Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Noyabr, 2026   |   19 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:03
Quyosh
07:22
Peshin
12:16
Asr
15:14
Shom
16:58
Xufton
18:15
Bismillah
29 Noyabr, 2026, 19 Jumadul soni, 1448

O'zining davriga xos bo'lsin!

29.08.2023   772   5 min.
O'zining davriga xos bo'lsin!

Yoshlar tarbiyasi

Dunyodagi eng oson ish – yoshlarga nasihat qilish. Eng qiyin yumush esa ularni yuksak axloqiy ruhda tarbiyalash hamda bunyodkor bir g'oya atrofida, Vatan ravnaqi yo'lida jipslashtirishdir. Shu boisdan kishilik jamiyati shakllangandan beri insoniyat yoshlar tarbiyasi bilan shug'ullanib, ularni tarbiyali, ilmli, odob-axloqli bo'lib ulg'ayishlari uchun ta'lim-tarbiyaning yangidan-yangi usullarini yaratib, eskirdi deb hisoblaganlaridan voz kechib kelayotir.

Muqaddas Kitobimiz Odam alayhissalomning Qobil degan farzandi noqobil chiqqanidan boshlab tarbiya g'oyat nozik masala sifatida o'rtaga chiqqanidan xabar beradi. Bundan to'rt ming yil burun yozilgan “Kalila va Dimna”da ham yoshlar tarbiyasi o'ta murakkab va har doim hushyorlikni talab etadigan mas'uliyatli vazifa ekani aytilgan. Chunki tarbiyada ota-ona, maktab, bog'chadan tashqari atrof-muhitning ham ta'siri kuchli bo'ladi.

Hosili kalom, Odam alayhissalom avlodlari necha yuksalishlarni, gullab-yashnashlaru taloto'plarni boshidan kechirgan bo'lsa, ularning aksarida yosh avlod bosh bo'lgan, bosh bo'lmaganlarida ham asosiy harakatlantiruvchi kuch vazifasini bajargan.

Nega shunday? Chunki yosh vujudda qon tez aylanadi. Shuning hisobiga ular chaqqon harakat qiladi, tez fikrlaydi, jadal qaror qabul qiladi, yangiliklarga o'ch, jozibador narsalarga beriluvchan bo'ladi, shuning bilan birga, ularning tabiati ozgina taqlidchilikdan ham mustasno bo'lmaydi. Eng muhimi, yoshlar charchoq nimaligini bilmaydi... Shu boisdan ular hamisha hammaning, har turli kuchlarning e'tiborida bo'ladi...

Yurtimizni ishg'ol qilgan bosqinchilar, ulardan keyingi mustabid tuzum o'ta faol ravishda xalqning, xususan, yoshlarning tarbiyasini izdan chiqarish bilan shug'ullandi. Ana shu buzg'unchi mafkuraning oqavasi sobiq Ittifoqdan qolgan “meros”lar sirasida o'tib keldi. Shuningdek, mamlakatimiz istiqlolga erishgan yillar shunday davrga to'g'ri keldiki, o'sha kezlarda sotsialistik tuzum inqirozga uchrab dunyoning qiyofasi butkul o'zgarib ketdi. Yoshlarning tarbiyasiga jiddiy ta'sir ko'rsatadigan voqea-hodisalar rivoji jadallashib ketgani bois muayyan vaqt mafkuraviy bo'shliq paydo bo'lib yoshlarning orasida tarqoqlik yuz bergandek bo'ldi.

Davlatimiz rahbari 2017 yil 30 iyunda “Jismoniy va ma'naviy etuk yoshlar – ezgu maqsadlarimizga etishda tayanchimiz va suyanchimizdir” mavzuida so'zlagan nutqida bunday degan edi: “Bu borada jahon tajribasini, uzoq-yaqindagi turli davlatlar tajribasini o'rgandik. Dunyodagi rivojlangan, demokratik davlatlarda yoshlar tashkilotlari dabdabali, balandparvoz tadbirlar o'tkazish emas, balki yoshlar bilan bevosita ishlash, ular bilan amaliy muloqot qilish, ularni o'ylantirayotgan, hayotiy muammolarni hal etishga asosiy e'tibor qaratadi”.

Bu gapni eshitib o'ylanib qoldim: men ham otaman. Yosh avlod tarbiyachilaridan biriman, ayni kuchga to'lgan farzandlarim bor. Ular kun osha yangi g'oyalar, takliflar aytadi. Ho'sh, o'sha tashabbuslarning birortasini qo'llab-quvvatladimmi? Ularning o'zlari o'ylab topgan g'oyalarini ma'qullab, ruhlantirib qo'ydimmi?  Siz-chi?

Fikrimizcha, bu jiddiy o'ylaydigan mavzu. Farzandlarining tashabbuslarni qo'llashning o'rniga ularning har tarafdan oldini qaytarib turgan ota-onalar bolasining ham ruhini sindiradi, jamiyatga  ham katta zarar etkazadi. Ikkinchi tomondan, bolaning rejasi kelajakka, ya'ni o'zining zamoniga daxldor. Biz ota-onalar esa bugunning odamimiz. Insonlarning tarbiya borasidagi ana shu kamchiligini tuzatmoq uchun hazrati Ali roziyalloh anhu: “Bolangizni o'zingizning zamoningizga emas, o'zining zamoniga qarab tarbiyalang”, degan edi.  Zero, tobora jadallab borayotgan texnika taraqqiyoti asri insonlar oldiga turli-tuman muammolarni ko'ndalang qilib qo'ymoqdaki, ularning echimini navqiron avlod ishtirokisiz topishning sira ham iloj yo'q.

Darhaqiqat, bola bir kunda bir oqimga a'zo bo'lib qolmaydi, bir necha kunda kayfkashlikka ham o'rganmaydi. U bundan oldin kimlar bilandir tanishadi, osh-qatiq bo'ladi. Keyin-keyin uning gap-so'zlarida ularning ta'siri sezila boshlaydi  va hokazolar.  Ushbu jarayonlardan eng avval uning tengdoshi va safdoshi xabardor bo'ladi. Ana shu bola tengdoshining holidan boshqalarni xabardor etib, uni muqarrar falokatdan saqlab qolish chorasini qilmasa kim qiladi!..

Shuningdek, Yurtboshimiz o'sha kungi nutqida xorijda ishlab yurgan yoshlarimizni terrorchilik va ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib qolishdan asrash borasida ham amaliy ishlarni bajarish masalasiga e'tibor qaratdi. Chet ellarda o'qiyotgan, mehnat qilayotgan yoshlar bilan ish olib boradigan, ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan bir tashkilot tuzish kerakligi xususida gapirar ekan, “O'zimizning bolalarimiz haqida o'zimiz o'ylamasak kim o'ylaydi”, dedi.

Damin JUMAQUL

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Jumadan jumagacha 27-11-2026 yil

28.11.2026   49957   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Videolavhalar