Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Noyabr, 2026   |   20 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:04
Quyosh
07:23
Peshin
12:17
Asr
15:13
Shom
16:58
Xufton
18:15
Bismillah
30 Noyabr, 2026, 20 Jumadul soni, 1448

Yerda buzg'unchilik qilmang

24.08.2023   838   6 min.
Yerda buzg'unchilik qilmang

Ogohlik

Atrofimizda juda ko'p manzaralarni ko'ramiz. Kimdir boy, kimdir faqir, kimdir ochlikdan, kimdir to'qlikdan o'lganini ko'ramiz. Yer yuzida zulm bo'layotgani, kimningdir ko'zi ojiz, kimdir harakatlana olmaydigan nogiron, kimdir kasallik sabab holdan toyganini ko'ramiz.

Odamlar orasida haddan oshish, zulm urchigan. Biz esa: “Bolalar ochlikdan o'lyapti. Qarilar zahmat chekyapti. Qani bu erda adolat?” deymiz. Ozgina fikr qilsak bu illatlarning bari Alloh taoloning yo'lida yurmaslikdan ekanini ko'ramiz. Inson g'ururi va johilligi sabab er yuzida fasod qiladi. Buning natijasida sizu biz kuzatgan manzaralar yuzaga keladi. Alloh taolo Kalomida aytadi: “U (Yerning) ustida to'la to'rt kunda tog'larni (paydo) qildi va uni barakotli qildi hamda o'sha (er)da uning emishlarini belgiladi (taqsimladi). (Bu tafsilot Yeru osmonlar haqida) so'rovchilarga mosdir[1]”(Fussilat surasi, 10-oyat).

Alloh subhanahu va taolo “o'sha (er)da uning emishlarini belgiladi” degan ekan, er yuzidagi eguliklar Odam alayhissalomning davridan to qiyomat kunigacha keladigan barchaga etadi. Bunga bir yurtda ochlik yuz bersa, boshqa joydan olib kelinishi (import qilinishi) dalildir. Demak, masala ozuqaning insoniyatga nisbatan kamligidamas, balki insonning uni noto'g'ri taqsimlashida. Agar ishlar Alloh taoloning ko'rsatmasiga muvofiq qilinganida har bir inson ehtiyoji tushgan ozuqasini qiyinchiliksiz qo'lga kiritgan bo'lar va muvozanat saqlanardi...

***

Shunday davlatlar borki, oziq-ovqat va ishlab chiqarishda narxlarni boshqaradi. Masalan: Amerika narxni baland ushlab turish uchun hatto fermerlarini (agar bug'doy ko'payib ketsa) bug'doy ekishdan qaytaradi va badal (konpensatsiya) to'laydi. Masalan: Braziliya qahva (ko'payib ketganda) narxi tushib ketmasligi uchun uni dengizga tashlaydi. Boshqa davlatlar ham borki, sut, tuxum va boshqa turli maxsulotlarni isrof qilib suvga oqizadi. Maqsad yuqori narxni ushlab turish. Holbuki, millionlab inson o'sha narsalarga muhtoj. Bir burda non yoki bir piyola sutga yoki bir dona tuxumga zorlar bor. Allohning xalqidan qizg'onib, ularni mahrum qoldirgan holda isrof qilinayotgan o'sha ne'matlar Alloh taolonikidir. Mana shu erda buzg'unchilik qilishdir.

Agar bu ne'matlar inson ishlab chiqargan (inson yaratgan) narsalar-ku, deyilsa, aytamizki, “to'g'ri, ularniki bo'lishi mumkin. Lekin u baribir Allohning yaratganidir. Chunki o'sha sutu go'shtlarni beradigan hayvonlarni ham, tuxum tug'adigan parrandalarni ham, bug'doy va boshqa ne'matlar unib chiqadigan erni ham ular yaratganlari yo'q. Yuqoridagi ishlari bilan esa Allohning ne'matlarini Uning bandalaridan to'sdilar.

Bashariy ixtiyor – insonga berilgan tanlash imkoni bor ekan, yaxshilik o'rniga baxtiqarolik, yaratish o'rniga yakson etish, echim o'rniga erda mummo yaratish Allohning amri va dasturidan uzoqlashdir. Bu ishlar insonga balo olib keladi...

Ba'zi davlatlar erkinlik nomi ostida zinoni talab qilishdi. Birjinslilar nikohini qonuniylashtirishgacha borishdi. Hatto buni insonning shaxsiy erkinligini belgilovchi katta haqlardan deb, belgilashdi. Holbuki, inson erkinligini belgilab beruvchi eng katta me'zon Allohning dasturidir.

Ho'sh, o'shandan keyin nima ro'y berdi?

OITS tarqaldi. Bu o'ldiradigan bedavo  kasallik. Butun dunyo olimlarining boshi garang, biror natija yo'q. Shaxsiy erkinlik, zino va birjinslilar nikohi haqida gapirgan davlatlar odamlardan axloqli bo'lishni talab qilishadi. Buni iymon taqozosidan kelib chiqib qilishadimi? Yo'q, albatta. Uni (axloqli bo'lishni) o'lim bilan tugaydigan kasallikdan qutilish uchun majburlik va chorasizlikdan  qilishdi.

Mana shularning barchasi mana shu koinotda, bizning atrofimizda bo'layotgan hodisalardir. Biz esa parvo qilmayapmiz. Holbuki, Holiq bo'lgan Zot: “Sizga qanday yaxshilik etsa, u Allohdandir. Sizga qanday noxushlik etsa, u o'zingizdandir” (Niso surasi 79-oyat) deya ogohlantirib turibdi. Yana ham jaydari qilib aytsak, “o'rmonga o't ketsa ho'lu quruq barobar yonadi”. Shunday ekan, har bir inson o'z vazifasini, burchini mas'uliyat bilan ado etishi, ayniqsa, bugun lozim va lobud bo'lmoqda...

Shayx Mutavalli Sha'roviyning

“Yaxshilik va yomonlik” kitobidan

Abdulloh ALIQULOV tarjimasi

 

 

[1] 10-oyat. Hadisga ko'ra, Alloh taolo Yerni yakshanba va dushanba kunlari yaratgan. Tog'larni seshanba kuni, daraxtlar, suv, obod va xarob erlarni chorshanba kuni yaratgan. Shu bilan to'rt kun o'tgan. Payshanba kuni osmonlarni, juma kuni esa yulduzlar, quyosh, oy, farishtalar va kunning oxirida Odam (a.s.)ni yaratgan. U charchamagan, dam olmagan (Md.).

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiyalik adib O‘zbekiston haqida yozgan to‘rtta kitobini Islom sivilizatsiyasi markaziga hadya etdi

30.11.2026   102   1 min.
Saudiyalik adib O‘zbekiston haqida yozgan to‘rtta kitobini Islom sivilizatsiyasi markaziga hadya etdi

Saudiya Arabistonilik adib Muhammad Hasan ad-Daraziy mamlakatimizga qilgan safarlari davomida olgan taassurotlari, xalqimizning mehmondo‘stligi va boy tarixiy-madaniy merosi haqida yaratgan asarlarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etdi.

Markazda Saudiya Arabistonining Qatif hududidan tashrif buyurgan Muhammad Hasan ad-Daraziy va Abdulazim Shaliy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Muhammad Hasan ad-Daraziy O‘zbekistonga bir necha bor safar qilib, mamlakatimizning qadimiy shaharlari, tarixiy obidalari, milliy an’analari va xalqimizning o‘ziga xos turmush tarzini o‘rgangan. Ushbu safarlar natijasida yozuvchining O‘zbekistonga bag‘ishlangan qator asarlari dunyoga kelgan. 

Jumladan, «Ipak yo‘li orqali. O‘zbekiston» kitobida muallif yurtimizning tarixi, madaniyati va sayohat taassurotlarini qalamga olgan. «Samoviy dasturxonlar» asari esa o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, mehmon kutish madaniyati va milliy qadriyatlariga bag‘ishlangan. «Ichan qal’a soyasida» nomli kitobda Xivaning betakror me’moriy qiyofasi va tarixiy muhiti aks ettirilgan. Uchrashuvda taqdim etilgan yana bir asar Buxoroning qadimiy obidalari va boy madaniy merosiga bag‘ishlangani ma’lum qilindi.

Adib muloqot davomida Samarqand haqida ham yangi asarlar ustida ish olib borayotganini, ular nashr etilgach, Islom sivilizatsiyasi markaziga yuborish niyatida ekanini bildirdi. Shuningdek, u 2027 yilda Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan yangi kitob tayyorlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Uchrashuv yakunida muallif o‘zining to‘rtta kitobini Markazga hadya qildi. Mazkur adabiy tuhfa O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy merosi va milliy qadriyatlariga xorijda ortib borayotgan qiziqishning yana bir ifodasi bo‘ldi. Shu bilan birga, bunday tashabbuslar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari