Toshkent shahridagi “Qaffol Shoshiy maqbarasi” ni hammamiz yaxshi bilamiz. Bu ko‘hna inshoot o‘zining mahobati va bezaklari bilan alohida ahamiyatga ega.
Ziyotchilar binoning peshtoqlariga, mahobatli gumbaziga hamda bezaklariga katta qiziqish bilan boqadilar. Maqbara tashqarisiga xattotlar tomonidan bitilgan yozuvlarni ma’nosini bilishga hamma qiziqadi.
Binoning eng yuqorisi ya’ni peshtoq qismida suls xatida Yunus surasining 62-64 oyatlari bitilgan
أَلَا إِنَّ أَوْلِيَاءَ اللَّهِ لَا خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلَا هُمْ يَحْزَنُونَ (62) الَّذِينَ آمَنُوا وَكَانُوا يَتَّقُونَ (63) لَهُمُ الْبُشْرَى فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَفِي الْآخِرَةِ لَا تَبْدِيلَ لِكَلِمَاتِ اللَّهِ ذَلِكَ هُوَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ (64)
Ma’nosi:
Ogoh bo‘lingizki, albatta , Allohning valiylari(do‘stlari)ga xavf yo‘qdir va ular tashvish ham chekmaslar. Ular imon keltirgan va taqvoli bo‘lganlardir. Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham bashorat (xushxabar) bordir. Allohning so‘zlarida o‘zgartirish yo‘qdir. Ana shu yutuqdir.
Kirish eshigi tepasiga esa tasma shaklida suls xatida Oli Imron surasi 69-97 oyatlari yozilgan.
إِنَّ أَوَّلَ بَيْتٍ وُضِعَ لِلنَّاسِ لَلَّذِي بِبَكَّةَ مُبَارَكًا وَهُدًى لِلْعَالَمِينَ (96) فِيهِ آيَاتٌ بَيِّنَاتٌ مَقَامُ إِبْرَاهِيمَ وَمَنْ دَخَلَهُ كَانَ آمِنًا وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ اللَّهَ غَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ (97)
Ma’nosi:
“Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy-Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lmish (Ka’ba)dir. Unda aniq alomatlar-“Maqomi Ibrohim” bordir. Unga (Ka’baga) kirgan kishi omonda bo‘lur. Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni xaj qilish (farzi) bordir. Kimda-kim (buni) inkor etsa , bas, albatta, Alloh olamlardan behojatdir.
Shahzod Shomansurov tayyorladi
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV