Toshkent islom institutining “Tahfizul Qur'on” kafedrasi ustozlari Qur'oni karim va unga taalluqli bo'lgan maxsus ilmlarni talabalar va yurtimiz yoshlariga ta'lim berib kelmoqda. Jumladan, ushbu kafedrada Qur'on qiroati va tajvid, Tafsir, Ulumul Qur'on fanlari mutaxassislik darajasida tahsil beriladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan joriy yil avgust oyida “Tahfizul Qur'on” kafedrasining malakali ustozlaridan iborat jamoa Misr Arab Respublikasining Iskandariya shahridagi “Al-Azhar” universitetiga tashrif buyurdilar. U erda Azhari sharif tasarrufidagi “Ma'hadul qiroat”, ya'ni Qiroatlar institutining Qur'on qiroatlari va tajvid ilmi shayxlaridan ta'lim olib, malaka oshirdilar.
Prezidentimiz shu yilning iyun' oyida Surxondaryodaga tashrifi davomida “Toshkent islom institutida 2024 yildan magistratura, 2025 yildan doktorantura yo'nalishida kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yiladi” deb ta'kidlagan edi.
Mazkur ilmiy safar ham Toshkent islom institutida ochilajak magistratura bosqichida o'qitilishi ko'zda tutilgan fanlar bo'yicha amalga oshirildi.
“Ma'hadul qiroat” institutining 10 qiroat, Usuli tafsir, Tafsir, Ulumul Qur'on ilmlarida mutaxassis bo'lmish uch nafar olimidan Tahfizul Qur'on kafedrasi o'qituvchilari Toshkent islom institutining magistratura bosqichida o'qitilishi rejalashtirilgan fanlardan malaka oshirdi:
• Shayx Sayyid Hattob Abdulhamid Mag'robiy – sug'ro va kubro 10 mutavotir qiroat va 4 shozz qiroat mutaxassisi;
• Amr Ibrohim Muhammad Uvaydo – sug'ro va kubro 10 mutavotir qiroat, hanafiy mazhabi fiqhi, arab tili grammatikasi mutaxassisi;
• Abdurrahmon Raf'at Muhammad G'unaym – sug'ro va kubro 10 mutavotir qiroat, usulul-fiqh, tafsir ilmlari mutaxassisi.
Safar oxirida “Al-Azhar” va “Ma'hadul qiroat” shayxlari tomonidan kafedra ustozlariga qiroatlar va ilmiy asarlarning ijoza shahodatnomalari hamda malaka oshirgani to'g'risida faxriy yorliqlar topshirildi.
Toshkent islom instituti rektori, siyosiy fanlar doktori, professor Muhammadolim domla Muhammadsidiqov Misrda bo'lib qaytgan Jahongir qori Ne'matov boshchiligidagi Tahfizul Qur'on kafedrasining 10 ga yaqin qori ustozlarini qabul qilib, ilmiy safarda erishilgan natijalar, oldinga qo'yilgan maqsad-vazifalarning ijrosi, magistratura bosqichida o'tiladigan Qur'onga oid fanlar va ulardan olingan ijozalar bilan tanishib, kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Mazkur qisqa muddatli ilmiy safar orqali “Tahfizul Qur'on” kafedrasi ustozlariga yaqin o'tmishda uzilgan ilmiy silsilalarni qayta tiklash va muborak oltin silsilalarni Vatanimizga qaytarish imkoniyati berildi.
Allohning izni bilan bu ilmlar yurtimizda bo'ylab va Qur'on nuri xonadonlarimiz uzra yanada ko'proq taraladi.
Jahongir Ro'ziyev,
TII «Tahfizul Qur'on» kafedrasi o'qituvchisi,
«Qur'oni karim va tajvid» o'quv kurslari bo'limi boshlig'i
Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.
2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.
Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.
Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:
– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.
@islomuz