Tayanch nuqta
Islomda insonni xo'rlaydigan, majburlaydigan, hayotini azobga aylantiradigan buyruq, qoidalar yo'q. Allohga ibodat niyatida tarkidunyo qilish, o'z jismiga aziyat berish, uylanmaslik, taom va uyqudan voz kechish kabilarni Payg'ambar alayhissalom man etganlar. Zero, ibodatlar mashaqqat, tashvish emas; huzur, halovat baxsh etib, Allohga yaqinlashtirguvchi amal bo'lganida ma'no kasb etadi. Shuning uchun “Dinda zo'rlash yo'q” (Baqara surasi, 256-oyat). Tashqaridan qanchalik mukammal ko'rinmasin, samimiy ixlos bilan qilinmagan amal Alloh huzurida hech qanday qiymatga ega emas.
Islom odamni azoblamaydi, shu bilan birga, o'zini o'zi azoblashiga ham izn bermaydi. Oyati karimada aytiladi: «Ayting: “Bandalari uchun chiqargan Allohning ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?»(A'rof surasi, 32-oyat). Bundan bilamizki, sog'lom ruhiyatdagi inson istifoda etishi mumkin bo'lgan barcha moddiy va ma'naviy zavqlar eng mukammal ko'rinishda dinimiz ko'rsatgan halollar doirasida mavjuddir. Endi, haddidan oshib, harom yo'llar va narsalardan zavq axtaradiganlar ruhiyati buzuq, yo'ldan ozgan kimsalardir. Ular diniy ko'rsatmalar bo'yicha yashashni imkonsiz deb hisoblaydi. Vaholanki, Islom fitrat dinidir, u insonning tabiiy ehtiyojlarini halollik bilan qondirish yo'llarini ko'rsatib bergan.
Ibodatlarning miqdori Alloh taolo tomonidan belgilandi va Rasuli tomonidan amaliyotga tatbiq etildi. Alloh taolo belgilagan o'lchovlar daxlsiz. Ularga aralashish, orttirish yoki kamaytirish ayni halokatdir.
Payg'ambar alayhissalom ro'zadorning iftor qilmasdan shom namozi o'qishini ma'qul ko'rmaganlar. Zero, Allohning bir buyrug'ini ado etish uchun butun kun nafsini tiygan odamni og'iz ochadigan paytida ikkinchi qiyinchilikka solish o'rinsizdir. Imom G'azzoliy ibodatlar miqdorini dorilar qorishmasiga o'xshatadi. Shifo topish uchun bu miqdorga amal qilish zarurligini aytadi. Ba'zi ulamolar bunday deydi: “Bilish kerakki, Alloh taoloning roziligi va muhabbati o'ziga o'zi befoyda azob berish, jonini mashaqqatga qo'yishda emas”. Shunga ko'ra, qish kunlarida issiq suv turib, savobi ko'p bo'lsin, deya sovuq suvda tahorat qilish, yonida masjid turib uzoqdagi jomega borish yaramaydi.
Islom engillik ustiga barpo qilingan. Lekin bu hamma narsa mumkin va o'zboshimchalikka ruxsat, deganimas. Yengillikning ham chegarasi bor. Qur'oni karimning quyidagi ogohlantirishga duch kelamiz: “Bu Allohning chegaralaridir. Kim Alloh chegaralaridan tajovuz qilib o'tsa, demak, u o'ziga zulm qilibdi” (Taloq surasi, 1-oyat).
Kishi ifrotga yoki tafritga yo'l qo'yishi bilan o'ziga zulm qiladi. Rasululloh alayhissalom ibodatda ham mo''tadillikka chaqirganlar. Hastalik yoki safar asnosi namoz, ro'za kabi ibodatlarda berilgan engillikdan foydalanmaslikni, o'zini qiynab nafl namoz o'qishni ma'qul ko'rmaganlar. Namozni cho'zgan imomni tanqid qilganlar. Huzurlariga bir badaviy kelib, Islom shartlarini so'radi. U zot alayhissalom shahodat kalimasi, besh vaqt namoz, ramazon ro'zasi, nisobga etgan moldan zakot berish va qodir bo'lsa umrda bir marta haj qilishni sanab o'tdilar. Badaviy: “Sizga ikrom etgan Allohga qasam, shu sanaganlaringizdan oshirmayman ham, kamaytirmayman ham”, dedi va ketdi. Payg'ambar alayhissalom dedilar: “Agar aytganini qilsa, najot topadi” (Muttafaqun alayh).
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi Miryoqubboy Mirhakimboy
jome' masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati