Sayyidimiz Umar roziyallohu anhu shunday kishi edilarki, ba’zi oyatlar u kishining istaklariga mos ravishda nozil bo‘lgan edi. Odamlar Hajarul asvadni o‘payotganlarini ko‘rardilar. O‘zlari har gal o‘sha toshni o‘payotganlarida “Allohga qasamki, men bilaman, sen zarar ham, foyda ham berolmaydigan toshsan. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni o‘payotganlarini ko‘rmaganimda, men ham seni o‘pmasdim” derdilar.
Bu rivoyatni Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja rahimahumulloh rivoyat qilishgan.
U kishi bu so‘zlari bilan odamlarning e’tiborini shar’iy masalaning asliga qaratishga, bizning dinimizda toshga ibodat qilinmasligiga, ibodat Alloh uchun qilinishiga, o‘sha toshni o‘pish esa qayerdan kelib chiqqaniga qaratishga urinardilar.
Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning izni va amri bilan shar’iy hukmlarni joriy qiluvchi edilar. U zot alayhissalomga ergashish esa bizga vojibdir. Ba’zilarning “Musulmonlar but-sanamga sig‘inmaydiyu, ammo Ka’badagi toshni o‘pishadi” degan fitnali gaplariga Hazrati Umar roziyallohu anhu mana shu tarzda javob berardilar. Biz uchun tosh emas, Alloh va Rasulining amri muhimdir. Biz toshni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘pganlari va o‘pishga amr qilganlari uchun o‘pamiz. Alloh taolo bizga O‘zining Rasuliga itoat qilishimizni buyurgan.
Umar roziyallohu anhu ayollarga ko‘p mahr berilayotgani haqida gapirib, uni oshirmaslikni aytganlarida, bir ayol u kishining so‘zlarini to‘xtatib, “Alloh taolo Qur’onda “...Va ularning biriga haddan ziyod mehr bergan bo‘lsangiz ham, undan hech narsani qaytarib olmang...” degan bo‘lsayu, siz qanday qilib ko‘p mahr berishdan odamlarni qaytarasiz?” dedi. Bu gapni eshitgan Hazrati Umar roziyallohu anhu ko‘p mahr berishga yana ruxsat berib, “Ayol to‘g‘ri aytdi, Umar xato qildi” dedilar. Bu ishlari bilan Allohning shariati oldida hech kim kattalik qilmasligi kerakligini bildirdilar.
Demak, Hajarul asvadni o‘pish, mahrni ko‘p miqdorda berish kabi masalalarning asl ildizi, asl manbasi bor. Odamlar bizdan dinimizdagi ba’zi ishlar haqida so‘raganda, ularga yuqoridagidek asl ildizini bayon qilib berishimiz kerak.
Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahimahullohning
“Sahobalar va solihlar qissasi” kitobi asosida
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Munosabat
Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.
Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.
Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.
Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.
Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.
Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.
Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.
Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.
Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi
o‘rinbosari.