Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Lochinlar aeroport "xodimi" bo‘ldi

10.09.2019   12022   10 min.
Lochinlar aeroport

Lochin – lochinsimonlar oilasining markaziy va eng katta turi bo‘lib, yirik yirtqich qushdir.

Lochinning ilmiy nomi falco bo‘lib, lotincha falx so‘zidan olingan, ma’nosi “o‘roq”dir. Lochin parvoz vaqtida qanotlari shakli o‘roqqa o‘xshagani uchun shunday atalgan.

Lochinlarning bugungacha fanga 58 turi ma’lum bo‘lgan. Mazkur turlar bir necha oilalarga ham bo‘linadi. Lochinlar tashqi ko‘rinishi chiroyli qushdir.

Ular Antarktidadan tashqari butun dunyo bo‘ylab tarqalgan. Ular ochiq joylarda, o‘rmon va pasttekisliklarda yashaydi. Shuningdek, ularni jarlik va qoyalarda ham uchratish mumkin. Agar odamlarning xavfi bo‘lmasa, shaharlarga yaqin joylarda ham yashashi mumkin.

Lochin bir-biriga yordamlashadigan qush bo‘lib, hech baxillik qilmaydi. Turdoshlarini himoya qiladi. Ba’zi davlatlar lochinni o‘zlariga ramz qilib olganlar. Lochinlar ta’lim olish qobiliyatiga ega bo‘lib, agar ustozi undan roziligini sezsa, o‘zini juda xursand his etadi. Lochinlar zulmga, aldovga aslo rozi bo‘lmas ekan. Urg‘ochilari bilan juda e’tiborli va muloyim munosabatda bo‘lar ekan. Juftiga rashkchi, bolalariga g‘amxo‘r ekan.

Ovchilik usuliga va tashqi xususiyatlariga ko‘ra, barcha turdagi zotlarni uch guruhga bo‘lish mumkin: qirg‘iy, jig‘oltoy va lochin. Bundan tashqari shunqor, turumtoy, o‘rmon lochini, kulayotgan lochin va mitti lochinlar ham bor.

Qirg‘iy – lochinsimonlar oilasining turlaridan biri bo‘lib, tanasining yuqori qismi to‘q jigarrang bo‘ladi. Erkagi bilan urg‘ochisi o‘rtasida sezilarli darajada farq bo‘ladi. Ular asosan quruqlikdagi hayvonlar: sudraluvchilar, hasharotlar va kemiruvchilar bilan oziqlanadi.

 

 

Qirg‘iylar Yangi Zelandiya, Yangi Gvineya, Yangi Kaledoniya, Madagaskar, Mavrikiy va Seyshal orollarida, Avstraliya, Amerika va Yevroosiyoning dasht va chala cho‘llarida hamda Afrika mamlakatlarida yashaydi.

Jig‘oltoy – qirg‘iydan kattaroq bo‘lib, mayda qushlar bilan oziqlanadi.

 

 

Jig‘oltoy O‘rta Yer dengizidagi orollarda, Yaponiya, Indoneziya, Kuril orollari, Saxalin oroli, Yangi Gvineya, Avstraliya, Afrika mamlakatlaridan Tunis, Jazoirda, Atlantika ummoni sohillarida, Arabiston yarimoroli, Finlyandiya, Norvegiya va Shvetsiya davlatlarida uchraydi.

Sapsan lochini dunyodagi eng keng tarqalgan yirtqich qushdir. U o‘ljasiga katta balandlikdan tik hujum qiladi. Uning panjalari shu qadar o‘tkirki, hatto yirikroq hayvon boshini tanasidan uzib olishi mumkin.

 

 

Lochinning qorin qismida gorizontal chiziqlar mavjud.

Lochinlarning juftlashish marosimlari parvoz shaklida o‘tib, bunda erkak va urg‘ochi lochinlar bir-birining tirnoqlarini ushlab olib, pastga sho‘ng‘ishlari va taxminan 10 metrgacha tushishlari mumkin. Bundan tashqari erkak lochin urg‘ochisiga tumshug‘ida sovg‘a beradi.

Bu lochin o‘ziga xos “ustun” kabi vertikal qo‘nishni amalga oshira oladi va uzun uchli qanotlari bilan ajralib turadi.

 

 

Sapsanlar ko‘chmanchi bo‘lib, umri davomida Afrika, Amerika, Osiyo va Yevropaga tashrif buyuradi.

Sapsan lochin yer shari hayvonot dunyosining eng tezkor vakili bo‘lib, ov paytida uning tezligi soatiga 322 kilometrgacha yetadi. O‘lja uchun tik sho‘ng‘ishlarni amalga oshiradi.

Lochinlar tabiat sanitarlari bo‘lib, kemiruvchilarga qiron keltiradi. Ular sayyoramizdagi tabiiy muvozanatni saqlash uchun juda muhimdir. Masalan, bu qushlar ko‘plab o‘simliklarga zararli ta’sir ko‘rsatadigan sichqonlar va boshqa kemiruvchilarni ovlashadi.

Shuningdek ular zararli qushlarning sonini, masalan, qarg‘alar va qarg‘asimonlarni tartibga solishda xizmat qiladi. Qarg‘alarning zarari shundaki, ular boshqa qushlarning inlarini buzib, tuxumlarini yeb qo‘yishadi.

Kichikroq turdagi lochinlar esa asalarilarga hujum qiluvchi oltinrang ari yeyuvchisini ovlashadi.

Shunqorlar – lochinlarning yirik turidir. Shunqorlarning urg‘ochisi erkagidan yirikroq bo‘lib, 2 kilogrammga yetadi. Erkagi esa undan ikki barobar kichik. Qanotlarining uzunligi 120-135 santimetr, tanasining hajmi esa 60 santimetrgacha yetadi.

 

 

Shunqor shimoliy mintaqalarda kengroq tarqalgan bo‘lib, ko‘pincha ummon bo‘ylarida, tundrada, qoyalar bag‘rida yashaydi.

Shunqorlar dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida ovchilikda ishlatiladi.

Turumtoy – lochinlar oilasiga mansub qush bo‘lib, tanasining uzunligi 80 santimetr, narining usti kulrang, qorni sarg‘ish, modasining usti qo‘ng‘ir tusda bo‘ladi. Ular asosan mayda qushlar bilan, kamdan kam hollarda kemiruvchilar va hasharotlar bilan oziqlanadi.

O‘rmon lochinlarining qorni yo‘l-yo‘l chiziqlar bilan qoplangan bo‘lib, ularining uzunligi 30-38 santimetr, massasi 150-200 gramm keladi.

 

 

Ular Markaziy va Janubiy Amerikaning nam tropik mintaqalarida yashab, daraxtlarning kovagiga, qoya yoriqlariga in quradi.

Kulayotgan lochin – lochinlarning bir turi bo‘lib, tana uzunligi 45-50 sm, qanot uzunligi 25-30 sm, qanotlarini yoyganda 79-95 sm, og‘irligi 400-650 gramm keladi. Boshi katta bo‘lib, haqiqiy lochinlar kabi tik qo‘nadi. Qanotlari va orqasining rangi to‘q jigarrang bo‘lib, dumi qirrali va yo‘lli, ko‘zi va boshining orqa qismidan qora rangda “niqob” o‘tgan.

 

 

Ushbu lochinlar uzoq ritmik qichqirgani uchun odamning baland ovozda kulishiga o‘xshaydi.

Kulayotgan lochin ilonlar, ba’zan zaharlilari bilan, shuningdek, kaltakesaklar bilan oziqlanadi.

Ushbu lochin Amazoniya o‘rmonlarida, Meksikaning janubidan Urugvay va Argentina shimoligacha bo‘lgan hududlarda istiqomat qiladi.

Shimoliy Hindiston va Janubi Sharqiy Xitoydan Filippin, Malay arxipelagigacha bo‘lgan Janubi Sharqiy Osiyoning tropik o‘rmonlarida mitti lochinlar yashaydi.

Dunyodagi eng kichik lochin bu – Mavrikiy qirg‘iysidir. Ularning soni o‘rmonlarni kesilishi oqibatida kamayib bormoqda. Bugungi kunda tabiatda ushbu noyob turdagi qirg‘iylarning 2 jufti mavjud.

Mitti lochinlar dunyodagi eng yirtqich qushlar bo‘lib, ularning o‘lchamlari 19 santimetrdan oshmaydi.

Yirik lochinlar ov uchun maxsus o‘rgatiladi. Ovchi lochin o‘ljani tutib, o‘ldirib, keyin egasini kutib turadi.

O‘lja ovlash, ozuqalanish bo‘yicha lochin sayyoradagi eng aqlli va mohir qushdir.

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, barcha quruqlikdagi qushlarning beshdan bir qismi lochinlarning o‘ljasiga aylanar ekan.

Ba’zi mamlakatlar aeroportida samolyot qo‘nadigan yo‘laklardagi turli qushlar galasini haydashda lochinlardan foydalaniladi.

Lochinlar shu qadar tez uchishadiki, burunlariga kirayotgan havo ularning salomatligiga salbiy ta’sir etmasligi uchun Alloh taolo ularning burun bo‘shlig‘i old qismiga suyak naychalarni joylashtirib qo‘ygan. Buning natijasida havo oqimi boshqa tomonga yo‘naladi.

Ba’zi lochinlarning erkak va urg‘ochisi tashqi ko‘rinishidan bir-biridan deyarli farq qilmaydi.

Lochinlar ham burgutlar kabi urg‘ochisini bir marta tanlab, umr bo‘yi o‘sha bilan yashaydi. Lochinlar deyarli boshqa qushlar qurgan inlarda yashamaydi.

Har bir lochinning o‘z hududi bor bo‘lib, u yerda oilasi bilan yashaydi, naslni tarbiya qiladi.

Lochinlarning asosiy dushmani – insondir. Odamlar dala va bog‘larini kemiruvchilardan saqlash uchun zaharli moddalar sepadilar. O‘sha kemiruvchilarni ovlagan lochinlarning oshqozoniga ham mazkur zaharli modda kiradi. Qadimgi rus davlatida lochinlar boshqa davlat rahbarlariga beriladigan qimmatbaho sovg‘a hisoblangan. Lochin Birlashgan Arab Amirliklari, Qirg‘iziston va Islandiya gerbida tasvirlangan.

 

 

Lochinlar odamlarga ov qilishda yordam beradi, qo‘y podalariga yaqinlashayotgan yirtqichlarni quvadi, bog‘ va dalalardagi zararkunanda kemiruvchi va qushlarni haydaydi.

Alloh taolo jonzotlarni yaratib, ularning yashashi uchun mos sharoitni ato etgan. Lochinlar havoda parvoz qila turib, yerda ketayotgan quyon, sichqon, kalamush kabilarni ko‘rib, ularga hujum qiladi. Taxminan o‘n qavatli bino balandligidan yerdagi quyonni ko‘rish uchun juda o‘tkir ko‘z sohibi bo‘lish kerak. Alloh taolo lochin, burgut kabi yirtqich qushlarning ko‘rish qobiliyatini ana shunday o‘tkir qilib qo‘ygan.

Ha, azizlar, Robbimiz Mehribon va Hakimdir! U har bir narsani hikmat bilan yaratgan va ularning qulay yashashi uchun kerakli muhitni ato qilgan!

Maqolamizni ushbu oyatlar bilan yakunlaymiz:

قَالَ فَمَن رَّبُّكُمَا يَا مُوسَى قَالَ رَبُّنَا الَّذِي أَعْطَى كُلَّ شَيْءٍ خَلْقَهُ ثُمَّ هَدَى

“U: “Ey Muso, ikkovingizning Robbingiz kim?” dedi. U: “Bizning Robbimiz har narsaga o‘z yaratilishini bergan hamda uni hidoyatga solgan zotdir”, dedi” (Toha surasi, 49-50-oyatlar).

Alloh taolo barchamizni tafakkur qiluvchilardan va buning natijasida ilm-ma’rifati oshib, iymonining nuri ziyoda bo‘ladiganlardan qilsin! Omin!

Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   42288   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari