Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

INSONNING SHA’NI QONI KABI HAROMDIR

18.09.2019   6615   5 min.
INSONNING SHA’NI QONI KABI HAROMDIR

Bismillahir rohmanir rohiym

 

Insoniyat tarixidagi eng buyuk va eng afzal haj deb e’tirof etilgan Vidolashuv hajida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam odamlarga ommatan so‘nggi bor bir qancha dolzarb va muhim masalalarni va qonun-qoidalarni bayon qilganlar. Aynan mana shu haj mavsumida Arafot tog‘ida “Bugun Men sizlarga diningizni mukammal qilib berdim, ne’matimni to‘kis qildim va sizlarga Islomni din bo‘lib qolishiga rozi bo‘ldim” oyati ham nozil bo‘lgan edi. Bu maqolada birovning obro‘sini to‘kish, sha’nini yerga urishning yomon illat ekanligi masalasiga alohida e’tibor qaratmoqchimiz. Ushbu ma’noni ifodalab kelgan hadislar bir qancha sahoba raziyallohu anhumlar tomonidan rivoyat qilingan bo‘lib mutavotirlik darajasiga yetgan. Quyida keladigan hadisi sharif o‘sha Vidolashuv hajida aytib o‘tilgan:

 

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ خَطَبَ النَّاسَ يَوْمَ النَّحْرِ فَقَالَ: يَا أَيُّهَا النَّاسُ أَيُّ يَوْمٍ هَذَا؟ قَالُوا: يَوْمٌ حَرَامٌ قَالَ: فَأَيُّ بَلَدٍ هَذَا؟ قَالُوا: بَلَدٌ حَرَامٌ، قَالَ: فَأَيُّ شَهْرٍ هَذَا؟ قَالُوا: شَهْرٌ حَرَامٌ، قَالَ: فَإِنَّ دِمَاءَكُمْ وَأَمْوَالَكُمْ وَأَعْرَاضَكُمْ عَلَيْكُمْ حَرَامٌ كَحُرْمَةِ يَوْمِكُمْ هَذَا فِي بَلَدِكُمْ هَذَا فِي شَهْرِكُمْ هَذَا فَأَعَادَهَا مِرَارًا ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ فَقَالَ: اللَّهُمَّ هَلْ بَلَّغْتُ اللَّهُمَّ هَلْ بَلَّغْتُ. قَالَ ابْنُ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا فَوَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ إِنَّهَا لَوَصِيَّتُهُ إِلَى أُمَّتِهِ فَلْيُبْلِغِ الشَّاهِدُ الْغَائِبَ لاَ تَرْجِعُوا بَعْدِي كُفَّارًا يَضْرِبُ بَعْضُكُمْ رِقَابَ بَعْضٍ.

 

Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qurbonlik kuni odamlarga murojaat qilib “Ey odamlar, bugun qanday kun” dedilar, ular (urush qilish, nojo‘ya ishlarni qilish) harom qilingan kun deyishdi. “Unda, bu qanday yurt” dedilar, ular (urush qilish, nojo‘ya ishlarni qilish) harom qilingan yurt deyishdi. “Unday bo‘lsa, bu oy qanaqa oy” dedilar, ular (urush qilish, nojo‘ya ishlarni qilish) harom qilingan oy dedilar. Shunda u zot “Sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz mana shu yurtda, mana shu oyda mana shu kun (urush va nojo‘ya ishlarni qilish) qanday harom bo‘lsa xuddi shunday haromdir” deb uni bir necha marotaba takrorladilar, so‘ng boshlarini ko‘tarib “Ey Alloh, yetkaza oldimmi, ey Alloh, yetkaza oldimmi?! Unda hozir bo‘lganlar yo‘qlarga yetkazsin, mendan keyin bir-birlaringizni bo‘yniga qilich solib kofirlikka qaytib ketmanglar” dedilar. Shunda Ibn Abbos raziyallohu anhumo “Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqqi bu u zotning ummatlariga vasiyatlari bo‘ldi-yov”, dedi.

Hadisi sharifdan eng dolzarb sanalgan quyidagi uchta ibrat olinadi:

Birovning qonini to‘kishni haromligi;

Birovning moliga tajovuz qilishni haromligi;

Birovning obro‘sini to‘kib, oyoq-osti qilishni haromligi.

Ushbu so‘zlarni u zot sollallohu alayhi vasallam odamlar gavjum bo‘lgan bir qancha o‘rinlarda – Arafot, Mino va tashriq kunlari yana Minoda turib takror-takror aytganlar. Ulamolar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning bu so‘zlarni takror-takror aytganlarini o‘zi ham mazkur ishlarning haromligini ko‘rsatib turibdi deganlar.

Haqiqatan, kishini obro‘sini to‘kish yoki to‘kishga bo‘lgan urinish Islom dinida qattiq qoralangan bo‘lib, uning oqibati odamlar o‘rtasida kelishmovchilik, parokandalik va fitna-fasod ishlarning sodir bo‘lishiga olib keladi. Bu narsa esa Qur’oni karimning bir qancha oyatlarida ham qoralangan.

Jumladan, Humaza surasining 1-oyatida “Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga vayl bo‘lsin” deyilgan. Demak, oyati karimadan ham ko‘rinib turibdiki kishining obro‘sini to‘kishga bo‘lgan urinish qattiq qoralanadi va uning oxiratdagi iqobi ham shunga yarasha bo‘ladi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir hadislarida “Jabroil meni osmonga olib chiqqanda bir qavmning oldidan o‘tdi, ularning misdan tirnoqlari bo‘lib u bilan yuzlari va ko‘kslarini timdalar edi, dedilar. Shunda u zot “Ey Jabroil, bular kimlar?” deb so‘raganlarida, ular odamlarning go‘shtini yeb (ya’ni ularni g‘iybat qilib), obro‘larini to‘kkan kimsalar” deb javob berdi.

Ushbu hadis hamda yuqoridagi oyat va hadislardan Dinimizda insonning sha’ni, obro‘si qanchalik qadrli ekanligi, uni to‘kishning oqibati yomon bo‘lishi ko‘rinib turibdi.

Afsuski, keyingi paytlarda turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda kishilarning, xususan, ulamolarning obro‘sini tushirib, shu orqali obro‘ orttirishga urinish holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Bu holat ayni biz yuqorida keltirgan oyat va hadislarda qoralangan bo‘lib, harom, jirkanch ishlardir. Birovning obro‘sini to‘kuvchilarning holiga bu dunyoda ham, oxiratda ham voy bo‘ladi.

Bunday oqibati xunuk ishlarni amalga oshirayotganlar Alloh taolo mukarram qilib yaratgan insonni ustidan kulib, uning obro‘sini to‘kishdek og‘ir gunohni sodir etayotganlarini, buning uchun oxiratda Alloh taoloning huzuriga borganda nima deb javob berishlarini o‘ylasinlar.

Alloh taolo barchamizni birovlarning obro‘siga til tekkizishdan tiyiluvchi, kamtar, musulmonlarni yaxshi ko‘ruvchilardan qilsin!

 

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Makkada Qur’oni karim bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi

07.08.2026   39270   1 min.
Makkada Qur’oni karim bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi

Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.

IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.

Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.

Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."

Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.

Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:

Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari