Tarix mobaynida doim boylar bilan birga kambag'allar ham bo'lib kelgan. Qur'onda bu hol Allohning istagi, imtihoniga vasila, rizqlanishlari vositasi kabi sabablar bilan izohlangan. Qur'on boylik yo faqirlikni maqtamaydi, erga ham urmaydi. Balki vazifasini o'rniga qo'ya olgan boy va faqirlarni maqtaydi, mukofotlar va'da qiladi. Aksincha bo'lgan taqdirda ularni ayblaydi.
Qur'oni karimda barcha mulkning haqiqiy sohibi Alloh ekani, boylarning molida faqirlarning haqlari borligini ma'lum qilgan. Insonning Alloh nazdidagi darajasi boy-faqir, oq-qora, erkak-ayol, nasl-nasabiga emas, balki taqvosiga ko'ra belgilanishiga urg'u berilgan. Faqirlar yaxshilik qilinishi lozim bo'lgan toifa orasida aytilib, ularning ehtiyojlarini ketkazish haqiqiy yaxshilik sanalgan. Davlatning zakot yig'imlaridan tushgan ulush yo'qsillarga berilishi buyurilgan. Bir qancha oyati karimada infoq-ehson qilish, yo'qsillarga yordam berish, zakotni haqdorlarga etkazish, ochlarni to'ydirish kabi xayrli ishlar iymon bilan bog'langan holda zikr etilgan. Hasislik, ziqnalik, zakot bermaslik, muhtojlarni ko'rganda ko'rmaganga olish kofir va munofiqlarga xos sifat deb keltirilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Dasturxonga tortilgan taomning eng yomoni boylar chaqirilib, faqirlar aytilmagan bazmnikidir” (Ibn Moja. “Nikoh”, 25); “Men sizlar uchun faqirlikdan tashvishdaman. Dunyo sizlardan oldingilarning oldiga to'shalgani kabi sizlarning ham oldingizga to'shalishidan, ular bu dunyo uchun bahsga, kimo'zarga kirishib ketganlaridek, sizlar ham musobaqalashib ketishingizdan, so'ng dunyo ularni halok qilgani kabi sizlarni ham halok qilishidan qo'rqmoqdaman” (Imom Buxoriy. “Riqoq”, 7) singari hadislari orqali boylar boylik bilan jiddiy sinov maydoniga tashlangani, Alloh ularga vaqtincha bergan boylikni yaxshilikka, haqdor dindosh birodarlariga sarflaydimi yoki yo'ldan adashib ketadimi – shuni anglab olishi kerakligi haqida ogohlantirganlar. Bir musulmonning moddiy yo ma'naviy muhtojligini aritish ulkan savob ekanini bildirib, bunday deganlar: “Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm qilmaydi, zulm qilinishiga yo'l ham qo'ymaydi. Kim bir musulmon birodarining muhtojligini ketkazsa Alloh taolo uning qiyomatdagi bir g'amini ketkizadi” (Imom Buxoriy. “Mazolim”, 3).
Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam Islomgacha ham, undan keyin ham yo'qsil, etim va muhtojlarga qo'llaridan kelgan yordamni ayamaganlar, bir qancha amaliy ishlar qilganlar. Ilk vahiy nozil bo'lib, u zot hayajon bilan hazrati Hadichaning oldilariga kelganida oqila onamizning u zotga aytgan gaplari juda ma'nodor edi: “Alloh Sizni hech qachon uyaltirib qo'ymaydi. Chunki Siz qarindosh-urug'laringizning holidan xabar olasiz, chin so'zlaysiz, ojizlarning qo'lidan tutasiz, yo'qsillarga yordam berasiz, mehmonga ikrom ko'rsatasiz, haqsizlikka uchraganlarning yonini olasiz” (Ibn Sa'd. “Tabaqot”, I, 195). Makka davrida bo'lganidek, Madinaga hijrat qilganlaridan so'ng ham oz-ko'p, demasdan ehtiyoji tushganlarga doim yaxshilik qilishga intilar, boshqalarni ham shunga undar edilar. Mol-mulklarini Makkada qoldirib, hijrat qilgan muhojirlarni ansorlar bilan aka-uka tutintirganlari zamirida ham muhojirlarning vaqtinchalik muhtojligini bartaraf etish g'oyasi bo'lgan. Shuningdek, ta'lim olish va boshpanaga bo'lgan ehtiyojlarini qoplash uchun sufada yashaydigan yo'qsil va muhtoj sahobalarni egulik bilan ta'minlaganlar.
Islomdagi bir qancha amr tatbiq va qonun-qoidalar yo'qsillikni bartaraf etish, moddiy ko'makka muhtoj bo'lganlarning masalalarini hal qilishga qaratilgan. Dinimizda kambag'allikka ijtimoiy muammo sifatida qaraladi. Uni bartaraf etish uchun albatta ish topish, peshona teri bilan rizq-ro'zini terib, boshqalarga muhtoj bo'lmaslikka chaqirilgan. Ikkinchi tomondan boylar Alloh bergan mol-davlatdan yo'qsillarga ulush ayirishi, ularni qo'llab-quvvatlashi ham buyurilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tanballikdan panoh so'rab Allohga duo qilganlar. Imkon qadar tilanmaslikka chaqirib: “Sizlarning o'tin terib kelib sotib bo'lsa ham mehnat qilib rizq topishingiz tilanishingizdan ko'ra yaxshidir” deganlar (Imom Buxoriy. “Zakot”, 50, 53). U zot o'z mehnati bilan topilgan rizq eng halol va totli bo'lishini aytib: “Kishi o'z mehnati bilan topganidan ko'ra totliroq luqma emaydi” deya mehnat qilishga tashviq etganlar (Imom Buxoriy. “Savdo”, 15). Sa'd ibn Muozning bola-chaqasini boqaman, deb qo'llari qadoq bo'lib ketganini ko'rib: “Allohga suyukli bo'lgan qo'llar mana shudir” (Saraxsiy. “al-Mabsut”, XXX, 245) deb undan mamnun bo'lganlarini bildirganlar.
Islomda infoq-ehsonlar bilan birga zakot, sadaqa, fitr kabi moliyaviy ibodatlar orqali ham miskinlarning ehtiyojlari hal etilishi maqsad qilingan. G'ayrimuslimlardan olinadigan jizya, xaroj va tijorat mollari solig'i, shuningdek, urushlarda tushgan g'anima-o'ljadan ajratiladigan ulush ham ular uchundir. Yana qurbonliklar, ro'za (fidyasi), qasam va ehromda sodir etilgan xato-jinoyatlarning kafforati, ro'za tuta olmagan kishining fidyasi ham yo'qsillarga berilishi ularni moddiy dastaklashdir. Islom madaniyatining yana bir muhim belgisi bo'lgan, sadaqai joriya hisoblangan vaqflar orqali ham muhtojlarning har turli ehtiyojlari qamrab olinib, hal etilgan.
Manbalar asosida
Abdulatif ABDULLAYeV
tayyorladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati