بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الذِي أَحَلَّ البَيْعَ والشِّرَاءَ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي عَلَّمَ البَيْعَ وَحَذَّرَ عَنِ الرِّبَا، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.
HALOL SAVDO – BARAKA OMILI
Muhtaram jamoat! Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, hukumatimiz tomonidan ishbilarmon va tadbirkorlar faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bunga biz faqat shukr qilishimiz va o‘zaro muomalalarimizda to‘g‘ri so‘z va halol bo‘lishimiz darkor. Zero, dinimiz savdo-sotiqda halol bo‘lishga targ‘ib qilib, rostgo‘y va halol savdogarlarga yuksak martabalarni va’da qilgan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi sharifda shunday deganlar:
"التَاجِرُ الصَّدُوقُ تَحْتَ ظِلِّ الْعَرْشِ یَوْمَ الْقِیَامَةِ" )رَوَاهُ الإمام الدیلمي عن أنس رضي االله عنه)
ya’ni: “Rostgo‘y savdogar Qiyomat kunida arshning soyasidadir” (Imom Daylamiy rivoyati).
Yana bir mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
"التّاجِرُ الصّدُوقُ الأمِينُ، مَعَ النّبِيّينَ والصّدّيِقينَ والشّهَداءِ" (رَوَاهُ الإمام التِّرْمِذِيُّ عنْ أبي سَعِيدٍ رضي الله عنه).
ya’ni: “Rostgo‘y, omonatdor tijoratchi odam nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Savdogar kishi mana shunday ulug‘ maqomga erishishi uchun ushbu kasbning shar’iy qoidalariga amal qilishi bilan birgalikda rostgo‘ylikni o‘ziga dasturi amal qilib olishi lozim.
Quyida savdogar kishi amal qilishi kerak bo‘lgan ba’zi zarur qonun-qoidalarga to‘xtalib o‘tamiz:
Rostgo‘y bo‘lish. Savdo molini haqiqiy sifati, navi, jinsi, tayyorlangan joyi va sarf-xarajati haqidagi ma’lumotlarda yolg‘on ishlatmaslik darkor. Rasululloh sallalohu alayhi vasallam:
عَنِ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ رضي الله عنه قَالَ: أَتَانَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِلَى الْبَقِيعِ، فَقَالَ: "يَا مَعْشَرَ التُّجَّارِ" حَتَّى إِذَا اشْرَأَبُّوا، قَالَ: "إِنَّ التُّجَّارَ يُحْشَرُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فُجَّارًا إِلَّا مَنِ اتَّقَى، وَبَرَّ، وَصَدَقَ "(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: Baro Ibn Ozib raziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam Baqi’ga kelib: “Ey, savdogarlar jamoasi!” – dedilar. Hamma u kishiga qaradi, shunda U Zot: “Albatta, savdogarlar Qiyomat kunida gunohkor bo‘lib tiriladilar, faqat Allohdan qo‘rqib, ishini to‘g‘ri qilib va rost so‘zlagan savdogarlar bundan mustasno”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Tarozi, litr, metr, hajm va donasidan urishning barchasi katta gunohlardan hisoblanadi.
Solihlardan birlari aytadilar: “Bir bemorni ko‘rgani bordim. O‘limi yaqinlashib, og‘ir holatda yotgan edi. Unga har qancha shahodat kalimasini talqin qilsam ham, tili hech aylanmasdi. O‘ziga kelgach: “Birodar shahodat kalimasini bir muncha talqin qilsam ham tilingiz hech aylanmadi”, – deb so‘radim. U bo‘lsa: “Tarozining pallasi tilimni bosib gapirtirmay qo‘ydi”, – dedi. “Nega? tarozidan urib qolarmidingiz?” – deb so‘rasam u: “Yo‘q unday emas. Biroq tarozini o‘z vaqtida to‘g‘riligini tekshirib turmasdim”, – deb javob berdi.
Tarozisini nazorat qilib tekshirib turmagan, to‘g‘riligiga e’tibor bermagan kishining holi shu bo‘lsa, urib qoladiganlarning ahvoli qanday bo‘larkan?
kyengfe’l bo‘lish. Sotuvchi avvalo chiroyli muomalada bo‘lishi, foydasini insof bilan qo‘yishi, imkon qadar aytgan narxidan o‘tib berishi, oluvchi ham o‘z navbatida mahsulotni pastga urmay olishi maqsadga muvofiqdir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"رَحِمَ اللَّهُ رَجُلاً سَمْحًا إِذَا بَاعَ، وَإِذَا اشْتَرَى، وَإِذَا اقْتَضَى" (رواه الإمام البخاري عَنْ جَابِرِ رضي الله عنه)
ya’ni: “Sotganda, sotib olganda va haqini talab qilganda bag‘rikeng bo‘lgan odamga Allohning rahmati bo‘lsin!” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilganlar).
Haloldan topib, haromdan saqlanish. Savdogar faqat haloldan topib, moliga shubhali va harom narsalarni aralashtirmaydi. Shuningdek, shariatimiz ruxsat bermagan oldi-sottilar bilan shug‘ullanmasligi kerak.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mol-dunyoni go‘zal yo‘l bilan talab qilish haqida shunday marhamat qilganlar:
"يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا اللهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ، فَإِنَّ نَفْسًا لَنْ تَمُوتَ حَتَّى تَسْتَوْفِيَ رِزْقَهَا وَإِنْ أَبْطَأَ عَنْهَا، فَاتَّقُوا اللهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ، خُذُوا مَا حَلَّ وَدَعُوا مَا حَرُمَ" (رواه الإمام ابن ماجه).
ya’ni: “Ey, odamlar! Allohdan qo‘rqing va mol-dunyoni go‘zal yo‘l bilan talab qiling! Har bir inson o‘zining rizqini mukammal olmaguncha, joni uzilmaydi. Unga belgilangan rizq biroz kechikishi mumkin, ammo baribir keladi. Shuning uchun Allohdan qo‘rqing va mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘lni tanlang! Halolini oling, haromini tark qiling!” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Demak, hadisi sharifdan ma’lum bo‘lmoqdaki, kishi rizqi uchun harom yo‘llarga kirsa ham, Alloh taolo unga yozgan rizq-nasibasidan ortig‘ini qo‘lga kirita olmaydi. Shunday ekan, har birimiz faqat Alloh rozi bo‘ladigan yo‘l bilan rizq-nasibamizni topishga harakat qilishimiz zarur.
Xayr-ehsonni ko‘p qilib turish. Savdogar savdo mobaynida o‘zi bilmagan holatda kamchilik va nuqsonlarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam savdogarlarni xayru ehson qilib turishiga buyurganlar:
"يَا مَعْشَرَ التُّجَّارِ إِنَّ الْبَيْعَ يَحْضُرُهُ اللَّغْوُ وَالْحَلِفُ، فَشُوبُوهُ بِالصَّدَقَةِ"
(رواه الإمام الترمذي والإمام أبو داود عَنْ قَيْسِ بْنِ أَبِي غَرَزَةَ).
ya’ni: “Ey, savdogarlar jamoasi! Albatta, savdoga behuda gaplar va qasam aralashishi mumkin. Shunday ekan, savdoni sadaqa bilan birga olib boringlar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilganlar).
Xaridor kambag‘al bo‘lsa, unga yordam berish haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
مَنْ أَنْظَرَ مُعْسِراً أَوْ وَضَعَ عَنْهُ أَظَلَّهُ اللَّهُ فِي ظِلِّهِ (رواه الإمام مسلم عن أبي اليسر رضي الله عنه).
ya’ni: “Kim (savdoda) kambag‘alga muhlat bersa yoki undan (ozmi, ko‘pmi) kechsa, (Qiyomat kuni) Alloh taolo uni O‘z soyasida soyalantiradi” (Imom Muslim rivoyati).
Savdo bilan mashg‘ul bo‘lib, ibodatga beparvo bo‘lmaslik. Savdogar kishi savdo bilan shug‘ullanishi bilan birgalikda musulmonlik burchlarini ham unutmasligi lozim. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan:
رِجَالٌ لَا تُلْهِيهِمْ تِجَارَةٌ وَلَا بَيْعٌ عَنْ ذِكْرِ اللَّهِ وَإِقَامِ الصَّلَاةِ وَإِيتَاءِ الزَّكَاةِ يَخَافُونَ يَوْمًا تَتَقَلَّبُ فِيهِ الْقُلُوبُ وَالْأَبْصَارُ
ya’ni: “Kishilar bordirki, ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Allohning zikridan, namozni barkamol ado etishdan va zakot berishdan chalg‘ita olmas. Ular dillar va ko‘zlar iztirobga tushib qoladigan kun (qiyomat)dan qo‘rqurlar” (Nur surasi, 37-oyat).
Ulug‘ zotlarning biridan: “Obid ustunroqmi yoki omonatdor savdogarmi?” – deb so‘ralganida, bunday javob bergan ekanlar: “Omonatdor savdogar ustun. Chunki, molni sotish yoki olish paytida shayton uni tarozidan urib qolishga undaydi, u buning aksini qilib, shaytondan ustun keladi”.
Tijorat ahli o‘zlariga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni va sahoba raziyallohu anhumlarni namuna qilib olishlari kerak. Ularning ichida tirikligidayoq jannat bashorat qilingan Abdurahmon ibn Avf kabi behisob mol-mulkka ega bo‘lgan tijoratchilar ham bo‘lganligi, lekin tijorat ularni Allohning zikri va ibodatidan to‘smaganligini bilishlari ham zarur.
Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida savdo-sotiqqa oid ba’zi masalalarni aytib o‘tamiz:
Ehtikor (monopoliya) – oziq-ovqat yoki yem-xashak mahsulotlarini sotib olib, odamlarga zarar bo‘ladigan darajada saqlab, sotmasdan turishdir. Bu ishni katta gunohligi haqida Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Kim taomni qirq kecha ehtikor qilsa, batahqiq, u Allohdan voz kechgan, Alloh undan voz kechgan bo‘ladi”, – deganlar (Imom Ahmad va Imom Hokim rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “kishi o‘zi yetishtirgan narsasini ushlab turishi ehtikorga kirmaydi”, – deganlar.
Iqola – savdoni bekor qilish. Masalan, kishi bir narsani sotib olganidan keyin, qimmat sotib olgani uchun yoki to‘lashga pul topa olmayotgani uchun yohud undan ham zarurroq ishlari borligi esiga tushib qolib, sotib olganiga pushaymon bo‘lib, sotuvchidan savdoni bekor qilishni so‘rasa, sotuvchi janjal-to‘polonsiz, bag‘rikenglik bilan molni olib, to‘langan pulni qaytarsa, sotuvchi juda ham katta savob va beqiyos yordam qilgan bo‘ladi. Bu haqda Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kim (savdosi sababidan) nadomat chekayotgan kishini savdosini bekor qilsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning xatolarini avf qiladi”, – deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Sotib olgan molni qo‘lga olishdan avval sotish joiz emasligi. Musulmon savdogar tijorat molini hali qo‘liga olmay turib, boshqaga sotishi joiz emas. Chunki, hadisda bunday qilishdan qaytarilgan:
Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam taomni qo‘lga olmasdan oldin uni sotishdan qaytarganlar”. Ibn Abbos raziyallohu anhu yana shunday qo‘shimcha qildilar: “Boshqa narsalarni ham taom kabi deb bilaman” (Muttafaqun alayh).
“Savdo molini qo‘lga olib, o‘ziniki qilib olmay turib, sotuvchiga ham boshqasiga ham uni sotish joiz bo‘lmaydi” (“Mabsut” kitobi).
Bozorga kirishdan oldin sotib olmaslik. Ba’zida dehqonlar yetishtirgan mollarini bozorga olib kirmaslaridan va bozordagi narx qanchaligini bilishlaridan oldin savdogarlar ularni yo‘llarini to‘sib, arzon garovga sotib olib, keyin bozorda qimmat bahoga sotadilar. Bu ish – ham dehqonga va ham xalqqa zarardir! Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday savdodan qaytarganlar: Ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Biz bozorga mol olib kelayotganlarning yo‘liga chiqib, taomlarini sotib olar edik. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizni ular taom bozoriga yetib bormagunicha, ulardan narsa sotib olishimizdan qaytardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Afsuski, bu holat bizni ko‘p bozorlarimizda uchraydi. Jumladan, hayvon bozorlarida ham juda avj olgan.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, ba’zi to‘rt muchasi sog‘ “erkak”lar ayolini mahramsiz savdo uchun safarlarga jo‘natib, o‘zi uyida bolalariga qarab o‘tirmoqda. Bunday savdo mutlaqo musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Bu holat – dinimiz aziz qilgan ayollarni xorlash hisoblanadi. Alloh bunday “erkak”larga tavfiq bersin!
Alloh taolo barcha savdogar va tadbirkorlarimizga rostgo‘ylik, halol ishlash, haromdan uzoq bo‘lish, o‘z kasbu kori bilan yurtni obod qilish va ikki dunyo saodatiga erishish baxtini nasib qilsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “O‘Z JONIGA QASD QILISH – OG‘IR GUNOH” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Islom tarixidagi eng ulug‘, ma’naviy jihatdan eng ibratli kunlardan biri Ashuro kunnidir. Har yili muharram oyining o‘ninchi kuni nishonlanadigan bu sana nafaqat ro‘za tutish fazilati bilan, balki Alloh taoloning bandalariga ko‘rsatgan marhamati, Muso alayhissalom va uning qavmini najot etganligi bilan ham ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu kunga alohida e’tibor berganlar va ummatlarini ham uning fazilatlaridan bahramand bo‘lishga chorlaganlar. Ashuro kuni musulmonlar uchun ma’naviy poklanish, gunohlarga kafforat va sunnatni hayotga tatbiq etish imkonidir.
Bu kun musulmonlar uchun ro‘za tutish tavsiya etilgan kunlardan biri bo‘lib, ulamolarning ko‘pchiligi bu kunni ro‘za bilan o‘tkazishni mustahab deb hisoblaydi. Ashuro kuni ro‘za tutish sunnat amallardan biri bo‘lib, uning fazilati juda katta. Tasu’o (to‘qqizinchi) va Ashuro (o‘ninchi) kunlarida ro‘za tutish payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatlardandir. Bu Allohning kunlaridan biri bo‘lib, U Zot o‘z bandalariga marhamat ko‘rsatgan, ya’ni U zot Kalimulloh Muso alayhissalom va Uning qavmi Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinining zulmidan najot etgan kundir.
Ashuro kunini ro‘za bilan o‘tkazishning asosiy sababi bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinidan najot etganidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini juda ahamiyatli deb bilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biror kunni boshqalardan afzal deb ro‘za tutishga uringanlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun — Ashuro kuni va ushbu oy — Ramazon oyidan tashqari” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Ashuro kuni ro‘za tutishga rag‘batlantirar va: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, der edilar (Imom Muslim rivoyati).
Musulmonlar bu sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng amaliyotga tadbiq eta boshladilar. U kishi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘raganlarida, ular: “Bu yaxshi kun bo‘lib, Alloh ushbu kunda Bani Isroilni dushmanlaridan najot etgan, shuning uchun Muso alayhissalom ushbu kunni ro‘za bilan o‘tkazgan”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra yaqinroqman”, deb, o‘sha kuni ro‘za tutdilar va boshqalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.
Shu kundan boshlab bu amal sunnat sifatida amalga oshirila boshlandi va musulmonlar uchun o‘tgan yilning gunohlaridan poklanish, katta savob va fazilatga erishish imkoni sifatida qaraladi.
Ashuro kuni bu barcha musulmonlar uchun muhim sana hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu kunda ro‘za tutishga va ibodat qilishga intiladi.
Ko‘pchilik Ashuro kunini yagona holda ro‘za tutish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ammo Azhar muassasasi o‘z fatvolaridan birida bu fikrni rad etgan. Unda ta’kidlanganidek, juma yoki shanba kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelsa ham, uni alohida holda ro‘za tutish man qilingan emas.
Azhar ulamolarining ta’kidlashlaricha, imom Tahoviy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasiga izn berganlar va unga targ‘ib qilganlar. Lekin bu kun shanbaga to‘g‘ri kelsa, tutmanglar, demaganlar. Buning o‘ziyoq, Ashuro har qanday kunga to‘g‘ri kelsa ham ro‘za tutish mumkinligini ko‘rsatadi”.
Shuningdek, agar Ashuro yoki Arafa kuni juma yoki shanba kuniga to‘g‘ri kelsa yoki insonning odatdagi ro‘zali kuni bo‘lsa, bu holda ro‘za tutishda hech qanday mone’lik yo‘q.
Dorul-Ifto (Misr Fatvo hay’atining 2023 yil 26 iyuldagi 7756 raqamli Professor Doktor Shavqiy Ibrohim Allom fatvosida) ham Ashuro kunini ya’ni muharramning 10-kunini yagona holda ro‘za tutish joizligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ixtilofdan qochish maqsadida, u bilan birga bir kun avval 9-kun yoki bir kun keyin 11-kun ro‘za tutish tavsiya etildi.
Misr Dorul-Ifto muassasasi ta’kidlashicha, muharramning 9-kunini ro‘za tutish qat’iy sunnatdir. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlarida, Payg‘ambarimizga yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashlarini aytishgan. Shunda u zot: “Kelgusi yili, agar Alloh xohlasa, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutaman”, deganlar. Ibn Abbos aytadilar: kelgusi yil kelmasdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar. Bu hadisni Imom Muslim o‘z “Sahihlarida” keltirganlar.
Sunnatda Ashuro kuni ro‘zasi tutishning fazilati haqida bir qator rivoyatlar keltirilgan. Unga ko‘ra, muharram oyida ro‘za tutish tavsiya etilgan amallardan sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharram oyida tutiladigan ro‘zadir. Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz kechasi o‘qiladigan (tahajjud) namozdir”.
Ashuro kunining fazilati shundaki, bu kun tutiladigan ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:
— Arafa kuni ro‘zasi haqida nima deysiz?
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan va kelgusi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, dedilar.
— Ashuro kuni ro‘zasi haqida nima deysiz? deb so‘radilar.
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar.
Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biron kunni boshqalardan ko‘ra afzal deb ro‘za tutishga shunchalik intiqlik bilan intiqlik qilganlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun Ashuro kuni va ushbu oy Ramazon oyi bundan mustasno”.
Ulamolarimiz Ashuro kunida ahli oilaga ko‘proq sarf qilish, ya’ni ularni quvonchli qilish, rizqda kenglik qilishning tavsiya etilgan amallardan ekanini ta’kidlaydilar. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslanadi:
“Kimki Ashuro kunida o‘z ahliga (oila a’zolariga) kenglik qilsa, Alloh taolo unga butun yili kenglik beradi”.
Xulosa o‘rnida shuni eslash joizki, Ashuro kuni bu bir kunlik ro‘za orqali butun bir yillik gunohlardan poklanish umidi berilgan, Allohning maxsus marhamati to‘kilgan muqaddas kundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biri bo‘lgan ushbu ro‘zani tutmoq, uni 9-kuni yoki 11-kun bilan birga ado etmoq musulmon kishi uchun katta ajru savob manbaidir.
Shuningdek, bu kunda ahli oilaga shodlik ulashish, rizqda kenglik qilish ham sunnatga uyg‘un amallardan hisoblanadi. Demak, Ashuro kuni ibodat, muhabbat va ma’naviy yangilanish kunidir. Undan oqilona foydalangan kishi na dunyoda, na oxiratda ziyon ko‘rmaydi.
Dilshod Aliyev,
"Boloi Hovuz" masjidi imomi.