بسم الله الرحمن الرحيم
QALB KASALLIKLARI MUOLAJASI
الْحَمْدُ لله الَّذِي طَهَّرَ قُلُوبَ العَارِفِينَ بِذِكْرِهِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الذِّي وُصِفَ بِخُلُقٍ عَظِيمٍ، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ الطَّيِّبِينَ الطّاهِرِينَ أَمَّا بَعْدُ
Muhtaram jamoat! Alloh taologa Islom va imon ne’mati bilan sizu bizni ne’matlantirgani uchun cheksiz shukronalar aytamiz! Zero, Alloh taolo bu dini orqali butun insoniyat hayoti davrida ham jismonan, ham qalban yaxshi yashash uchun barcha mushkulotlarning yechimini Qur’oni karim va suyukli Payg‘ambari Muhammad sallallohu alayhi vasallamning sunnatlari orqali bildirib qo‘ygan. Insoniyat tobora aqli raso va ilm-tafakkurda cho‘qqilarga chiqa boshlagan sari, o‘zaro muomalalarda jamiyatdagi muammolar soni va ularning turi ko‘paysa ko‘paymoqdaki, lekin butunlay yo‘q bo‘lmayapdi. Chunki aksariyat muammolar insonning qalbi va uning kasalligi bilan bog‘liqdir. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:
﴿يَوْمَ لَا يَنْفَعُ مَالٌ وَلَا بَنُونَ إِلَّا مَنْ أَتَى اللَّهَ بِقَلْبٍ سَلِيمٍ﴾ (سورة الشعراء/الآية 89-88)
ya’ni: “U kunda na mol-dunyo va na farzandlar foyda bermas, Faqat Alloh huzuriga sog‘lom dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)” (Shuaro surasi, 88-89 oyatlar).
Yer yuzida yashayotgan insonlarning o‘z mezon va andozalari bordir. Ular erkagu ayoldagi chiroyli surat va go‘zallik, mol-dunyodagi kengchilik va mo‘lchilik, mansab va amaldagi faxrlanishdir. Ushbu sifatlardan biriga ega insonda albatta boshqalardan o‘zini ustun qo‘yish va o‘zini kuchli deb his qilish bor. Ammo yeru osmonlarni yaratgan Alloh taoloning O‘z mezon va andozasi borki, u ham bo‘lsa erta qiyomat kunida insonlarning qalbi va amallariga qarab hisob-kitob qiladi. Yuqoridagi oyati karimada ham shunga ishorat qilingan.
Shuni ta’kidlab, Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam ham shunday deganlar:
"إِنَّ اللَّهَ لا يَنْظُرُ إِلَى صُوَرِكُمْ وَأَمْوَالِكُمْ وَلَكِنْ يَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ وَأَعْمَالِكُمْ"
)رواه الامام البخاري و الامام مسلم عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).
ya’ni: “Alloh taolo sizlarning suratlaringiz va mollaringizga nazar solmaydi, balki Alloh sizlarning qalblaringiz va amallaringizga boqadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Shuningdek, Alloh taolo:
﴿أَفَمَنْ شَرَحَ اللَّهُ صَدْرَهُ لِلْإِسْلَامِ فَهُوَ عَلَى نُورٍ مِنْ رَبِّهِ فَوَيْلٌ لِلْقَاسِيَةِ قُلُوبُهُمْ مِنْ ذِكْرِ اللَّهِ أُولَئِكَ فِي ضَلَالٍ مُبِينٍ﴾ (سورة الزمر/22)
ya’ni: “Axir, ko‘ksini Alloh Islom uchun (keng) ochib qo‘ygan, o‘zi esa, Parvardigori (tomoni)dan nur (hidoyat) uzra turgan kishi (boshqalar bilan barobar bo‘lurmi)?! Bas, dillari Allohni eslashdan qotib qolgan kimsalar holiga voy! Ular aniq zalolatdadirlar” (Zumar surasi, 22-oyat).
Boshqa oyati karimada Alloh taolo:
﴿أَلَمْ يَأْنِ لِلَّذِينَ آمَنُوا أَن تَخْشَعَ قُلُوبُهُمْ لِذِكْرِ الله وَمَا نَزَلَ مِنَ الْحَقِّ وَلاَ يَكُونُوا كَالَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ مِن قَبْلُ فَطَالَ عَلَيْهِمُ الأَمَدُ فَقَسَتْ قُلُوبُهُمْ وَكَثِيرٌ مِّنْهُمْ فَاسِقُون﴾ (سورة الحديد/16).
ya’ni: “Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil bo‘lgan haq (Qur’on)ga moyil bo‘lish (vaqti) kelmadimi?! (Yana ular uchun) ilgari kitob ato etilgan, so‘ngra (payg‘ambarlaridan keyingi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar kabi bo‘lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?! Ularning ko‘pi fosiq (itoatsiz)dirlar!” - deydi (Hadid surasi, 16-oyat).
Ushbu oyati karimani mufassir Ibn Kasir rahimahulloh quyidagicha sharhlaganlar: “Alloh taolo bu ummatdan mo‘min-musulmonlarni o‘zlaridan oldin kitob berilganlarga o‘xshamaslikka chaqirmoqda. Zero ularning orzu havaslari ko‘paygach, Alloh ularga nozil qilgan kitobni o‘z qo‘llari bilan o‘zgartirdilar, uni arzon bahoga sotdilar, unga amal qilmasdan yuz o‘girdilar, uning o‘rniga turli o‘ylab chiqilgan fikrlar va so‘zlarga ergashdilar, Allohning diniga amal qilamiz deb, o‘zlaridan bo‘lgan kishilarga ergashdilar, Allohni qo‘yib, o‘z rohiblari va peshvolariga suyandilar. Shunday qilish bilan ularning qalblari kasallikka chalindi va pand-nasihat olmaydigan bo‘lishdi. Natijada na Allohning xushxabarlari bilan qalblari eridi, na yomon amallarning jazosi bilan qo‘rqitilganda eridi”.
Aziz jamoat! Qalbning qotishida ko‘plab sabablar bor. Ularning eng asosiylaridan:
1) gunohni ko‘paytirib, ma’siyatda bardavom bo‘lish;
2) farz amallarni Alloh aytgandek bajarmaslik;
3) harom amallarni xotirjam bajarish.
Zero Alloh Qur’oni karimda shunday degan:
﴿فَبِمَا نَقْضِهِم مِّيثَاقَهُمْ لَعنَّاهُمْ وَجَعَلْنَا قُلُوبَهُمْ قَاسِيَةً﴾ (سورة المائدة/13)
ya’ni: “O‘z ahdlarini buzganlari sababli ularni la’natladik va qalblarini beshafqat (mehrsiz) qilib qo‘ydik” (Moida surasi, 13-oyat).
Alloh taolo bandalarning o‘z sarkashliklari sabab ularning qalblarini qotirib, bemehr va beshafqat qilganining sababini keltirmoqda.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham qalbning qorayish sabablarini zikr qilib, quyidagi hadislarini aytganlar:
«إِنَّ المُؤْمِنَ إِذَا أَذْنَبَ كَانَتْ نُكْتَةٌ سَوْدَاءُ فِي قَلْبِهِ، فَإِنْ تَابَ وَنَزَعَ وَاسْتَغْفَرَ، وَإِنْ زَادَ زَادَتْ، حَتَّى يَعْلُوَ قَلْبَهُ"
رواه الامام الترمذي عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).
ya’ni: “Agar mo‘min kishi bir gunoh qilsa, uning qalbida bir qora dog‘ paydo bo‘ladi. Agar u tavba qilib, gunohdan qaytib, istig‘for aytsa, u yo‘qoladi. Ammo gunohni ziyoda qilsa, u qora dog‘ ham ko‘payadi va natijada butun qalbini o‘rab oladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, musulmon kishi gunoh qilishi bilan qalbning qorayishini va uning kasalligini ziyoda qiladi. Qalbning kasallanishi bu – bir bandaning Alloh taologa bo‘lgan itoatidagi sustkashlik va bandadan talab qilinadigan solih amallarga bo‘lgan beparvolikni keltirib chiqarishi demakdir. Zero, bandalarning amallari yaxshi yoki yomon bo‘lishi uning qalbidagi sakina, qanoat, sabr va iffatiga qaraladi. Ammo yomon amallar bajarishida esa uning besabrligi, gunohlarga yengil qarashi, dunyoga haddan oshiq muhabbat qo‘yishi, orzu-havaslarining ko‘pligidan kelib chiqib baholanadi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam butun vujudga o‘z ta’sirini o‘tkazuvchi qalbga e’tibor qaratganlar.
"أَلا وَإِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلَحَتْ صَلَحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ، وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلُّهُ، أَلا وَهِيَ الْقَلْبُ"
(رواه الامام البخاري عن عن النعمان بن بشير رضي الله عنه).
ya’ni: “Ogoh bo‘linglarki, tanada bir parcha go‘sht bor. Agar u tuzalsa, butun tana tuzaladi. Agar u buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo‘linglarki, u qalbdir”, deganlarini eshitganman” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasan Basriy rahimahulloh qalb kasalligi olti narsadan paydo bo‘ladi deganlar:
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilar:
"لا تُكْثِرُوا الضَّحِكَ، فَإِنَّ كَثْرَةَ الضَّحِكِ تُمِيتُ الْقَلْبَ" (رواه الامام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه).
ya’ni: “Kulguni ko‘paytirmangizlar, zero ko‘p kulish qalbni o‘ldiradi” (Imom Buxoriy rivoyati). Demak mo‘min banda huda-behuda narsalarga kulishi, vaqtini faqat o‘yin-kulguga sarflashi ham qablni qoraytirib, uni o‘ldiradi, va natijada qalbda kasallik paydo bo‘lib, atrofdagilarga nisbatan shariatda taqiqlangan nafrat, hasad, gumon kabi xatti-harakatlarni sodir eta boshlaydi.
Hikoyat qilinishicha, olis bir qishloqqa tabiblar borib, shu yerlik aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqchi bo‘lishibdi. Tabiblar shikoyat bilan kelgan bemorlarga birma-bir tashxis qo‘yib, muolaja qilishibdi. Ammo shuncha bemorlar orasida birortasi ham qalb kasalligidan shikoyat qilmabdi. Ilgari bunday holatga duch kelmagan tabiblar buning sababini axtara boshlashibdi. Qishloqning havosi va suvida yoki yana qandaydir shifobaxsh jihatlari bordir, deya gumon qilishibdi. Ammo birorta ham taxminlari to‘g‘ri chiqmabdi. Nihoyat, buning sirini qishloq ahlidan so‘rashsa, keksalari shunday deyishgan:
“Biz g‘iybat, hasad, ko‘rolmaslik, kek va adovat kabi illatlardan hazar qilamiz. Biror kimsaga nisbatan bunday munosabatda bo‘lmaymiz. Aksincha, o‘zaro hurmat va izzatda yashaymiz. Ana shuning uchun ham birortamizning qalb kasalligidan shikoyatimiz yo‘q”.
Muhtaram birodarlar! Qalb qasalligining davosi:
Har bir ezgu amallarimizni xolis Alloh uchun bajarish orqali qalbni poklab, qalblar Egasi Rabbimizning roziligiga erishish ne’matini barchamizga nasib etsin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “Bemorlarni ziyorat qilish – insoniy burch” mavzusida bo‘ladi.
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati