Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Dekabr, 2025   |    ,

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:45
Peshin
12:26
Asr
15:15
Shom
17:00
Xufton
18:20
Bismillah
20 Dekabr, 2025, ,

2023 o'quv yilidan Al-Azhar universitetida Imom Moturidiyning “Ta'vilot al-Qur'on” tafsirini o'qitish boshlanadi

25.08.2023   1907   6 min.
2023 o'quv yilidan Al-Azhar universitetida Imom Moturidiyning “Ta'vilot al-Qur'on” tafsirini o'qitish boshlanadi

Imom Abu Mansur Moturidiy islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qo'shgan shayxulislom, ulug' ulamolardan biri hisoblanadi. U Qur'on va sunnat aqidasini qaror toptirish, aqlga murojaat qilgan holda bu ikki manbadan dalil olish yo'lida o'z maktabiga asos solgan. U sahobai kiromlar tutgan “siroti mustaqim” – to'g'ri yo'ldan chetga chiqqan, adashgan aqida sohiblari bilan bahslashishda ulkan matonat ko'rsatgan. Natijada, “Ahli sunna val jamoa imomi”, “Hidoyat bayrog'i” singari o'zining ilmiy darajasiga dalolat qiluvchi ko'plab unvonlarga sazovar bo'lgan.

Imom Moturidiy tafsir, Qur'on ilmlari, aqida, fiqh va usul al-fiqh yo'nalishlarida ko'plab asarlar bitgan. Afsuski, uning asarlaridan juda kam qismi bizgacha etib kelgan. U o'zining “Kitob at-Tavhid” asarida aqlga murojaat qilgan holda Ahli sunna val jamoa aqidasini bayon qilib, mushabbiha, xavorij, mo'tazila, ilhodiya, sanaviya va boshqa adashgan firqalarning fikrlariga qarshi raddiya bergan. Uning “Ta'vilot al-Qur'on” kitobi esa muhtasham asardir. U aslida tafsir kitobi hisoblansa-da, lekin Qur'on islom ilmlarining barchasini qamrab oladi. Shunga ko'ra, mazkur kitobda Imom Moturidiy barcha ilmlardagi mahorati yuzaga chiqqan. Asarda Imom Moturidiyning Qur'on tili bo'lgan va Qur'onni usiz anglab bo'lmaydigan arab tilidan chuqur xabardorligi ko'zga tashlanib, uning nahv, sarf va lug'at ilmlaridagi mahorati namoyon bo'lgan. Shu bilan birga, asarda Imom Moturidiyning hanafiy mazhabi etuk namoyandalari tomonidan tasdiqlangan fiqh va usul ilmlaridagi mahorati aks etgan. U asarida o'zining fiqhiy qarashlarini bayon qilgan hamda Qur'on va hadisdan dalillar keltirib, hanafiy mazhabining to'g'riligini dalillashga uringan. Shuningdek, Imom Moturidiy tafsirida ko'plab hadislar, sahoba, tobein va taba tobein qavllari ham uchraydi. Asarda Imom Moturidiyning qarashlari, ijtihodlari, yuksak istinbotlari va avvalgi mufassirlarning fikrlari barchasi birlashib, u muhtasham tafsir kitobiga aylangan. Imom Moturidiy ushbu kitobida usulda Ahli sunna, furu'da hanafiy mazhabini himoya qilgan. “Ta'vilot al-Qur'on” islom ilmlarini o'rganishda tolibi ilm ham, olim ham ehtiyoj sezadigan muhim manbadir.

 Ushbu tafsir kitobi islom ilmlarida qimmatli manba ekani hamda bugungi fitnalar va ekstremistik jamoalar ko'paygan davrda Ahli sunna mazhabini himoya qilishdagi o'rnidan kelib chiqqan holda Al-Azhar universiteti joriy o'quv yili – 2023 yil sentyabrdan boshlab Imom Moturidiyning “Ta'vilot al-Qur'on” asarini darslik sifatida o'qitishga qaror qildi. Ya'ni endi Al-Azhar universitetining “Usul ad-din” fakul'teti talabalari mazkur tafsirning ma'lum qismi yoki ba'zi suralarini o'qishadi. Ta'kidlash lozimki, Misr Arab Respublikasida jami 8 ta “Usul ad-din” fakul'teti mavjud bo'lib, ulardagi talabalar soni 10 mingga etadi. Hususan, poytaxt Qohira shahrida, Mansura, Iskandariya, Zag'oziq va boshqa shaharlarda fakul'tet filiallari faoliyat ko'rsatadi.

“Usul ad-din” fakul'tetida bir qancha kafedralar, jumladan, tafsir va Qur'on ilmlari, hadis va hadis ilmlari, aqida va falsafa kafedralari mavjud. Bu qaror esa tafsir kafedrasi tomonidan qabul qilingan qaror bo'lib, u tafsir kafedrasi talabalari uchun amal qiladi.

Aqida kafedrasiga to'xtaladigan bo'lsak, bu kafedrada moturidiylik aqidasini o'rganish hali ham davom etmoqda, bu boradagi faoliyatlar to'xtab qolmagan. Chunki Imom Moturidiy Imom Ash'ariy bilan birgalikda Ahli sunna val jamoaning ikki qanoti hisoblanadi. Al-Azhar universiteti Ahli sunna val jamoa mazhabiga ergashuvchi eng yirik islomiy universitet bo'lgani uchun, aqida kafedralarida Imom Moturidiy va moturidiylik bo'yicha qilinayotgan ko'plab ilmiy ish va tadqiqotlarga qo'shimcha ravishda moturidiylik mazhabini keng ko'lamda o'rganish tabiiy hol sanaladi.

Ushbu qarorning yangilik jihati Imom Moturidiy tafsiriga bo'lgan e'tiborning yanada kuchayganidir. Bu, avvallari Imom Moturidiy va moturidiylik ta'limotiga e'tibor qaratilmasdi, degan ma'noni bildirmaydi. Ushbu satrlarni qoralayotgan kamina 2007 yilda doktorlik darajasini olish uchun “Imom Abu Mansur Moturidiy va uning “Ta'vilot” tafsiridagi uslubi” degan mavzuda ish boshlagan edim. Ilmiy ishim 2015 yilda muhokamaga qo'yildi. Demoqchimanki, Al-Azhar olimlari Imom Moturidiy va moturidiylik ta'limoti bilan uzoq vaqtdan beri tanish hisoblanadilar. Qabul qilingan yangi qaror esa, Imom Moturidiyning Qur'on tafsiriga oid izlanishlariga qaratilgan e'tibor yana ham kuchayganini ko'rsatadi.

Al-Azhar universiteti “Usul ad-din” fakul'tetlari tafsir kafedralari mudirlariga yuborilgan qaror matnida quyidagi jumlalar aks etgan: “Tafsir va Qur'on ilmlari kafedrasining Turosiy kitoblar qo'mitasi vakillik qoidalariga muvofiq sizning kafedrangizni “tahliliy tafsir – to'rtinchi bo'lim” predmeti bo'yicha ta'liq tayyorlashga nomzod qilib ko'rsatdi. Bu sizning kafedrangiz a'zolariga ushbu predmetga ta'liq yozish va uni bir oy ichida tayyorlashni belgilash va yuklash orqali amalga oshiriladi. Maktubga Imom Moturidiyning belgilangan kitobi (Ta'vilot al-Qur'on), kitobning mufradoti va ta'liq qoidalari ilova qilingan”.

Maktub matnidan yaqqol ko'rinib turibdiki, talabalar dars qilib o'qiydigan kitobni tayyorlovchi ustozlar tanlangan kitob, ya'ni Imom Moturidiyning “Ta'vilot al-Qur'on”idan chetga chiqmasliklari lozim. Bunga o'xshash masalalarda professor-o'qituvchilar tomonidan kitobga talabalarning holatiga mos tarzda ta'liq yozish odat hisoblanadi. Talaba Imom Moturidiyning tafsiri matnini ustozning talqini asosida o'rganadi va uning ostida talabalarga Moturidiy iboralarini tushunishni osonlashtirish maqsadida o'quv predmetini tayyorlagan ustozning izohlari keltirilgan bo'ladi. Shuning uchun, izohlarda tanlangan kitob chegarasidan chetga chiqmaslik haqida alohida ko'rsatma berilgan.

Hulosa o'laroq aytish mumkinki, qabul qilingan qaror eng qadimiy islom ta'lim dargohi bo'lmish Al-Azhar universiteti tarafidan moturidiylik ta'limotiga bo'lgan bo'lgan qiziqishning ulkan nishonasi hamda islom ilmlarida moturidiylik maktabi mavqeining e'tirofi sanaladi.

Ahmad Sa'd Damanhuriy

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlariga oid Farmon imzolandi

19.12.2025   4374   1 min.
Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlariga oid Farmon imzolandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlariga oid Farmonni imzoladi.

Hujjat Konstitutsiyaviy sud faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish hamda sud ishlarini yuritishda shaffoflik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:

– fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartib-taomillarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish;

– konstitutsiyaviy shikoyat institutini takomillashtirish va sud himoyasini kuchaytirish;

– davlat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan konstitutsiyaviy nazoratni ta’minlash;

– 2026–2027 yillarda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish dasturini amalga oshirish;

– sud ishlarini yuritishda "E-KSUD" axborot tizimini joriy etish, elektron murojaatlar, onlayn kuzatuv va videokonferensiya orqali sud majlislarida ishtirok etish imkoniyatlarini yaratish;

– sud majlislarini jonli efirda uzatish, audioyozuv orqali qayd etish va elektron bayonnomalarni shakllantirish;

– davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiya orqali fuqarolar va tadbirkorlarni ortiqcha ovora qilmasdan zarur ma’lumotlarni elektron shaklda olish amaliyotini joriy etish.

Farmon Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda sud tizimida zamonaviy, ochiq va xalqqa yaqin mexanizmlarni joriy etishga xizmat qiladi.

MAQOLA