Voqeamiz qahramoni “Islom elchisi” laqabini olgan Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhudir.
U Makkaning, Qurayshning asl yigitlaridan bo‘lib, Islomga ilk kirgan peshqadamlardan edi. Uning kunyasi Abu Abdulloh, to‘liq ismi Mus’ab ibn Umayr ibn Hoshim ibn Abdumanof ibn Abduddor ibn Qusay ibn Kilob Qurashiy Abdariydir. Badr jangida qatnashgani uchun Badriy ham deyiladi.
U Arqam ibn Abu Arqamning hovlisida Islomga kirdi. Ammo buni qavmi va onasidan yashirdi. Onasi uning musulmon bo‘lganini bilgach, uyga qamab qo‘ydi. Ammo Mus’ab o‘z dinidan voz kechmay, barcha qiyinchiliklarga sabr qildi. Buni ko‘rgan onasi uni uyidan chiqarib, oiladagi pullarni ishlatishdanuni man qildi.
Islomdan oldin u o‘zining yoqimli yuzi, xushbichimligi, go‘zal muomalasi, qiimmat liboslari va xushbo‘y atiri bilan barchadan ajralib turardi. Hatto uni “Makka ahlining eng xushbo‘y yigiti” deyishardi.
Islomga kirgach, Makkada musulmonlarga tazyiqlar kuchayganda u Habashistonga ko‘chib ketadi. Keyinchalik Birinchi Aqaba bay’atidan so‘ng Madinai Munavvaraga hijrat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Madinadagi musulmonlarga Islomni, Qur’onni ta’lim berish uchun yuboradilar. Shu bois uni “Muqri’” (Qur’on ustozi) ham deyiladi. U sababli Madinadagi ansorlarning ulug‘laridan bo‘lmish Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu hamda Usayd ibn Xuzayr roziyallohu anhular Islomga kirishadi. Keyingi Aqaba bay’atida Mus’ab roziyallohu anhu ansorlar bilan birga Makkaga keladi.
Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu Madinaga borgach, Islom dinini, Qur’onni va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ansorlarga tanitdi, o‘rgatdi. Bir yil ichida Madina xalqi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sog‘inib, ko‘zlarida yosh bilan kutadigan sodiq mo‘minlarga aylandilar. Bularning barchasi Allohning fazli edi. Mus’ab roziyallohu anhuning da’vati, ta’limoti sabab bo‘ldi.
Voqeamiz qahramoni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga Badr va Uhud g‘azotlarida ishtirok etdi. Uhudda musulmonlarning bayroqdori bo‘lib, bayroqni oldingi safda ko‘tarib bordi. Jangda mushriklar bilan bayroqni ko‘targan holda urishdi.
Mushriklardan Ibn Qami’a degan kimsa uning bayroq ushlab turgan o‘ng qo‘liga qilich uradi. Qo‘l uzilib tushgach, darhol bayroqni narigi qo‘liga oladi. Boyagi mushrik bu qo‘lga ham qilich zarbasini beradi. Bu qo‘l ham uzilgach, bayroqni qo‘lni tepa qismlari bilan bag‘riga bosib oladi. Keyin mushrik uning ko‘ksiga nayza urgach, buyuk sahobiy shahid bo‘lib yerga yiqiladi. O‘shanda u taxminan 40 yoshda edi.
Urush tugagach, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiliklarida sahobalar shahid bo‘lgan musulmonlarni izlab topishga kirishadilar. Mus’ab roziyallohu anhuning jasadi ustiga kelganlarida ikki olam sarvari sollallohu alayhi vasallamning muborak ko‘zlaridan yosh to‘kila boshlaydi. Mus’ab roziyallohu anhu Makkada boy, moddiy tomondan bekamu ko‘st edi. Uhud kuni esa uni kafanlashga hatto mato topilmadi. Ustidagi kiyimi unga kafanlik bo‘ldi. U bilan boshini yopilsa, oyog‘i ochilib qolar, oyog‘ini yopilsa, boshi ochilib qolardi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islom dini qanday vafodor va fidokor insonlarni yetishtirganini ko‘rib, ko‘zlariga yosh oldilar. Keyin o‘sha mato bilan boshini yopishga, oyog‘ini esa izxir degan o‘simlik bilan berkitishga amr qildilar.
Ha, u barcha boyligini Alloh va Rasulining roziligi uchun Makkada qoldirib kelgan edi. Mus’ab vafot etar ekan, o‘zidan hech narsa qoldirmadi.
Bir kuni Mus’ab roziyallohu anhu ustiga qo‘y terisidan yopinib olgan holida Nabiy sollallohu alayhi vasallam tomonga yurib kelayotganida, uni ko‘rgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh qalbini munavvar qilgan bu kishiga qaranglar! Men uni ota-onasi eng yaxshi taomlar va eng pokiza ichimliklar bilan boqayotganini ko‘rgandim. Allohga va Uning Rasuliga bo‘lgan muhabbati uni sizlar ko‘rib turgan shu holatda yurishga undadi” dedilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Uhud kuni shahid etilgan Mus’ab roziyallohu anhuning yonidan o‘tayotganlarida, Alloh taoloning ushbu oyatini tilovat qildilar:
مِنَ الْمُؤْمِنِينَ رِجَالٌ صَدَقُوا مَا عَاهَدُوا اللَّهَ عَلَيْهِ فَمِنْهُم مَّن قَضَى نَحْبَهُ وَمِنْهُم مَّن يَنتَظِرُ وَمَا بَدَّلُوا تَبْدِيلاً
“Mo‘minlardan Allohga bergan va’dalariga sodiq qolgan kishilar bordir. Bas, ulardan ba’zilari ajalini topdi. Ba’zilari esa, intizor bo‘lib turibdi. Ular biror narsani almashtirmadilar” (Ahzob surasi, 23-oyat)
Mus’ab roziyallohu anhuning ayoli Hamna bint Jahsh bo‘lib, mo‘minlarning onasi Zaynab bint Jahsh roziyallohu anhoning singillari edi. U ayol ham hadis rivoyat qilgan, sahobiya ayolardan edi.
Alloh taolo Islom uchun jonini bergan, fidokorlik ko‘rsatgan Mus’ab roziyallohu anhudan va barcha sahobalardan rozi bo‘lsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
“Xalq so‘zi” gazetasi
2026 yil 7 iyul, № 137 (9308)
Ma’rifatga tayangan taraqqiyot yo‘li
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 7-11 iyul kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi — tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi oldidan brifing tashkil etildi. Unda anjumanning maqsad va vazifalari, tadbirlar dasturi hamda xalqaro ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur forum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan ma’rifat va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarining amaliy davomi hisoblanadi.
Forumning bosh maqsadi islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, buyuk allomalarimiz merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, turli mamlakatlar olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkaziladigan anjumanda 50 dan ortiq davlatlardan deyarli 300 nafarga yaqin xorijlik mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, islomshunos olimlar, qo‘lyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi.
Brifingda qayd etilganidek, forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda ICESCO hamkorligida tashkil etilmoqda.
Tadbirning ochilish marosimi Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi ham ramziy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Zero, qisqa vaqt ichida mazkur markaz nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqadagi eng yirik va nufuzli ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biriga aylanib ulgurdi.
Forum o‘z ko‘lami jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Uning doirasida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yig‘ilish hamda qator sohaviy sho‘ba tashkil etiladi. Ularda islom sivilizatsiyasi tarixi, hadis ilmi, kalom, qo‘lyozmashunoslik, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar muhokama qilinadi.
Anjuman doirasida kitoblar va ilmiy nashrlar taqdimotiga ham alohida e’tibor qaratilgan. ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan “Imom al-Buxoriy — Ummat kitobi”ning “Al-Jome’ as-Sahih” asari mavzusidagi xalqaro konferensiya tezislar to‘plami, IRCICA bilan sheriklikda nashr etilayotgan “Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi” kitob-albomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan birgalikda chop etilgan Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar namoyishi forumning eng esda qolarli voqealaridan biri bo‘ladi.
Forumning birinchi kungi yalpi majlislarida islom sivilizatsiyasining ma’naviy merosi, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rni, shuningdek, qo‘lyozmalarni asrash, muzeylar va kutubxonalar hamkorligini rivojlantirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi.
Tadbir davomida O‘zbekistondagi ilmiy-ma’rifiy markazlar va xorijning yetakchi ilmiy muassasalari o‘rtasida qo‘shma loyihalar, yangi ilmiy nashrlar, arxeologik kashfiyotlar, noyob qo‘lyozmalar va raqamli loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi. Shuningdek, hamkorlikka oid “Yo‘l xaritalari” muhokama qilinib, memorandum va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu esa forumning faqat ilmiy muhokama bilan cheklanmasdan, aniq amaliy natijalarga xizmat qilishini ko‘rsatadi.
Tadbirning muhim qismi Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyalardir. Ular buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning boy ilmiy merosini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.
Jumladan, Samarqandda o‘tkaziladigan “Imom al-Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih” asari — Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada buyuk muhaddisning hayoti, uning ilmiy kamoloti, hadislarni saralash uslublari, “Al-Jome’ as-Sahih”ning yaratilish tarixi, qo‘lyozmalari hamda mazkur asarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni atroflicha muhokama qilinadi. Bu konferensiya doirasida beshta plenar yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda Saudiya Arabistoni, Misr, Marokash, To‘rkiya, Hindiston, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Tunis va boshqa mamlakatlardan kelgan yetakchi hadisshunos olimlar ma’ruzalar qiladi.
Imom Moturidiyning bebaho merosiga bag‘ishlangan konferensiyada esa mo‘tadillik, diniy bag‘rikenglik, aql va naql uyg‘unligi kabi masalalar zamonaviy nuqtayi nazardan tahlil etiladi.
Termiz shahrida o‘tkaziladigan anjuman Termiz hadis maktabi va Imom Termiziyning jahon hadisshunosligiga qo‘shgan beqiyos hissasini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Bu konferensiyalar orqali O‘zbekiston nafaqat buyuk allomalar yurti, balki ular merosini tizimli o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishning zamonaviy markazi sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Brifingda ta’kidlanganidek, Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi mamlakatimiz tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan yirik xalqaro ma’rifiy anjuman sifatida O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi boy merosini asrab-avaylash va uni jahon hamjamiyatiga keng tanitish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yana bir bor namoyon etadi. Shu ma’noda, forum nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini birlashtiruvchi nufuzli xalqaro platforma bo‘lishi kutilmoqda.