Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2025   |   17 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:34
Bismillah
12 Iyul, 2025, 17 Muharram, 1447

Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar: Hazrati Ruqayya binti Muhammad sollallohu alayhi va sallam

07.09.2019   8012   4 min.
Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar: Hazrati Ruqayya binti Muhammad sollallohu alayhi va sallam

Davomi 

Muhojirlar ko‘p ikromlarga noil bo‘lib, Najoshiy himoyasida yashadilar. Ularga istaganlariday harakat va ibodat erkinligi berilgan edi. Kunlarning birida Makka mushriklarining musulmon bo‘lgani haqida yolg‘on xabar keldi. Buni eshitib, hasrat chekayotgan ba’zi muhojirlar, oilalariga qovushish orzusi bilan orqaga qaytmoqchi bo‘ldilar. Bir qismi esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qaytishga ruxsat bergunlariga qadar shu yerda qolishga qaror qildilar. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu va Ruqayya roziyallohu anho ham Makkaga kaytganlar bilan birga edilar. Vatan tuproqlariga qadamlari yetar-yetmas, bolalik va yoshlik yillari o‘tgan yerlarni ko‘rib, ularning ko‘zlari sevinch yoshlariga to‘ldi. Ruqayya roziyallohu anho uzoq ayriliqdan so‘ng onasini ziyorat qilish uchun ota uyiga tashrif buyurdi. Biroq onasini ko‘rolmadi. Hamma jim edi, hech kim javob bermasdi. Ammo ko‘z yoshlarini tutib turolmadilar. Oqayotgan ko‘zyoshlar unga eng to‘g‘ri javobni bergan edi. Ruqayya roziyallohu anho ham yig‘ladi. Bu musibat ham Alloh taoloning qazo va qadari edi. Bu alamga ham bir mo‘mina kabi sabr etdi. Ruqayya roziyallohu anhoning Makkada qolishi uzoqqa cho‘zilmadi. Mushriklarning tazyiqi kundan-kun ortib borardi. Musulmonlar Madinaga hijrat etdilar. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam ham ular bilan birga edilar. Ruqayya roziyallohu anhoga olam-olam quvonch keltirgan o‘g‘li Abdulloh Madinada tug‘ildi. Ruqayya bu farzandni o‘tgan kunlardagi musibat, ozor va iskanjalar badaliga berilgan mukofot deya qabul etdi. Lekin mo‘min kishi doimo imtihon qilinadi, unga balolar yuborilib, sinaladi.

«U sizlarnipg qaysilaringiz chiroyliroq — yaxshiroq amal qilguvchi ekaningizni imtihon qilish uchun o‘lim va hayotni yaratgan Zotdir. U qudratli va mag‘firatlidir» (Mulk, 2).

Go‘dak belanchakda uxlayotganida bir xo‘roz yuzini cho‘qib oldi. Yarasi og‘irligi uchun bir necha kundan so‘ng o‘ldi. Ruqayya roziyallohu anho bu musibatning og‘irligiga chiday olmadi, hushidan ketdi. Isitmasi ko‘tarilib, bezgakka chalindi. Suyukli eri Usmon roziyallohu anhu uning yonidan hech ayrilmadi. G‘am-qayg‘uni yengillatishi uchun Alloh taologa tinmay duolar qildi. Madinada ansor va muhojirlar Shomdan qaytayotan qurayshiylarga qarshi hujumga tayyorlanayotgan edilar. Usmon roziyallohu anhu ham jangga chiqmoqchi bo‘ldi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga xasta zavjasi Ruqayya roziyallohu anhoning yonida qolishni buyurdilar.

Ruqayya roziyallohu anhoning ahvoli og‘irlashib borardi. Kasallik kuchaydi. Nihoyat, dudoqlar orasidan chiqayotgan nafas uzilib qoldi. Ruh tanni tark etgan edi.

Sevimli yoridan ayrilib qolgan Usmon roziyallohu anhu uning peshona va qo‘llaridan o‘pib, asta yuzini yopar ekan, Badrdan kelgan chopar musulmonlarning zafarini e’lon qildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Usmon roziyallohu anhuning uyiga kirdilar. Ruqayya roziyallohu anhoning o‘limi haqidagi xabar qattiq ta’sir etgan edi. Ruqayya roziyallohu anhoning xonasida yig‘lab o‘tirgan nevaralari Fotimani shafqat ila oxista o‘rnidan turg‘azib, yenglari bilan ko‘z yoshlarini artdilar.

Hozir bo‘lgan ayollar o‘zlarini tutolmay, yig‘lab yubordilar. Umar roziyallohu anhu qamchisi bilan ularni urmoqchi bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning qo‘lidan ushlab: «Ko‘zdan va qalbdan nima kelsa, Allohdan, Uning marhamatidandir. Qo‘l va tildan bo‘lsa, shaytondandir», deb uni qaytardilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Baqi’ qabristoniga borib qizlari Ruqayya roziyallohu anhoning haqqiga duo qildilar. Qabr ustiga o‘z qo‘llari bilan toza tuproq tashladilar. So‘ng yana ortga qaytdilar. Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam ikki hijrat sohibi bo‘lgan qizlari Ruqayya roziyallohu anhodan Alloh taolo rozi bo‘lsin. Iymoni, hijrati va hayoti davomida ko‘rgan musibatlari uchun eng go‘zal shaklda ajr-mukofotlar bersin. Muslima opa-singillarmiz esa Ruqayya roziyallohu anho kabi onalarimizdan ibrat olib yashasin!

 

Saidabror Umarov

Boshqa maqolalar

Yangi kun qachondan boshlanadi?

09.07.2025   4987   1 min.
Yangi kun qachondan boshlanadi?

Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi? 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.

Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.

Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.