Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

01.11.2019 y. Mavlidun Nabiy muborak!

29.10.2019   9153   16 min.
01.11.2019 y. Mavlidun Nabiy muborak!

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ وَجَعَلَهُ أُسْوَةً حَسَنَةً لِلْمُؤْمِنِيْنَ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا الرَّؤُوفِ بِالْمُؤْمِنِيْنَ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ

MAVLIDUN NABIY MUBORAK!

Muhtaram jamoat! Alloh taoloning habibi, sarvari koinot, olamlarga rahmat qilib yuborilgan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning tavallud oylari barchamizga muborak bo‘lsin! Ma’lumki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam milodiy 571 yili Rabiul avval oyining 12 kuni Makkai Mukarramada Quraysh qabilasida tavallud topganlar. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam – payg‘ambar va rasullarning oxirgisi, Havzi kavsar sohibi, ummatlari jannat ahlining uchdan bir qismini tashkil qiladigan Zotdirlar. Hatto payg‘ambarlar ham U Zotga ummat bo‘lishni orzu qilganlar.

Darhaqiqat, Muhammad sallallohu alayhi vasallam – payg‘ambarlarning eng ulug‘i va xotimalovchisi, butun olamga rahmat qilib yuborgan elchi, insoniyat faxri, odamlarnin eng yaxshisi, eng yaxshi xulqlisi va komilidirlar. Alloh taolo O‘z Rasuliga xitob qilib, uni butun olamga rahmat elchisi ekanini tasdiqlab, Qur’oni karimda bunday degan:

وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ

ya’ni: (Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz(Anbiyo surasi 107-oyat).

Oyatdagi “rahmat” juda keng ma’noni anglatadi. Ularni bilish uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning odob-axloqlari, siyrat va shamoillari, shariatlarining bag‘rikengligi, g‘ayridinlarga ham zulmni ravo ko‘rmasligi, mehr-oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai ekanidan xabardor bo‘lish zarur.

(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi, aniq misollar, rivoyatlar bilan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hayotlari va axloqlari haqida gapirib beradilar...).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning martabalari sababli o‘tgan barcha payg‘ambar va rasullar Qiyomat kuni Payg‘ambarimiz alayhissalomning bayroqlari ostida bo‘ladilar. Bu haqda hadisi sharifda shunday deyilgan:

أَنَا سَيِّدُ وَلَدِ آدَمَ يَوْمَ القِيَامَةِ وَلَا فَخْرَ، وَبِيَدِي لِوَاءُ الحَمْدِ وَلَا فَخْرَ، وَمَا مِنْ نَبِيٍّ يَوْمَئِذٍ آدَمُ فَمَنْ سِوَاهُ إِلَّا تَحْتَ لِوَائِي

(رواه الإمام أحمد والإمام الترمذي عن أبي سَعِيدٍ رضي الله عنه)

ya’ni: “Qiyomat kuni men Odam farzandining sayyidiman va faxrlanish emas-ku, qo‘limda hamd bayrog‘i bo‘ladir. O‘sha kunda hech bir nabiy yo‘qki, Odam(alayhissalom) ham, boshqa ham mening bayrog‘im ostida bo‘ladi” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Birinchi  bo‘lib qabrdan chiqadigan va birinchi bo‘lib shafoat qilishni boshlaydigan Zot ham janob Payg‘ambarimiz alayhissalom bo‘ladilar. Bu haqda shunday deganlar:

أَنَا سَيِّدُ وَلَدِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، وَأَوَّلُ مَنْ يَنْشَقُّ عَنْهُ الْقَبْرُ، وَأَوَّلُ شَافِعٍ وَأَوَّلُ مُشَفَّعٍ

(رواه الإمامُ مسلمٌ عن أبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni: “Qiyomat kuni men Odam farzandining sayyidiman. Qabrdan birinchi chiqadigan shaxsman. Birinchi shafoat qiluvchiman. Birinchi shafoati qabul qilinuvchiman” (Imom Muslim rivoyatlari).

Hurmatli azizlar! Alloh taologa beadad va behisob hamdu sanolar bo‘lsinki, sizu bizni mana shunday ulug‘ Zotning ummati qildi.

Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning yuksak martabalari va ulug‘liklarini yaxshi bilganliklari uchun ham U Zotga munosib muomala va munosabatda bo‘lib, qattiq muhabbat qo‘yganlar.

Tarixdan ma’lumki, Makka mushriklari elchisi Urva ibn Mas’ud as-Saqafiy Hudaybiya sulhi kuni sahobalarning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan munosabatlarini, U Zotni qanday hurmat-ehtirom qilishlarini diqqat bilan kuzatgach va qavmiga qaytib borgach shunday dedi:

وَاللهِ لَقَدْ وَفَدْتُ عَلَى الْمُلُوكِ عَلَى قَيْصَرَ وَكِسْرَى وَالنَّجَاشِي فَوَاللهِ مَا رَأَيْتُ مَلِكًا يُعَظِّمُهُ أَصْحَابُهُ مَا يُعَظِّمُ أَصْحَابُ مُحَمَّدٍ مُحَمَّدًا،... وَإِذَا أَمَرَهُمْ أَمْرًا اِبْتَدَرُوا أمْرَهُ، وَإِذَا تَوَضَّأَ كَادُوا يَقْتَتِلُونَ عَلَى وَضُوئِهِ، وَإِذَا تَكَلَّمَ خَفِضُوا أَصْوَاتَهُمْ عَنْهُ، وَمَا يُحِدُّونَ النَّظَرَ إِلَيْهِ تَعْظِيْمًا لَهُ

 ya’ni: “(Ey qavmim), qasamki, men ko‘p podshohlar, jumladan, Qaysar, Kisro va Najoshiy huzurida bo‘lganman. Allohga qasamki, biron-bir podshohning ayonlari Muhammadning as'hobi Uni ulug‘laganidek ulug‘laganini ko‘rmaganman... Agar bir ishga buyursa, uni ado etishga shoshilishadi. U gapirsa, ovozlarini chiqarmay, jim quloq solishadi. Uni hurmat qilganlaridan yuziga tik boqishmaydi” (Shu mazmundagi hadisni Imom Buxoriy rivoyat qilganlar).

Bir kishi Nabiy sallallohu alayhi vasalamning huzurlariga kelib: “Qiyomat qachon bo‘ladi?” – deb so‘radi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasalam unga:

"مَاذَا أَعْدَدْتَ لَهَا؟" قَالَ: لاَ شَيْءَ، إِلاَّ أَنِّي أُحِبُّ اللهَ وَرَسُولَهُ صَلَّى اللهُ عليه وَسَلَّمَ، فَقَالَ: "أَنْتَ مَعَ مَنْ أَحْبَبْتَ

(رواه الإمامُ البخاري والإمامُ مسلمٌ عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عنه)

ya’ni:  “Qiyomat uchun nima tayyorlagansiz o‘zi?” – dedilar. U “Hech narsa. Lekin men Alloh va Uning Rasulini yaxshi ko‘raman”, – dedi. Shunda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Siz o‘zingiz yaxshi ko‘rganlar bilan birga bo‘lasiz!”, – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Rasululloh sallallohu alayhi vasalamning xodimlaridan bo‘lmish Savbon  raziyallohu anhu bir kuni Payg‘ambarimiz alayhissalomning huzurlariga rangi o‘zgargan, xafa holida keldi. Shunda Rasululloh unga: “Sizga nima bo‘ldi?” – dedilar. Savbon  raziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, menda hech qanday bemorlik va og‘riq yo‘q, lekin biroz Sizni ko‘rmasam sog‘inib, og‘ir ahvolga tushaman. Yo Rasululloh! Keyin Sizni jannatdagi maqomingizni o‘yladim. Siz payg‘ambarlar bilan eng oliy martabada turasiz. Men jannatga kirgan taqdirimda ham past martabada bo‘laman. Mabodo jannatga kira olmasam, Sizni abadul-abad ko‘ra olmayman. Shundan g‘amginman, yo Rasululloh!” – dedi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam biror narsa demay, jim qoldilar. Bir ozdan so‘ng quyidagi oyati karima nozil bo‘ldi:

وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَالرَّسُولَ فَأُولَئِكَ مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِمْ مِنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاءِ وَالصَّالِحِينَ

وَحَسُنَ أُولَئِكَ رَفِيقًا. ذَلِكَ الْفَضْلُ مِنَ اللَّهِ وَكَفَى بِاللَّهِ عَلِيمًا 

ya’ni: “Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, aynan o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go‘zaldir! Bu Allohdan (bo‘lgan) fazldir. Alloh yetarli (darajada) bilimdondir” (Niso surasi 69-70 oyatlar).

Oyatdagi “Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa” degani – dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilsa, deganidir. Demak, shariatda buyurilgan amallarni bajarib, qaytariqlardan qaytish – Alloh va Payg‘ambarga itoat qilish hisoblanadi. Bunday kishiga Qiyomat kuni payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih qishilar bilan birga bo‘lishdek martaba ato etiladi.

Qaysi bir musulmon Payg‘ambarimiz  sallallohu alayhi vasalamni chin dildan yaxshi ko‘rsa, albatta jannatda U Zot bilan hamroh bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ladi. Ulamolarimiz kishining Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbati qanchalik chin ekanligiga bir nechta amallar dalolat qiladi, deganlar. Quyida ulardan eng zarurlarini keltiramiz:

  1. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot va salomlar yo‘llash.

Payg‘ambarimiz alayhissalomga salavot aytishni Alloh taolo Qur’oni karimda biz ummatlarga buyurib, shunday degan:

إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا

ya’ni: “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey, mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!” (Ahzob surasi 56-oyat).

“Ummatim!” deb yashagan suyukli Payg‘ambarimiz  alayhissalomga Alloh taolo va farishtalar   salavot aytib turganda, biz aytmasak, ummatlik vazifamizni go‘zal holatda ado qilgan bo‘lmaymiz. Qolaversa, salavot aytish juda savobli amal hisoblanib, hadislarda ham unga targ‘ibotlar bisyordir. Jumladan, hadisi sharifda salavotning fazilati haqida shunday deyilgan:

مَنْ صَلَّى عَلَيَّ صَلَاةً وَاحِدَةً صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ عَشْرَ صَلَوَاتٍ وَحُطَّتْ عَنْهُ عَشْرُ خَطِيئَاتٍ وَرُفِعَتْ لَهُ عَشْرُ دَرَجَاتٍ

 (رواه الإمامُ أحمدُ والإمامُ النسائي عن أنسٍ رَضِيَ الله عنه)

ya’ni: Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta rahmat yo‘llaydi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi. O‘n daraja martabasi ko‘tariladi (Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyatlari). Yana bir hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:

مَنْ صَلَّى عَلَيَّ حِيْنَ يُصْبِحُ عَشْرًا، وَحِيْنَ يُمْسِيْ عَشْرًا، أَدْرَكَتْهُ شَفَاعَتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ

(رواه الإمامُ الطبراني عن أبي الدرداء رَضِيَ الله عنه)

ya’ni:  “Kim menga ertalab o‘n marta, kechqurun o‘n marta salavot aytsa, Qiyomat kuni men uni shafoat qilaman” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Demak, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasalamga bo‘lgan muhabbatlarimizni isbotlab, doimo imkon qadar salavot aytib yurishga odatlanishimiz maqsadga muvofiqdir. Hech bo‘lmaganda eng qisqa salavotlarni turgan va yurganimizda aytishimiz kerak. Eng qisqa salavotlar:

 اَللَّهُمَّ صَلِّى وَسَلِّمْ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّد      صَلَّى اللهُ عَلَيْكَ يَا رَسُولَ اللهِ       صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمْ

  1. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning tarixlarini o‘rganib, sunnatlariga amal qilish.

Har birimiz Payg‘ambarimiz alayhissalomning siyratlari va hayotlarini yanada kengroq o‘rganib, barcha ish va amalimizda U Zotga ergashish, U Zotning xulqlariga muvofiq hayot kechirishimiz kerak. Chunki, qancha Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rgansak, o‘z-o‘zidan U Zotga bo‘lgan muhabbatimiz yana ham ortadi. Shu bilan birga shariatimizning ba’zi hukmlarini yanada yaxshiroq anglaymiz.

(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi, aniq misollar, rivoyatlar bilan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hayotlari va axloqlari haqida gapirib beradilar...).

Shunday ekan, bu ulug‘ oyni g‘animat bilib, ota-onalar farzandlari bilan kitobxonliklarni tashkil qilsalar, ayni muddao va muhabbatning bir nishonasi bo‘ladi. Beadad shukrlar bo‘lsinki, hozirgi kunda kitob do‘konlarida yurtimiz ulamolari tomonidan yozilgan Payg‘ambarimiz alayhissalomning tarixlariga doir, o‘zbek tilidagi adabiyotlar yetarlicha mavjud. Faqat undan foydalanishimiz kerak, xolos.

Ma’lumki, bu ulug‘ oyda yurtimizda mavlud marosimlari o‘tkaziladi.  Musulmon ommasi taqriban ming yillardan buyon bu xayrli marosimni o‘tkazib kelmoqdalar. Mavlud marosimida Qur’on tilovat qilinib, salovotlar aytiladi. Payg‘ambarimizning ota-bobolari, nasl-nasablari, tug‘ilishlari, xulq-atvorlari va hayotlari haqida nazm va qasidalar o‘qiladi. Bu ezgu ish – Payg‘ambarimiz alayhissalomning siyratlarini o‘rganishga yana bir turtki bo‘ladi.

Mavlud marosimini o‘tkazish fazilatlari va asoslari haqida bir qancha dalillar mavjud bo‘lib, ulardan faqat bittasini e’tiboringizga havola qilamiz:

“Majmuatul fatovo” kitobida Abdulhay  Laknaviy hazratlari  mavlid o‘qishga dalil keltirib shunday deganlar: “Payg‘ambarimiz davrlarida yashab ijod qilgan shoir Hasson raziyallohu anhuga Rasululloh sallallohu alayhi vasallam O‘zlarining madhlari bitilgan baytlarini o‘qitganlari mavlid o‘qishga dalil bo‘ladi. Chunki, uning qasidalarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sifatlari, mo‘jizalari, nasl-nasablari, tug‘ilishlari borasida so‘z yuritilgan edi. Shu yerda ta’kidlash lozimki, buyuk sahoba va shoir Hasson raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin ham odamlar to‘plangan joylarda, xususan, masjidda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qurdirgan minbarda turib, o‘z qasidalarini odamlarga o‘qib berganlar. Bu borada sahih hadis to‘plamlaridagi dalillar yetarlidir. Mavlid o‘qishning mustahab va mandub amal ekaniga Hazrati Bilol raziyallohu anhuning o‘sha davrda ko‘chalarda va bozorlarda odamlarni to‘plab, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni zikr qilib, aytib berib yurganlarini ham dalil sifatida keltirish  ham mumkin”.

Odatda insonlar o‘z millati, yurti insonlari uchun ko‘p yaxshi ishlar qilgan, odamlarga faqat foyda keltirib, jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shgan davlat arboblari, yurt qahramonlari, sarkardalarning tug‘ilgan kunlarini nishonlashni odat qilib oladilar. Bunda o‘sha insonning shu yurt taqdiriga bitilganidan quvonish, u sabab yuz bergan yaxshiliklarni eslash, qadriga yetish kabi maqsadlar ko‘zlanadi.

Endi bir o‘ylab ko‘raylik, butun olamlarga rahmat o‘laroq yuborilgan, arabu ajam, rumu forsning hidoyatiga sabab bo‘lgan, Alloh taolo butun insoniyatni jaholatdan qutqarilishiga vosita qilgan Zot – Payg‘ambar, Islohotchi, Rahbar, Taqvodorlar imomi, Mehribon er, Rahimdil ota, Buyuk muallim, Insoniyat tarbiyachisi, Yuksak xulqlar va kamtarlik timsoli bo‘lgan, Alloh taoloning O‘zi “buyuk xulq uzradirsiz!” deb maqtagan Zotning tug‘ilgan kunidan shodlanish, bu kunni salavotu salom bilan o‘tkazish, o‘z Shafoatchisi, Payg‘ambari, Yo‘lboshchisi bo‘lgan Eng komil insonni mo‘minlarga tanitish, Alloh unda jamlagan go‘zal sifat va xulqlarini eslatib, ularni mazkur xulqlar bilan ziynatlanishga chaqirish –nahotki  jinoyat, nojoiz va mo‘minni adashtiradigan amal bo‘lsa?!

Qaysi sog‘lom aql, Rasulullohga muhabbatni da’vo qiladigan qaysi qalb buni hazm qila oladi?! Axir xorijdagi bir hovuch esipastlarning aljirashiga uchib, mavlid haqida bu kabi puch da’volarni ko‘tarib yurgan kishilar shu ishlari bilan shaytonni quvontirmayaptilarmi?! Butun ummat ming yillar davomida go‘zal suratda qilib kelgan mandub amalni “harom” deb e’lon qilib, musulmonlarning o‘rtasidagi ixtilof, janjal va dilxiraliklardan boshqa nimaga erishdilar?!

Eng achinarlisi shundaki, mavlidni bid’at, mazhabni zalolat deb ayyuhannos soladigan o‘sha johillar musulmonlar orasiga kirib, o‘zini-o‘zi portlatishni “shahidlik” deb talqin etadilar. Kuni kecha tinch bo‘lib turgan yurtga qo‘lda qurol bilan kirib borib, ho‘lu quruqni barobar yoqayotgan, bolalarni yetim, ayollarni beva qilayotganlarni “mujohid” va shu jirkanch ishi asnosida xor-zor bo‘lib, o‘lim topganlarni esa “shahid” deb jar solmoqdalar. Bular dinimizni do‘stlarimi yo dushmanlarimi?

Bu kabi nodon kimsalar bu bilan nafaqat o‘zlarini, balki ko‘plab aybsiz kishilarning halok bo‘lishiga sabab bo‘lmoqdalar. Holbuki, nohaq odam o‘ldirish yoki o‘zini-o‘zi o‘ldirish Islom shariatida qattiq qoralangan va eng katta gunoh deb sanalgan. Zero Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا

ya’ni: (Ey, imon keltirganlar!) o‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi 29-oyat).

Demak, bu iddaolar osiylikdan boshqa narsa emas!

Shunday ekan, azizlar, mo‘min-musulmonlarning boshida qanchadan-qancha muammo, alam va qiyinchiliklar ko‘lanka bo‘lib turgan bir vaqtda faoliyati faqatgina musulmonlarni ahli bid’atga chiqarish, Payg‘ambarga muhabbatni shariatga zid deb sifatlashdan nariga o‘tmaydigan nusxalarning gaplariga uchib tuban ketishdan o‘zimizni saqlaylik! 

Alloh taolo barchalarimizning qalbimizga Rasulining muhabbatini jo qilsin! Qiyomatda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “hamd” bayroqlari ostida turish va U Zotning muborak shafoatlariga erishish hamda jannatda Rasuliga qo‘shni bo‘lish baxtini nasib etsin! Omin!

Muhtaram imom domla! Rabi’ul avval oyi kirib kelganligi munosabati bilan imkoniyatingizga qarab, mana shu oyning biror jumasida Imom Barzanjiyning “Mavlidun Nabiy” kitobidan o‘qib berishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “ISLOMDA AYOLLARGA MUNOSABAT” mavzusida bo‘ladi.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   5545   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA