Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyun, 2025   |   17 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
13 Iyun, 2025, 17 Zulhijja, 1446

Islom tarixi: MUQADDIMA

21.10.2019   13458   25 min.
Islom tarixi: MUQADDIMA

بِسۡمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلرَّحِيم

 

SO‘ZBOSHI

Alloh taologa U Zotning jaloliga va jamoliga munosib hamdu sanolar bo‘lsin!

Oxirgi nabiy Muhammad mustafoga go‘zal va mukammal salavot va salomlar bo‘lsin!

Musulmon tarixchilar: «Tarixni o‘rgangan kishining umri uzayadi», deyishadi. Haqiqatdan ham, tarixni qunt bilan o‘rgangan odam go‘yo o‘sha o‘zi o‘rgangan davrda yashaydi. Tarixni qunt bilan o‘rgangan odam dunyo tarixida bo‘lib o‘tgan ko‘plab hodisalarning ishtirokchisiga, hech bo‘lmaganda tomoshabiniga aylanadi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Binobarin, Islom tarixini qunt bilan o‘rgangan musulmonning umri uzayishi, Alloh taoloning dinida yashagan hayoti boyishi, insoniyat tarixiga iymon va Islom yog‘dusi, nuri ila nazar solishi shubhasizdir.

Islom tarixi deganda Islom davlatlarining va musul­mon xalqlarning Islom dinining ilk davrlaridan boshlab hozirgi kungacha bo‘lgan muddatdagi tarixi ko‘zda tutiladi. Boshqacha qilib aytganda, ushbu tarix dunyo boshlanganidan to hozirgi, biz yashab turgan paytgacha bo‘lgan davrni o‘z ichi­ga oladi. Jug‘rofiy ma’noda aytiladigan bo‘lsa, bu tarix aks etgan hududning bir tarafi Atlantika okeani, ikkinchi tarafi esa Tinch okeani bilan chegaralanadi. Ushbu mintaqalarda Islom dini keng tarqalgan bo‘lib, bu yerlarda yashovchi xalqlarning ko‘pchiligi musulmon xalqlar deb tan olingan.

Mashhur tarixchilardan Ibn Asir aytadi: «Amri ma’ruf, nahiy munkar qiladigan odamlar tarix voqealaridan voqif bo‘lsalar, jabr va dushmanlik qiluvchilarning hayotlarini, ularning oqibatida kelib chiqqan buzuqchilik, xarobchilik va halokatlarni o‘rgansalar, ularning qabih ekanini tushunib yetadilar hamda mazkur ishlardan yuz o‘girishni o‘zlariga lozim deb biladilar. Agar odil voliylarning, go‘zal ishlar qilgan insonlarning tarixini o‘rgansalar, ularda go‘zal eslatmalar borligi, insonlar o‘sha tarixiy shaxslarni yaxshilik bilan eslayotganini ko‘rsalar, ularning yurtlari obod, turmushlari farovon bo‘lganini bilsalar, sanab o‘tilganlarni ma’qul sanab, ularga rag‘bat qiladilar, o‘zlari ham ulardan ibrat olishga intiladilar».

Shayx Hasan ibn Abdulloh rahmatullohi alayh tarixni o‘rganishga targ‘ib qilib, shunday deydi: «Tarix barcha o‘tgan avlodlarning hayot madrasasidir. Tarix orqali tiriklar o‘zlari uchun manfaatli narsani o‘rganib, unga amal qiladilar. Shuningdek, o‘zlariga zarar yetadigan narsalardan voqif bo‘lib, undan chetda bo‘ladilar. Tarix bir ummat o‘zining o‘tmishiga borib keladigan va hoziri bilan o‘tmishi o‘rtasidan joy olgan ko‘prikdir».

Shu bilan birga, tarix beqiyos va og‘ir omonat hamdir. Bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalarni omonat bilib, ularni kelajak avlodlarga yetkazish har bir jamiyat va uning ilmu ziyoga ega a’zolarining burchidir. Hozirgi va kelajak avlodning esa o‘sha tarixni o‘rganib, umri uzayadi, tajribasi ortadi. Avvalgilarning foydali ishlarini o‘ziga ibrat qilib oladi va xatolarini takrorlamaslikka harakat qiladi. Insoniyat tarixida bu ishga hamisha amal qilib kelingan.

Har bir vatanparvar kishi o‘z yurtiga bo‘lgan mehr-muhabbatining, sadoqatining ramzi sifatida ushbu yurtning tarixini o‘rganadi. Qo‘lidan kelganlar esa o‘zi o‘rgangan narsalarni kelajak avlodlarga ham qoldirishni o‘ylaydilar, buning uchun bor imkonlari bilan harakat qiladilar.

Tarix va unga oid ma’lumotlarning yozilishi ma’nosiga keladigan bo‘lsak, albatta, musulmonlarning tarixga oid narsalarni yozish ishlari birinchi o‘rinda Qur’oni Karimni qalamga olish, qayd etishlari bilan boshlangan. Avvallari Qur’on yozma ravishda tarqatilmagan. Uni o‘rganish asosan yodlash orqali kechgan. Keyinchalik Qur’onni yodlagan kishilar vafot etib, kamayib ketayotgani bois Abu Bakr roziyallohu anhuning davrlarida hazrati Umar roziyallohu anhuning maslahatlari bilan Qur’on oyatlari jamlanib, bitta mus'haf shakliga keltirib yozib qo‘yishga kelishilgan va bu ish muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Keyinchalik, hazrati Usmon roziyallohu anhuning davr­larida mazkur mus'hafdan olti nusxa ko‘paytirilib, turli markazlarga yuborilgan. Qur’oni Karimda insoniyat, xususan, payg‘ambarlar tarixiga oid juda ko‘plab kerakli ma’lumotlar borligi hammaga ma’lum.

Musulmon tarixchilar dunyoning yaratilishi, insonning dunyoga kelib, rivojlanishi va shu kabi qadimda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalarning eng ishonchli manbai bo‘lmish Qur’oni Karim asosida qadimgi dunyo tarixini bitdilar. Shuning uchun ham ular o‘z zamonlarida yetakchi tarixchilarga aylanishdi. Keyinchalik ba’zi bir guruh va shaxslar chiqib, o‘zlaricha dunyo tarixini «ilmiy» ravishda qayta ko‘rib chiqdilar. Ular dunyoda eng ishonchli tarixni bitganlarini aytib, ayyuhannos soldilar. Boshqalarni, jumladan, musulmon tarixchilarni ilmsizlikda, afsonalarga berilishda aybladilar. Ammo vaqt o‘tib, ilm rivoj­lanishi bilan bu guruhlarning «ilmiy» ishlari jaholatdan boshqa narsa emasligi ayon bo‘ldi. Oqibatda hammasi muz kabi eridi-ketdi. Qur’ondan bahra olgan musulmon tarixchilarning aytganlari esa to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Ya’ni ularning o‘z ishlarida Qur’ondan foydalanishlari eng to‘g‘ri yo‘l ekani ma’lum bo‘ldi.

Qur’oni Karimdan keyin Payg‘ambarimiz alayhis-salotu vassalomning hadislari yozildi. Bu ishni amalga oshirishdagi ikkilanish Qur’onni yozishdan ko‘ra ham ko‘proq bo‘ldi. Ba’zi sahobalar o‘ziga nisbatan qat’iy ishonch asosida ba’zi hadislarni yozib olgan bo‘lsalar ham, Qur’on bilan aralashib ketishining oldini olish maqsadida ularni yozish rasmiy ravishda man qilib turildi. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu o‘zlarining xalifalik davrida hadislarni yozmaslikka buyruq berdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhuning davrlarida ham shunday bo‘ldi.

Nihoyat, hijriy I asrning o‘rtalariga kelib, ya’ni milodiy VIII asrda hadislarni ham yozish boshlandi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarida tarixga oid juda ko‘p ma’lumotlar bor.

Keyinchalik asta-sekin turfa ilmlarni ham yozish ishlari rivojlanib ketdi. Tarixni yozma ravishda aks ettirish ham shular jumlasidandir. Islom tarixini yozish hijriy III, milodiy IX asrda boshlandi.

Avvallari tarixiy hodisalarni yod olib, og‘zaki ravish­da aytib yurilar edi. Keyinrok asta-sekin ularni yozishga o‘tildi. Bu borada Nabiy sollallohu alayhi vasallamning muborak siyratlarini ummatga yetkazish ishi yordam berdi. Siyrat ilmida eng avvalgilardan bo‘lib nomlari chiqqan zotlardan to‘rt kishi alohida zikr qilinadi:

  1. Urva ibn Zubayr (hijriy 93 yilda vafot etgan). Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning havoriylari, jannat bashorati berilgan sahoba Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning o‘g‘illari.
  2. Abon ibn Usmon ibn Affon (hijriy 105 yilda vafot etgan). Hazrati Usmon roziyallohu anhuning o‘g‘illari.
  3. Vahb ibn Munabbih (hijriy 114 yilda vafot etgan).
  4. Shurahbil ibn Sa’d Xatmiy Madaniy (hijriy 123 yilda vafot etgan). Bu kishi g‘azotlar va Badr qatnashchilarini yaxshi biladigan olimlardan edi.

Ulardan keyin, umaviy xalifalar davrida siyrat ulamolarining ikkinchi tabaqasi yuzaga keldi. Bu davrda Payg‘ambar siyrati bo‘yicha kitob yozganlar ichida quyidagilar alohida e’tiborga sazovor sanaladilar:

  1. Osim ibn Umar ibn Qatoda (hijriy 120 yilda vafot etgan).
  2. Muhammad ibn Shihob Zuhriy (hijriy 124 yilda va­fot etgan).
  3. Abdulloh ibn Abu Bakr ibn Hazm Ansoriy (hijriy 125 yilda vafot etgan).

So‘ng abbosiy xalifalar davrining siyratchilari yetishib chiqdi. Bu borada ular ichida quyidagi zotlar shuhrat topdilar:

  1. Muso ibn Uqba (hijriy 141 yilda vafot etgan). Bu kishi g‘azotlar kitobini yozgan.
  2. Ma’mar ibn Roshid (hijriy 150 yilda vafot etgan). U kishining kitobi bizgacha yetib kelmagan.
  3. Muhammad ibn Is'hoq Muttalibiy (hijriy 151 yil­da vafot etgan). Bu kishi xalifa Mansurning talabiga binoan «Al-Mag‘oziy» nomli kitob yozib, unda Odam Atodan to o‘zi yashayotgan zamongacha bo‘lgan tarixni bayon etgan. Xalifa unga asarini muxtasar qilishni amr etgan.
  4. Muhammad ibn Umar Voqidiy (hijriy 207 yilda vafot etgan). Voqidiyning «Al-Mag‘oziy» nomli kitobi o‘zidan keyingi ko‘plab siyratchilarning kitoblariga asos bo‘lib xizmat qilgan.

So‘ng siyrat ulamolarining yana yangi bir avlodi paydo bo‘ldi. Ularning ichida alohida shuhrat topganlaridan biri Abu Muhammad Abdulmalik ibn Hishomdir (hijriy 218 yilda vafot etgan). Ibn Hishom aslida Ibn Is'hoqning kitobini tartibga solgan va ustozidan ham ko‘proq shuhrat topgan. Hozirgacha kim siyrat ilmiga murojaat qilsa, albatta Ibn Hishomga yo‘liqadi. Ibn Hishomning kitobi bizgacha yetib kelgan eng qadimgi siyrat kitobidir.

Hozirda eng mashhur siyrat ulamolari haqida so‘z ketar ekan, eng avval Ibn Is'hoq va Ibn Hishom rahmatullohi alayhlarning nomlari tilga olinadi. Keyin kelgan siy­rat ulamolarining deyarli barchalari ushbu ikki zotning keltirgan ma’lumotlaridan foydalanganlar desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Siyrat ulamolari o‘z faoliyatlarida muhaddislarning uslublaridan foydalandilar. Ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga tegishli ma’lumotlarni u zotni ko‘rgan, gap-so‘zlarini eshitgan sahobalardan rivoyat qilgan roviylar silsilasiga suyangan holda to‘plaganlar. Dastlabki siyrat kitoblarida har bir ma’lumotning roviylari sanadi ham keltirilgan.

Avvallari siyrat bobidagi ma’lumotlarni iloji boricha to‘liq to‘plashga harakat qilingan. Hatto siyrat kitoblariga sharhlar ham yozilgan.

Hijriy III asrda tarix ilmi mislsiz ravishda rivojlandi. Tarix ilmining ko‘lami kengaydi, nihoyatda puxta va katta-katta kitoblar yozildi. Hodisalar, nasablar, ummatlar, podshohlar, dinlar tarixiga oid asarlar bitildi. O‘sha davrlarda yozilgan tarix kitoblari ichida hijriy 230 yilda vafot etgan Muhammad ibn Sa’dning «Tabaqotul kubro», hijriy 276 yilda vafot etgan Ibn Qutaybaning «Kitobul imomat vas-siyosat», hijriy 279 yilda vafot etgan Balozuriyning «Futuhul buldon», hijriy 282 yilda vafot etgan Abu Hanifa Dinavariyning «Axborut-tivol» va hijriy 310 yilda vafot etgan imom Tabariyning «Tarixul umam val muluk» nomli kitoblari eng mashhurlaridir. Ibn Asirning «Al-Komil fit-tarix» nomli kitobi hijriy 630, milodiy 1232 yilda keng tarqalgan. Ibn Kasirning «Al-Bidoya van-nihoya» nomli kitobining yozilishi esa hijriy 774, milodiy 1372 yillarga to‘g‘ri keladi.

Hozirga kelib, Islom tarixini umumiy ravishda, butun dunyo miqyosida yozish ishlari sezilarli darajada kamaygan.

Musulmon olamining yangi umumiy tarixi xususida so‘z ketganda eng avval tarixchilardan ikkitalari tilga olinadi. Ularning biri doktor Ahmad Shalabiy bo‘lib, u kishi «Is­lom tarixi ensiklopediyasi» nomli katta kitob yozgan. Ikkinchi tarixchi – ustoz Mahmud Shokir bo‘lib, u kishi «Islom tarixi» nomli 22 juzdan iborat katta kitob ta’lif qilgan.

Bizda ham anchadan buyon Islom tarixini yurtimizga, xalqimizga xos ravishda yoritish niyati bor edi. Bu borada ko‘pchilik bilan maslahatlar ham qilib yurilardi. Keyinroq ba’zi kitoblarni yozish davomida bu juda ham zarur ekani his qilindi. So‘ng ushbu nihoyatda ahamiyatli ishga imkon qadar urinish vaqti kelganini ham tushunib yetdik.

Nihoyat, Alloh taoloning irodasi ila 2014 yil 12 mart kuni, tong chog‘i, soat 05 dan 17 daqiqa o‘tganda ba’zi arab tilidagi kitoblardan, o‘zimizda bitilgan asarlar va in­ternet tarmoqlaridan olingan ma’lumotlardan foydalangan holda yozishga jazm etib, Alloh taoloning O‘zidan madad so‘ragan holda ushbu ishni boshladik.

Fursatdan foydalanib, bu ishni amalga oshirishda ko‘makchi bo‘lgan azizlarimizning barchalariga samimiy tashakkurlarimizni izhor etamiz.

Alloh subhanahu va taolo bu ishning hammamiz uchun manfaatli, xayrli va barakotli bo‘lishini nasib qilsin!

Albatta, bu og‘ir va mas’uliyatli ishni bajarishda O‘ziga hojatimiz bor, O‘ziga yolvorishimiz bor. Ana shu hojatimiz, yolvorishimiz, duolarimizni qabul aylab, bu ishni muvaffaqiyatli bajarishimizda O‘zi madadkor bo‘lsin!

 

 

MUQADDIMA

Bu asar, Alloh taolo xohlasa, Islom tarixining muxtasari, ya’ni qisqacha bayoni bo‘ladi. Islom tarixi Odam alayhissalomdan boshlanadi, chunki insoniyatning boshlanishi Odam alayhissalom bo‘lib, u zot birinchi nabiy-payg‘ambar hisoblanadilar. Odam Ato va Momo Havvoning zurriyotlari bo‘lmish boshqa payg‘ambarlar esa insoniyat tarixining, binobarin, Islom tarixining asosi sanaladilar.

Musulmon tarixchilar tarixga murojaat qilar ekanlar, odatda, ikki uslubni yo‘lga qo‘yganlar. Birinchisi – tarixda bo‘lib o‘tgan hodisalarni ko‘rgan va bilganlardan rivoyat qilish. Qadimda arab xalqlarining savodi bo‘lmagan. Ulardan sanoqli kishilargina o‘qish-yozishni bilgan. Shuning uchun ham ular o‘zlari uchun kerakli bo‘lgan barcha ma’lumotlarni yod olib, eslab qolishga uringanlar. Ularning yod olish qobiliyatlari juda yuqori darajada bo‘lgan. Shu bois Qur’oni Karimni Alloh taolo o‘sha xalqning tilida nozil qilishni iroda etgan. Ular Qur’oni Karim va boshqa ma’lumotlarni ham eng mustahkam va go‘zal tarzda yodlab olganlar. Ana shu yodlab olgan narsalarining ichida «ayyomul arab», ya’ni «arablarning kunlari» deb nomlangan mashhur va alohida ahamiyatga molik voqea-hodisalar va ular sodir bo‘lgan sanalar – yillar, oylar, kunlar ham o‘rin olgan. Ular o‘zlari yodlagan ma’lumotlarni avloddan avlodga o‘tkazib kelganlar. Keyinchalik, tarixni yozishga o‘tilganda ham avvalgiga o‘xshab, voqealarning o‘zini hikoya qilish uslubi qo‘llangan.

Ikkinchi uslub – bo‘lgan voqealarni rivoyat qilish bilan birga ularni tahlil qilishni ham yo‘lga qo‘yish.

Demak, tarix yozishning umumiy uslubi Islom yurtlarida ikki xil bo‘ladi: qadimgi uslubga binoan, hodisalar birma-bir aytib o‘tiladi, ularga izoh ham berilmaydi, ular tahlil ham qilinmaydi. Yangi uslubda esa har bir hodisaga izoh berish, ularni tahlil qilish yo‘lga qo‘yiladi. Hamma gaplarni birin-ketin ma’lumot deb keltirishdan uzoq turiladi. E’tibor bilan qaraladigan bo‘lsa, yangi uslub ham, eskisi ham bir-birini to‘ldirib keladi. Ba’zi o‘rinlarda hodisalarning o‘zini aytib o‘tish, o‘rni kelganda esa ularni tahlil qilish lozim bo‘ladi. Hozirgi zamon tarixchilari mana shu uslubni keng qo‘llab kelmoqdalar.

Albatta, mazkur ikki uslubda bitilgan tarixda ham birinchi bo‘lib qadimgi tarixdan so‘z yuritiladi.

Qadimgi tarix Odam Atodan boshlanib, Muhammad alayhissalomgacha davom etadi.

Demak, bu muddatdagi tarix Odam Atodan boshlanib u kishidan tarqalgan payg‘ambarlar orqali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha yetib keladi.

Rasul-payg‘ambarlar keltirgan shariatlarning hammasi ham Islom dini asosida bo‘lgani e’tirof etiladi. Bu gapning dalili Qur’oni Karimda kelgan.

Alloh taolo Nahl surasida shunday marhamat qiladi:

«Batahqiq, har bir ummatga: «Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning», deb rasul yuborganmiz» (36-oyat).

Alloh taolo Oli Imron surasida shunday marhamat qiladi:

«Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir» (19-oyat).

Bu borada so‘z ketganda, avvalo, Islom ummatining ta’rifini eslab o‘tish kerak bo‘ladi. Ilmiy ravishda tarix davomida Islom aqiydasi asosida jamlanib kelgan jamoa «Islom ummati» deyiladi.

Bu ummatga mansub bo‘lgan kishilar Alloh subhanahu va taolo yuborgan payg‘ambarlarga ergashgan zotlar – Odam alayhissalomdan Muhammad sollallohu alayhi vasal­lamgacha bo‘lgan ummatlardir. Ularning oxirgisi, albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashib, qiyomatgacha yetib boradigan kishilar jamoasidir.

Ushbu ummat vakillari Alloh taologa va Alloh yuborgan barcha payg‘ambarlarga iymon keltirgan bo‘lib, ularning hammasi birgalikda Islom ummati hisoblanadi. Bu yerdagi asosiy robita, ya’ni rishta aqiyda asosidagi bog‘lanishdir. Unda til ham, zamonu makon ham, nasl va hokazolar ham e’tiborga olinmaydi. Asosiy me’yor dinu diyonat, aqiyda ekani qayta-qayta ta’kidlanadi.

Turli davrlarda Alloh taolo tomonidan joriy qilingan dinlarga ko‘ra yashaganlarning barcha-barchalari bir nom bilan – musulmon deb atalgan. Biroq keyinchalik odamlar ba’zi dinlarni o‘sha din yuborilgan payg‘ambarlarning nomlari bilan ataydigan bo‘lib ketishgan.

Dinlarni, payg‘ambarlarni yolg‘onga chiqargan va haqdan yuz o‘girganlarning ko‘pchiligini Alloh taolo halok qilgan.

 Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilishlari bilan Islom tarixining «nabaviy siyrat» qismi boshlanadi. Bu qism hijratdan 53 yil oldin boshlanib, hijriy 11 yili tugaydi. Nabiy sollallohu alayhi va­sallamning hayotlari tarixi «Siyrat» deb ataladi.

Ya’ni hijriy 11 yilda Rasuli akram alayhissalotu vassa­lom Rafiqul a’loga intiqol kilganlar. Bu qism, milodiy yil hisobi bo‘yicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan yillari – 571 yildan u zot alayhissalomning vafot etgan yillari – 632 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.

Tarixning mana shu davrida Rasuli akram alayhissalotu vassalom Islom jamiyatini tuzdilar. Ilk Islom davlatiga asos solib, unga o‘zlari rahbarlik qildilar. Madinai munavvara shahrini esa ana shu davlatga poytaxt qilib oldilar.

Ta’kidlash lozimki, siyrat deb atalgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari tarixini musulmonlar juda yaxshi bilishlari va undan go‘zal o‘rnak olishlari lozim.

Tarixiy voqealar rivojiga ko‘ra, Allohning dini Is­lom Arabiston yarimorolida tarqaldi. Alloh taolo Ahzob surasida marhamat qiladi:

«Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor» (21-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlari bilan tarixning bu qismi ham o‘z nihoyasiga yetadi.

So‘ng roshid xalifalar davri keladi. Bu davr hijriy 11 yildan 41 yilgacha milodiy hisobda 632 yildan 661 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.

Rasuli akram alayhissalotu vassalom quyidagi hadisi sharifda ushbu davr haqida shunday marhamat qilganlar:

Irboz ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlar mening sunnatimni va mendan keyingi hidoyatdagi roshid xalifalarning sunnatlarini mahkam tutinglar va unga tish-tirnoqlaringiz bilan yopishinglar», dedilar».

Ahmad, Abu Dovud, Ibn Moja va Termiziy rivoyat qilishgan.

Roshid xalifalar davri ham insoniyat tarixida, ham Islom tarixida yorqin bir davr bo‘lgan. Bu davrda juda ko‘p islomiy fathlar bo‘lgan. Islom davlati bag‘oyat kengaygan, jahonga dong‘i ketgan diyorlar, jumladan, Fors, Shom[1], Misr va boshqa o‘lkalarning xalqlari Islomga kirgan. Ana shu davrda kishilar islomiy ta’limotlar asosida hayot kechirib, to‘liq baxt-saodatga erishganlar.

Roshid xalifalar davri tugagach, umaviylar davlatining hukmronlik davri boshlangan. Bu davr hijriy 41 yil bilan 132 yil oralig‘idagi muddatni o‘z ichiga olgan, milo­diy hisobda 661 yilda boshlanib, 749 yilda tugagan.

Ushbu asrda Islom davlati juda ham kengaydi. Shu qadar keng diyorlarda bitta xalifaning hukmi yuradigan bo‘ldi. Lekin bu davrga kelib, kishilarning Islom shariatini mahkam tutish, unga amal qilish borasidagi saviyasi avvalgidan ko‘ra biroz pasaydi. Yana ta’kidlab o‘tamiz, bu pasayish biroz edi, xolos. Zero, Rasuli akram alayhissalotu vassalom o‘zlarining muborak hadislaridan birida ushbu haqiqatni ochiq-oydin aytganlar:

Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Eng yaxshilaringiz mening asrimdagilar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar»

Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.

Ummatning saviyasi asta-sekin pasayib borishini Ra­suli akram alayhissalotu vassalom o‘zlarining mana shu hadislarida aytib qo‘yganlar.

Umaviylar davridan keyin abbosiylar daqri boshlanadi. Bu davr hijriy 132 yildan boshlanib, 656 yilgacha davom etadi, milodiy hisobda 750-1258 yillarni o‘z ichiga oladi.

Bu muddat mobaynida, ya’ni abbosiylar davrida, xususan, abbosiylar davrining ikkinchi kismida Islom olamida ko‘plab mustaqil davlatlar paydo bo‘ldi. Ular o‘ziga yarasha kuch-quvvatga, imkoniyat va turlicha yo‘nalishga ega bo‘lgan. Ulardan ba’zilari Islomga yaxshi xizmatlar ham qilishgan. Misol uchun, saljuqiylar, zangiylar, ayyubiylar, g‘aznaviylar, murobitlar shular jumlasidandir.

O‘z navbatida abbosiylar davrida buzg‘unchi harakatlar ham ko‘p bo‘lgan. Botiniylar, shiy’alar va boshqa turli firqalar o‘zlari asos solgan davlatlari orqali faoliyat olib borishgan. Yevropaliklar Islom olamiga qarshi ikki yuz yil davomida «Salib urushlari» degan nom ostida amalga oshirgan og‘ir va vayronkor harbiy yurishlar ham xuddi shu davrga to‘g‘ri keladi. Yangi yerlarni Islom diyoriga qo‘shish, fathlar qilish esa bu davrda juda kam bo‘lgan.

Abbosiylar davri mo‘g‘ullarning vayrongarchilikka to‘la urushlari bilan o‘z nihoyasiga yetgan. Mo‘g‘ullar Islom poytaxtini bosib olib, xalifani o‘ldirib, abbosiylar davlatini barbod qilishgan.

Islom tarixidagi keyingi davr «mamluklar davri» deb nomlanadi. Bu davr hijriy 658-923, milodiy 1259-1517 yillarni o‘z ichiga oladi.

Ushbu davrda bo‘lib o‘tgan eng muhim voqealardan biri vahshiy mo‘g‘ullar hujumining bostirilishi va musulmon yurtlarda qolib ketgan sanoqli salibchilarning ham yo‘qotilishidir.

Islom tarixidagi keyingi davr usmoniylar davridir. Bu davr (Qohiraga kirgan turk sultoni Salim I ibn Boyazidga abbosiy xalifaning xalifalikdan voz kechib, taxtni topshirishidan e’tiboran) hijriy 923-1342, milodiy 1517-1923 yillarni o‘z ichiga oladi.

Usmoniylar davlati deb atalmish mazkur Islom davla­ti o‘zining dastlabki yillarida juda ko‘p fathlarni amal­ga oshirdi. Anchagina o‘lkalarni Islom davlati doirasiga kiritdi. Sharqiy Yevropadagi juda ko‘p xalqlar mana shu paytlarda musulmon bo‘lishdi. Jumladan, Vengriya, Albaniya, Yunoniston, Ruminiya, Serbiya, Bolgariya kabi hududlarda fath ishlari bo‘lib o‘tdi. Usmoniylar davlatining nufuzi sharqiy Islom yurtlarining ko‘pchiligida keng tarqaldi. Usmoniylar davlati amalga oshirgan ishlarning eng ulug‘laridan biri o‘sha vaqtdagi Vizantiya imperatorligining poytaxti Konstantinopol (Qustantiniya) shahrining fath etilishi bo‘ldi.

Usmoniylar davlatining oxirgi yillarida mustamlakachilar musulmonlar orasida millatchilik fikrini keng tarqatishga muyassar bo‘lishdi. Mana shu ish islomiy xalifalikning qulashiga sabab bo‘ldi. Musulmonlar mayda-mayda davlatlarga ajrab, dindan uzoqlashdilar. O‘zaro do‘stlasholmay, urush-janjal va qirg‘inbarotga qo‘l ura boshladilar. Keyin mustamlakachilarga qarshi milliy ozodlik harakatlari boshlandi.

Biz ushbu kamtarona satrlar orqali Islom tarixidagi ma’lum bir bosqichlarni juda qisqa tarzda o‘rganishga harakat qilamiz. Hamma tarixchilar ittifoq qilgan umumiy hodisalar qisqacha zikr qilinadi, tafsilotlarga o‘tilmaydi. Ana shu ba’zi bir tafsilotlarda har xil noaniqliklar ham bo‘lishi mumkinligi e’tiboridan ular chetlab o‘tiladi. Alloh taoloning O‘zi bu ishda yordamchimiz bo‘lsin!

 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf,

Toshkent

 

Keyingi hafta mavzulari:

 

BIRINCHI  BOB

Qadimgi – Islom shariatidan oldingi tarix haqida so‘z

BIRINCHI FASL

Odamning yaratilishi

Shis alayhissalom

Idris alayhissalom

Xalqlarning ko‘chishi

 

[1] Shom – hozirda Suriya, Iordaniya, Livan, Falastin va Isroil davlatlari joylashgan o‘lka.

 

Tarix barcha o‘tgan avlodlarning hayot madrasasidir. Tarix orqali tiriklar o‘zlari uchun manfaatli narsani o‘rganib, unga amal qiladilar hamda o‘zlariga zarar yetadigan narsalardan voqif bo‘lib, undan chetda bo‘ladilar.

Islom tarixi deganda, odatda, Islom davlatlari hamda musulmon xalqlarning vahiy nozil bo‘lgan ilk davrdan boshlab hozirgi kungacha bo‘lgan ilk davrdan boshlab hozirgi kungacha bo‘lgan tarixi nazarda tutiladi. Ammo aslida ushbu tarix dunyo boshlanganidan to hozirgi. Biz yashab turgan paytgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Zero, bu tarix ilk inson, ilk payg‘ambar – Odam alayhissalomdan boshlanadi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ushbu asari Islom tarixining muxtasar bayoni bo‘lib, muallifning so‘nggi kitoblaridan biridir.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Sh i o r i m i z :

Ahli sunna val jamoa mazhabi asosida pok aqiyda va musaffo Islomga intilish, Qur’on va sunnatni o‘rganib amal qilish, islomiy ma’rifat taratish, salafi solih – ulug‘ mujtahidlarga ergashish, kengbag‘irlik va birodarlik ruhini tarqatish, diniy savodsizlikni tugatish, ixtilof va firqachilikka barham berish, mutaassiblik va bid’at-xurofotlarni yo‘qotish.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 5761-sonli xulosasi asosida tayryolandi.

 

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Jonli” va “jonsiz” tarbiya

10.06.2025   13580   12 min.
“Jonli” va “jonsiz” tarbiya

«Agar ogohsan sen – shohsan sen.

Agar shohsan sen – ogohsan sen»

 

«Avliyolarning  avliyosi», «mutafakkirlarning  mutafakkiri», «shoirlarning sultoni» bobomiz Alisher Navoiy hazratlari naqadar chiroyli ta’rif berganlar o‘z asarlarida!

 

«Ogohlik» co‘zining ma’nolarini bugungi zamon sharoitidan kelib chiqib, yanada keng miqyosda tushunishimizga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, bugungi ogohlik xalqimiz, ayniqsa yoshlar qalbini, ruhiyatini, aql-idroki va umuman ma’naviyatini jahonda yuz berayotgan mafkuraviy yo‘nalishdagi oshkora va yashirin tahdidlarning xatarlaridan va «ommaviy madaniyat»ning yemiruvchi ta’siridan muhofaza qilishni ham o‘z ichiga oladi.     

 

Albatta, xalqimiz, jumladan yosh avlod g‘arb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyoti, san’atining ilg‘or jihatlarini inkor etmaydi.

 

Biroq G‘arbda din va odobga zid bo‘lgan qarashlarning ko‘pchilikka singdirilishi oqibatida yuzaga kelgan «ommaviy madaniyat» tushunchasini G‘arb ziyolilarining o‘zlari «G‘arbning muammosi» sifatida baholayotganini hamda «ommaviy madaniyat»ning ma’naviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.

 

«Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o‘nib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda».

 

Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi mas’ullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN buyuk vazifa, deb bilmog‘imiz lozim!

 

Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari o‘ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zo‘r shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil ma’lumotlarni kechayu-kunduz tarqatayotgan bir onda, ayniqsa bugun farzandlarimiz o‘z-o‘zlari bilan yolg‘iz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashg‘ul bo‘lib, bolalarimiz ular bilan “band” bo‘lib qolganlarida mazkur vazifalar, jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga havo,  baliqqa suv zarurligiday zarur bo‘lsa kerak...

 

Bugungi kunda tarbiya ham, ming afsuslar bo‘lsinki, ikki xil bo‘lib qoldi: 1) «jonsiz» tarbiya va 2) «jonli» tarbiya.

 

  1. «JONSIZ» tarbiya – bu internet, kompyuter, telefon, televizor... Ming afsus va nadomatlar bo‘lsinki, bu narsalar ham ko‘p yoshlarimizni, ba’zi o‘rinlarda sal kattaroqlarimizni ham to‘g‘ri yo‘ldan, o‘z ota-onalari ne-ne mashaqqatlar chekib o‘rgatgan yo‘ldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros bo‘lib kelayotgan yo‘ldan ozdirib va adashtirib qo‘ymokda...

 

Natijada, dono xalqimiz maqolida «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb aytilganidek, o‘zlari ham, oilasi ham, qarindoshlari ham, qo‘shnilari ham, do‘stlari ham, yaqinlari ham, atrofdagilari ham sarson bo‘lib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallasiga ham, ishlab turgan ishxonasiga ham, butun el-yurtiga ham yetmoqda...

 

Bunday shakldagi «jonsiz» tarbiya:

  • dono xalqimiz dunyoqarashiga ham,
  • millatimiz mentalitetiga ham,
  • Qur’oni karimning muborak oyati karimalariga ham,
  • Payg‘ambarimiz alayhis salomning muborak hadisi shariflariga ham,
  • dinimiz ko‘rsatmalariga ham,
  • shariatimiz hukmlariga ham,
  • ulamolarimiz fatvolariga ham,
  • davlatimiz qonunlariga ham,
  • sharqona odoblarimizga ham,
  • mazhabimiz me’yorlariga ham,
  • jamiyatshunoslik aloqalariga ham,
  • odamgarchilik munosabatlariga ham,
  • insoniy tuyg‘ularga ham,
  • ruhshunoslik sir-asrorlariga ham,
  • yurtimiz urf-odatlariga ham,
  • o‘zbekchilik qoidalariga ham,
  • madaniyatimiz axloqlariga ham,
  • insoniy aqlga ham,
  • axloqiy normalarga ham,
  • dono maqollarimizga ham,
  • milliy an’analarimizga ham,
  • diniy qadriyatlarimizga ham,
  • xalqimiz ong-tafakkuriga ham,
  • musulmonchiligimiz asoslariga ham,
  • Islom dinimiz tushunchalariga ham

ZID  EKANLIGINI  UNUTMAYLIK !!!

 

Xorijiy telekanallarda nima namoyish etilsa yoki internetda nima targ‘ib qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas !!!

 

Biz ular orasidan imon-e’tiqodimiz, an’anayu qadriyatlarimizga mos keladiganlarinigina saralab olmog‘imiz shart!

 

Bu maqsadga esa yoshlarimizga telefon, televideniye, kompyuter va internetdan oqilona foydalanish yo‘llarini o‘rgatish, ularning mazkur axborot manbalaridan foydalanishlarini nazorat qilib borish orqaligina erishish mumkin. Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning beg‘ubor ma’naviyatiga jiddiy zarar yetmasin!

 

Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra, AQSHda jinoyatchilarning yarmidan ko‘pi buzilgan oilalar farzandlari ekani ma’lum bo‘lgan. Ularga ota-onasining ajrashgani tufayli yetkazilgan kuchli ruhiy zarba o‘rta yosh, hatto keksalik chog‘ida ham salbiy ta’sir o‘tkazishi aniqlangan.

 

2) «JONLI» tarbiya – bu:

 

ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan oltindan qimmat rivoyatlari va noyob hikmatlari;

 

buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari;

 

mehribon ota-onalarimizdan o‘rganib kelayotgan gavhar o‘gitlari va mislsiz so‘zlari;

 

elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari;

 

jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz ta’lim maskanlarida taralayotgan durdan a’lo fanlar va beqiyos bilimlar;

 

uyimizda farzandlarimizga o‘zimiz berayotgan ta’lim-tarbiyamiz.

 

Bu «jonli» tarbiyadagi ma’lumotlar esa ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN beqiyos ensiklopedik manba bo‘lib xizmat qiladi. 

 

Oiladagi bosh – bobo yoki buvi, ota yoki ona har kuni, ayniqsa juma oqshomi, bozor oqshomi kunlarida oilaviy dasturxon atrofida o‘tirganlarida oilasining har bir a’zolarini ismlarini nomma-nom aytib, har bir o‘g‘il-qizlarini, har bir kelin-kuyovlarini, har bir nevara-chevaralarini haqlariga yaxshi tilaklar aytib, yaxshi duolar qilsalar – bu ham «jonli» tarbiyaning bir turi hisoblanadi. 

 

Zero, bunday shakldagi «jonli» tarbiyani hammalarimizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz avval-azaldan chin ixlos bilan, sof e’tiqod bilan, go‘zal namuna va chiroyli ibrat bo‘lib, barkamol darajada berib kelishgan. Shunda «mening otam meni haqimga bunday duo qilganlar», «mening onam meni bunday bo‘lishimni Xudodan so‘rar edilar» degan ongi-shuuridagi dasturxon atrofidagi surat uni ko‘z oldida doim turadi.
 

Dasturxon atrofida, oilasi huzurida aytilgan ota-onasining umidlari, orzulari uni boshqa nojo‘ya xatti-harakatlardan tiyilishga, har kuni qo‘l ochib Yaratgandan so‘rayotgan tilaklarni eslab, mazkur tilaklarga mos kelmaydigan ishlardan saqlanishga undaydi.

 

Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma’naviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz ham: «Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam bo‘lmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi», deb yana qo‘shimcha sifatida bizlarga  yengilmas kuch qilib berdilar.
 

Xalqimizning milliy ma’naviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egadir! Ular oila mustahkamligini ta’minlashda ulkan poydevor vazifasini o‘taydi. Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu ta’limotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi.

 

Janobi hazrat Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z muborak hadisi-shariflarida marhamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!».

 

Bu xususda shoirlarimizning ibratli so‘zlari bor:

«Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me’mor,

 Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor».

 

Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham o‘z haq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. Ko‘p yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda bema’ni xurujlar ko‘payib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy ta’sirlari misli ko‘rilmagan darajada kuchayib bormoqda.

 

Shuning uchun barchamiz ko‘zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmog‘imiz lozim.

 

Ayniqsa, hozirda yurtimizdagi mavjud behisob hamda turli fursat va imkoniyatlardan serma’no, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib,

 

HAR BIR OTA,  HAR BIR ONA  O‘Z farzandiga:

 

odob-axloq namunalarini,

kindik qoni to‘kilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuyg‘ularini,

bobo-buviga – ehtirom-hurmatni,

ota-onaga – mehr va itoatkorlikni,

oila a’zolariga – rahmdillik va mehribonlikni,

o‘z juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni,

qo‘ni-qo‘shnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni,

qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni,

sinfdosh-kasbdoshlarga – chin do‘stlik va yordam berishni,

atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni,

hayvon-parranda-hasharotlarga – rahm-shafqatni uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz –

HAM  BURCHIMIZ,  HAM  QARZIMIZ,  HAM  FARZIMIZDIR!!!

 

XUDONI OLDIDA ham, BANDASINI OLDIDA ham, YURT-XALQIMIZ OLDIDA ham!

 

Bularni hammasini bolalarimizga o‘rgatish uchun bizlarga hech qanday maxsus oliy ma’lumot ham, tegishli sertifikat ham, hech kanday qizil diplom ham kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uyg‘otishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud! Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qon orqali o‘tib kelayapdi! “Buning qonida bor-da o‘zi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!

Kimning ona-Vatanni sevish tuyg‘usi kuchli va imon-e’tiqodi mustahkam bo‘lsa, o‘zining o‘tmishini hurmatlab, yaxshi bilsa, «ommaviy madaniyat» tuzog‘iga tushib qolmaydi, dinu davlatimizning “xaqiqiy do‘stlari”ning qarmog‘iga ilinmaydi. Buning uchun oilada ota-onalar farzandlari bilan milliy musiqa, xalq qo‘shiq-ashulalarimizni eshitishsa, birgalikda kitob o‘qishsa, o‘qigan asarlarini birgalikda muhokama qilishsa, ularni turli sport seksiyalariga va musiqa to‘garaklariga jalb etishsa, erishilgan yutuqlari va egallayotgan tajribalariga qiziqishsa, ilm-hunar o‘rganishlarida hamnafas bo‘lishsa, yoshlarning yot g‘oyalar uchun vaqti ham, qiziqishi ham bo‘lmaydi.

Iloho o‘zlarimizni ham,

farzand-zurriyotlarimizni ham

Mehribon Parvardigorimiz O‘zi buyurgan,

Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan,

o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,

xalqimiz xursand bo‘ladigan,

ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!      

 

JIDDIY  E’TIBOR  UCHUN  JIDDIY  MASALA:

 

Ne-ne umidlar bilan o‘stirayotgan farzandlarimiz

dinimiz qoidalari ruxsat bermagan,

milliy an’analarimiz va mahalliy urf-odatlarimiz qaytargan

hamda davlatimiz qonunlari qoralagan

yeb-ichish mahsulotlaridan O‘TA va O‘TA EHTIYOT bo‘lishlari

va ayniqsa hozirgi paytda

aynan shu tomonlardan "hujum" kilayotgan dushmanlarimizga

kuchli va sof e’tiqod bilan qarshi turaolishlari –

o‘z diniga, o‘z xalqiga, o‘z yurtiga hamda

o‘z muqaddas oilasiga sadoqatli ekanini

yaqqol belgisi bo‘ladi!

Ibrohim domla Inomov

 

Ibratli hikoyalar