frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Shukronalik!

20.09.2019   21508   3 min.
Shukronalik!

Inson qo‘lidagi ne’matlarga shukur qilar ekan, ne’matlar ziyoda bo‘lishiga guvoh bo‘ladi. Nolish, inkor qilish ila qo‘lidagi ne’mat ham yo‘q bo‘ladi. Alloh taolo bandalariga mislsiz ne’matlarni inom etdi. Faqatgina bir talab, ana shu ne’matlarga shukr qilishni talab etdi.

Bugun ko‘p do‘stlarimizni yoru-birodarlarimizni noshukrlik qilib noliyotganliklariga guvoh bo‘lamiz. Yetti muchali sog‘ odam bugun hamyonida mablag‘i yo‘q bo‘lsa, shunga nolishi kerakmi endi? Borib, shifoxonalarda qo‘l - oyog‘i yo‘q, yoki xastalanib, ajalini kutib yotgan bemorlarni ko‘rsinlarda qanday buyuk ne’mat sohibi ekanliklarini his qilsinlar. 

Uy-joylari eskirib qolganiga noliyotganlar esa, uy-joysiz, ijarami-ijara yoki olisda Vatangado bo‘lib yurganlarni ko‘rsinlar.

“Markabim eski” deyotganlar markabi yo‘qlarga, “Men markabsiz yuribman” deganlar esa oyog‘i yo‘qlarga nazar solib, qanday ne’matlar ichra yurganlarini his qilsinlar. Shunday yurtda tinch-omon tong ottirayotganliklariga shukr qilsinlar, zero, e’tibor berib qarasangiz, bugun o‘zga yurtlar boshida qora bulutlar sang‘ib yurganiga, ular tinchlikni butunlay yo‘qolganiga guvoh bo‘lasiz.

Ne’matlar nihoyatda ko‘p, eng buyuk ne’mat – iymon, ilm ne’matlaridir.

Ey birodarlar! iymonning nuri ziyoda bo‘lishi, ilm-ma’rifatning ziyoda bo‘lishi uchun yana bir ne’mat bor. Bilasizmi bu nima? Halovat ne’mati...  

Banda ibodat qilayotganda halovatni his qilar ekan iymonining nuri ziyoda bo‘lib boraveradi. Ilm o‘qiyotgan halovat, lazzat va muhabbat bilan o‘qir  ekan, bilingki, endi uning ana shu ilmga bo‘lgan rag‘bati oshib boraveradi. 

Xo‘sh, biz halovatga nima bilan yetamiz? Tinchlik bilan, ofiyat bilan. Shuning uchun bugun tinchlikni qadriga yetaylik! 

To‘g‘ri, bugun bizda nimadir kam bo‘layotgandir yoki Yurtimiz yangi rivojlanish yo‘liga o‘tayotgan bir paytda nimadir yetishmovchilik bo‘layotgandir. Ana shu kamchilikni bartaraf etish uchun bir necha chora - tadbirlar olib borilyapti. Izlanish davom etmoqda. Hukumat miqyosida bitta maqsad – xalqning turmushini yaxshilash, xalqning talabini qondirish.

Demak natijaga sabr bilan, harakat hamda birdamlik bilan erishiladi. Inson qachon boy bo‘ladi bilasizmi?  Qanoatli,  shukrli banda haqiqiy boy hisoblanadi. Qanoat ila boy bo‘lish – bor-yo‘g‘iga ko‘nmoq bilan bo‘ladi. Shukrning qanoatdan ham afzallik jihati bor. Shukr ne’matning boriga xursand bo‘lish, qolaversa, ne’matning ziyoda bo‘lishiga sababchi omildir. Har qanday ne’mat shukr bilan ziyoda, shikoyat bilan nuqsonli bo‘ladi.

     Alloh bizga berganiga shukr qilsak, Alloh yanada ziyoda qiladi. Banda ikki qoidani bilib olishi kerak, ya’ni bir insonga ikki qanot kerak, bilasizmi u nima? Biri shukr, ikkinchisi sabrdir. Masalan: mashaqqat ustida sabr qilib, boriga shukr qilsak, Alloh taolo O‘zining fazli ila yengillikni ato qiladi. Yengillikda ham shukr qilsak, Alloh yanada ziyoda qiladi. Bizning hamyonimiz sabr va shukr bo‘lsin. 

Qarang, Yurtimiz tinch. O‘qishga, ishga ketayotgan odamning ota-onasi nima deydi? «Bolam, yaxshi o‘qib kelgin», «O‘g‘lim, ishing baroridan kelsin» yoki «Yaxshi borib kelgin» deyishadi.

Bugun boshida urush kechayotgan diyorlardagi ota-onalar esa “Bolam, diydor qiyomatga qolmagan bo‘lsa, ko‘rishamiz” deb farzandlarini kuzatishadi.

Alloh taolo tinchlik ne’matini berdi degani endi bu ne’matga shukr qilish kerak degani. Aks holda Alloh taolo bu ne’matlarni bizlardan olib qo‘yishi mumkin. Tinchlik ne’mati bo‘lsa, ibodatimiz halovatli, hayotimiz farovon, kelajagimiz porloq bo‘ladi.

      

Muhammad Bobur  Yusuf Jaloliy

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon

29.06.2026   1973   1 min.
Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon

Joriy yilning 27 iyun kuni Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazida “Tamaddun” loyihasi qo‘shma dasturi asosida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.


Anjumanda Toshkent islom instituti, Imom Moturudiy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Mir Arab Oliy madrasasi, Jo‘ybori kalon ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti va Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti xodimlari va mutaxasislar ishtirok etdilar.


Konferensiyada radikalizm, takfiriy guruhlar va yot fikriy talqinlarga qarshi kurashda sof Naqshbandiylik tariqati, Moturidiylik aqidasi va Hanafiylik mazhabining o‘rni beqiyos ekanligi alohida qayd etildi.

Ishtirokchilar tasavvuf aslo boqimondalik emasligini, aksincha, sovet davrida insonlarni materialistik hayotga moslashtirish uchun ataylab soxta tariqatchilik g‘oyalari yoyilganini tarixiy dalillar bilan ko‘rsatdilar.

Diniy qadriyatlarni tiklash va bag‘rikenglikni mustahkamlashni maqsad qilgan ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston ulamolari bilan bir qatorda xorijlik olimlar, jumladan, Buxoro davlat universiteti professori Ayman Usmon Ash-Shuray’iy va Turkiyaning Dicle universiteti xodimi Mustafa Alagözoğlu ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
 

Konferensiya yakunida bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda bir qator amaliy takliflar ilgari surildi. Jumladan, sof Naqshbandiylik manbalarini aks ettiruvchi maxsus raqamli platformalarni ishlab chiqish va diniy ta’lim muassasalari dasturlariga tasavvuf fanlarini chuqurlashtirilgan holda kiritish lozimligi ta’kidlandi.


Shuningdek, yoshlar o‘rtasida mehnatsevarlikni targ‘ib qilish maqsadida “Dast ba koru dil ba yor” (Qo‘ling ishda, qalbing Allohda bo‘lsin) shiori ostida yashab o‘tgan Naqshbandiya ulamolarining hayot yo‘lini tizimli ravishda o‘rgatishga katta e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.

Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon Naqshbandiya ta’limoti – soxta tariqatchilik va radikallashuvga qarshi ilmiy qalqon
O'zbekiston yangiliklari