بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي جَعَلَ الْعِلْمَ ضِيَاءً وَنُورًا ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي بُعِثَ مُعَلِّمًا وَقَمَرًا مُنِيْرًا ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.
ILM – IKKI DUNYO SAODATI
Hurmatli jamoat! Inson jamiyatda yashar ekan umr davomida turli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Bu bilim va ko‘nikmalar yaxshi yoki yomon, foydali yo zararli bo‘lishi mumkin. Dinimiz bizni o‘zimizga va jamiyatga, dunyo va oxiratga foydasi tegadigan ilm olishga targ‘ib qiladi.
Ilm – moddiy yoki ma’naviy narsalarni voqe’likda qanday bo‘lsa shundayligicha idrok etishdir. U – nafslarning hayoti va ozuqasi, aqlning nuridir. Ilm olishga targ‘ib ma’nosi bir qancha oyati karima va hadisi shariflarda o‘z aksini topgan. Ilm sohiblari – imon keltirganlar ichida xos bir maqom va darajalarga ko‘tarilishi haqida Qur’oni karimda xabar beriladi:
﴿يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ﴾
ya’ni: “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Oyati karimada zikr qilingan “darajalar” haqida mufassirlar ikki xil so‘z aytganlar. Birinchisi – dunyodagi martaba va sharaf. Ikkinchi so‘z – bu darajalar oxiratda bo‘ladi. Oyat haqida har ikki so‘zni jamlansa, yanada go‘zal ma’no bo‘ladi. Zero, ilm ikki dunyo saodatiga yetaklaydi.
Quyidagi oyatlarda esa Alloh taolo adolat bilan guvohlik berishda ilm egalarini o‘zi va farishtalar qatorida zikr qiladi. Bu – ilm ahliga berilgan katta bahodir:
﴿شَهِدَ اللَّهُ أَنَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ وَالْمَلَائِكَةُ وَأُولُو الْعِلْمِ قَائِمًا بِالْقِسْطِ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْعَزِيزُ الْحَكِيمُ﴾
ya’ni: “Alloh adolatda (barqaror) turib, shunday guvohlik berdi: “Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir”, farishtalar va ilm egalari ham. (Albatta), Undan o‘zga iloh yo‘q. U Aziz (qudratli) va Hakim (hikmatli)dir” (Oli Imron surasi, 18-oyat).
Alloh taolo Payg‘ambarimiz alayhissalomga ilmdan boshqa biror narsani ziyoda bo‘lishini so‘rang, demadi. Faqat ilm haqida shunday deyilgan. Mana shundan ham ilmning boshqa ne’matlardan ustunligini anglab olish mumkin:
﴿فَتَعَالَى اللَّهُ الْمَلِكُ الْحَقُّ وَلَا تَعْجَلْ بِالْقُرْآَنِ مِنْ قَبْلِ أَنْ يُقْضَى إِلَيْكَ وَحْيُهُ وَقُلْ رَبِّ زِدْنِي عِلْمًا﴾
ya’ni: “Haqqoniy Podshoh bo‘lmish Alloh oliy zotdir. (Ey, Muhammad!) Sizga (Qur’on) vahiysi tugamay turib, qiroat qilishga shoshmang va ayting: “Ey, Rabbim! Menga ilmni ziyoda et!”” (Toha surasi, 114-oyat).
Haqiqiy ma’noda Alloh taolodan qo‘rqish sifati paydo bo‘lishi uchun kishida ilm-ma’rifat bo‘lishi lozimdir.
﴿إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاءُ إِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ غَفُورٌ﴾
ya’ni: “Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qo‘rqarlar. Haqiqatan, Alloh qudratli va mag‘firatlidir” (Fotir surasi, 28-oyat).
Inson Alloh taoloning zoti va sifatlari, qudrati va hikmatlarini qancha ko‘p bilsa, shuncha ko‘p Undan qo‘rqadi. Olim zotlar Alloh taoloni sifatlari bilan taniydilar va uni ulug‘laydilar. Kimning Alloh taolo haqida bilimi bo‘lmasa, uning azobidan xotirjam bo‘lib qoladi. Allohning azobidan xotirjam bo‘lish esa bandani kufrga olib boradi.
Alloh taoloning xohish irodasi bilan Qur’oni karimning birinchi vahiy bo‘lgan oyati ham “O‘qing!”, deb boshlandi:
﴿اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ خَلَقَ الْإِنْسَانَ مِنْ عَلَقٍ اقْرَأْ وَرَبُّكَ الْأَكْرَمُ الَّذِي عَلَّمَ بِالْقَلَمِ
عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَمْ﴾
ya’ni: “O‘qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan! (U) insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Rabbingiz esa karamlidir. U insonga qalam bilan (yozishni ham) o‘rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi” (Alaq surasi, 1-5 oyatlari).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam olimlarning peshvosi edilar. Zero U Zotga Qur’on va yana Qur’on mislicha ilm berildi. Qur’oni karim va hadisi sharif – barcha ilmlarning mustahkam asosidir! Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ummatlarini turli uslublarda bilim-ma’rifatga chorlaydilar, qiziqtiradilar. Din ilmlarida bilimdon bo‘lish – bandaga Alloh taolo yaxshilikni xohlagani, deb tushuntiradilar:
"مَنْ يُرِدِ اَللَّهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي اَلدِّينِ" )مُتَّفَقٌ عَلَيْه عَنْ مُعَاوِيَةَ رضي الله عنه (
ya’ni: “Kimga Alloh yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi” (Muttafaqun alayh).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Ali raziyallohu anhuga bir odamni hidoyatga boshlash katta baxt ekanligini uqtiradilar:
"فَوَاللهِ لَأَنْ يَهْدِيَ اللهُ بِكَ رَجُلاً وَاحِداً خَيْرٌ لَكَ مِنْ أنْ يَكُونَ لَكَ حُمْرُ النَّعَمِ"
(متفقٌ عَلَيْهِ عن سهل بن سعد رضي الله عنه)
ya’ni: “Allohga qasamki, Alloh siz tufayli bir kishini hidoyat qilishi, qizil tuyalarga ega bo‘lishingizdan yaxshiroqdir” (Muttafaqun alayh).
Albatta, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llash ilm bilan amalga oshadi. Ilmsizlik bilan dinga targ‘ib qilmoqchi bo‘lganlar esa to‘g‘ri yo‘lda yurganlarni adashtiradi va turli ixtiloflar keltirib chiqaradi.
Aziz jamoat! Inson vafotidan keyin ham uning amal daftariga xuddi tirikligidek savoblar yozilib turishiga sabab bo‘ladigan uchta amal bor. Shulardan biri kishi o‘zidan keyin qoldirgan foydali ilmdir.
Payg‘ambarimiz marhamat qiladilar:
"إِذَا مَاتَ الْعَبْدُ اِنْقَطَعَ عَنْهُ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثٍ صَدَقِةٍ جَارِيَةٍ أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ"
(رواه الامامُ البخاري عن أبى هريرةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Banda vafot etsa, uning amallari kesiladi (ya’ni, to‘xtaydi). Lekin uch narsadan (savob kelib turadi); yurib turuvchi sadaqa, foydali ilm yoki uning haqqiga duo qilib turuvchi farzand” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak ilm o‘rganish, uni boshqalarga o‘rgatish, xalqqa foydasi tegadigan kitoblar yozish inson vafotidan keyin ham xuddi tiriklar kabi savob olishiga sabab bo‘ladi.
Ilm yo‘lida pok niyat va ixlos bilan harakat qilish bandaga jannat yo‘lini oson qiladi. Hadisi sharifda shunday deyiladi:
"وَمَنْ سَلَكَ طَرِيقاً يَلْتَمِسُ فِيهِ عِلْماً، سَهَّلَ اللهُ لَهُ طَرِيقاً إِلَى الجَنَّةِ" )رواه الامامُ مسلم عن أَبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim ilm izlab yo‘lga chiqsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi” (Imom Muslim rivoyati).
Musulmon kishi har kuni dini va o‘z sohasini o‘rganish uchun vaqt ajratishi, tushunmagan joyini ustozlar va imom domlalardan so‘rab-bilib olishi zarur. Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, har kuni kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin shu kashfiyotlarning qancha qismi musulmonlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda? Afsuski, bu nisbat juda kam bo‘lib, bizni ogohlikka, ilm-fan bilan jiddiyroq shug‘ullanishga undaydi. Tarixda musulmon olimlari dunyo xalqlariga ko‘plab kashfiyotlarni taqdim etganlar.
Hurmatli jamoat! Bizning burchimiz – din va dunyo bilimlarini barobar rivojlantirib, ajdodlarimiz yo‘lini davom ettirish va bilimda dunyo xalqlariga peshqadam bo‘lishdir. Zero bu maqsadlarni amalga oshirishda biz uchun ajdodlar qo‘ygan poydevor va namuna mavjud.
Yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib bilimlarini oshirishmoqchi bo‘lishsa, rasmiy saytlarga murojaat qilishsin, rasmiy domlalarimizning kanallariga a’zo bo‘lishsin. Zero, ijtimoiy tarmoqlarda g‘arazli maqsadlar bilan faoliyat olib boradigan sayt, kanal va shaxslar juda ko‘p. Ularning na manzili, na shaxsi, na ustozi, na mazhabi ma’lum! Ular jamiyatimiz va yoshlarimiz tarbiyasiga katta tahdid bo‘lib, firqalanish, dinda g‘ulu ketish va mazhabsizlik urug‘larini sochmoqdalar.
Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilsin, ilmimizni ziyoda qilsin! Omin.
ILOVA: TAKBIRI TAHRIMADA QO‘LLAR QAYERGACHA KO‘TARILADI?
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va takbiri tahrima aytib namozga kirishiladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni Qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz:
عَنْ وَائِلِ بْنِ حُجْرٍ رضي الله عنه،"أَنَّهُ رَأَى النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، رَفَعَ يَدَيْهِ حِينَ دَخَلَ فِي الصَّلَاةِ كَبَّرَ،
وَضَعَهُمَا حِيَالَ أُذُنَيْهِ" (رواه الإمام مسلم)
ya’ni: “Voil ibn Hujr raziyallohu anhu: “Men Nabiy sallallohu alayhi vasallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا إِفْتَتَحَ الصَّلاَةَ كَبَّرَ ثُمَّ رَفَعَ يَدَيْهِ حَتَّى يُحَاذِيْ إِبْهَامَيْهِ أُذْنَيْهِ (رواه الإمام الحاكم والإمام الدارقطني).
ya’ni: Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam namozga kirishda takbir aytib, ikki bosh barmoqlarini quloqlari barobarigacha ko‘tarar edilar” )Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan “qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad – uni quloqqa tekkizishdir. Chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, – deganlar. Bu haqda “Al Bahrur-roiq sharhi kanzud-daqoiq” kitobida quyidagilar aytilgan:
وَالْمُرَادُ بِالْمُحَاذَاةِ، أَنْ يَمَسَّ بِإِبْهَامَيْهِ شَحْمَتَيْ أُذُنَيْهِ، لِيَتَيَقَّنَ بِمُحَاذَاةِ يَدَيْهِ بِأُذُنَيْهِ
ya’ni: “Hadisdagi tenglashtirishdan maqsad – ikki qo‘lni quloqlarga tenglashganiga ishonch hosil qilish uchun ikki bosh barmoqni quloqlarning yumshoq joyiga tekkiziladi”.
Namozga kirishda ikki qo‘lni quloq yumshog‘iga tekkizish haqida “Durrul Muxtor” kitobida quyidagilar aytiladi:
مَاسًا بِإِبْهَامَيْهِ شَحْمَتَيْ أُذُنَيْهِ، هُوَ الْمُرَادُ بِالْمُحَاذَاةِ، لِأَنَّهَا لَا تُتَيَقَّنُ إِلَّا بِذَلِكَ
ya’ni: “Ikki bosh barmoqni qulog‘larning yumshoq joyiga tekkizgan holatda takbir aytish – hadislardagi tenglashtirishdan ko‘zda tutilgan narsa shudir. Chunki busiz tenglashganiga ishonch hosil bo‘lmaydi”.
Mana shu masala “Raddul Muhtor”, “Al-Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” va bundan boshqa bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Demak, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislarni yaxshi o‘rgangan va bir-biriga solishtirgan ulamolarimizning takbiri tahrimada qo‘l ko‘tarish haqidagi gaplari – shudir! Alloh taolo barchamizni har xil ixtiloflardan saqlab, kitoblarimizda bayon qilingan masalalarga to‘g‘ri amal qilish baxtini nasib etsin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “MUSTAQILLIK – UMUMXALQ BAYRAMI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati