Alloh taolo Qur’onda ba’zi jonzotlarni alohida zikr qilgan. Ana shunday jonzotlardan biri tuyadir. U Zot Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:
أَفَلَا يَنظُرُونَ إِلَى الْإِبِلِ كَيْفَ خُلِقَتْ
«Ular nazar solmasmi: Tuyaning qanday yaratilganiga?» (G‘oshiya surasi, 17-oyat)
Tuyani “Sahro kemasi” deyishadi. Ha, birorta hayvon tuya kabi sahroda bemalol yura olmaydi. Sahro hayoti kunduzlari o‘ta issiq, kechqurun anchagina salqin, atrofda suv yo‘q, o‘simliklar turi u qadar ko‘p emas. Asosan yantoq, saksovul kabi ignali va ignabargli butalar o‘sadi, xolos.
Alloh taolo mazkur oyatda biz bandalarini tuyaning qanday yaratilganiga diqqat bilan nazar solishimizga buyurgan. Tuyaning tashqi ko‘rinishi, yashash tarziga yaxshilab e’tibor bergan odamning iymoni ziyoda bo‘lmay, tili lol qolmay iloji yo‘q.
Keling, tuya qanday jonzot ekani bilan yaqindan tanishaylik:
Tuyaning quloqlari:
Quloqlar kichik, har tarafdan tuk bilan qoplangan. Shuningdek, ular egiluvchan bo‘lib, qattiq shamol esgan paytda tuya quloqlarini bosh tarafiga tortib, yopishtirib oladi. Natijada, quloqlari orasiga qum zarralari kirmaydi.
Tuyaning burun teshiklari:
Burun kataklari kichik teshikchalardan iborat bo‘lib, atrofi tuk bilan o‘ralgan. Shuningdek, burun kataklari atrofi go‘shtdor bo‘lib, shamol esgan paytda ularni berkitib olishga imkon beradi. Natijada, ushbu teshiklar orqali o‘pkaga chang, qum donalari kirishining oldi olinadi. Qolaversa, burun tuya tanasining isib ketishdan himoyalovchi a’zo hamdir. Tashqaridagi issiq havo burun orqali kirib, undagi jihozlar natijasida sovib, qon tomirlari orqali miyaga sovuq havo yetib boradi. Shu bois tuya jazirama issiqda ham oftob urishidan aziyat chekmaydi.
Tuyaning ko‘zlari:
Tuyaning kipriklari ikki qavatli bo‘lib, xuddi qush iniga o‘xshab, bir-biriga kirishib ketgan. Kipriklar tuyaning ko‘zini quyosh nuridan, qumli shamollardan himoya qilib turadi. Shu bois tuya sahroda ketayotganda yo‘lni adashtirmay, qum barhanlarini bir-biri bilan aralashtirmay, mo‘ljalni aniq olib ketaveradi. Chunki nurlar va shamollar ta’siridan saqlangan ko‘zlar yumilmaydi, qisilmaydi, oddiy holatda qanday ochiq tursa, shamolli muhitda ham shunday ochiq holda turadi. Sahroda shamol turgan paytda yotgan tuya ko‘zlarini chirt yumib oladi va chang-to‘zonlar kirishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Tuyaning qovoqlari:
Tuyaning qovoqlari uch qavat bo‘lib, ko‘z ustidagi qavati shaffofdir. U ostidagi ko‘zni, xuddi qora ko‘zoynakdek, quyoshning zararli nurlaridan himoyalab turadi.
Tuyaning dumi:
Dumning ikki tarafi tukli bo‘lib, orqa a’zolarga qum kirishidan saqlaydi.
Tuyaning oyoqlari:
Oyoqlar uzun bo‘lib, tanasini yerdan balandroq ko‘tarib turadi hamda chang, qum kabilar bilan tuyaning qorin qismi kirlanishining oldini oladi. Uzun oyoqlar tuyaga yengil harakatlanishga, katta-katta qadam tashlashga imkon beradi. Tuyaning qadamlarida o‘ziga xos “qalin paypoq” bor bo‘lib, ushbu go‘shtdor qatlam tuya yurgan paytda kengayib, uning oyoqlari tikon, toshloq va qumli sahroda bemalol yurishiga imkon beradi. Aynan shu “paypoq” sababli tuya sahroda qumlarga botib ketmay yura oladi. Boshqa jonzotlar bunday sharoitda yura olmay, tuyoqlari qumga botib qoladi.
Tuya ustidagi og‘ir yuklari bilan cho‘llarda kuniga ellik yoki oltmish kilometrlab yo‘l bosishi mumkin. Hali birorta avtomashina qumli sahroda shuncha yo‘l bosib, tuya bilan bellasha olgan emas.
Tuyaning bo‘yni:
Alloh taolo tuyaning bo‘ynini uzun qilib yaratgan. Bu esa unga yo‘lda uchragan daraxt barglarini, yerdagi o‘simliklarni qiynalmay yeyish imkonini beradi. Shu bilan birga uzun bo‘yin tuyaga ustidagi yuklari bilan o‘rnidan mashaqqatsiz turishga yordam beradi.
Tuya dam olish uchun yotganda yoki uni cho‘ktirilganda, og‘ir tanasi oyoq bo‘g‘imlarida joylashgan mustahkam teri burmalaridan iborat yostiqchalarga tayanadi, bor og‘irligini ko‘krak qismidagi yostiqchalarga tashlaydi. Agar u shu og‘irligini biror hayvon yoki inson ustiga tashlaganda, ularni ezib tashlagan bo‘lardi.
Tuyadagi ushbu yostiqchalar Alloh taoloning qudratiga dalolat qiluvchi belgilardandir. Ya’ni tuya sahroning qaynoq qumlari ustiga bemalol yota oladigan, issiqdan qiynalmaydigan qilib yaratilgan. Boshqa hayvonlar unday qumda yotishi, u issiqqa bardosh berishi nihoyatda qiyindir.
Ba’zilar o‘ylaganidek, bu yostiqchalar yashash davomida paydo bo‘ladigan narsalar emas. Bo‘taloq onasining qornidan mana shu yostiqchalar bilan tug‘iladi. Odam ko‘p yalangoyoq yoki yirtiq poyabzallarda yurishi oqibatida oyoqlari qavarib, dag‘allashib, og‘riqlarni sezmaydigan bo‘lib qoladi. Ammo tuyaning oyoqlaridagi yostiqchalar tug‘ilganidayoq ular bilan birga bo‘ladi.
Tuyaning oshqozoni:
Tuyaning oshqozoni nihoyatda baquvvat bo‘lib, taomiga aralashgan ba’zi narsalarni, masalan, rezinalarni ham hazm qilib yuboradi.
Tuyaning lablari:
Boshqa hayvonlar iste’mol qilganda zarar beradigan tikonli shox va hokazo narsalarni tuya iste’mol qilsa ham labiga zarar yetmaydi. Chunki uning lablari qalin yog‘li burmalar bilan qoplangan bo‘lib, tikon, tosh, igna kabi narsalarni labiga sezdirmaydi. Shu bois sahrolarda o‘sadigan tikonli yantoq tuyalar sevib iste’mol qiladigan o‘simliklardandir.
Tuyaning terisi:
Tuyaning terisi qalin jun bilan qoplangan. Bu uning terisiga issiq havo salbiy ta’sir qilishidan himoya qiladi. Tuyaning tanasi ob-havo qanday bo‘lishidan qat’i nazar haroratni bir maromda ushlay oladi. Uning tana harorati 34 daraja bilan 41 daraja o‘rtasida o‘zgarib turadi. Agar tuyaning harorati 41 darajadan o‘tsa, ana shunda u biroz terlashi mumkin.
Insonning tana harorati esa doim 37 daraja atrofida bo‘ladi. Agar harorat bundan pasaysa yoki ko‘tarilsa, insonga shoshilinch ravishda tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lib qoladi. Agar insonning tanasidagi harorat tuya tanasining eng past harorati bo‘lmish 34 darajaga tushib ketsa yoki tuya tanasining eng yuqori harorati bo‘lmish 41 darajaga ko‘tarilib ketsa, vafot etishi mumkin.
Tuya og‘zidan nafas olmaydi, havo har qancha issiq bo‘lsa ham og‘zini ochib xansiramaydi. Shu orqali tanasidagi suv bug‘lanishining oldi olinadi.
Tuyaning suv ishlab chiqarishi:
Ha, azizlar, tuya suv ishlab chiqaradi. Bu jarayon uning o‘rkachida yuz beradi. Tuyaning o‘rkachi yog‘lar ombori vazifasini o‘taydi. Shuningdek o‘rkach tuyaning barcha a’zolari isib ketmay, sovuq holda bo‘lishiga yordam beradi. Zarurat bo‘lganda, tuya o‘rkachidagi yog‘ni ovqat yoki suvga aylantirib iste’mol qiladi. Tuyaning o‘rkachida yuz beradigan kimyoviy jarayonlarni inson hayotda, laboratoriya sharoitida bajara olmaydi. Mana shunday qilib tuya o‘z o‘rkachidagi yog‘ zaxirasini ishlatib boraveradi. Agar safar cho‘zilib ketsa, o‘rkachdagi yog‘ zaxirasi tugab, o‘rkach bir tomonga egilib qoladi.
Ha, Alloh taolo tuya tanasida ana shunday imkoniyatlarni yaratib qo‘ygan.
Keling, dumbasi kattta qo‘chqor bilan tuyaning o‘rkachini solishtirib ko‘raylik. Qo‘chqor dumbasida 11 kg yog‘ bo‘lsa, tuya o‘rkachida taxminan 120 kg atrofida yog‘ bo‘ladi. Tuyalar mana shuncha yog‘ni ozuqa va suvga aylantirishi natijasida bir yarim oylab tashqaridan suv ichmasdan yura oladi. Ammo nihoyatda chanqoqlik tuya vaznining to‘rtdan bir qismi (25 foizi) yo‘qolishiga olib keladi. Biroq shunda ham shikoyatsiz yashayveradi. Inson esa tanasining buncha qismini yo‘qotadigan bo‘lsa, halok bo‘ladi.
Boshqa hayvonlar tanasidagi yog‘larning parchalanishi tufayli ketoz deb nomlangan kasallikka chalinadilar. Ketoz – bu hujayralardagi uglevod yetishmovchiligi natijasida vujudga keladigan holat bo‘lib, organizm energiya ishlab chiqarish uchun yog‘larni parchalashni boshlaganda yuzaga keladi.
Tuyaning suti:
Tuya suti Alloh taoloning ulkan ne’matlaridan biridir. Tuyalar kuniga ikki marta sog‘iladi va to‘liq bir yil davomida sut beradi. Sog‘ilgan sut kuniga 5-10 litrgacha, bir yilda esa 230-260 litrgacha yetadi.
Tuyalar o‘zining kelib chiqqan turiga, zotiga qarab ularning sutida biroz farqlar bo‘ladi. Shuningdek, sutlarning turlicha bo‘lishi ular yeydigan o‘t-o‘lanlar, ozuqa naviga hamda ichadigan suv tarkibi va miqdoriga ham bog‘liq bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham ushbu sut inson uchun juda foydalidir. Tuya suti qizg‘ish oq rangda va o‘tkir ta’mli bo‘ladi. Yangi tuya sutining vodorod va uglerod qiymati yuqori bo‘lib, bu ko‘rsatkich sutdagi ishqorlilik darajasini belgilab beradi.
Tuya suti ishqorli hisoblanadi, ammo u juda qisqa vaqt ichida tezda achib qolishi mumkin. Uning tarkibida protein komponentlari (4% dan 25% gacha), qattiq moddalar (10-15%), yog‘lar (sog‘ishning boshida – 2-3%), shakar moddalari, xususan laktoza (3-6%), xlorid natriy (14-27%), hamda temir, kalsiy, fosfor kabi minerallar va V2 va S vitaminlari mavjud.
Tuya sutidagi suv miqdori 84 foizdan 90 foizgacha yetadi. Shu bois bu sut bo‘taloqlar uchun hamda sahro va cho‘llarda yashovchi aholi uchun juda ahamiyatlidir. Tuya sutida suvning bu darajada ko‘p miqdorda bo‘lishi suvsiz mintaqalarda yashovchilar uchun Alloh taoloning rahmatidir.
Tuya sutidagi laktoza miqdori laktatsiya davridagi tuya sutida ham, chanqagan tuya sutida ham, sug‘orilgan tuya sutida ham o‘zgarmaydi. Bu esa insoniyat va tuya bolalarining hayoti uchun nihoyatda zarur bo‘lib, bu Alloh taoloning bandalariga lutfu marhamatidir.
Biya va tuya sutida boshqa sutlarga nisbatan laktoza ko‘p bo‘lgani bois tezda achib, tarkibida nordon moddalarni hosil qiladi.
Ma’lumki, laktoza sut qandi bo‘lib, ona sutida – 5-8 %, sigir sutida – 4-5 % laktoza bor. Laktoza oq kristall modda, ta’mi shirin, suvda yaxshi eriydi. Chaqaloqlarning sog‘lom unib-o‘sishida zarur modda hisoblanadi.
Tuya suti insoniyat uchun ozuqa manbai bo‘lishidan tashqari, yurak, o‘pka (tiberkulyoz, zotiljam), jigar (gepatit A, B, S, D, sirroz), oshqozon, buyrak, saraton va boshqa ko‘plab kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar uchun juda foydali va zarur doridir.
Tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sino ham “Tib qonunlari” nomli ilmiy asarida tuya sutining shifobaxshligi xususida yozib qoldirgan.
1984, 1985 yillarda Afrika qit’asining Keniya davlatida qahatchilik yuza kelib, mahalliy aholi suvsizlikdan halok bo‘lish arafasida edilar. Sigir boquvchi qabila vakillarining ko‘plari sigirlar sut bermay qo‘yishi natijasida halok bo‘ladilar. Ammo tuya boquvchi qabila vakillari esa tuya sutini ichib, halokatdan qutulib qoladilar. Chunki suvsizlik paytlarida sigirlar sut bermay qo‘ysa, tuyalar bu paytda ham sut berishdan to‘xtamaydilar.
Tuyaning suv ichishi:
Tuya dengizning sho‘r suvini icha oladi. Chunki, uning buyraklari suvdagi tuzni tozalash xususiyatiga ega. Tuya qonida albumin fermenti boshqa jonzotlar qonidagiga nisbatan ko‘p miqdorda mavjudligi tuyaning uzoq vaqt tashnalikka chidashiga, sho‘r suvni icha olishiga imkon beradi. Tuyaning buyragi nihoyatda mustahkam va suvdagi tuzlarni katta nisbatda ajratish xususiyatiga ega bo‘lgani uchun dengiz suvidagi tuzlar siydik orqali tashqariga chiqarib yuboriladi.
Agar inson tanasidagi suvning 5 foizini yo‘qotsa, atrofidagi ishlarni to‘g‘ri-noto‘g‘risini ajratolmay qoladi. Agar yo‘qotilgan suv miqdori 10 foizga yetsa, kishining quloqlari o‘z faoliyatini to‘xtatib, tanasida og‘riqni seza boshlaydi. Agar bu miqdor 12 foizga yetsa, inson tez orada halok bo‘ladi. Tashnalik sababli halokat yoqasida turgan insonga suv ichirib yordam bermoqchi bo‘lgan kishi unga suvni juda sekinlik bilan oz-ozdan ichirishi kerak. Aks holda qondagi suv miqdori oshib ketib, inson halok bo‘lishi mumkin. Ammo tuya suvsizlik tufayli tanasining to‘rtdan bir qismini yo‘otgan bo‘lsa ham, biror insonning ko‘magisiz bemalol yo‘qotilgan suv miqdorini tiklab olishi mumkin.
Shuningdek, tashnalikdan o‘lim yoqasiga kelib qolgan insonga faqat va faqat chuchuk suv berish mumkin. Juda chanqagan tuya esa har qanday suvni ichib ham o‘z tashnaligini qondirib ketaveradi.
Tuyalar qish faslida to‘rt oygacha, bahor oylarida ikki oygacha chanqoqlikka chidasa, yozning jazirama kunlarida taxminan o‘n kungacha tashnalikka bardosh beradi. Ba’zan bu muddat ikki haftagacha cho‘zilishi ham mumkin. Shuningdek u tanasida suv zaxirasi qolmagandan keyin ham bir hafta davomida bir tomchi suv ichmay yashay oladi.
Oddiy holatda tuya taxminan 70 litrgacha suv ichishi mumkin. Juda chanqagan tuya esa bir ichishda 130 litrdan 225 litrgacha suv icha oladi. U qancha ko‘p suv ichsa ham, bu suv uning tanasiga zarar yetkazmaydi. Chunki, ichilgan suv tuyaning oshqozon bo‘shlig‘ida, ingichka va yo‘g‘on ichaklarda, qon tomirlarida zaxira qilib saqlanadi.
Bilasizmi, tuya o‘ziga zulm qilgan kishini hech qachon esidan chiqarmaydi. Agar siz tuyaga ozor bergan, uni urgan bo‘lsangiz, sizni tanib olib, bu voqayeni yodidan chiqarmas ekan. Oradan o‘n yil o‘tgan bo‘lsa ham, qulay fursat bo‘lganda sizdan o‘ch olar ekan. Shuning uchun barcha jonzotlarga, jumladan, tuyaga ozor bermaslik kerak.
Tuya haqida hali biz bilmagan ma’lumotlar juda ko‘p. Ammo ushbu maqolada keltirilgan ma’lumotlarni ixlos bilan o‘qib-o‘rganib, Alloh taologa, Uning qudratiga bo‘lgan iymonimiz nuri yanada ziyoda bo‘lsa, U Zotga bo‘lgan ixlosimiz yanada ortsa, Unga ibodat qilishga bo‘lgan rag‘batimiz, muhabbatimiz oshsa, ayni muddao bo‘lar edi.
Alloh taolo barchamizga yaratgan maxluqlari borasida tafakkur qilib, iymonimiz nuri ziyoda yanada bo‘lib, ixlosimiz yanada ortishini nasib etsin!
Ushbu oyatni keltirish bilan so‘zimizga yakun yasaymiz:
هَذَا خَلْقُ اللَّهِ فَأَرُونِي مَاذَا خَلَقَ الَّذِينَ مِن دُونِهِ بَلِ الظَّالِمُونَ فِي ضَلَالٍ مُّبِينٍ
“Bu Allohning yaratganidir. Qani menga ko‘rsating-chi, Undan boshqalar nimani yaratdilar. Yo‘q! Zolimlar ochiq-oydin adashuvdadirlar” (Luqmon surasi, 11-oyat).
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Yetimning haqqini yeyishning katta gunoh, og‘ir jinoyat va o‘ta ketgan pastkashlik ekanini hech kim inkor qilmasa kerak.
Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Yetimlarning mol-mulklarini zulm bilan yegan kimsalar qorinlariga do‘zaxni yebdilar, xolos» (Niso surasi, 10‑oyat), deya bejizga tahdid qilmagan.
«Falonchi yetimning pulini o‘maribdi», deyilsa, har qanday vijdonli odam o‘zi bilgan eng og‘ir gaplar bilan uni qarg‘ashi, haqorat qilishi tabiiy.
Biroq, shariat va voqelik nuqtayi nazari bilan qarasak, yetimning haqqini yeyishdek yana bir katta gunoh, og‘ir jinoyat bor, ammo negadir ko‘pchilik unga beparvo. Bu ‒ ommaning molidan nohaq, o‘g‘rin-cha, yeyishdir.
Ochig‘ini aytish kerak, postsovet mamlakatlarda davlatning mulkini o‘marish odat tusiga kirib, odamlarning qon-qoniga singib ketdi. Odamlar davlatning mulkini xuddi egasiz moldek tasavvur qiladigan bo‘lib qolgan. Davlatning mulkidan o‘g‘rilayotganlar o‘zini hech noqulay ham his qilishmaydi, xuddi otasidan qolgan bog‘dan olma yegandek, xalq mulkini bemalol o‘pqoniga tiqaveradi. O‘rni kelsa, bu borada musobaqalashib ham ketishadi.
Buning bir qator sabablari mavjud bo‘lib, shulardan biri bizdagi zamonaviy davlatchilikning tarixiy ildiziga borib taqaladi. Dahriylar inqilob qilib, Rusiya hukumatini ag‘dardi, ularning toj-taxtini, mol-mulkini talon-taroj qilib, tortib oldi. Keyin bu talonchilik davom etib, kengayib, butun bir xalqning yuqori qatlamiga tegishli barcha narsa musodara qilindi. Dahriy tuzumga qarshi chiqqanlar, ziyolilar, hur fikrli, ongli kishilar xalq dushmani deb e’lon qilinib, o‘ldirildi, qamaldi, surgun qilindi. Shuning uchun o‘sha paytdagi mazlum qatlam bu davlatga nisbatan alamzada bo‘lib qoldi, «davlat mening nasabimni, mavqeimni, mol-mulkimni tortib oldi, endi men ham davlatnikini sovuraman, chunki unda mening haqqim bor» degan tushunchada bo‘ldi. Sovet davrining oxiriga borib, nihoyatda ommalashgan bu tushuncha butun xalqqa singib, davlatning mulkini o‘g‘irlash oddiy ish bo‘lib qoldi, hatto uddaburonlik hisoblana boshladi.
Shu zaylda davlat xalqning mulkini, xalq davlat mulkini talon-taroj qilishga odatlanib qoldi. Bularning barchasi davlat bilan xalq o‘rtasida jarlik, beayov dushmanlikni yanada chuqurlashtirib yubordi. Bugun ham mana shu ruhiyat ko‘p joyda hukmron. Bu, Qur’on ta’biri bilan aytganda, xalqning o‘z-o‘zini o‘ldirishidir (Niso surasi, 29-oyatga ishora).
Ming afsuski, mustabid tuzum parchalanib, yurtimiz mustaqil bo‘lsa ham, juda ko‘pchilikda davlatning mulkiga nisbatan ana shunday noto‘g‘ri munosabat saqlanib qoldi. Jamiyatni bugungacha zimdan qo‘porib, yemirib, zaharlab kelayotgan korrupsiya, poraxo‘rlik, davlat mulkini talon-taroj qilish, birovlarning mulkini aldov yoki firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish ana shu manfur tuzumdan qolgan razil sarqit, desak, xato bo‘lmaydi.
Aslida davlat mulki ommaning moli bo‘lib, uni nohaq va yashirincha olish eng og‘ir haromlardan sanaladi.
Qur’oni Karim va hadisi shariflarda ommaning molidan yashirincha olib yeyish «g‘ulul» deyiladi. Bu so‘z odatda o‘lja taqsimlanmasdan oldin undan biror narsani maxfiy ravishda olishni bildiradi, lekin ulamolar bu narsa ommaning molidan yashirincha yeyishning barcha ko‘rinishlarini o‘z ichiga olishini ta’kidlashadi.
Rummoniy aytadi: «G‘ulul so‘zi «g‘olalun» so‘zidan olingan bo‘lib, aslida suvning daraxtlar orasiga singishiga aytiladi. Xiyonatda mulkka odamlardan maxfiy suratda, halol bo‘lmagan yo‘l bilan kirim bo‘lgani uchun bu gunoh «g‘ulul» deb atalgan».
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deydi:
«Kimki g‘ulul qilsa, o‘ljaga xiyonat qilsa, Qiyomat kuni xiyonat qilib olgan narsasi bilan keladi. So‘ngra har bir jon qilgan qilmishini(jazosini) to‘liq oladi. Ularga zulm qilinmas».
Demak, kim ommaning mulkidan yashirincha biror narsa olsa, Qiyomat kuni mahshargohga o‘sha narsa bo‘yniga osilgan holda keladi, odamlardan yashirib qilgan xiyonati barchaga oshkor etiladi. Bu holatning tafsirini bevosita hadisi sharifda o‘qishimiz mumkin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam oramizda turib, g‘ulul haqida so‘zladilar. Uning gunohi kattaligini, ishi og‘irligini gapirib, shunday dedilar: «Qiyomat kuni birortangiz yelkasida ma’rayotgan qo‘y bilan, kishnab turgan ot bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» deganini ko‘rmayin! Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, senga (hukmlarni) yetkazganman», demayin. Yelkasida o‘kirib turgan tuya bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», deb turmayin. Yelkasida unsiz narsa bilan kelib: «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin. Yoki yelkasida hilpirab turgan bir parcha latta bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin».
Buxoriy va Muslim rivoyati.
Bu hadisi sharifda kim ommaning molidan nimani o‘g‘irlagan bo‘lsa, Qiyomat kuni o‘shani yelkasiga ortgan holda kelishi, unga hatto shafoatchilarning peshvosi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yordam bera olmasliklari ta’kidlanmoqda. Bundan og‘ir holat bo‘lmasa kerak.
Ommaning mulkidan o‘marishning katta-kichigi bo‘lmaydi, barchasi harom va og‘ir gunoh hisoblanadi. Imom Buxoriy «Sahih»da bu haqda alohida bob ochib, uni «G‘ululning ozi haqida», deb nomlaydi va unda bunday xiyonatning ozi ham og‘ir gunoh ekaniga dalil sifatida quyidagi hadisni keltiradi:
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yuklariga Kirkira degan kishi mutasaddi edi. U vafot etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U do‘zaxdadir», dedilar. Borib qarashgan edi, bir aboa (choponga o‘xshash ustki kiyim) topib olishdi. U buni o‘ljaga xiyonat qilib olgan ekan».
Ommaning molidan haqsiz ravishda, yashirincha olish hatto shahidni ham do‘zaxga uloqtiradi. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Bir qul Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuklarini tushirayotgan edi, to‘satdan daydi o‘q kelib, o‘sha qulga tegdi. Odamlar: «Unga shahidlik qutlug‘ bo‘lsin!» deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Xaybar kuni o‘ljalardan ulushlar taqsim bo‘lmay turib olgan shamlasi (o‘ranib olinadigan ustki kiyim) uning ustida olov bo‘lib lovullaydi», dedilar. Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan buni eshitgan zahoti bir poyabzal ipini olib kelib, «Men mana shuni olgan edim», degan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bu do‘zaxdan (olingan) poyabzalning ipi!» dedilar».
Qarang, kim ommaning molidan biror narsa olsa, do‘zaxdan o‘shancha ulush olgan hisoblanar ekan. Bir ip olsa, do‘zaxdan bir ip, bir ko‘ylak olsa, do‘zaxdan bir ko‘ylak olgan bo‘ladi. Bu ma’no boshqa hadislarda ham ta’kidlanadi.
Imom Termizi Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Haromdan bitgan har bir et do‘zaxga munosibdir», deganlar.
Imom Buxoriy Xavla Ansoriyya roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Allohning moliga o‘zini nohaq uradigan kishilarga Qiyomat kuni do‘zax bo‘ladi», deyayotganlarini eshitganman».
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadisni sharhlar ekan, «Ya’ni musulmonlarning mol-mulkini botil tasarruf etadiganlar», deya izohlaydi.
Demak, musulmonlarning moliga mas’ul bo‘lgan kishi uni o‘ziga emas, birovga nohaq bersa ham, o‘ziga do‘xazni sotib olgan bo‘lar ekan.
Bu hadisi sharifda e’tibor beriladigan yana bir nukta shuki, ommaning moli Allohning moli hisoblanar ekan. Binobarin, xalqning mulkini o‘marayotgan kimsa Allohning molidan olayotganini unutmasligi kerak.
Kimdir «Nima uchun ommaning moli yetimning haqqiga tenglashtirilmoqda?» deyishi mumkin. Buning sababi juda oddiy. Ommaning molida yetimning haqqi bo‘lishi tayin, chunki umumiy boylikda butun xalqning haqqi bor, jamiyatda esa yetimlar bo‘lishi tabiiy. Binobarin, ommaning mulkidan nohaq olgan kishi qaysidir yetimning haqqini ham olgan bo‘ladi. Ammo u qaysi yetimning qancha haqqini olganini bila olmaydi va shu jihatdan buning gunohi yanada og‘irroq bo‘ladi. Bu gunohning tavbasi chin qalbdan nadomat chekish, bu ishni qaytib qilmaslikka qat’iy jazm qilishdan tashqari o‘sha nohaq olingan molni to‘laligicha o‘z joyiga qaytarish bilangina bo‘ladi.