Mo‘taziliylar hijriy ikkinchi – milodiy sakkizinchi asrda hukumatni boshqarayotgan davrda “Qur’onni maxluq dedirish” siyosati avj oldi. Xalifa Ma’mun olimu ulamolarni saroyiga chaqirtirib, ularga majburan “Qur’on maxluq” degan gapni ayttirishga urindi. Ba’zi olimlar ta’riz – so‘z o‘yini bilan vaziyatdan qutulib qoldilar. Ammo ulamolar orasida Ahmad ibn Hanbal rahimahullohdek haqda sobit turib, u gapni umuman tilga olmaganlar ham bo‘ldi.
Xalifaning yonidagi ba’zilar “Ahmad ibn Hanbalni hamma yaxshi ko‘radi va unga ergashadi. Shuning uchun “Qur’on maxluq” degan gapni avval unga ayttirish kerak” deya maslahat berishdi. Xalifa bu maslahatga amal qilib, buyuk olimni saroyiga olib keltirdi va mazkur gapni ayttirishga urindi. Ulug‘ imom bu gapni aytmadilar. G‘azab otiga mingan xalifa buyuk olimni zindonga tashladi va darra urishga amr qildi.
Kunlarning birida darra urish uchun imomni tashqariga olib chiqib ketilayotganda bir voqea bo‘ladi-ki, bu hodisa Imom Ahmadning xotiralaridan hech qachon ketmadi. Voqeani imomning o‘g‘illari Abdulloh ibn Ahmad hikoya qiladi:
“Men otamning mana bu gaplarini ko‘p eshitganman: “Alloh Abul Haysamni rahmatiga olsin! Alloh Abul Haysamni afv etsin! Darra urish uchun meni tashqariga olib chiqib ketishayotganda, bir kishi ortimdan kiyimimni tortdi va menga qarab: “Meni taniysizmi?” deb so‘radi. Men “Yo‘q” dedim. “Men Abul Haysam Ayyorman. O‘g‘ri, kissovurman. Amirul mo‘mininning devonxonasida menga alohida-alohida tarzda o‘n sakkiz ming marta darra urilgani yozib qo‘yilgan. Men shaytonga ergashib, dunyoga erishish ilinjida bu og‘riqlarga sabr qildim. Siz esa Rahmonning toati yo‘lida, Din uchun og‘riqlarga sabr qiling!” dedi. Menga o‘n sakkiz ming marta o‘rniga o‘n sakkiz marta darra urildi. Keyin xodim chiqib, “Amirul mu’miniyn sizni afv etdi” dedi”.
“Manoqibu Imom Ahmad”, “Sifatus sofva” kitoblari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Shu yil 12-13 avgust kunlari Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida "Sun’iy intellekt asrida diniy ulamolarning o‘rni" mavzusida konferensiya o‘tkazilmoqda.
Anjuman Misrning Darul-Ifto tashkiloti, Butun dunyo fatvo idoralari va institutlari Bosh kotibiyati tomonidan Prezident Abdul Fattoh as-Sisiy homiyligida tashkil etilgan.
Xalqaro anjumanda dunyoning 70 dan ortiq davlatidan muftiylar, vazirlar, ulamolar va axborot texnologiya mutaxassislari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdullatif domla Tursunov ishtirok etmoqda.
Joriy yilgi 10-xalqaro fatvo konferensiyasini ochib bergan Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod hazratlari yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirish barobarida mavzu bo‘yicha nutq so‘zladi.
Anjuman davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham mavzu yuzasidan chiqish qilish asnosida mamlakatimiz aholisining diniy ehtiyojlarini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar, xususan, Fatvo markazi faoliyati haqida ma’lumot berdilar.
Shuningdek, mamlakat vaqflar vaziri doktor Usama Al-Azhariy, Jazoir Din ishlari va vaqflar vaziri doktor Yusuf Belmahdiy, Abu-Dabidagi Islom ishlari va vaqflar umumiy boshqarmasi raisi, doktor Umar Al-Deray, Islom hamkorlik tashkilotining Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Sano, Falastin Bosh sudyasi va Falastin Prezidentining Din ishlari bo‘yicha maslahatchisi doktor Mahmud Sidqiy Al-Habbash va boshqalar so‘zga chiqdi.
Anjumanda notiqlar raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt davrida fatvo berishdagi muammolar, shariat va zamon talablari o‘rtasidagi muvozanatga erishish yo‘llari to‘g‘risida ma’ruza qilish barobarida mavzu yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati