Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2025   |   6 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2025, 6 Zulqa`da, 1446

Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahulloh

28.09.2019   12401   3 min.
Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahulloh

Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahulloh an-No‘mon ibn Sobit ibn Zutiy al-Ko‘fiy (80-150/699-767) taniqli faqih bo‘lib, otasining nomi ba’zi manbalarda Sobit emas, an-No‘mon, bobosining nomi esa al-Marzbon ekani qayd etilgan. Abu Hanifa hazratlarining bobosi asli Kobuldan bo‘lib, Termiz, Naso, Anbor va Bobil shaharlarida ham bir muddat yashagan, keyinchalik Ko‘fada o‘rnashib qolgan edi. U zotning tug‘ilgan yili haqida ko‘proq 80/699 aytilsa-da, 61/680 va 70/689 sanalari ham ko‘rsatiladi. Zohid al-Kavsariy 70 hijriy sanada tug‘ilganini to‘g‘ri desa, Abu Zahra uni rad qilib, 80 hijriy to‘g‘ri deb hisoblaydi. Barcha manbalarda Umaviy xalifa Abdulmalik ibn Marvon (685-705) davrida dunyoga kelgani zikr etilgan.

Imom Abu Hanifa rahimahullohning sahobalar davrida tug‘ilganiga shubha yo‘q. Ko‘pgina muhaddis va muarrixlar uning bir necha sahobalar bilan uchrashganini qayd qilganlar. U zot uchrashgan sahobalar borasida har xil fikrlar bo‘lsa-da, lekin mashhur sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhu bilan uchrashgani haqida barcha manbalar ma’lumot beradi. Shunday bo‘lsa-da, ba’zilar U zotni tobi’iy emas, balki tab’a tobi’iy ekanini aytganlar. Bu Abu Hanifa rahimahulloh hazratlarining tug‘ilgan sanasining aniq belgilanmagani bilan bog‘liq. Shamsiddin az-Zahabiy tab’a tobi’iy deydiganlarning gapini rad qilib, tobi’iy bo‘lganini isbotlashga harakat qilgan.

Abu Hanifa rahimahulloh ustozlarining sonini 4 ming nafarga yetadi deyilsa-da, biroq, asosiy ilmni Hammod ibn Abu Sulaymon al-Ko‘fiy oldida olganlar. Ustozlarining oldiga 22 yoshida borib, 18 yil davomida shogirdlikka tushgan. Ustozi vafotidan so‘ng 40 yoshlarida ustozi o‘rniga fatvo bera boshlagan. Abu Hanifa rahimahulloh ilm talabida Basra, Bag‘dod, Makkaga bir necha marta safar qilgan. Uning ustozlari orasida sahobalar, tobi’inlar va tab’a tobi’inlar bor edi.

130/747 yillarda Iroq voliysi faqihlardan ayrimlarini davlat ishlariga jalb qiladi. Ular orasida Abu Hanifa rahimahulloh ham bor edi. Qozi bo‘lishga ko‘nmagan Abu Hanifa rahimahulloh bir necha yillar Makkaga borib yashagan. Abbosiy xalifa Abu Ja’far Mansur davrida unga yana qozilik vazifasi topshirilmoqchi bo‘ladi. Abu Hanifa rahimahulloh qabul qilmaydi, natijada u kishi hibs qilinadi va darra uriladi. Shunday qilib, 150/767 rajab (shavvol yoki sha’bon) oyida Bag‘dod zindonida vafot etadi.

Abu Hanifa rahimahullohning davrida kitob yozish, risolalar bitish hali keng tus olmagandi, shuning uchun u zot umrini shogirdlarga ta’lim berish va fiqh o‘rgatishga sarflagan. U zotning aqida – kalomga bag‘ishlangan matn risolasi “al-Fiqh al-akbar” (Katta fiqh), ba’zi shogirdlariga qilgan vasiyat (nasihat)lari, Usmon al-Battiy (VIII asr)ga yozgan maktubi saqlanib qolgan. Yana bir qancha aqidaga oid kitoblar Abu Hanifa rahimahullohga nisbat qilinadi. U zotning darslari davomida rivoyat qilgan hadislari asosida bir necha musnadlar tuzilgan. Fiqh borasida bironta asar yozmagan bo‘lsa-da, lekin fiqh ilmini shakllantirgan, uni bob va mavzularga ajratgan ilk faqih sifatida tarixda qolgan. U zot fiqhni og‘zaki naql qilishdan yozma shaklga o‘tish borasida faol tashkilotchi bo‘lgan faqihlardan bo‘lgan.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

03.05.2025   3612   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi. 
 

Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!


Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.  


Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.


Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.


«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering». 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

O'zbekiston yangiliklari