi”.
Mo‘yi muboraklarining tabarruk qilinishi. Sahobai kiromlar suyukli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning muborak mo‘ylaridan bir tola bo‘lsa ham olish g‘amida edilar. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sochlarini sartarosh olayotganini ko‘rganman. As'hoblari atroflarida aylanib turishardi. Biror sochlari yergacha yetmas, albatta, bir sahobiy qo‘liga tushardi” (Imom Muslim rivoyatlari).
“Sahihi Buxoriy” kitobida quyidagi rivoyat kelgan: “Ummu Salama raziyallohu anho onamiz Payg‘ambarimizning muborak sochlaridan bir nechtasini idishda saqlar edilar. Sahobai kiromlardan qaysilari bemor bo‘lsalar, bir idishga suv to‘ldirib onamizning huzuriga kelardi. Shunda onamiz Payg‘ambarimizning muborak sochlarini suvga botirib berar edilar. Bu tabarruk suvni ichgan sahobiy Allohning qudrati bilan shifo topardi”.
Xolid ibn Valid raziyallohu anhu Yarmuk urushida bosh kiyimlarini yo‘qotib qo‘ydilar. Topilgandan keyin: “Buni yaxshi ko‘rishim sababi shuki, Rasululloh umra qilib bo‘lib sochlarini oldirdilar. Sahobalar mo‘yi muborakdan nasibador bo‘lish uchun shoshishdi. Men hammadan o‘zib, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning peshona sochlariga erishdim va uni shu bosh kiyimim ichiga qo‘ydim. U bilan qaysi jangga kirgan bo‘lsam, mo‘yi muborak barakotidan Alloh taolo menga g‘alabani nasib qilgan”, deb aytdi.
Taomlarining tabarruk qilinishi. Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan qolgan taomni yeyishda bir-birlari bilan musobaqalashardi. Bunga quyidagi rivoyat misol: “Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu aytadilar: “Rasulullohga ichimlik olib kelindi. Undan ichdilar. O‘ng taraflarida yosh yigit Ibn Abbos, chap taraflarida esa katta yoshli sahobalar o‘tirishgandi. Rasululloh Ibn Abbosdan chap tarafdagi katta yoshli sahobalarga o‘zlaridan qolgan suvni birinchi uzatishni so‘radilar. Ibn Abbos esa: “Yo Rasululloh, sizdan menga keladigan nasibani hech kimga bera olmayman”, deb uzr aytdi. Shundan keyin Payg‘ambarimiz suvni Ibn Abbosga uzatdilar”.
Mazkur mavzuda so‘z ketar ekan, Payg‘ambarimiz Madinaga yangi borganlarida Abu Ayyub Ansoriy raziyallohu anhu uyida mehmon bo‘lganlari yodga tushadi. U Zotni yo‘qlab har tarafdan Abu Ayyubnikiga taom kelar, xonadon sohiblari ham ovqat tayyorlashardi. Payg‘ambarimiz huzurlaridan qaytib chiqqan yegulikning muborak barmoqlari tekkan joyidan Abu Ayyub va xotini tabarrukona yeyishardi. Ulamolarimiz shu rivoyatni dalil keltirib, ulug‘ ustozlardan qolgan taomni tabarruk qilib yeyish joiz ekanligini aytadilar.
Muborak liboslarining tabarruk qilinishi. Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz liboslariga erishish va uni uyda saqlashga o‘ta haris edilar. Muborak libosni tabarrukona kiyishar, u yuvilgan suv esa bemorlarga Xudoning qudrati ila shifo bo‘lganini ko‘p ko‘rishgandi. Hazrati Abu Bakr raziyallohu anhuning Asmo ismli qizlari uyidan yashil chopon chiqarib: “Bu muborak libosni Rasululloh kiyardilar. Biz uni yuvib, suvini bemorlarga beramiz. Muborak chopon barakotidan Alloh taolo ularga shifo ato etadi”, degani rivoyat qilingan.
Muoviya raziyallohu anhu aytadilar: “Menda Rasulullohning muborak ko‘ylaklari bor. Agar vafot etsam, uni menga kiygizib qo‘ying. Shoyad Alloh taolo uning barakotidan menga rahm qilsa”.
Qo‘llari tekkan muborak narsalarni tabarruk qilinishi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam huzurlariga har xil kasallikka chalingan bemorlar kelsa, muborak qo‘llari bilan og‘riq bor yoki shishgan joyni silardilar. Xastalar Alloh taolo qudrati ila birozdan keyin hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib qaytishardi.
Sobit raziyallohu anhu hazrati Anas ibn Molik huzuriga kelib, qo‘l, ko‘zlarini o‘pib: “Bu qo‘llar Rasulullohni ushlagan, bu ko‘zlar esa U Zotni ko‘rgan”, der edi.
Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz namoz o‘qigan joyda namoz o‘qishga ham o‘ta haris edi. Hatto uylariga taklif qilib, biror joyida namoz o‘qib bersangiz, biz shu joyni namozgoh qilib olamiz, deyishardi.
Utbon ibn Molik raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz huzurlariga borib: “Yo Rasululloh, ko‘zim xiralashib qoldi. Masjidga boradigan yo‘limga yomg‘ir yoqqan paytda sel keladi. Shu sababli ba’zida jamoatga kela olmayapman. Qani edi, uyimga borib biror joyida namoz o‘qib bersangiz, men o‘sha yerni zarurat bo‘lgan paytda o‘zimga namozgoh qilib olardim”, dedi. Payg‘ambarimiz rozi bo‘ldilar. Ertasiga ertalab hazrat Abu Bakr bilan birga bordilar. Utbon ibn Molikdan: “Uyingizni qayerida namoz o‘qishni yaxshi ko‘rasiz?” deb so‘radilar. Uy egasi o‘ziga yoqadigan joyni ko‘rsatdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ko‘rsatilgan yerda namoz o‘qidilar va hazrat Utbon bu tabarruk joyni namozgoh qilib oldilar.
Darhaqiqat, sahobalar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning: “Men sizlarga farzandingiz, ahli-ayolingiz, mollaringiz va barcha odamlardan sevimli bo‘lmagunimcha komil mo‘min bo‘lolmaysiz”, degan ma’nodagi hadislariga og‘ishmay amal qilishgan. Biz ham ulardan o‘rnak olib, U Zotga bo‘lgan muhabbatlarimizni yanada oshirib, sunnatlarini bajarishga harakat qilishimiz va unutilayotgan sunnatlarini esa tiriltiraylik. Shoyad Payg‘ambarimiz alayhissalomning shafoatlariga erishsak.
Shuningdek, bu ulug‘ oyni g‘animat bilib, ota-onalar farzandlari bilan Payg‘ambarimiz tarixlariga oid bo‘lgan kitobxonliklarni tashkil qilsalar ayni muddao va muhabbatning bir nishonasi bo‘ladi. Beadad shukrlar bo‘lsinki, hozirgi kunda kitob do‘konlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning tarixlariga doir, o‘zbek tilida yetarlicha adabiyotlar mavjud. Faqat undan foydalanishimiz kerak, xolos.
G‘ulomiddin XOLBOYEV
O‘MI Fatvo bo‘limi xodimi,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yurish ham g‘animat edi. Bunaqangi imkoniyat bo‘lib qolsa, sahobalar darrov undan foydalanib qolishar, imkoniyatni qo‘ldan chiqarishmas edi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning saodatiga qarang!
Bir kuni u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga ketayotib so‘radi:
- Yo Rasulalloh! Shunday amalni aytingki, u meni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoqlashtirsin! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
- Juda ham katta ishni so‘rading. Bu ish Alloh oson qilgan kishiga osondir: Allohga ibodat qilib, Unga hech narsani sherik qilmaysan; namozni qoim qilasan; zakotni berasan; ramazon ro‘zasini tutasan, Baytullohni haj qilasan! So‘ng yana dedilar:
- Ey Muoz! Senga yaxshiliklar eshigini ko‘rsataymi? Ro‘za qalqondir, sadaqa suv olovni o‘chirgani kabi xatolarni o‘chiradi, kishining kecha qorong‘usida o‘qigan namozi... - deb ushbu oyatni o‘qidilar: «Ularning yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur. Ular Robblariga qo‘rquv va umidvorlik ila duo qilurlar va o‘zlariga rizq qilib berganimiz narsalardan infoq qilurlar» (Sajda surasi, 16- oyat).
So‘ngra yana dedilar:
- Ey Muoz! Senga barcha ishlarning boshi, ustuni va eng yuqori cho‘qqisi nimaligini aytaymi? Ishlarning boshi Islom. Uning ustuni namoz. Yuqori cho‘qqisi esa, Alloh yo‘lidagi jihoddir!
So‘ngra yana dedilar:
- Ey Muoz! Bularning barchasining asosini aytaymi?
- Ayting, ey Allohning Rasuli!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tillarini ushlab:
- Mana buni tiy! - dedilar.
Muoz roziyallohu anhu dedi:
- Ey Allohning Nabiysi! Biz aytayotgan gapimiz tufayli ham tutilamizmi?
Nabiy alayhissalom dedilar:
- Onang seni yo‘qotsin, Muoz!
Insonlarni yomon tillari do‘zaxga yuztuban qulatmasa, boshqa nima qulatadi?!
Tilning suyagi yo‘q, ammo har qanday suyakni sindirishi mumkin. Qancha-qancha kishilar kimningdir hazil tariqasida aytgan qo‘pol gapi uchun kechasi bilan uxlay olmasdan, to‘lg‘anib chiqadi. Majlis tarqalib ketishi mumkin, ammo aytilgan gap pichoq singari uning qalbida sanchilgan holatda qoladi!
Qancha-qancha qizlarga kelgan sovchilar qo‘shnilar aytgan birgina yomon ta’rifni eshitib, jim qaytib ketadi. Aslida, u qizlar hasadgo‘y qo‘shnilarning bo‘htonidan pokiza edi!
Chaqimchilarning, «bo‘lsa, ko‘rolmaydigan, bo‘lmasa, berolmaydigan» kishilarning dastidan qancha-qancha insonlar ishidan, bola-chaqasining rizqidan ajraladi!
Yolg‘on guvohlik beruvchi birgina so‘z bilan qancha-qancha meroslar tortib olinadi, odamlar haqqidan mahrum qilinadi. Haqlar nohaq o‘zlashtiriladi!
Hasad, kin-adovat tufayli aytilib olov yoqilgan birgina chaqimchilik bilan qancha-qancha do‘stlar ajralib ketishadi. Do‘stlik dushmanlikka aylanadi. Muhabbatga to‘la qalblar oqibatda adovatga to‘ladi!
Gapimizga, qalamimizga va ijtimoiy tarmoqlardagi yozuvlarimizga, kishilarga raddiyalar berishimizga nazar solaylik. Avvalo o‘z sahifamizni to‘ldirayotganimizni unutmaylik.
Axir insonlarni do‘zaxga yomon gaplar kiritmasa, nima kiritadi?!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi