Sigirsimonlar oilasiga mansub, sayyoramizdagi eng noyob jonivorlardan biri – saoldir. Bu yangi tur faqatgina 1992 yilda Vetnamning shimoli-g‘arbiy qismida 3 juft saol topilgandagina kashf etildi. 20-asrda mazkur sut emizuvchining kashf etilishi fanda katta yangilik bo‘ldi.
Saol – noyob va kam o‘rganilgan hayvon bo‘lib, ularning aniq soni ma’lum emas. Ularning qanday hayot kechirishi va qanday ko‘payishi hozirgacha sir bo‘lib qolmoqda!
Saolni tutqunlikda ko‘paytirishga urinishlarning bari samarasiz bo‘lib, ushbu jonzotlarning o‘limi bilan yakunlandi. Shu bois olimlar ushbu hayvon yo‘qolib ketmasligi uchun ularni tutqunlikda ko‘paytirish fikridan voz kechdilar.
Bu hayvon Laosning Vetnam bilan chegaradosh hududlaridagi nam va o‘tib bo‘lmas tropik o‘rmonlarda yashaydi. Ular o‘t va barglar, shuningdek o‘simliklarning urug‘lari va mevalari bilan oziqlanadilar.
Saol odatda jamoaviy tarzda emas, balki yakka oila bo‘lib yashaydi, kunduzlari uning faolligi yanada ortadi.
Voyaga yetgan saol tanasining uzunligi 180 santimetr, bo‘yi 90 santimetr, vazni esa 100 kilogrammgacha yetadi.
Saolning yungi to‘q jigarrang bo‘lib, yuzida oq rangli yo‘l-yo‘l chiziqlari bor. Bu jonzot tashqi tomondan antilopa yoki kosullar (kiyiklar)ga o‘xshab ketadi. Saolda uzunligi 50 santimetrga yetadigan shoxlar mavjud bo‘lib, bu jonivor yovvoyi tabiat qo‘ynida 8 yoshdan to 11 yoshgacha yashashi aniqlangan.
Saollar hozirgi kunda fanda juda noyob hayvonlar sanalib, ular yo‘q bo‘lish arafasida turibdi. Tabiatda bu turning taxminan bir necha yuztasi qolgan.
Shu o‘rinda Alloh taoloning mana bu oyatiga e’tibor beraylik:
وَمِنْ آيَاتِهِ خَلْقُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَمَا بَثَّ فِيهِمَا مِن دَابَّةٍ وَهُوَ عَلَى جَمْعِهِمْ إِذَا يَشَاءُ قَدِيرٌ
“U zotning oyat-belgilaridan osmonlaru yerning yaratilishi va ularda turli jonivorlarning taratib qo‘yilishidir. Va U zot agar xohlasa, ularni jamlashga qodirdir” (Shuro surasi, 29-oyat).
Ha, azizlar, borliqdagi barcha narsani Alloh taolo ulkan hikmat bilan yaratgan. Biz o‘zimiz haqimizda va barcha yaratilgan maxluqlar, jonli-jonsiz mavjudotlar haqida tafakkur qilib ko‘rishimiz kerak. Chunki, bular Alloh taoloning borligiga, birligiga dalolat qiladigan oyat-belgilardandir. Ular haqida tafakkur qilib ko‘rgan insonning iymon nuri ziyoda bo‘lib, Alloh taologa bo‘lgan ixlosi ortadi.
Qaysi jonzot qayerda yashaydi, hayvonlarning adadi qancha, ular necha yil yashaydi, nechta farzand ko‘radi va boshqa haqiqatlarni Alloh taoloning O‘zi biladi.
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin!
Qalbim sururi, ko‘zim quvonchi bo‘lgan aziz farzandim! Siz dunyoga kelganingizda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor mustaqil qadam bosganingiz, “dadajon” deb, erkalanganingiz, telefon qilib “dada uyga qachon kelasiz?” deganingiz kechagidek yodimda.
Ko‘z ochib yumguncha bir zumda ulg‘aydingiz... Maktabda tengqurlaringiz orasida tarbiyangiz bilan ajralib turardingiz.
Yoshligingizdan orzu qilgan Toshkent Islom institutining talabasi bo‘lish baxtiga erishsin deya kechalari onangizning yig‘lab qilgan duolari, “Allohim farzandimga manfaatli ilm bergin” deb qilgan iltijolarim ijobat bo‘lganini eshitganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmagandim. Yuzlab qorako‘zlar ichidan talaba bo‘lish baxti sizga nasib bo‘lgani uchun Robbimga hamdlar aytdim.
Mana oradan 4 yil o‘tdi. Bugun bu fayzli va muborak dargohni tark etmoqdasiz.
Ey Farzandim! Bugun fursatdan foydalanib, Sizga kichik bir nasihatni qilmoqchiman. Unga umringizning oxirgi lahzalarigacha amal qilishingizga Alloh tavfiq berishini so‘rab qolaman.
Aziz dilbandim! Siz endigina 4 bahorni ko‘rgan bolakay edingiz. Jajji qo‘llaringizdan tutib sizni bog‘chaga olib ketardim. Shunda do‘kondagi mashina o‘yinchog‘ini ko‘rib qolib, olib bering deb rosa xarxasha qilgandingiz. Olib berishni juda istardimku, ammo afsuski oldimda shu kichkinagina o‘vinchoqni olib berishga ham pulim yo‘q edi....Jonimni so‘rashsa sizga berishga tayyorman bolam... o‘zimdan afzal inson bo‘lishingiz uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman. Ba’zan duoda o‘zimni unutsamda, sizni aslo unutmayman.
Oradan yillar o‘tib, Rasulimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq nikoh to‘yingizni o‘tkazdik. Shu kuni sizni muborak etgani so‘zga chiqqanimda sizga mendan arazlab, hatto gaplashmay qo‘yishingizga sababchi o‘sha kichkina mashinani topshirganimda juda uyalib, yuzlaringiz qizarib ketgandi...
Jonim bolam, niyatim sizni uyaltirish emas... Sizga faqat yaxshiliklarni tilayman. Sizga butun umringiz va oxiratingiz uchun kerak bo‘ladigan muhim bir saboqni amaliy tarzda yetkazgim keldi, xolos...
Unutmangki, kunlar o‘tib Allohning huzuriga qaytarilasiz. Bir kun aniq Robbimizning oldida turamiz. Alloh taolo har birimizning qilgan amalimizni birma-bir hisob-kitob qiladi. Shunday kunda ummati Muhammad bo‘lgan siz dilbandim amallaringizning juda oz va kichkinaligi bilan butun xaloyiqning oldida uyalib qolmang! Buning uchun har bir amalingizni xolis Alloh taolo uchun qiling! Hech kimni g‘iybat qilmang, boshqalarga hasad qilmang!
Unutmangki, siz Alloh taoloning dinini yetkazishdagi omonatdorsiz. Ulug‘ zotlarga ilm beshigi bo‘lgan ma’hadning vakilisiz. Siz ularga so‘zsiz munosib bo‘lishingiz kerak. Zero, xalqimiz muborak Islom dinimizni – imom timsolida ko‘radi.
Bizni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan yorug‘likka, jaholatdan ma’rifatga, baxtsizlikdan saodatga olib chiqqan, bu yo‘lda mollarini ham, jonlarini ham ayamagan, hamisha faqat biz bevafo ummatning g‘amida bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan bo‘lsalar shuni mahkam tuting, nimadan qaytargan bo‘lsalar undan tiyiling. Hadislarini yodlashga haris bo‘ling, hayotlari, sifatlari, xulqlari va yo‘llarini ko‘proq o‘rganing va ularga amal qiling.
Aslo erishgan yutug‘ingiz bilan cheklanib qolmang. Kimdir yoki nimadir uchun ilm olmang. Eng muhimi – ilm ibodat ekanini unutmang!
Qur’onni qo‘lingizdan qo‘ymang. Qur’onga muhabbatli bo‘ling!
Jigarporam, musofirchilik, ota-onadan uzoqda yurish, ularga bo‘lgan mehrni ham uzoqlashtirmasin. Unutmangki, biz sizni yaxshi ko‘ramiz, siz bizning hamisha qalbimizda, duolarimizdasiz.
Sizni ko‘rishimiz bolaligingizni, baxtli onlaringizni, quvonch bilan yugurib quchog‘imizga o‘zingizni otishingizni yodimizga soladi.
Siz kelmay qo‘ysangiz bizning yuraklar siqilib, sog‘inchdan va xavotirdan jam bo‘lmaydi.
Sizdan yagona iltimosimiz shuki, duolaringizda doimo eslab, Alloh taolodan bizga rahm-shafqat so‘rang. Qaniydi, Jannatda barcha ota-onalar qatorida turganimizda ismlarimiz bilan chaqirilib, “farzandingiz Qur’on yodlab, qilgan solih amallari uchun sizga mukofot – izzat toji kiydiriladi” deganini eshitsak edi... Bu bizning eng buyuk orzuimiz.
Alloh taolo barchamizni jannatda birga qilsin! Izzat tojini kiyadigan zotlardan qilsin! Omiyn.
Davron NURMUHAMMAD