بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي تَكَرَّمَ عَلَى الْعَالَمِيْنَ بِدِيْنِ الْإِسْلاَمْ، وَجَعَلَ السَّمَاحَةَ فِيْهِ مَنْهَجًا لِلْأَنَامْ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي بَيَّنَ الْأَحْكَامْ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.
ISLOMDA BAG‘RIKЕNGLIK
Muhtaram jamoat! Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, qaysi jamiyatlarda ahillik, birodarlik, o‘zaro hamjihatlik joriy bo‘lsa, taraqqiyot, ravnaq va el osoyishtaligi-yu xalq farovonligi hukm surgan. Aksincha, qay bir jamiyatda murosasizlik, o‘zaro xusumat kuchaysa, bunday jamiyatlarda urush va mojarolar avj olgan, yurt vayron, el parokanda bo‘lgan. Alloh taolo bandalarini urushishga, bir-birlarining qonini to‘kishga, mojarolar chiqarishga emas, qanday din va e’tiqodda bo‘lishdan qat’iy nazar ahillikda, bir-birlariga bag‘rikenglikda, o‘zgalarning haq-huquqlarini hurmatlagan holda yashashga buyurgan.
Xalqimiz qon-qoniga singib ketgan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik mustaqillik yillarida yanada rivojlandi va uning huquqiy asoslari yaratilib, milliy siyosatda mustahkam o‘rnini topdi. Bu siyosatga hamda milliy g‘oya negiziga bir jamiyatda yashab, yagona maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan 130 dan ziyod turli millat va elatlarga mansub kishilar hamda 16 konfessiyada mujassam bo‘lgan e’tiqod ahllari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlikning mustahkam poydevori asos qilib olingan.
O‘tgan qisqa davr mobaynida har bir millat vakili o‘z iste’dodi va salohiyatini to‘la namoyon etishi, o‘zini Vatan ravnaqi, Yurt tinchligi, Xalq farovonligi kabi ezgu maqsadlar sari safarbar qilishi uchun imkoniyatlar yaratildi.
“Bag‘rikeng” degani – “toqatli”, “muruvvatli”, “himmatli”, “turli din vakillarining o‘zgacha qarash va e’tiqodlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish” kabi ma’nolarni anglatadi.
Islomda bag‘rikeng bo‘lishni bir qancha ko‘rinishlari mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba’zilari bayon qilinadi:
لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ أَنْ تَبَرُّوهُمْ
وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ
ya’ni: “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (Mumtahana surasi 8-oyat).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham ko‘plab hadisi shariflarida ahli kitob (nasroniy va yahudiy)larga zulm qilmaslikka va ularning haqqiga rioya qilishga chorlaganlar. Jumladan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
"أَلاَ مَنْ ظَلَمَ مُعَاهِدًا أَوِ انْتَقَصَهُ أَوْ كَلَّفَهُ فَوْقَ طَاقَتِهِ أَوْ أَخَذَ مِنْهُ شَيْئًا بِغَيْرِ طِيبِ نَفْسٍ فَأَنَا حَجِيجُهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ"
(رواه الإمام أبو داود عن صفوان بن سليم رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim bir ahdlashgan (g‘ayridin) kishiga zulm qilsa yoki uning haqqini poymol etsa, yoxud uni toqati yetmaydigan narsaga buyursa, yoki undan o‘z roziligisiz bir narsa olsa, Qiyomat kuni men o‘sha odamning xusumatchisi bo‘laman” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Boshqa din vakillari bemor bo‘lganida, musulmon kishi ularni ko‘rgani borishi joizdir. Bu haqda Anas Ibn Molik raziyallohu anhudan shunday rivoyat keladi:
" أَنَّ غُلَامًا مِنَ اليَهُودِ كَانَ يَخدُمُ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ فَمَرِضَ، فَأَتَاهُ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ يَعُودُهُ، فَقَعَدَ عِندَ رَأسِهِ، فَقَالَ: "أَسْلِمْ". فَنَظَرَ إِلَى أَبِيهِ وَهُوَ عِندَ رَأسِهِ، فَقَالَ لَه: أَطِعْ أَبَا القَاسِمِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ. فَأَسلَمَ، فَخَرَجَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ وَهُوَ يَقُولُ: "الحَمدُ لِلَّهِ الذِي أَنقَذَهُ مِنَ النَّارِ" (رواه الإمامُ البخاريُّ).
ya’ni: yahudiylardan bo‘lgan bir yigit Nabiy sallallohu alayhi vasallamga xizmat qilar edi. U bemor bo‘lib qoldi. Nabiy sallallohu alayhi vasallam uni ko‘rgani keldilar va: “Musulmon bo‘lgin”, – dedilar. Shunda yigit oldida turgan otasiga qaradi. Otasi: “Abul Qosimga itoat qil”, – dedi. U musulmon bo‘ldi. Shunda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Uni do‘zaxdan qutqargan Allohga hamd bo‘lsin!” – deb o‘rinlaridan turdilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Shuningdek, musulmon kishi boshqa din vakillariga hadya berishi yoki ulardan hadya qabul qilishi, mehmon bo‘lishi yoki ularni mehmon qilishi, qo‘ni-qo‘shnichilik muomalasini qilishi, ular bilan oldi-sotti qilishi va qarz oldi-berdi kabi muomalalarni qilishi durustdir. Faqat bunday holatlarda ham musulmon kishi shariat ko‘rsatmalariga amal qilishi talab qilinadi.
Shuni unutmaslik kerakki, o‘zga din vakillari bilan muomala va munosabatdagi kishi ular havas qiladigan darajada go‘zal odob-axloq va rostgo‘ylik hamda musulmonlarni obro‘sini saqlaydigan holatda bo‘lishi kerak. Ajab emas, ular islom dini va musulmonlarga havas qilsalar. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hazrati Ali raziyallohu anhuni Xaybarga yuborish paytida shunday deganlar:
"وَاللَّهِ لَأَنْ يَهْدِيَ اللَّهُ بِكَ رَجُلًا وَاحِدًا خَيْرٌ لَكَ مِنْ حُمْرِ النَّعَمِ"
(رواه الإمام البخاري)
ya’ni: “Allohga qasamki, siz tufayli bir kishining hidoyat topishi qizil tuyalarga ega bo‘lishingizdan yaxshiroqdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Hazrati Ali raziyallohu anhu xalifalik paytlarida, sovutlari yo‘qolib qoladi. Uni bir yahudiyning qo‘lida ko‘rib, qaytarib berishini so‘rasalar, bu meni sovutim deb bermadi. Shunda Hazrati Ali qo‘l ostilarida qozilik mansabida turgan Shurayhga shikoyat qildilar. Mahkamaga Hazrati Ali va yahudiy hozir bo‘ldi. Hazrati Ali: “Mana bu sovut meniki, uni sotmaganman, hadya ham qilmaganman”, – dedilar. Qozi Shurayh yahudiydan: “Sen nima deysan?” – deb so‘radi. Yahudiy: “Sovut meniki”, – deb javob berdi. Qozi hazrati Alidan: “Dalil-isbotingiz bormi?” – deb so‘radi. Hazrati Ali: “Yo‘q”, – dedilar. Qozi sovutni yahudiyning foydasiga hukm qildi. Yahudiy sovutni olib keta turib, o‘ziga o‘zi aytdi: “Musulmonlarning boshlig‘i mening ustimdan o‘zining qozisiga shikoyat qilsa-yu, qozi uning ziyoniga hukm chiqarsa?!! Allohga qasamki, bu shak-shubhasiz, payg‘ambarlar axloqidir!” Keyin u hazrat Ali huzurlariga kelib: “Ey mo‘minlarning amiri! Sovut haqiqatan sizniki edi, uni men tuyangizdan tushib qolganida olgandim. Islom dini shunday go‘zal bo‘lsa, men bu dinni qabul qilaman deb, "La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh"” – deb guvohlik berdi. Hazrati Ali: “Islomga kirgan bo‘lsang, endi u mendan senga hadya bo‘lsin!” – dedilar (“Hazrati Ali” kitobidan).
Demak, Islom dini musulmonlarni g‘ayridinlarga bag‘rini keng ochib, yaxshi muomala va munosabatda bo‘lib yashashga buyurgan. Afsuski, hozirgi kunda o‘zlarini Islomga nisbat beradigan ba’zi toifalar o‘z dindoshlari bo‘lmish musulmonlarni qandaydir kamchilik va ayblari sababli kofirga chiqarmoqda. Bu o‘ta achinarli holatdir! Chunki musulmon kishi o‘ziga o‘xshagan musulmonni bag‘ridan itarib, unga “kofir” degan tamg‘ani bosib, natijada uni o‘ldirish, qonini, jonini, molini halol sanash, unga qarshi jihod e’lon qilish kabi da’volarni qilmoqligi Islom ta’limotiga umuman zid ishdir!
Shuning uchun, ogoh bo‘lish kerakki, musulmon musulmon uchun bir ota-onadan tug‘ilgandek aka-uka hisoblanadi. Musulmonni qoni ham, joni ham, moli ham, obro‘si ham bir-biriga harom bo‘ladi. Musulmonni kofir deyish uni aynan sha’ni va obro‘sini toptash hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi sharifda shunday deganlar:
"أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ يَا كَافِرُ فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ"
(رواه الإمامُ مسلمٌ عن ابنِ عمرَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Qaysi bir kishi o‘z birodariga “Ey, kofir!” desa, bu narsaga u ikkovidan biri albatta duchor bo‘ladi. Agar u (birodari) aytganidek bo‘lsa, xo‘p-xo‘p, bordiyu unday bo‘lmasa, bu (so‘z, ya’ni “kofir” so‘zi) albatta uning o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyatlari).
"رَحِمَ اللَّهُ رَجُلاً سَمْحًا، إِذا بَاعَ، وإِذا اشْتَرَى، وَإِذا اقْتَضَى"
(رواهُ الإمامُ البخاريُّ عن جابرٍ بن عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عنه)
ya’ni: “Sotganda ham, olganda ham, qarzni talab qilganda ham bag‘rikeng bo‘lgan kishini Alloh taolo rahm qilsin!” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
"مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُنْجِيَهُ اللَّهُ مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ فَلْيُنَفِّسْ عَنْ مُعْسِرٍ أَوْ يَضَعْ عَنْهُ"
(رواهُ الإمامُ مسلمٌ عَن عَبدِ اللهِ بنِ أبي قَتَادَةَ رَضِيَ اللهُ عنهُ)
ya’ni: “Alloh taolo Qiyomat kunidagi mashaqqatlardan qutqarishi kimni xursand qilsa, kambag‘al bo‘lib qolgan qarzdordan qarzining barchasini yoki bir qismini kechsin!” (Imom Muslim rivoyatlari).
أَنَّ رَجُلًا قَالَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنَّ لِي قَرَابَةً أَصِلـُهُمْ وَيَقْطَعُونِي، وَأُحْسِنُ إِلَيْهِمْ وَيُسِيئونَ إِلَىَّ، وَأَحْلُمُ عَنْهُمْ وَيَجْهَلُونَ عَلَىَّ. فَقَالَ:"لَئِنْ كُنْتَ كَمَا قُلْتَ، فَكَأَنَّمَا تُسِفـُّهُمُ الْمَلَّ، وَلاَ يَزَالُ مَعَكَ مِنَ اللَّهِ ظَهِيرٌ عَلَيْهِمْ مَا دُمْتَ عَلَى ذَلِكَ
(رواهُ الإمامُ مسلمٌ عَنْ أبي هريرةَ رضِي اللهُ عنه)
ya’ni: “Bir kishi: “Ey Allohning Rasuli! Mening qarindoshlarim bor. Men ularga silai rahm qilaman, ular uni uzadilar. Men ularga yaxshilik qilaman, ular menga yomonlik qiladilar. Men ularga halimlik qilaman, ular menga johillik qiladilar”, – dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom: “Agar siz o‘zingiz aytganingizdek bo‘lsangiz, xuddi ularga issiq kulni yedirayotgandeksiz (ya’ni, yaxshiligingizni muqobiliga yomonlik qilishlari bilan katta gunoh qilayotgan bo‘ladilar). Modomiki, shu holda bardavom bo‘lar ekansiz, Alloh tomonidan siz bilan birga ularning qarshisiga bir yordamchi bo‘ladi”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyatlari).
Bu hadisi sharifda qarindoshlar yomonlik qilsalar ham, ularga yaxshilik qilishda bardavom bo‘lishga qattiq targ‘ib bor.
Hurmatli azizlar! Ma’lumki, 1995 yil 16 noyabrda YUNЕSKO xalqaro tashkiloti tomonidan “Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi” qabul qilindi. Deklaratsiyada irqi, jinsi, kelib chiqishi, tili, dinidan qat’i nazar, bag‘rikenglikni targ‘ib etish, inson huquqlari va erkinliklarga hurmat bilan qarash kabi majburiyatlar aks etgan. Shuning uchun ham yurtimizda “16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni” deb e’lon qilingan.
Shu bilan birga, Yurtboshimizning 2017 yil 9 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Islom dini ta’limotlari insonlarni tinchlikka, yaxshilikka, bag‘rikenglikni qadrlashga, ilmu-irfon olishga da’vat etuvchi buyuk ta’limot ekanligini ta’kidlagan holda, ushbu xalqaro tashkilotning "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" nomli maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini bildirishi hamda uni a’zo davlatlar tomonidan qabul qilinishi alohida e’tiborga molik ishdir.
(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda mazkur hujjat barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashish, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirishga qaratilgani haqida gapirib beradilar...)
O‘z dinining talablarini to‘liq anglagan ajdodlarimiz tarixini o‘rganadigan bo‘lsak, yurtimizda hech qaysi davrda nasroniyning cherkovi, yahudiyning sinagogi yoki boshqa ibodatxonalar vayron etilmagan, islom o‘lkalarida har bir din vakiliga erkinlik ta’minlangan, birorta shaxs tomonidan o‘z aqidasining boshqalarga majburlab singdirilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Bag‘rikenglik borasida o‘zbek zamini azaldan namuna bo‘lib kelgan.
Muhtaram jamoat! Ma’ruzamizning davomida kech qolib imomga iqtido qilgan kishiga tegishli ba’zi masalalarni bayon qilamiz.
Namozga kech qolib kelgan kishi, imom namozning qayeriga kelgan bo‘lsa, o‘sha yeridan unga iqtido qiladi. Agar imom tovush chiqarib (jahriy) qiroat qilayotgan bo‘lsa, “Takbiri tahrima”ni aytib unga ergashadi. Sano (“Subhanakallohumma...”)ni o‘qimaydi. Imom salom berganidan keyin turib “Sano”, “A’uzu...” va “Bismilloh...”ni aytib, yetaolmagan rakatlarini o‘qib oladi. Agar imom ovozini chiqarmay (maxfiy) qiroat qilayotgan bo‘lsa, kech qolib kelgan kishi sanoni o‘qiydi.
Jamoatga kech qolib kelgan kishi imomni ruku yoki sajda holatida topsa, agar imom bilan birga rukuni yoki sajdani ado eta olishiga ko‘zi yetsa, “Sano”ni tik turgan holida o‘qiydi va imomga ergashadi. Bunga ko‘zi yetmasa, “Sano”ni o‘qimay, imomga iqtido qiladi. Imom bilan birga ruku qilsa, o‘sha rakatni topgan hisoblanadi. Agar imom bilan birga ruku qilishga ulgura olmasa, o‘sha rakatdan kech qolgan hisoblanadi.
Masalan, kishi to‘rt rakatli namozning uchinchi rakatidan imomga ergashsa, imom salom bergach, turib, “Sano”, “A’uzu...”, “Bismilloh...”ni aytib, har ikki rakatda Fotiha bilan zam sura o‘qib tugatadi.
Masalan, kishi to‘rt rakatli namozning to‘rtinchi rakatidan imomga ergashsa, imom salom bergach turib, “Sano”, “A’uzu...”, “Bismilloh...”ni aytib, Fotiha va zam surani o‘qib, o‘tiradi. Tashahhudni o‘qiganidan keyin turib, yana ikki rakat o‘qiydi. Birinchi rakatida zam sura o‘qiydi, ikkinchi rakatida o‘qimaydi (manba: “Fatovoi Hindiya” va “Sharh muniyatil musolliy” kitoblari).
Alloh taolo aziz va mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha mo‘min-musulmonlarni, millat va elatlarni, tinch-totuv, o‘zaro hurmat va e’tiborda istiqomat qilishlarida madadkor bo‘lib, ona-Vatanimizni turli balo va ofatlardan hifzu himoyasida saqlasin! Omin!
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi