Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

16.08.2019 y. SHUKR VA SABRNING FAZILATI

13.08.2019   8165   16 min.
16.08.2019 y. SHUKR VA SABRNING FAZILATI

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلِّهِ الَّذِي وَعَدَ الصَّابِرِيْنَ أَجْرَهُمْ بِغَيْرِ حِسَاب، وَجَعَلَ لَهُمُ الْعَوَاقِبَ الْجَمِيْلَةَ يَوْمَ الْمَآب، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِ الشَّاكِرِيْنَ وَعَلَى آلِهِ وَاَصْحَابِهِ أَجْمَعِيْن، وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِاِحْسَانٍ اِلَي يَوْمِ الدِّيْن

SHUKR VA SABRNING FAZILATI

Muhtaram jamoat! Alloh taolo insonni mukarram qilib yaratib, unga son-sanoqsiz ne’matlar va tuganmas yaxshiliklarni ato qildi. Bu ne’mat va yaxshiliklari bilan insonni boshqa yaratilganlardan afzal qildi. Agar bandalar shukr qilsalar, ularga ne’matlarini ziyoda qilishini va’da qildi va itoat qilsalar bu ne’matlar davomiyligi va boqiyligining kafolatini berdi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qildi:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُلُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا رَزَقْنَاكُمْ وَاشْكُرُوا لِلَّهِ إِنْ كُنْتُمْ إِيَّاهُ تَعْبُدُونَ

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara surasi, 172-oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shukr haqida shunday deganlar:

"مَنْ لَمْ يَشْكُرِ الْقَلِيلَ، لَمْ يَشْكُرِ الْكَثِيرَ، وَمَنْ لَمْ يَشْكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ اللَّهَ، التَّحَدُّثُ بِنِعْمَةِ اللَّهِ شُكْرٌ، وَتَرْكُهَا كُفْرٌ، وَالْجَمَاعَةُ رَحْمَةٌ، وَالْفُرْقَةُ عَذَابٌ" (رواه الإمام البخاري والإمام مسلم عَنِ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ).

ya’ni: “Kim oziga shukr qilmasa, ko‘piga ham shukr qilmaydi. Kim insonlarga tashakkur aytmasa, ulardan minnatdor bo‘lmasa, Alloh taologa ham shukr qilmaydi. Ne’matlar haqida gapirish shukrdir. Uni gapirmaslik esa noshukurlikdir. Jamoat bilan yurish rahmatdir.  Yolg‘izlik esa azobdir”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 

Shukrning fazilatlaridan yana biri shuki, inson shukr qilsa, rizqi yana ziyodalashadi. Bu haqda hazrati Ali raziyallohu anhu shunday deganlar:

"إِنَّ النِّعْمَةَ مَوْصُولَةٌ بِالشُّكْرِ، وَالشُّكْرُ مُتَعَلِّقٌ بِالْمَزِيدِ، وَلَنْ يَنْقَطِعَ الْمَزِيدُ مِنَ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ حَتَّى يَنْقَطِعَ الشُّكْرُ مِنَ الْعَبْدِ" (رواه الإمام البيهقي)  .

ya’ni: “Ne’mat shukrga, shukr esa ziyodalikka bog‘langandir. Modomiki banda shukr qilishda davom etar ekan, Alloh taolo ham ziyoda qilishda bardavom bo‘ladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam barcha go‘zal amallarni o‘zlarida mujassam etgan zot edilar. Shukr qilishda ham U Zotga yetadigan biror bir kishi topilmasligiga shubha yo‘q. Sababi, Alloh taologa duolari ijobat bo‘ladigan kishi bo‘la turib, Alloh taolodan ko‘p mol-dunyo berishini so‘ramagan edilar. Balki, Alloh bergan rizqqa qanoat qilib yashaganlar. Ochlikdan qorinlariga tosh bog‘lab yurganlarini bilamiz. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday holatda shukr qilgan bo‘lsalar, hozirgi to‘kinlik-farovonlik davrida biz faqat shukrimizni ziyoda qilishga e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi.

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh shunday deganlar: “Har bir inson o‘z holiga, hayotiga, qismatiga, taqdiriga rozi bo‘lishni, shukr qilishni o‘rganishi kerak. Chunki, bu hayotni unga Alloh subhonahu va taolo ravo ko‘rdi va shunday bo‘lishini iroda qildi. Shuning o‘zi – katta marhamat, shuning o‘zi – katta bir ne’mat! Shukr qilsak, Alloh bundan ham ziyoda qiladi. Ammo noshukurlik qiladigan bo‘lsak, boshqa hayotlarga havas qiladigan bo‘lsak, o‘zimizdagi boridan ham mahrum bo‘lib qolishimiz mumkin”.

Said ibn Jubayr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi shunday deganlar:

"إِنَّ أَحَبَّ عِبَادِ اللَّهِ إِلَى اللَّهِ الشَّكُورُ الصَّابِرُ الَّذِي إِذَا ابْتُلِيَ صَبَرَ وَإِذَا أُعْطِيَ شَكَرَ"

(رواه الإمام الطبري والإمام أحمد)

ya’ni: “Bandalarni Alloh taologa eng yaxshisi – musibat kelganda, sabr qilguvchi va ne’mat berilganda, shukr qilguvchisidir” (Imom Tabariy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Sa’diy Sheroziy “Guliston” asarlarida quyidagi hikoyani keltirganlar: Uzoq yo‘l bosib kelayotgan musofir kishi o‘zining oyoq kiyimi eskirib ketganidan nolib, o‘z-o‘ziga “shunaqa ham nochor odam bo‘lamanmi?” deya holining xarobligidan afsuslandi. Shu noliganicha shahar darvozasiga yaqinlashar ekan, darvoza tagida insonlardan biror narsa berishlarini tilanib o‘tirgan tilanchiga ko‘zi tushdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, tilanchining ikki oyog‘i ham yo‘q edi. Bu holni ko‘rgan musofir: “Men-ku, poyabzalim yo‘qligi uchun noshukurlik qilibman, oyoqlarim yo‘q bo‘lsa, nima qila olardim, mendan ham nochorroq odamlar bor ekan-da!”, deb shukronalik yo‘lini tutdi.

Demak, biror narsaga yetisha olmagan odam, avvalo, o‘zidagi mavjud narsalarga nazar solish va boriga shukr qilish lozim.

Hurmatli jamoat! Shukr qiluvchi kishida mehr-muruvvat, insof-diyonat, qanoat, sabr kabi axloqlar mavjud bo‘ladi. Bu axloqlar esa insonni dunyo va oxirat saodatiga boshlaydi. Ma’lumki, Alloh taolo bir qancha oyati karimalarida sabrli kimsalarni maqtagan. Jumladan:

﴿وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ   الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ  أُولَئِكَ عَلَيْهِمْ صَلَوَاتٌ مِنْ رَبِّهِمْ وَرَحْمَةٌ وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُهْتَدُونَ

ya’ni: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir” (Baqara surasi, 155-157 oyatlar).

Bu dunyoda bandaga yetgan musibat Alloh taoloning bandasiga yaxshilikni ravo ko‘rishi hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"إِذَا أَرَادَ اللَّهُ بِعَبْدِهِ الْخَيْرَ عَجَّلَ لَهُ الْعُقُوبَةَ فِي الدُّنْيَا وَإِذَا أَرَادَ اللَّهُ بِعَبْدِهِ الشَّرَّ أَمْسَكَ عَنْهُ بِذَنْبِهِ حَتَّى يُوَافِيَ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ" (رواه الإمام الترمذى عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ الله عَنْهُ).

ya’ni: “Qaysi bir bandaga Alloh taolo yaxshilikni ravo ko‘rsa, unga shu dunyoning o‘zida jazo va uqubat beradi. Yomonlikni ravo ko‘rsa, gunohini  qiyomatga qoldiradi” (Imom Termiziy rivoyati).

Sabr – har qanday holatda inson o‘zini ushlab va to‘xtatib turishidir.

Ulamolarimiz sabrning uch xil bo‘lishini aytganlar:

  1. Musibatlarga sabr qilish.

Ma’lumki, inson hayoti tinimsiz kurashlardan iborat. Bu dunyoda biz behisob va turli-tuman qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ushbu kurashlarda kishining zafar quchishi uning sabr-matonatiga bog‘liq bo‘ladi.

Mashhur sahoba Ato ibn Raboh raziyallohu anhu aytadilar: “Ibn Abbos raziyallohu anhu menga shunday dedi: “Sizga jannat ahlidan bo‘lgan bir ayolni ko‘rsataymi?” Men: “Ha”, – dedim. U: “Mana bu qora tanli ayol”, – dedi va so‘zida davom etib aytdiki:

هذِهِ الْمرْأةُ، أتتْ النّبِيّ صلى الله عليه وسلم قالتْ: إِنِّي أُصْرعُ، وإِنِّي أتكشّفُ، فادْعُ اللّه لِي قال: "إِنْ شِئْتِ صبرْتِ ولكِ الْجنّةُ، وإِنْ شِئْتِ دعوْتُ اللّه أنْ يُعافِيكِ" فقالتْ: أصْبِرُ، فقالتْ: إِنِّي أتكشّفُ، فادْعُ اللّه لِي أنْ لا أتكشّف، "فدعا لها" (رواه الإمام البخاري والإمام مسلمٌ).

ya’ni: “Bu ayol Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning oldilariga borib: “Mening tutqanoq kasalim bor. Tutqanoq vaqtida avratim ochilib qolyapti, Allohga duo qiling (menga shifo bersin)”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar xohlasangiz, sabr qiling, jannatga erishasiz. Agar xohlasangiz, Allohga duo qilaman, sizga shifo beradi”, – dedilar. Shunda ayol: “Men sabr qilaman, lekin tutqanoq vaqtida avratim ochilib qolyapti, Allohga duo qiling, ochilmasin”, – dedi. Rasululloh duo qildilar. Ayolning tutqanog‘i tutganda avrat a’zolari ochilib qolmaydigan bo‘ldi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar).

Boshqa hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: مَرَّ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَآله وسَلَّمَ بِامْرَأَةٍ تَبْكِي عِنْدَ قَبْرٍ، فَقَالَ: "اتَّقِي اللهَ، وَاصْبِرِي" قَالَتْ: إِلَيْكَ عَنِّي، فَإِنَّكَ لَمْ تُصَبْ بِمُصِيبَتِي، وَلَمْ تَعْرِفْهُ، فَقِيلَ لَهَا: إِنَّهُ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَآله وسَلَّمَ، فَأَتَتْ بَابَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَآله وسَلَّمَ، فَلَمْ تَجِدْ عِنْدَهُ بَوَّابِينَ، فَقَالَتْ: لَمْ أَعْرِفْكَ، فَقَالَ: "إِنَّمَا الصَّبْرُ عِنْدَ الصَّدْمَةِ الأُولَى" (رواه الإمام البخاري) .

ya’ni: Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy alayhissalom bir qabr ustida yig‘lab o‘tirgan ayol oldidan o‘tib qoldilar va unga: “Allohdan qo‘rqing va sabr qiling!”, dedilar. Shunda u ayol Nabiy alayhissalomga: “Nari tur! Zero, menga yetgan musibat senga yetmagan va mening musibatimni qay darajadaligini bilmaysan ham”, dedi. U ayolga: “Bu kishi Payg‘ambar alayhissalom bo‘ladilar”, deyishdi. Boyagi ayol aytgan so‘zlaridan pushaymon bo‘lib, uzr so‘rashga Nabiy alayhissalomning uylariga keldi va u kishining uyi oldida hech qanday soqchilarni ko‘rmadi. Bu ayol Payg‘ambarimizni podshohlardek yashaydi va eshigi oldida darvozabonlar turadi, deb o‘ylagan edi, ammo uylariga kelganda hech qanday eshikog‘alarini ko‘rmagach, ajablanadi. Nabiy alayhissalom bilan ko‘rishgach: “Men Sizni tanimabman”, – dedi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Haqiqiy sabr birinchi zarbadagi sabrdir!”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak, insonning boshiga kelgan musibat qanday bo‘lmasin, uning ilk daqiqalaridan sabr qilish haqiqiy sabr ekan. Bunday sabrga Alloh taolo jannatni va’dasini bergan. Bu haqda hadisi qudusiyda quyidagicha keladi:

عَنْ أَبِي أُمَامَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يَقُولُ اللهُ سُبْحَانَهُ: "اِبْنُ آدَمَ إِنْ صَبَرْتَ وَاحْتَسَبْتَ عِنْدَ الصَّدْمَةِ الْأُوْلَى لَمْ أَرْضَ لَكَ ثَوَابًا دُوْنَ الْجَنَّةِ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ اِبْنُ مَاجَة)

ya’ni: Abu Umoma raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi, U Zot aytdilar: Alloh taolo aytadi: “Ey Odam bolasi, Mendan savob umid qilib, musibatning ilk daqiqalaridan sabr qilsang, u holda sen uchun jannatdan boshqa mukofotga rozi bo‘lmayman”, –deydi” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Alloh taolo tomonidan “banda uchun jannatdan boshqa mukofotga rozi bo‘lmayman” deyilishi juda katta gap. Bu sabrlilarga jannat vojib bo‘lishiga dalolat qiladi. Zero Alloh bandaning jannatga kirishiga amr etar ekan, bunga hech kim va hech narsa to‘sqinlik qilolmaydi.

Sabr-toqat tufayli jannatga kirishning bir nechta shartlari bor. Bular:

–  musibatning ilk daqiqalaridan sabr qilish;

–  sabr qilgani uchun Allohdan savob umidida bo‘lish;

–  shikoyatni tark qilish.

Abdulqodir Jiyloniy: "Ey farzand, balo-musibat seni halok qilish uchun kelmaydi, sabringni sinash uchun keladi",– deb aytganlar.

  1. Gunoh-ma’siyatlardan tiyilishda sabr qilish.

Bunda inson nafsini harom so‘z va ishlardan tiyadi. Masalan, bir kishiga nafsi zino qilishni vasvasa qilsa, shunda u nafsini bu ishdan qaytarsa, mana  shu ish “gunohdan tiyilishdagi sabr” deyiladi.

Rivoyat qilinishicha, Misr hokimining xotini Yusuf alayhissalomni zinoga chorlaydi, eshiklarni berkitadi, “Beri kel!” – deb o‘ziga chaqiradi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Agar men xojamga (ya’ni sening eringga) xiyonat qilsam, zolimlardan bo‘lib qolaman”, – deb uning istagini rad etadilar, Allohdan panoh so‘radilar va sabr qildilar.

Nabiy sallallohu alayhi vasallam mashhur hadislarida yetti toifa kishi Qiyomatda – hech qanday soya bo‘lmaydigan, faqat Allohning arshining soyasi bo‘ladigan kunda Allohning arshining soyasida bo‘lishini aytib, shularning qatorida: “Nasl-nasabli, chiroyli ayol zinoga chorlaganda, “Men Allohdan qo‘rqaman!” – deb, ayolning istagini rad etgan kishi”ni ham zikr qilganlar.

Alloh taolo Qur’oni karimda nafsini tiyib, sabr qilgan kimsaga jannatni va’dasini bergandir:

﴿فَأَمَّا مَن طَغَىٰ (37) وَآثَرَ الْحَيَاةَ الدُّنْيَا (38) فَإِنَّ الْجَحِيمَ هِيَ الْمَأْوَىٰ (39) وَأَمَّا مَنْ خَافَ مَقَامَ رَبِّهِ وَنَهَى النَّفْسَ عَنِ الْهَوَىٰ (40) فَإِنَّ الْجَنَّةَ هِيَ الْمَأْوَىٰ (41(

ya’ni: “Bas, kimki (dunyoda) haddan oshgan va dunyo hayotini (oxiratdan) ustun qo‘ygan bo‘lsa, u holda, faqat jahannamgina (unga) makon bo‘lur. Ammo, kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo‘lsa, bas, faqat jannatgina (unga) makon bo‘lur” (Noziot surasi, 37-41 oyatlar).

  1. Toat-ibodatlarga sabr qilish.

Bunda inson o‘z nafsini toatga undaydi, majbur qiladi. Masalan, bir kishi namoz o‘qimoqchi, ammo nafsi uni dangasalik va yalqovlikka undab turibdi. Ana shu paytda nafsidan g‘olib kelib, Alloh taolo farz qilgan ibodatga tursa, mana shu “ibodatga sabr” deyiladi.

Umar ibn Xattob raziyallohu anhu tunning yarmida turib, namoz o‘qirdilar. Bomdoddan ozroq oldin ayoli va bolalarini uyg‘otar va quyidagi oyatni o‘qirdilar:

﴿وَأْمُرْ أَهْلَكَ بِالصَّلَاةِ وَاصْطَبِرْ عَلَيْهَا لَا نَسْأَلُكَ رِزْقًا نَحْنُ نَرْزُقُكَ وَالْعَاقِبَةُ لِلتَّقْوَى

ya’ni:  “Ahlingizni namoz (o‘qish)ga buyuring va (o‘zingiz ham) unga (namozga) bardoshli bo‘ling! Sizdan rizq so‘ramaymiz, (aksincha), Biz sizga rizq berurmiz. Oqibat (yaxshiligi) taqvo (ahli)gadir” (Toha surasi, 132-oyat).

Hazrati Umar raziyallohu anhuning bu odatlari har birimizga dars va o‘rnak hisoblanadi.

Hurmatli azizlar! Hozirgi kunda yer yuzining ba’zi joylarida bo‘lib turgan turli xil ofat va balolar haqida eshitib, ko‘rib turibmiz. Har kuni har xil qo‘poruvchilik voqealari sodir bo‘layotgan joyda insonlar uy qurarmidi, to‘y qilarmidi yoki xalqining ko‘ngliga xursandchilik sig‘armidi?! Shunday yurtlar borki, uzoq yillardan beri xali hanuz u yurtlarda tinchlik yo‘q. Tug‘ilgan farzand urush o‘chog‘ida tug‘ilib, katta bo‘lmoqda, uylanmay turib vafot etayotganlar qancha?!

Ibrohim Adham g‘am chekib o‘tirgan kishini ko‘rib, unga: “Nima uchun g‘amginsiz? Sizdan uch narsani so‘rayman menga javob bering”, – dedilar. U kishi rozi bo‘ldi. Ibrohim Adham: Ushbu borliqda Alloh taolo xohlamagan biror narsa bo‘ladimi?” – deb so‘radilar. “Yo‘q”, – dedi boyagi kishi. Ibrohim Adham yana “Alloh taolo taqdir qilib qo‘ygan rizqingizdan biror narsa ozayadimi?” – deb so‘radilar. “Yo‘q”, – deb javob berdi. Ibrohim Adham: Alloh taolo yozib qo‘ygan hayotingiz borasidagi biror narsa siz sababli o‘zgaradimi?” – deya so‘radilar. U kishi yana: “Yo‘q”, – deb javob berdi. Ibrohim Adham: Unday bo‘lsa nega g‘am chekyapsiz? – dedilar.

Alloh taolo barchamizni boriga shukr qiluvchi va har qanday holatda sabr qiluvchi bandalaridan aylasin, boshiga bir mashaqqat yo musibat tushganida O‘ziga yolvoruvchi va O‘zidan yordam kutuvchi taqvoli bandalari safidan joy bersin, O‘zi va’da qilganiday sabrlarimiz evaziga ulkan ajr-mukofotlarini ato etsin! Omin!

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “ILM IKKI DUNYO SAODATI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   11252   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar