Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyul, 2025   |   8 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:55
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
03 Iyul, 2025, 8 Muharram, 1447

Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar: Isro va me’roj mo‘jizasi sodir bo‘lgan xonadon sohibasi

04.11.2019   20681   6 min.
Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar: Isro va me’roj mo‘jizasi sodir bo‘lgan xonadon sohibasi

Ummu Honiy – ismlari Fahitadir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning amakilari Abu Tolibning qizi bo‘lib, Hazrati Ali roziyallohu anhuning opasidir. Ismlari xususida turli rivoyatlar mavjud. Masalan: Hind, Atiqa yoki Fotima kabi ismlarni keltirgan roviylari ham bor. Ammo, eng mashhur bo‘lgani Fahitadir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bir necha yosh kichik bo‘lgan. Axloq va farosatda benazir ayol bo‘lgan.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam onalari Omina onamizning vafotidan so‘ng Hadicha binti Huvaylid roziyallohu anhoga uylangunlariga qadar amakilari Abu Tolibning uyida yashadilar.

Bu yillar davomida o‘zlarini Abu Tolib oilasining bir a’zosidek ko‘rar, aslo yolg‘izlikni his etmasdilar. U paytda Fahita kichkina bir qiz edi.

Vaqt o‘tib Fahita voyaga yetdi. Qavmi ichida mavqei ulug‘, so‘zini o‘tkaza oladigan, Mahzum o‘g‘illarining eng ko‘zga ko‘ringan kishilaridan biri Hubayra ibn Vahb, Fahitani so‘rab kelganida Abu Tolib rozilik bildirdi. Fahita Hubayradan ikrom va ehtirom ko‘rdi. Uning himoyasida baxtiyor hayot kechirdi.

Oradan bir qancha vaqt o‘tib. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga vahiy nozil bo‘ldi. Ahli oilasini, qarindoshlarini va qavmini Islomga da’vat etdi. Bir qismi unga ishondi va to‘g‘ri yo‘lni topdi, bir qismi ishonmadi va kofir bo‘ldi. Hubayra adashganlar orasida edi. Mushriklar iymon keltirmaygina qolmay, zulm va jafo bilan, Islomning yoyilipshga to‘sqinlik qilardilar. Ammo, Hubayra Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan o‘rtalaridagi qarindoshlikka rioya qilib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shaxsiyatlariga hurmat ko‘rsatar edi. Dastlab, Fahita ham eriga ergashib, Islomga kirmadi.

Lekin, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga berilgan mo‘jizalardan biri “isro va me’roj” voqeasi aynan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ummu Honiyning uyida mehmon bo‘lib sodir bo‘ldi. Ummu Honiy bu kecha haqida shunday hikoya qiladi:

“Isro voqeasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mening uyimda mehmon ekanliklarida bo‘ldi. Bu kecha Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xufton namozini o‘qib, uxladilar. Biz ham uxlayotgan edik. Erta bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizni uyg‘otdilar va:

— Ey Ummu Honiy! Ko‘rganingdek xufton namozini ham bu yerda o‘qidim. Hozir ham sizning yoningizda bomdod namozini ado qildim, — deya ta’kidladilar. So‘ngra uydan chiqish uchun o‘rnilaridan turdilar. Men ketmasin deb, ridolarining bir uchini tutdim. Qorinlari ko‘rindi. Ko‘ylaklari Misrda to‘qilgan, katandan qilingan ohorli ko‘ylakka o‘xshar edi.

— Ey Allohnish payg‘ambari, buni insonlarga aytmang. Sizni yolg‘onchiga chiqarib, aziyat berishadi, — dedim.

— Allohga qasamki, bu voqeani ularga aytaman, — dedilar. Shunda men bir habash joriyamga: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni kuzatib bor. Insonlarga nima haqida gapirganlarini va ularning javoblarnin eshit”, dedim.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning oldimizdan chiqib, boshqa kishilarga ham bizga aytgan gaplarini aytdilar. Ko‘pchilik o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va:

— Buni qanday isbotlaysan, ey Muhammad. Biz bunday narsa haqida hech eshitmaganmiz, — dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam :

— Dalil shuki, men falon vodiyda, falon kishilarning karvoniga duch keldim. Ularning tuyalari bir hayvondan hurkib, qochib ketgan ekan. Men ularga tuyalari turgan joyni ko‘rsatdim. Bu men Shomda bo‘lgan paytimda yuz bergan edi. So‘ngra yo‘limda davom etdim. Makka yaqinidagi Tixoma degan joyda Dajnon tog‘iga duch kelganimda falon-falon kishilarnint karvoniga to‘qnash keldim. Ular uxlab yotardilar. Suv solingan bir idishlari bor edi. Ustiga bir narsa o‘ralgandi. Yopkichni olib, ichidagi suvni ichdim. Keyin qanday bo‘lsa, shunday qilib ustini o‘radim. Hozir esa ularning qofilasi Makka yaqinida, Tan’im yo‘lidagi Bayzo tepaligidan tushyapti. Oldinda ranggi qoraga moyilroq kulrang tuya bor. Tuyaning ustida biri qora, boshqasi oqish ikkita haror* bor, — dedilar.

Bu gapni eshitganlar darhol Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytgan yo‘lga yugurdilar. Ilk ko‘rganlari tuya bo‘ldi. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tasvirlaganlaridek ko‘rinishda edi. Keyin karvondan idishni so‘radilar. Ular idishda suv to‘la bo‘lganini, so‘ng ustini o‘rab qo‘yganlarini, uyg‘onganlarida esa ichida suv qolmaganini tasdiqladilar.

Makkaga qaytganlarida boshqa karvonni ham uchratdilar. Berilgan savolga ular ham: “To‘g‘ri so‘zlabdi, vallohi, u aytgan vodiyda tuyamiz hurkib qochdi. Shunda bir ovoz eshitdik. U ovoz tuyamizningg turgan joyini aytdi. U yerga borib, tuyani topdik”, deya javob berdilar”. 

Isro va me’roj mo‘jizasi haqida Alloh taolo O‘zining Kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“O‘z bandasini kechasi Masjidul Haromdan atrofini barakali qilganimiz Masjidul Aqsoga mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun sayr qildirgan Zot pokdir. Albatta, U o‘ta eshituvchidir, ko‘rib turuvchidir”(Isro surasi, 1-oyat). 

Oyati karimada Alloh taolo O‘zini O‘zi poklab yod qilmoqda va bandasi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni isro qildirgani, ya’ni kechaning bir qismida sayr qildirgani haqida xabar bermoqda. Oyatdagi “O‘z bandasi”dan murod, Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar.

Ushbu oyati karimadagi “Masjidul Harom” iborasi Makkai Mukarrama shahri ma’nosida kelgan. Isro kechasida Payg‘ambarimiz Ka’bai Muazzama atrofidagi masjidda emas, shaharning bir tarafida joylashgan amakilarining qizi Ummu Honi’ning uyida uxlab yotgan edilar.

“Masjidul Aqso”dan murod Shomi Sharifdagi Baytul Maqdisdir. “Aqso” so‘zi “uzoq”, “chet” ma’nolarini bildiradi. “Masjid” esa “ibodatxona”, “sajdagoh” degan ma’nolarni anglatishi hammaga ma’lum. O‘sha paytda Baytul Maqdis Makkai Mukarramaga nisbatan uzoq va eng chetdagi ibodatxona hisoblanar edi. Shuning uchun ham Alloh uni “Masjidul Aqso” deb nomladi. Alloh taolo Masjidul Aqsoning atrofini barakali qilib qo‘yganini ham aytmoqda.

 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Buni shukr deb bo‘ladimi?

27.06.2025   8053   3 min.
Buni shukr deb bo‘ladimi?

Behisob pul va boyliklarni chekish-ichish, kayfu safo uchun sarf qilish – Allohga shukr qilishmi?!

Yoshlik davrini zino va harom ishlar bilan o‘tkazish – Allohga shukr qilishmi?!

Telefon orqali o‘zgalarga zarar yetkazish, har xil bo‘lmag‘ur ishlarda foydalanish – Allohga shukr bo‘ladimi?!

Yeguliklarni chiqindi qutisiga tashlash, uvolni bilmaslik – Allohga shukr qilishmi?!

Zakotni o‘z vaqtida ado etmaslik, sadaqadan tiyilish – Allohga shukr qilish deganimi?!

Internetda foydasiz narsalar uchun vaqt ajratish, vaqtni bekorga zoye qilish – Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishmi?!

Axir Alloh taolo bizlarga shukr qilishni va U Zotning fazlini e’tirof qilishga buyurgan-ku: «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»[1].

Qolaversa, Alloh taolo shukr qiluvchilarni azoblamasligi xabarini ham bergan: «Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Alloh  shukrni qabul etguvchi va bilguvchi Zotdir»[2].

Shukr – Alloh taolo ato etgan ne’matlarning davomli bo‘lishining garovidir: «Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”»[3]. «...Agar shukr qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U Zot sizlar uchun  rozi bo‘lur...»[4].

Bu dunyoda borligimizga shukr qilish – ota-onalarimizga yaxshilik qilishimizdadir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning roziligi – ota-onaning rizosidadir” [5], deganlar.

Qarindoshchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular bilan bordi-keldi qilish, uzilgan rishtalarni tiklash ham Alloh bizga qarindosh, yaqinlar bergani ne’matining shukridir. Nabiy alayhissalom bu borada: Rizqida kengchilik bo‘lishi, ajali ortga surilishi kimni xursand qilsa, qarindoshchilik aloqalarini bog‘lasin”, deganlar[6].

Sadaqa berish – Alloh bizni mol-dunyo bilan siylagani uchun shukr qilish demakdir. Sadaqa Alloh taoloning g‘azabini o‘chiradi. Nabiy alayhissalom: “Maxfiy qilingan sadaqa Yaratganning g‘azabini o‘chiradi. Qarindoshchilik aloqalarini bog‘lash  umrni uzaytiradi. Yaxshilik qilish yomon o‘lim topishdan asraydi”, [7] deganlar.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Baqara surasi, 152-oyat.
[2]  Niso surasi, 147-oyat.
[3]  Ibrohim surasi, 7-oyat.
[4]  Zumar surasi, 7-oyat.
[5]  Ibn Hibbon rivoyati.
[6]  Imom Buxoriy rivoyati.
[7]  Imom Tabaroniy rivoyati.