Farzand – inson hayotining mazmuni, nasl-nasabini davom ettiruvchisi, oilaning mustahkam zanjiri. Yaxshi, solih farzand – ota-onaning baxt-iqboli, ikki dunyo saodatiga yetkazuvchi dilbandi. Farzandlar «jannat rayhonlari» deb tavsiflanishi bejiz emas. Ammo u odobli, yaxshi fazilatlar sohibi, itoatkor va qobil bo‘lgandagina ota-onasiga rahmat va baxt-xursandchilik keltiradi. Buning aksi bo‘lishidan Alloh saqlasin!
Oila qurish va solih farzandlar ko‘rishni orzu qilmagan inson bo‘lmasa kerak. Farzandingizning yaxshi, odobli, mehnatsevar, sog‘lom bo‘lib o‘sishi ko‘p jihatdan onasiga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun dinimiz ko‘rsatmalarida bo‘lg‘usi kelinni tanlashga alohida e’tibor qilinadi. Kelajakda tug‘ilajak farzandlarga munosib ona tanlash haqida farzand hali tug‘ilmasidan qayg‘uriladi. Oysha onamizdan (roziyallohu anho) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Farzandlaringizga munosib onani ixtiyor qilinglar”, deganlar.
Musulmonlarda kelin tanlashda uning soliha, dindor, yaxshi xulqli bo‘lishi asosiy mezon sanaladi. Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Ayol to‘rt narsasi: moli, hasabi, jamoli va dini uchun nikohlanadi. Bas, sen dindorini tanla, omon bo‘lgur», deganlar (Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy). Albatta, Payg‘ambarimizning (alayhissalom) ushbu tavsiyalarida ulkan haqiqat mavjud. Zero, moldorlik, yaxshi bir nasabga ega bo‘lish va husndorlik insonni hovliqtiradi, boshqalardan o‘zini ustun qo‘yishga olib boradi. Bundan tashqari, ushbu jihatlarning ba’zilari o‘tkinchi bo‘lib, ularga nisbatan qiziqish vaqt o‘tishi bilan susayadi. Dindorlik esa, insonni insoniylikka undovchi omil bo‘lishi bilan birga, doimiy ajralmas sifatdir.
Shuning uchun ham yana bir hadislarida: «Kim xotinning molu jamoli uchun uylansa, uning molu jamolidan mahrum bo‘ladi va kim ayolning dini uchun uylansa, Alloh taolo u kishiga uning molu jamolini ham nasib qiladi», deyilgan.
Kelin tanlashda yana uning tug‘ishga layoqatli, sog‘lom bo‘lishiga e’tibor berish lozim. Chunki uylanishdan asosiy maqsad naslni davom ettirishdir. Insoniyatning ko‘payishi, naslining bardavomligi qiyomatgacha davom etadigan ilohiy iroda va muhim jarayondir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Nikohlaninglar, ko‘payasizlar, men qiyomat kuni o‘tgan ummatlarga nisbatan ummatimning ko‘pligi bilan faxrlanaman», deb marhamat qilganlar.
Ma’qal ibn Yasordan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda kelishicha, bir kishi Payg‘ambar (alayhissalom) huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli, bir jamolli va hasabli ayol topdim, ammo u tug‘mas ekan, shunga uylanaveraymi?» dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Yo‘q», dedilar. O‘sha kishi u zot oldilariga yana keldi. Yana qaytardilar. Uchinchi marta kelganida: «Eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylaninglar, men boshqa ummatlarga sizlarning ko‘pligingizni ko‘z-ko‘z qiluvchiman», dedilar (Abu Dovud, Nasoiy, Hokim).
Biroq ota-onaning vazifasi farzandini dunyoga keltirishdangina iborat degan fikrga borish ham to‘g‘ri emas. Ular o‘z farzandlarini aqlli, es-hushli, jismonan sog‘lom, diyonatli, e’tiqodli, jamiyat va millatga foydasi tegadigan insonlar qilib tarbiyalash haqida qayg‘urishlari kerak. Avval aytganimizdek, odatda, otalar oilani boqish va moddiy jihatdan ta’minlash maqsadida ko‘pincha ko‘chada bo‘lib, uy ishlari va farzand tarbiyasi bilan asosan onalar shug‘ullanadilar. Shuning uchun farzand tarbiyasi faqat onaning vazifasidek tuyulib qolgan. Lekin, aslida, shariat ko‘rsatmasiga ko‘ra, farzandlar tarbiyasida ota-ona birdek mas’uldir. Balki ota bu borada ham onadan mas’uliyatliroq hisoblanadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) otaning farzandiga qiladigan moddiy ta’minotidan ma’naviy ta’minoti ustun turishini ta’kidlab shunday marhamat qilganlar: “Hech bir ota o‘z farzandiga go‘zal odobdan ham ortiqroq hadya bera olmaydi” (Termiziy rivoyati). Ota-onalar bolaning tabiati, xulq-atvori shu oiladagi muhitga qarab shakllanishini esdan chiqarmasliklari zarur. Ularning vazifasi xuddi tajribali tabibning bemorga nisbatan munosabatiga o‘xshash bo‘lishi kerak. Ma’lumki, solih farzandlar osmondan tushmaydi. Balki ota-ona nazoratida oila ichida tarbiyalanib, voyaga yetishadi. Bolalar yosh vaqtlarida ularning tarbiyasiga beparvo bo‘lish, yomon kishilarga aralashib yurishlariga yo‘l qo‘yish zararli oqibatlarga olib keladi. Sodda qilib aytsak, bola qalbi har turli yozuv yozish mumkin bo‘lgan bir oq qog‘ozga o‘xshaydi. Unga mumkin qadar yaxshi yozuvlar yozish kerak. Ular tarbiyasiga astoydil kirishish, yaxshi kishilar bo‘lib yetishishlari uchun butun imkoniyatlarni ishga solish zarur.
Donishmandlar bola tarbiyasiga u hali homila holida ekanidayoq kirishishni maslahat berishadi. Bunga qanday erishish mumkin? Bo‘lajak onaning yemishi halol, pok bo‘lishi, u hamisha toza, pokiza yurishi, ko‘proq Qur’on o‘qishi, duo va zikrni muntazam aytib turishining tug‘ilajak farzandning kelgusida yaxshi tarbiyali, odobli, e’tiqodli, chin inson bo‘lib kamolga yetishida katta foydasi bor. Hatto zamonaviy tibbiyot ham ona homiladorlik chog‘ida ko‘proq qanday kayfiyatda bo‘lsa, bularning hammasi bolaga ham ko‘chishini isbotlagan. Masalan, homiladorlik chog‘ida ko‘p asabiylashgan, boshiga biror g‘am, musibat tushgan ayollarning farzandlari injiq, serzarda, yig‘loqi bo‘lib tug‘ilishi ko‘p marta kuzatilgan.
Shu o‘rinda dunyoga mashhur olimlar va tasavvuf shayxlarining onalari homiladorlik paytlarida nimalarga e’tibor qilishgani va o‘z farzandlarini tarbiyalab voyaga yetkazishda qanday yo‘l tutishgani haqidagi ibratli rivoyatlar bilan tanishaylik:
Sobit ismli yigit bir bog‘dan oqib chiqqan ariqda yuz-qo‘lini yuvardi. Shu payt ko‘zi suvda qalqib kelayotgan qirmizi olmaga tushdi. U olmani tutib, bir tishladi. Tishladi-yu, mazasini bilgan zahoti hushyor tortdi: «Nima qilib qo‘ydim? Axir bu olmaning egasi bo‘lsa kerak?! O‘zimniki bo‘lmagan narsadan totindim, endi egasini albatta rozi qilishim kerak!»
Yigit shu xayol bilan suv oqib kelayotgan tomonga yurdi. Birozdan so‘ng hosili ko‘pligidan shoxlari suvga egilib turgan olma daraxtlarini ko‘rdi. Qo‘lidagi tishlangan olmaga qarasa, o‘sha daraxt mevasiga o‘xshaydi. «Men so‘roqsiz totingan olma shu bog‘dan ekan», deb o‘yladi va bog‘ egasini chaqirdi. Chiqib kelgan bog‘ sohibiga bo‘lgan voqeani tushuntirdi. So‘ng: «Roziligingizni olmoqchi edim, olmaning haqini beraman, g‘aflatda qolib qilgan xatoyimni kechirishingizni so‘rayman, olmani menga halol etsangiz», dedi. «Uch yil menga ishlab berasan, shundan keyin o‘ylab ko‘raman, olmani halol etishning birdan-bir chorasi shu», dedi bog‘ egasi.
Sobit rozilik bildirdi. Bir lahzalik g‘aflat, so‘roqsiz bir tishlangan olmaning to‘lovi o‘sha bog‘dagi uch yillik xizmat bo‘ldi. Ammo boshqa iloji ham yo‘q edi. Nima qilib bo‘lsada, olmani halollab olishi kerak!
Uch yil to‘lgan kuni Sobit badavlat bog‘ egasi oldiga bordi. Muhlat to‘lganini aytib, «haqingizni halollang, endi men ketay», dedi. «Uch yil o‘tgach, o‘ylab ko‘raman, degan edim. O‘ylab ko‘rdim. Biroq yana kichik bir shartim bor, shuni ham bajarsang, keyin haqimni halol etaman: mening bir qizim bor, ko‘zlari ko‘rmaydi, quloqlari eshitmaydi, qo‘llari ishlamaydi, oyog‘i yo‘q – yurmaydi. Agar shunga uylansang, olmaga rozi bo‘laman, aks holda, rozi emasman», dedi bog‘ sohibi.
Yigit uning shartiga ko‘ndi. Nikoh o‘qitildi, to‘y ziyofati o‘tdi. Kuyov go‘shangaga kirsa, soppa-sog‘, husni binoyiday kelin o‘tiribdi. «Bu yerda bir yanglishlik yoki hiyla borga o‘xshaydi», deya o‘ylagan yigit qaynotaga uchradi. «Otajon, menga ko‘r, tilsiz, majruh qizim bor, degan edingiz, holbuki, sog‘-salomat bu dunyo go‘zalini ko‘rdim», dedi.
Qaynota kulimsirab: «Shunday, o‘g‘lim, qizim haromga qaramaydi, shunga ko‘zlari ko‘r, haromni so‘zlamaydi, shunga tili yo‘q, qo‘lini haromga cho‘zmaydi, shunga qo‘li ishlamaydi, harom joylarga bormaydi, shunga oyog‘i ham yo‘q. Bularning barini majoziy ma’noda aytdim. Chunki qizimga sen kabi Allohdan qo‘rqadigan, haromdan hazar qiladigan bir solih yigit axtarib yurgan edim. Sen so‘roqsiz tishlangan bir luqma olma uchun halollik so‘raganingda, orzumdagi yigitni topganimga ishondim va seni uch yil imtihon qildim. Sinovlardan o‘tganingdan keyin hech bir taraddudsiz qizimni senga uzatishga rozi bo‘ldim», dedi.
Bu nikohdan mazhabboshimiz Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit (Imomi A’zam) dunyoga keldi, bu zot shunday taqvoli ota-onadan tug‘ildi. Imomi A’zam bolaligida Qur’oni karimni uch kunda xatm qildi. Yugurib borib onasiga: «Onajon, Qur’oni karimni uch kundayoq xatm qildim», deb quvondi. «O‘g‘lim, agar otang o‘shanda olmani bir tishlamaganida, Qur’onni bir kunda xatm qilgan bo‘larding!» dedi onasi.
Yoki ushbu ibratli voqeadan xulosa chiqaring: so‘fiylikning mashhur shayxlaridan Abdulqodir G‘iloniy (rahimahulloh) bunday hikoya qiladi: «Bolaligimdan meni to‘g‘riso‘z, rostgo‘y bo‘lishga o‘rgatishgan edi. Bir kuni Makkadan chiqib, ilm olish maqsadida Bag‘dodga boradigan bo‘ldim. Onam yo‘l xarajatlari uchun qirq dinor pulni choponim qatiga tikib berar ekan, mendan hech qachon, har qanday holatda ham yolg‘on gapirmaslik haqida va’damni oldi. Karvon bilan Hamadon o‘lkasiga yetganimizda qaroqchilar to‘dasi hujum qilib, karvondagilarning bor-budini tortib oldi. Qaroqchilardan biri: «Sening nimang bor?» deb so‘radi. Men: «Choponim qatida qirq dinor oltinim bor», deb rost gapirdim. U hazillashyapti, deb o‘ylab nari ketdi. Boshqa qaroqchi yana shu savolni berdi va unga ham qirqta oltinim borligini aytdim. U meni to‘da boshlig‘iga olib bordi. Boshliq: «Rostini aytishga seni nima majbur qildi?» deb so‘radi. Men: «Onamga hech qachon yolg‘on gapirmayman, deb va’da berganman», dedim.
Shunda qaroqchilar boshlig‘ini birdan qo‘rquv bosdi. U qichqirganicha ushbu so‘zlar bilan o‘z kiyimlarini yirta boshladi: «Sen onangga bergan va’dangni buzishdan qo‘rqib, oltinlaringni ko‘rsatyapsan, men esa Allohga bergan va’damni buzishdan qo‘rqmayapman».
Keyin u odamlariga barcha tortib olingan narsalarni qaytarib berishni buyurdi va: «Mana, sening huzuringda gunohlarim uchun Allohga tavba qilyapman», dedi. Boshqa qaroqchilar ham unga: «Sen talonchilikda bizning to‘daboshimiz eding, endi tavba qilishda ham rahnamomiz bo‘l!» deyishdi.
Ulug‘ muhaddis, yurtimizning faxri Imom Buxoriyning nomini eshitmagan odam kam bo‘lsa kerak dunyoda. Bu zotning onalari ham farzand kamoli yo‘lida fidoyilikning oliy namunasini ko‘rsatganlar. Farzandlarini yeru ko‘kka ishonmay yurgan Fotimani Allohning yana bir imtihoni kutib turar edi. Bir kuni yangi yo‘lga kirgan dilbandi Muhammad atak-chechak qilayotib, yiqildi. Shunda yerda yotgan bir shoxcha uning ikki ko‘ziga zarar yetkazdi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, ona farzandining ko‘zi ko‘rmayotganini sezib qoldi. Fotima dunyosini unutdi, tilidan Alloh zikri tushmay qoldi. U shu topda o‘g‘lining ko‘ra olishi evaziga imonidan boshqa hamma narsasini berishga tayyor edi. Katta o‘g‘li hamrohligida Buxoroning mashhur hoziq tabibinikiga jo‘nashdi.
Fotima tabib huzuridan bo‘shashib, oyoq-qo‘li jonsiz holatda qaytdi. Qartaygan, ko‘zlari qisiq, titroq qo‘lli tabib o‘g‘lini obdon tekshirib ko‘rib, davolashga ojiz ekanini aytdi. Ortidan «Umid yolg‘iz Allohdan!» deb taskin ham berdi.
Shu soatdan boshlab Fotimaga hayotning qizig‘i qolmadi. Necha kunki, tunlari bedor, kunduzlari ro‘zador. Beto‘xtov namoz o‘qiydi. Joynamozi ko‘z yoshlaridan siqib olinguday ho‘llanib ketadi. Allohga iltijo bilan yolvoradi, dilbandining kasaliga shifo so‘raydi.
Ana shunday kunlarning birida Fotima tush ko‘rdi. Barvasta, chiroyli yuz, ko‘rkam soqolli bir shayx tushiga kirdi. Keyin bilsa, Ibrohim Xalilulloh ekanlar. U kishi Fotima qarshisiga kelib, unga xursand holda: «Ey ayol, Allohga ko‘p yolvorib yig‘laganing, tinmay duolar qilganing besamar ketmadi, mehribon Alloh o‘g‘lingning ko‘zlarini qaytarib berdi!» dedi.
Uyqudan yuragi hapqirib uyg‘ondi. Shoshilinch tahorat oldi-yu, o‘g‘li yotgan xonaga chopdi. Kirib qarasa, ko‘zi yana ko‘ra boshlagan o‘g‘li o‘rnida jilmayib yotardi. Ayol taqvosi mukofotiga berilgan bu yaxshilikdan behad sevindi. Allohga hisobsiz shukrlar aytdi, maqtovlar yo‘lladi. Onasi bu qadar suyub-ardoqlab ulg‘aytirgan Muhammad keyinchalik hadis ilmining sultoni, ulug‘ muhaddis bo‘lib yetishgan Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (Imom Buxoriy) edi.
Bu ibratli rivoyatlardan ravshan bo‘ladiki, bolaning kelajakda qanday va kim bo‘lib ulg‘ayishi ko‘p jihatdan onalarga, ularning qanday tarbiya berishganiga, hatto bolalariga qay darajada mehr ko‘rsatib, erkalaganlariga bog‘liq. Shunday bo‘lgach, bolangizning barkamol dunyoga kelishi, yaxshi inson bo‘lib ulg‘ayishini istasangiz, onasining yemishiga, kayfiyatiga, taqvodorligiga e’tibor qarating.
Qur’oni karimda: «O‘z uylaringizda qaror topingiz» (Ahzob, 33), deb marhamat qilingan. Bu ayol uchun eng sharafli joy –uning uyi, oila davrasi degani. Ayol uchun oilaning charog‘boni, ro‘zg‘orning ishboshisi, farzandlar tarbiyachisi bo‘lishdan ko‘ra fazilatli, savobli ish yo‘q. Ayol jamoat ishlari bilan band bo‘lib, o‘zgalar ishini qoyillatsa-yu, o‘z bolalari begona enagalar va bog‘cha tarbiyachilari qo‘lida ona mehriga, erkalashiga zor-tashna ulg‘aysa, bundan kimga foydayu kimga zarar?!
Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, o‘z onasi tarbiyasini olgan, uning g‘amxo‘rligi, shafqatini har qadamda his etib turgan bolalar o‘zlarini butunlay jamoat ishiga baxshida qilib, farzandlaridan uzilib qolgan onalarning bolalariga qaraganda sog‘lom, aqlli, tarbiyali va ko‘ngilchan bo‘lib ulg‘ayishar ekan. AQSHda o‘tkazilgan tadqiqotlarda qamalganlarning yarmidan ko‘pi ona mehriga to‘ymagan yoshlar ekani ma’lum bo‘lgan. Darhaqiqat, farzand tarbiyasi borasida oilada onaning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Farzandga mehr degan ulug‘ tuyg‘uni hech kim onadan ortiqroq bera olmaydi.
Afsus, ba’zan onalar uchun bola tarbiyasi jamiyat va ro‘zg‘or yumushlari oldida e’tiborsiz narsa bo‘lib qolmoqda. Ayollarga har qancha huquq berilmasin, ular qanchalik yuksak maqomlarga erishmasinlar, agar bolalariga yaxshi tarbiya bermasalar, ularga o‘zini, millatini, dinini, Vatanini tanitmasalar va sevdirmasalar, onalik haqini ado etmagan bo‘lishadi. Zero, Islom olimlaridan biri aytganiday, «Avlodlarni voyaga yetkazish va munosib inson qilib tarbiyalash maqsad qilib olinmagan nikoh shunchaki bir aysh-ishrat va maishatdan bo‘lak narsa emas. Bu nikohdan tug‘ilgan bolalar ham o‘tkinchi hirsning qurboni bo‘lgan bechoralardir».
Muhammad ibn Muhammad Jomiy aytadi: «Har bir ota-onaning farzand oldida burchi bor. Chunonchi, har bir ota o‘z farzandi nomusli ayoldan tug‘ilishiga harakat qilsin, toki tug‘ilganidan keyin odamlar farzandga turli ta’nalar qilib yurmasin. Bolaga yaxshi va chiroyli ism qo‘ysin. Unga ilmu ma’rifat o‘rgatsin. Ota-ona farzandini hamisha halol ovqat bilan boqsin. Harom yo‘lda topilgan taom bolaga yomon ta’sir ko‘rsatadi va uni haromxo‘rlikka o‘rgatadi. Buning uchun ota-onaning o‘zi, avvalo, halol ovqat yeyishi kerak. Shundagina pushtidan bo‘lgan bola halol va pokiza bo‘lib tug‘iladi. Ona homiladorlik paytida harom va noravo ovqatlardan, noshar’iy ishlardan tiyilishi kerak».
Keyingi hafta mavzulari:
Oilada farzand tug‘ildi
Farzand xursandchiligi
Emizish (razo’)
Chaqaloq qulog‘iga azon aytish
Tahnik qilish
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan