Ko‘pchilik orasida shunday gap bor: “Taqvodor, Alloh taoloning roziligi yo‘lida xizmat qilayotgan inson boy bo‘lmasligi kerak”. Agar ulardan izoh so‘rasangiz boylik, mol-dunyo juda yomon narsa deyishadiyu o‘zlari esa unga qarab intilishadi. Xo‘sh, Dinimizda boylik, mol-dunyo orttirish borasida qanday ko‘rsatmalar kelgan?
Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Odamlarga ayollardan, bolalardan, to‘p-to‘p tillo va kumushdan, go‘zal otlardan, chorvadan, ekin-tekindan iborat shahvatlarning muhabbati ziynatlandi. Ular dunyo hayotining matohidir. Allohning huzurida esa, husnli qaytar joy bor”. (Oli Imron surasi, 14)
(«Shahvat» so‘zi urfda jinsiy ma’noda ishlatib kelinadi. Aslida esa, shahvat «ishtaha» so‘zidan olingan bo‘lib, ko‘ngil tusashi, xohlashiga aytiladi. Ushbu oyati karimada odamlarning ko‘ngliga muhabbati ziynatlangan, ishtahalari doim tortib turadigan narsalar haqida so‘z ketmoqda).
Demak, mol-dunyoga bo‘lgan muhabbat Alloh taolo tomonidan insonlarning tabiatiga qo‘shib yaratilgan tuyg‘udir. Faqat boylik qalbdan joy olmasligi hamda halol yo‘l bilan topilgan bo‘lishligi shart.
Zero, Alloh taolo O‘z Kalomida shunday marhamat qiladi:
Mo‘minlar, tijorat yoki boshqa Alloh halol qilgan yo‘l bilan boylik topishlari mumkin. Buning hech qanday nojo‘ya jihati yo‘q.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Ayyub bir kuni yalang‘och cho‘milayotganida, uning ustiga oltin chigirtkalar shatirlab yog‘ila ketdi va Ayyub ularni terib ko‘ylagiga sola boshladi. Shunda Parvardigori unga nido qildi: “Ey Ayyub, Men seni ko‘rib turgan narsalaringdan behojat qilib qo‘ymaganmidim?” U: “Ha (ey Rabbim, shunday qilgansan,) izzatingga qasamki, lekin men Sening barokangdan behojat emasman”, dedi” (Imom Buxoriy “Jome’us sahih”da va Bayhaqiy “Sunanul kubro”da rivoyat qilgan). Ayyub alayhissalom payg‘ambarlardan biridir. Uning nasabi Is'hoq ibn Ibrohim alayhissalomga borib tutashadi. Alloh taolo Ayyub alayhissalomga katta boylik, mol-dunyo va farzandlar bergandan keyin musibat yuborib, sinaydi. Ammo Ayyub alayhissalom musibatlarga chiroyli sabr qiladi. Alloh taolo uning duosini qabul qilib, avvalgi mol-dunyo va bola-chaqalarini yana qaytarib beradi. Bu hadisda Ayyub alayhissalom hayotida ro‘y bergan hodisa haqida so‘z boradi. Kunlarning birida Ayyub alayhissalom cho‘milayotganida, birdan ustiga oltin chigirtkalar yog‘iladi. U tez-tez terib, oltin chigirtkalarni qo‘yniga sola boshlabdi. Shunda Alloh taolo unga nido qilib: “Ey Ayyub, Men seni ko‘rib turgan narsalaringdan behojat qilib qo‘ymaganmidim?” ya’ni, axir Men seni boy-badavlat qilib qo‘ygan bo‘lsam, yana nega o‘zingni bu narsalarga urmoqdasan, deb xitob qilibdi. Bunga javoban Ayyub alayhissalom: “Ey Rabbim, shak-shubhasiz Sen meni bu narsalardan behojat qilib qo‘ygansan. Lekin Sen osmondan tushirgan baraka va fayzingdan behojat emasman”, deb javob beribdi. Ibn Hajar ushbu hadis haqida: “Mazkur hadis haqqi va shukrini ado qila oladigan banda uchun halol yo‘l bilan boylik orttirish joizligiga dalolat qiladi. Bu yerda “mol-dunyo” ma’nosi “baraka” so‘zi bilan ifodalanib, shokir va taqvoli boy kishilar fazilatda afzalligi ham ta’kidlanmoqda”. Ushbu hadisdan olinadigan ibratlar:
1 – kishi bir o‘zi xoli qolganida yalang‘och cho‘milishi joizligi. Chunki Alloh taolo Ayyub alayhissalomga yalang‘och cho‘milayotgani uchun emas, balki oltin chigirtkalarni qo‘yniga solgani uchun tanbeh ma’nosida nido qildi.
2 – Haqqi va shukrini ado qilish sharti bilan boylik to‘plash mumkinligi.
3 – Har bir banda Allohning xayr-baraka va fayzidan bahramand bo‘lishga harakat qilishi.
4 – Qanchalik boy-badavlat bo‘lmasin, banda doimo o‘zini Allohga muhtoj ekanini his qilib turishi, o‘zini zinhor Allohning lutf-karamidan behojat ekanini da’vo qilmasligi.
Abu Kabsha Anmoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitgan ekan: “Uch narsaga qasam ichaman va men sizlarga bir hadis aytaman, uni yodlab olinglar: bandaning moli sadaqa bilan kamaymaydi, bir bandaga zulm qilinsa va o‘shanga sabr qilsa, albatta Alloh uning obro‘sini ziyoda qiladi. Agar banda o‘ziga tilanchilik eshigini ochsa, albatta Alloh unga faqirlik eshigini ochadi (yoki shunga o‘xshash so‘z aytdilar). Men sizlarga bir hadis aytaman, uni yodlab olinglar: Albatta dunyo to‘rt kishinikidir – bir bandaga Alloh boylik va ilm beradi. U Rabbiga taqvo qiladi, silai rahm qiladi va unda Allohning haqqini biladi. Bu eng afzal darajadir! Yana bir bandaga Alloh ilm beradi, ammo boylik bermaydi. Shunga qaramay uning niyati to‘g‘ri, agar Alloh menga ham boylik berganida falonchining amalini qilgan bo‘lardim, deydi. U niyatiga yarasha (ajr) oladi va u ikkisining savobi bir xil. Yana bir bandaga Alloh boylik beradi, ammo ilm bermaydi. U molini ilmsiz holida isrof qiladi, Rabbiga taqvo qilmaydi, silai rahm qilmaydi va unda Allohning haqlarini bilmaydi. Bu eng yomon darajadir! Yana boshqa bir bandaga Alloh boylik ham, ilm ham bermaydi, shunga qaramay, agar menda ham boylik bo‘lganida falonchining amalini qilardim, deydi. Bas, u niyatiga yarasha oladi. U ikkisining gunohi bir xildir” (Termiziy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati. Abu Iso Termiziy hadisning sanadini hasan-sahih, degan).
Haqiqiy mo‘min, xoh boy, xoh kambag‘al, xoh o‘rtahol bo‘lsin, Alloh taologa ibodat qiladi, yaxshilikka shukr qilib, musibatga sabr etadi. Boy yoki kambag‘al bo‘lish uni bandalik vazifalarini ado etishiga ta’sir qilmaydi. Boy bo‘lsa, hovliqib, kambag‘allik vaqtida tushkunlikka tushmaydi. Balki har biri Allohning taqdiri ekaniga aniq ishonadi. Doimo Allohga iltijo va duoda, U Zotning zikrida yuradi.
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Agar madrasaviy naql mutavotir bo‘ladigan bo‘lsa, unda nima uchun hanafiylarning mutavotirida molikiylarning mutavotiriga teskari keladigan joylar bor?
Darhaqiqat, hanafiy mazhabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, molikiy mazhabi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, nima uchun bu mutavotirlar o‘zaro bir xil emas?
Imom Hafs rohimahullohning qiroati bilan imom Sho‘baning qiroati mutavotir emasmi? Yetti qiroat mutavotir emasmi? Lekin ular boshqa-boshqa-ku?!
Demak, «mutavotir bo‘ldi» degani bir xil bo‘ldi degani emas ekan. Shuningdek, Buxoriyda kelgan ba’zi sahih hadislar ham aynan o‘sha Buxoriyda kelgan boshqa bir hadisga teskari kelishi mumkin. Biz esa bu kitobdagi barcha hadislarning sahih ekaniga ishonganmiz.
Shuningdek, Buxoriy va Muslimda ham bir-biriga teskari hadislar bor. Unisi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sahih bo‘lib yetib kelgan, bunisi ham. Demak, sahih va mutavotir bo‘lish – naqlda bir xil bo‘lish degani emas ekan, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan hodisalar turlicha bo‘lgan.
Ba’zilar mutavotirni ma’lum bir ko‘rinishda naql qilishgan, ba’zilar esa mutavotirni yoki mustafizni boshqa bir joyda boshqa bir ko‘rinishda naql qilishgan. Bularning barchasi kitoblarda bor. Bizning mavzuimizdagi nozik nuqta mutavotir bo‘lish emas, balki naql bo‘lishi sobitroq va ko‘p takrorlanganligidir. Bunga «mutavotir» deb nom berish esa majoziy ma’nodadir.
To‘g‘ri, ba’zi dalillar mutavotir bo‘lishi mumkin. Lekin asosiysi – naql qilish sobit ekanida eng yuqori darajasiga chiqqan bo‘lishi kerak. Shuningdek, ular keltirgan naql bilan biz keltirgan naql xilma-xil bo‘lishining zarari yo‘q, chunki hanafiylar Ko‘fada istiqomat qilgan Abdulloh ibn Mas’ud, Aliy ibn Abu Tolib va boshqa sahobalar roziyallohu anhumdan naql qilishgan bo‘lsa, molikiylar Oisha, Ibn Umar va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumdan naql qilishgan. Molikiylarning mazhabi Zayd ibn Sobitga, hanafiylarning mazhabi esa Abdulloh ibn Mas’udga borib taqaladi.
Ushbu mavzuga yakun yasash bilan birgalikda, ko‘p xavotirga o‘rin qolmasligi uchun quyidagilarni ham aytib o‘tsak:
Fiqhiy masalalarga nisbatan hadislarning soni juda ham ozdir. Avvalgi ma’lumotlarimizda hukmlar kelgan hadislarning soni uch ming, ikki ming, besh yuz yoki yetti yuz atrofida ekanini aytib o‘tgan edik. Bu juda ham kam son.
Shuningdek, oyatlarning ham soni chegaralangan. Ammo masalalar esa millionlab topiladi. Shuningdek, hadislar ham bor, marhamat, ko‘rishimiz mumkin. Oldingi va keyingi ulamolarimiz hukmiy hadislar haqida qanchalab kitoblar yozishgan. Ular o‘z kitoblarida «Mana bu hukmiy oyat, bu esa hukmiy hadis», deb zikr qilishgan. Ammo bu o‘rinda bahs hukmiy oyatlar yoki hukmiy hadislarda emas! Siz kutubxonadan bir necha dinorga hukmiy hadislar yozilgan kitob sotib olishingiz mumkin. Qur’oni Karim esa hamma joyda bor. Xo‘sh, shu ikkalasi bilan imom mujtahid bo‘lib qoladimi?
Bahsimiz bu nuqtada ham emas! Bahs ushbu masalalarni qanday qilib chiqarib olish, hukmlarni jamlash va ularni qanday tushunishdadir. Bu yerda hadis yetib kelish-kelmasligi masalasining ahamiyati qolmaydi! Axir oradan 1400 yil o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bizga sunnat yetib keldi-ku!
Mujtahid imomlar bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rtalarida esa bir necha yillar, ya’ni 70-80-90 yillar o‘tgan, xolos! Ularning butun turmush tarzi Islomdan iborat edi, ular oila qurishda, o‘zaro munosabatlarda, boshqaruvda va barcha holatlarda Islom bilan hamohang edilar. Qanday qilib ularga hadis yetib bormagan bo‘lishi mumkin? Qanday qilib biz hayotimizning turli jabhalarida Islomdan uzoq bo‘la turib, «Bizga hadis yetib kelgan», deymiz? Shuning uchun «Hadis yetib kelgan-kelmagan», deb bahs qilishning hech bir qiymati yo‘q! Qur’on va Sunnat bor. Endi bu o‘rindagi bahsimiz ulardan qanday hukm chiqaramiz, qanday ijtihod qilamiz, ularni qanday tushunamiz va ulardan qoidalarni qanday chiqaramiz, degan ma’noda bo‘lishi kerak.
Yahyo ibn Qatton rohimahulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yetib kelgan sahih hadislarni ko‘rsatishini so‘rab, Alloh taologa to‘rt yil duo qildim», deganlar.
Biz o‘rganayotgan mavzu faqat hadis rivoyat qilish emas, balki imom Shofe’iyning muhaddislar yo‘lidan yurib, mazhab tuza olishidir. Muhaddislardan oldingilar esa hadislarni ham rivoyat qilishar, bir-biridan farqli fatvolar ham berishar edi. Gap ushbu hadislarga tayanish uchun qanday qilib mazhab va qoidalarni chiqarishdadir. Albatta, ushbu mavzu bizdan katta e’tibor talab qiladigan muhim mavzulardandir.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan