Kim Nabiy sallallohu alayhi vasallamning shafoatlarini xohlamaydi?
Kim Nabiy sallallohu alayhi vasallamning jannatda qo‘llaridan kavsar suvini ichishni istamaydi?
Kim Nabiy sallallohu alayhi vasallamning jannatda qo‘shnilari bo‘lishni xohlamaydi?
Kim Nabiy sallallohu alayhi vasallamni xursand qilishni xohlamaydi?
Kim Nabiy sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom bo‘lishni istamaydi?
Bularning barchasini qo‘lga kiritishimiz uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga doim salovot aytishimiz lozim bo‘lar ekan.
Alloh O‘zining muborak kalomi Qur’oni karimda ham biz bandalariga Nabiy sallallohu alayhi vasallamga salovot aytishimiz ta’limotini berib, shunday xitob qiladi:
إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا
“Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salovat ayturlar. Ey, mo‘minlar! (sizlar ham) unga salovat va salom ayting!” (Ahzob,56)
“Salovot” so‘zi – duo, rahmat, ulug‘lash va maqtash ma’nolaridadir. “Salom” so‘zi esa – barcha balo va ofatlardan omonda bo‘lish demakdir. Alloh taolo tomonidan bo‘ladigan salovat va salom – rahmat va maqtov ma’nosida. Farishtalar tomonidan bo‘ladigan salovat va salomlar esa – istig‘for va duo ma’nosidadir.
Yuqorida keltirilgan oyati karimada olamlar Rabbisi va yaratuvchisi bo‘lmish Alloh taoloning shaxsan O‘zi Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamga salovat aytishga buyurmoqda. Bu esa Payg‘ambarimizning martabalari hamda u zotga nisbatan salovat va salomlarning o‘rni naqadar oliy ekanidan dalolatdir.
Zero, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: "Kim menga bir marta salovat aytsa, Alloh unga o‘nta salovat aytadi (ya’ni, o‘nta gunohini mag‘firat qiladi)".
Abu Tolha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam xursand holda keldilar. Biz: "Yuzingizda xursandchilikni ko‘ryapmiz! (nima bo‘ldi?), – dedik. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: "Mening oldimga farishta (Jabroil alayhissalom) keldi va: "Ey, Muhammad! Robbingiz shunday dedi: "Men sizga bir marta salovot aytgan kishiga o‘nta salovot aytishim va sizga bir marta salom aytgan kishiga o‘nta salom aytishim sizni rozi qilmaydimi", – deb xabar berdi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: "Qiyomat kunida ummatlarimning menga eng yaqini, menga ularning salovotni eng ko‘p aytuvchilaridir".
Imom Sanoniy bu hadisi sharifdagi "insonlarning menga eng yaqini" degan gapni "insonlarning menga turar joyi va shafoatimga haqli bo‘lish jihatidan eng yaqini" deb, boshqa muhaddis ulamolar esa "jannatdagi o‘rin jihatidan menga eng yaqini" deb sharhlaganlar. Hammamizga ma’lumki, qiyomat kunida hech bir inson uchun shafoatchi, yordamchi bo‘lmaydi.
Faqatgina, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamgina Alloh taoloning roziligi bilan O‘zlari xohlagan ummatlarini shafoat qiladilar. O‘sha shafoatga sazovor bo‘ladiganlarning bir turi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning haqlariga salovot va salomni ko‘p aytuvchilardir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot va salom aytib turish – har bir bandaning burchi. Alloh taolo shunga amr qilgan. Ammo juma kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytish yana ham zarur va alohida fazilatga egaligini ushbu hadisdan bilib olamiz.
Abdulloh ibn Abu Vafo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Juma kuni menga salovotni ko‘paytiringlar. Albatta, menga yetkazinglar va men eshiturman», dedilar».
Shofe’iy va Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning jannatda menga eng yaqin bo‘ladiganlaringiz menga salovotni ko‘proq aytadiganlaringizdir. Bas, yorug‘ kecha va nurli kunda menga salovot aytishni ko‘paytiringlar», dedilar.
Shofe’iy va Bayhaqiy rivoyat qilishgan. Alloh biluvchi.
Hadisi sharifdagi «yorug‘ kecha»dan murod juma kechasi, «nurli kun»dan murod juma kunidir.
Ana shundoq bir kunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salovot aytmoq juda ham marg‘ub ish. Ummatlarning aytgan salovotlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga arz qilinur. Allohning amri ila u Zot sollallohu alayhi vasallam bu salovotlarni eshitadilar, ulardan xursand bo‘ladilar.
Kim Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni Shafoatlariga musharraf bo‘lishni xohlaydi – unda Rasululloh sallalohu alayhi vasallamga salovotni ko‘paytirsin!
Kim Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni qo‘llaridan kavsar suvini ichishni xohlaydi – unda Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga salovotni ko‘paytirsin!
Kim sunnatga amal qilishni xohlaydi – unda Rasululloh sallalohu alayhi vasallamga salovotni ko‘paytirsin!
Kim Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni xursand qilishni xohlaydi – unda Rasululloh sallalohu alayhi vasallamga salovotni ko‘paytirsin!
Kim jannatda Nabiyimiz sallallohu alayhi vasallamga eng yaqin bo‘lishni xohlaydi – unda Rasululloh sallalohu alayhi vasallamga salovotni ko‘paytirsin!
"As – Solatu vas – salamu alayka ya Rosulalloh" (ya’ni, Ey, Rasululloh! Sizga salovot va salomlar bo‘lsin!
Jamshid NAZAROV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي مُوسَى t قَالَ: صَلَّيْنَا الْمَغْرِبَ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، ثُمَّ قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، فَخَرَجَ عَلَيْنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: مَا زِلْتُمْ هَاهُنَا، قُلْنَا: نَعَمْ يَا رَسُولَ اللهِ، قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، قَالَ: أَحْسَنْتُمْ أَوْ أَصَبْتُمْ، ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ إِلَى السَّمَاءِ وَكَانَ كَثِيرًا مَا يَفْعَلُهُ فَقَالَ: النُّجُومُ أَمَنَةٌ لِلسَّمَاءِ فَإِذَا ذَهَبَتِ النُّجُومُ أُتِيَ السَّمَاءَ مَا تُوعَدُ، وَأَنَا أَمَنَةٌ لِأَصْحَابِي فَإِذَا ذَهَبْتُ أُتِيَ أَصْحَابِي مَا يُوعَدُونَ، وَأَصْحَابِي أَمَنَةٌ لِأُمَّتِي فَإِذَا ذَهَبَتْ أَصْحَابِي أُتِيَ أُمَّتِي مَا يُوعَدُونَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Shom namozini o‘qidik. So‘ngra «Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik», dedik. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqdilar va:
«Hali ham shu yerdamisizlar?» dedilar.
«Ha, yo Allohning Rasuli. Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik, dedik», deb javob berdik.
«Yaxshi qilibsizlar» yoki «To‘g‘ri qilibsizlar», dedilar u zot. So‘ngra boshlarini osmonga ko‘tardilar. Ko‘pincha shunday qilar edilar. Keyin u zot:
«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir. Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi. Men sahobalarim uchun omonlikdirman. Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi. Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar. Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida bo‘ladigan suhbatlardan birining mazmuni haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari o‘sha paytdagi Islom jamiyatining qalbi – yuragi ekanligi hammaga ma’lum. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shaxslari musulmonlarga o‘rnak bo‘lganidek, u zotning masjidlari ham o‘zga masjidlarga o‘rnakdir. Islom jamiyatida har bir masjid o‘z qavmidan tashkil topgan kichik jamiyatning tinimsiz urib turgan yuragi bo‘lishi kerak.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mazkur suhbatda sahobai kiromlarga ajoyib o‘xshatish ila o‘zlarining fazllarini bayon qilib bermoqdalar:
«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir».
Yulduzlar osmonda tursalar, osmon omon bo‘ladi. Ular osmonning omonlik ishonchlaridir.
«Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi».
Osmonga tahdid qilingan narsa uning nizomining buzilishi va qiyomat qoim bo‘lishidir.
«Men sahobalarim uchun omonlikdirman».
Osmon yulduzlar bilan omon turganidek, sahobai kiromlar ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashar ekanlar.
«Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi».
Sahobai kiromlarga tahdid qilingan narsa ularning oralarida xilof va kelishmovchiliklar kelib chiqishidir.
«Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar».
Osmon yuduzlar bilan, sahobai kiromlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashaganlaridek, Islom ummati ham sahobai kiromlar bilan tinch yashar ekanlar.
«Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir».
Islom ummatiga tahdid qilingan narsa havoi nafsga ergashish va molu dunyoga o‘ch bo‘lish kabi nuqsonlarga mubtalo bo‘lishdir.
Ushbu hadisi sharifdan sahobai kiromlarning fazllari qanchalik ulug‘ ekanligini bilib olishimiz kerak. Ana shunday ulug‘ fazl egalari bo‘lgan zotlarni hurmatlash va ulardan o‘rnak olish musulmon ummatining burchidir.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi