Bismillahir rohmanir rohiym
Insoniyat tarixidagi eng buyuk va eng afzal haj deb e’tirof etilgan Vidolashuv hajida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam odamlarga ommatan so‘nggi bor bir qancha dolzarb va muhim masalalarni va qonun-qoidalarni bayon qilganlar. Aynan mana shu haj mavsumida Arafot tog‘ida “Bugun Men sizlarga diningizni mukammal qilib berdim, ne’matimni to‘kis qildim va sizlarga Islomni din bo‘lib qolishiga rozi bo‘ldim” oyati ham nozil bo‘lgan edi. Bu maqolada birovning obro‘sini to‘kish, sha’nini yerga urishning yomon illat ekanligi masalasiga alohida e’tibor qaratmoqchimiz. Ushbu ma’noni ifodalab kelgan hadislar bir qancha sahoba raziyallohu anhumlar tomonidan rivoyat qilingan bo‘lib mutavotirlik darajasiga yetgan. Quyida keladigan hadisi sharif o‘sha Vidolashuv hajida aytib o‘tilgan:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ خَطَبَ النَّاسَ يَوْمَ النَّحْرِ فَقَالَ: يَا أَيُّهَا النَّاسُ أَيُّ يَوْمٍ هَذَا؟ قَالُوا: يَوْمٌ حَرَامٌ قَالَ: فَأَيُّ بَلَدٍ هَذَا؟ قَالُوا: بَلَدٌ حَرَامٌ، قَالَ: فَأَيُّ شَهْرٍ هَذَا؟ قَالُوا: شَهْرٌ حَرَامٌ، قَالَ: فَإِنَّ دِمَاءَكُمْ وَأَمْوَالَكُمْ وَأَعْرَاضَكُمْ عَلَيْكُمْ حَرَامٌ كَحُرْمَةِ يَوْمِكُمْ هَذَا فِي بَلَدِكُمْ هَذَا فِي شَهْرِكُمْ هَذَا فَأَعَادَهَا مِرَارًا ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ فَقَالَ: اللَّهُمَّ هَلْ بَلَّغْتُ اللَّهُمَّ هَلْ بَلَّغْتُ. قَالَ ابْنُ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا فَوَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ إِنَّهَا لَوَصِيَّتُهُ إِلَى أُمَّتِهِ فَلْيُبْلِغِ الشَّاهِدُ الْغَائِبَ لاَ تَرْجِعُوا بَعْدِي كُفَّارًا يَضْرِبُ بَعْضُكُمْ رِقَابَ بَعْضٍ.
Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qurbonlik kuni odamlarga murojaat qilib “Ey odamlar, bugun qanday kun” dedilar, ular (urush qilish, nojo‘ya ishlarni qilish) harom qilingan kun deyishdi. “Unda, bu qanday yurt” dedilar, ular (urush qilish, nojo‘ya ishlarni qilish) harom qilingan yurt deyishdi. “Unday bo‘lsa, bu oy qanaqa oy” dedilar, ular (urush qilish, nojo‘ya ishlarni qilish) harom qilingan oy dedilar. Shunda u zot “Sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz mana shu yurtda, mana shu oyda mana shu kun (urush va nojo‘ya ishlarni qilish) qanday harom bo‘lsa xuddi shunday haromdir” deb uni bir necha marotaba takrorladilar, so‘ng boshlarini ko‘tarib “Ey Alloh, yetkaza oldimmi, ey Alloh, yetkaza oldimmi?!” Unda hozir bo‘lganlar yo‘qlarga yetkazsin, mendan keyin bir-birlaringizni bo‘yniga qilich solib kofirlikka qaytib ketmanglar” dedilar. Shunda Ibn Abbos raziyallohu anhumo “Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqqi bu u zotning ummatlariga vasiyatlari bo‘ldi-yov”, dedi.
Hadisi sharifdan eng dolzarb sanalgan quyidagi uchta ibrat olinadi:
Birovning qonini to‘kishni haromligi;
Birovning moliga tajovuz qilishni haromligi;
Birovning obro‘sini to‘kib, oyoq-osti qilishni haromligi.
Ushbu so‘zlarni u zot sollallohu alayhi vasallam odamlar gavjum bo‘lgan bir qancha o‘rinlarda – Arafot, Mino va tashriq kunlari yana Minoda turib takror-takror aytganlar. Ulamolar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning bu so‘zlarni takror-takror aytganlarini o‘zi ham mazkur ishlarning haromligini ko‘rsatib turibdi deganlar.
Haqiqatan, kishini obro‘sini to‘kish yoki to‘kishga bo‘lgan urinish Islom dinida qattiq qoralangan bo‘lib, uning oqibati odamlar o‘rtasida kelishmovchilik, parokandalik va fitna-fasod ishlarning sodir bo‘lishiga olib keladi. Bu narsa esa Qur’oni karimning bir qancha oyatlarida ham qoralangan.
Jumladan, Humaza surasining 1-oyatida “Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga vayl bo‘lsin” deyilgan. Demak, oyati karimadan ham ko‘rinib turibdiki kishining obro‘sini to‘kishga bo‘lgan urinish qattiq qoralanadi va uning oxiratdagi iqobi ham shunga yarasha bo‘ladi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir hadislarida “Jabroil meni osmonga olib chiqqanda bir qavmning oldidan o‘tdi, ularning misdan tirnoqlari bo‘lib u bilan yuzlari va ko‘kslarini timdalar edi, dedilar. Shunda u zot “Ey Jabroil, bular kimlar?” deb so‘raganlarida, ular odamlarning go‘shtini yeb (ya’ni ularni g‘iybat qilib), obro‘larini to‘kkan kimsalar” deb javob berdi.
Ushbu hadis hamda yuqoridagi oyat va hadislardan Dinimizda insonning sha’ni, obro‘si qanchalik qadrli ekanligi, uni to‘kishning oqibati yomon bo‘lishi ko‘rinib turibdi.
Afsuski, keyingi paytlarda turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda kishilarning, xususan, ulamolarning obro‘sini tushirib, shu orqali obro‘ orttirishga urinish holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Bu holat ayni biz yuqorida keltirgan oyat va hadislarda qoralangan bo‘lib, harom, jirkanch ishlardir. Birovning obro‘sini to‘kuvchilarning holiga bu dunyoda ham, oxiratda ham voy bo‘ladi.
Bunday oqibati xunuk ishlarni amalga oshirayotganlar Alloh taolo mukarram qilib yaratgan insonni ustidan kulib, uning obro‘sini to‘kishdek og‘ir gunohni sodir etayotganlarini, buning uchun oxiratda Alloh taoloning huzuriga borganda nima deb javob berishlarini o‘ylasinlar.
Alloh taolo barchamizni birovlarning obro‘siga til tekkizishdan tiyiluvchi, kamtar, musulmonlarni yaxshi ko‘ruvchilardan qilsin!
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Alhamdulillah – Qur’oni karimdagi birinchi kalima va Odam alayhissalom aytgan ilk so‘z.
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu – sahobalardan Islomga eng birinchi kirgan hur erkak.
Hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu – yosh bolalardan Islomga birinchi kirgan.
Xadicha bint Xuvaylid roziyallohu anho – ayollardan Islomga birinchi kirgan.
Bilol ibn Abu Raboh roziyallohu anhu – qullardan Islomga birinchi kirgan.
Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu – ozod qilingan qullardan Islomga birinchi kirgan.
Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu – birinchi bo‘lib Qur’onni jamlagan.
Hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu – Payg‘ambar alayhissalomdan keyin birinchi bo‘lib namoz o‘qigan.
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu – hijratdan so‘ng muhojirlardan dunyoga kelgan birinchi farzand.
Abdulloh Ibn Mas’ud roziyallohu anhu – Qur’oni karimni Makkada birinchi bo‘lib oshkora tilovat qilgan.
Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhu: “Nabiy alayhissalomning aytgan so‘zlaridan eng birinchi eshitganim: «Ey insonlar! Salomni yoyinglar! Ochlarni to‘ydiringlar! Silai rahm qilinglar! Insonlar uxlayotgan vaqtlarida, tunda turib namoz o‘qinglar! Shunda jannatga salomat holatda kirasizlar», degan so‘zlar bo‘ldi”.
As’ad ibn Zurora roziyallohu anhu – Rasululloh alayhissalom janozasini o‘qigan va Baqi’ qabristoniga dafn etilgan birinchi musulmon.
Bilol roziyallohu anhu – birinchi bo‘lib azon aytgan.
Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu – birinchi bo‘lib dengiz qo‘shinini tuzgan.
Qatoda ibn No‘mon roziyallohu anhu – Madinaga Qur’oni karimdan to‘liq bir sura (“Maryam” surasi)ni yodlab olib kelgan birinchi kishi.
Ummu Sulaym roziyallohu anho – Islomni qabul qilgan birinchi ansoriy ayol.
Davron NURMUHAMMAD