Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

26.07.2019 y. JANOZA VA TA’ZIYA ODOBLARI

23.07.2019   10218   11 min.
26.07.2019 y. JANOZA VA TA’ZIYA ODOBLARI

بسم الله الرحمن الرحيم

Janoza va ta’ziya odoblari

Muhtaram jamoat! Biz butun bashariyat hayotida kuni kelib yo‘liqishi muqarrar bo‘lgan mavzu – janoza va ta’ziya hamda uning ba’zi ahkom va odoblari haqida so‘z yuritmoqchimiz. Shariatimizda barcha masalalarning tartibi va o‘ziga xos odoblari bo‘lgani kabi, janoza va azadorlikning ham o‘ziga yarasha hukmlari va odoblari bor.

Alloh taolo bu hayoti dunyoni va o‘limni insonlarni sinash uchun yaratgandir. Zero, U Zot Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

﴿ الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ (سورة الملك/2)

ya’ni:(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va G‘afur (kechirimli)dir(Mulk surasi, 2-oyat).

Foniylik inson va jinlarning, hatto hayvonlarning taqdiriga bitilgan bo‘lib, biror-bir mavjudot abadiy qolmas. Alloh taoloning O‘zigina azaliy va abadiy qoluvchi Zotdir. 

﴿ كُلُّ مَنْ عَلَيْهَا فَانٍ  وَيَبْقَى وَجْهُ رَبِّكَ ذُو الْجَلالِ وَالإِكْرَامِ (سورة الرحمن 26-27).

ya’ni:(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir. Ulug‘lik va Ikrom sohibi bo‘lmish Rabbingizning «yuzi» boqiy qolur” (Ar-Rahmon surasi, 26-27 oyatlar).

Ma’lumki, har bir musulmon bandaning ikkinchi musulmon birodariga nisbatan haq-huquqlari bor. Chunonchi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida marhamat qiladilar:

"حَقُّ اَلْمُسْلِمِ عَلَى اَلْمُسْلِمِ سِتٌّ: إِذَا لَقِيتَهُ فَسَلِّمْ عَلَيْهِ ، وَإِذَا دَعَاكَ فَأَجِبْهُ ، وَإِذَا اِسْتَنْصَحَكَ فَانْصَحْهُ ، وَإِذَا عَطَسَ فَحَمِدَ اَللَّهَ فَشَمِّتْهُ وَإِذَا مَرِضَ فَعُدْهُ ، وَإِذَا مَاتَ فَاتْبَعْهُ" (رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).

ya’ni: “Musulmonning musulmon zimmasida oltita haqqi bor: Qachon unga yo‘liqsang, salom ber; qachon seni (mehmonga) chaqirsa, unga ijobat qil; qachon sendan maslahat so‘rasa, unga maslahat ber; qachon aksirib, Allohga hamd aytsa, unga javob qaytar; qachon betob bo‘lib qolsa, uni ziyorat qil va qachon vafot etsa, uning (janozasiga) ergash”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Demak, musulmonning tanishlaridan birortasi vafot etsa, uning janozasiga hozir bo‘lish mazkur huquqlardan biridir. So‘ngra mayyitning qarindoshlariga ta’ziya bildirib, Allohning hukmiga rozi bo‘lish, musibatga sabr qilishlari haqida nasihatlar aytish va marhumning haqqiga rahmat va mag‘firat so‘rab, duoi xayr qilish ta’ziyaning odoblaridandir.

Muhtaram jamoat! Janoza namozi farzi kifoya bo‘lish bilan birga, musulmonning musulmondagi haqqi hisoblanadi. Janozaning ahamiyati juda ham katta bo‘lib, inson zotiga bo‘lgan ehtiromning yuksak namunalaridan biridir. Shu bilan birga, u shunchaki an’ana, oddiy odat emas, balki shariatda belgilangan maxsus ibodat ‒ namozdir. Unig fazilati haqida Sarvari koinot shunday deganlar:

"مَنْ اتَّبَعَ جَنَازَةَ مُسْلِمٍ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا وَكَانَ مَعَهُ حَتَّى يُصَلَّى عَلَيْهَا وَيَفْرُغَ مِنْ دَفْنِهَا فَإِنَّه يَرْجِعُ مِنْ الْأَجْرِ بِقِيرَاطَيْنِ كُلُّ قِيرَاطٍ مِثْلُ أُحُدٍ وَمَنْ صَلَّى عَلَيْهَا ثُمَّ رَجَعَ قَبْلَ أَنْ تُدْفَنَ فَإِنَّهُ يَرْجِعُ بِقِيرَاطٍ"

(رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ)

ya’ni: “Kim imon va savob umidi ila bir musulmonning janozasiga qatnashsa, janozasi o‘qilib dafnidan forig‘ bo‘linguncha tursa, ikki qiyrot ajr bilan qaytadi. Har bir qiyrot Uhud tog‘ichadir. Kim janozani o‘qisa va dafn qilinmay turib qaytsa, bir qiyrot bilan qaytadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hayoti dunyoda biror kishining boshiga biror musibat tushishi yoki uning o‘z ahlidan, yaqinlari yoxud yoru-birodaridan ayrilib qolishi Alloh taoloning sinovidir. Bu ko‘rgiliklariga sabr qilsa, bilib-bilmay qilgan gunohlariga kafforot bo‘ladi. Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar:

"مَا يُصيبُ المُسْلِمَ مِنْ نَصَبٍ ، وَلاَ وَصَبٍ، وَلاَ هَمٍّ ، وَلاَ حَزَنٍ ، وَلاَ أذَىً ، وَلاَ غَمٍّ ، حَتَّى الشَّوكَةُ يُشَاكُهَا إلاَّ كَفَّرَ اللهُ بِهَا مِنْ خَطَاياهُ" (رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمٌ وَالإِمَامُ أَحْمَدُ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).

ya’ni: “Musulmonga yetadigan kulfat, mashaqqat, tashvish, mahzunlik, aziyat, g‘am hatto unga kiradigan tikan sababli Alloh uning xatolarini kechiradi” (Imom Muslim rivoyati).

Musibatzada kishilar yaqinlari va o‘zlariga yupanch bo‘ladigan kishilarning tasallisiga muhtoj bo‘ladilar. Shuning uchun shariatimizga ko‘ra ta’ziya bildirgan kishiga ulkan ajrlar va’da qilingan. Jumladan, Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qilganlar:

" مَا مِنْ مُؤْمِنٍ يُعَزِّي أَخَاهُ بِمُصِيبَةٍ إِلاَّ كَسَاهُ الله مِنْ حُلَلِ الْكَرَامَةِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ "

(رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ عَنْ عَمْرِو بْنِ حَزْمٍ رضي الله عنه)

ya’ni: “Qaysi bir mo‘min birodarining musibatiga ta’ziya bildirsa, Alloh unga Qiyomat kuni ulug‘lik libosini kiydiradi” (Imom ibn Moja rivoyati). Boshqa bir rivoyatda:

" مَنْ عَزَّى مُصَابًا فَلَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ "

(رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ وَالإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ الْأَسْوَدِ بنْ عَبْدِ اللَّهِ).

ya’ni: “Kim bir musibatzadaga ta’ziya bildirsa musibatzadaga berilgancha ajrga erishadi” (Imom ibn Moja va Imom Termiziy rivoyati).

Muhtaram jamoat! Dafn kunidan boshlab uzog‘i bilan uch kunga qadar aza (motam) tutishga shariatimiz ruxsat beradi. U kunlari janozaga kela olmaganlar musibat yetgan xonadonga yoki ta’ziya marosimlari uchun ajratilgan joylarga kelib, mayyitning yaqin qarindoshlariga ta’ziya bildirib ketishlari mumkin.

Rasuli akram sallallohi alayhi vasallam ushbu hadisni zikr etganlar: 

"أَسْرِعُوا بِالْجِنَازَةِ ، فَإِنْ تَكُ صَالِحَةً فَخَيْرٌ تُقَدِّمُونَهَا ، وَإِنْ يَكُ سِوَى ذَلِكَ فَشَرٌّ تَضَعُونَهُ عَنْ رِقَابِكُمْ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ وَالإِمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرُيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni: “Mayyitni so‘nggi yo‘lga tezroq olib boringlar, chunki agar u ahli solihlardan bo‘lsa, uni kutilayotgan joyga tezroq olib bormoq darkor. Agar bunday bo‘lmasa, yelkangizni noxush yukdan tezroq xoli qilgan bo‘lasiz” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Tobutkashlar tobutni navbat bilan yelkama-yelka olib boradilar. Tobutni ko‘tarmoqchi bo‘lganlar imkon qadar avval mayyitning o‘ng yelkasi tomondan, so‘ng o‘ng oyoq tomonidan, keyin esa chap yelkasi va chap oyoq tomonidan ko‘tarishga harakat qiladilar.

Kezi kelganda aytib o‘tish kerakki, har qanday holatda ham mayyitning ortidan dod-faryod qilish shariatimiz nuqtayi nazaridan joiz emas. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday ta’lim beradilar:

" إِنَّ الْمَيِّتَ لَيُعَذَّبُ بِبُكَاءِ أَهْلِهِ عَلَيْهِ " (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ وَالإِمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ ابْنِ أَبِي مُلَيْكَةَ)

ya’ni: “Marhum  oiladagilarining haddan tashqari dod-faryodi sababli azoblanadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)

Demak, ortiqcha dod-faryodimiz bilan marhumning qismatini og‘irlashtirmasligimiz darkor.

Dinimizning ta’ziya odobi borasidagi ko‘rsatmalaridan yana biri yurtga ehson dasturxoni yozib, savobini vafot etgan yaqinlariga bag‘ishlash niyatida qilingan marosimlarga oiddir. Bunday marosimlarni albatta shariat ahkomlariga, ahli sunna val jamoat e’tiqodiga, mazhabimizda rasm bo‘lgan qoidalarga muvofiq tarzda o‘tkazish zarur. Ta’ziya marosimlarini bid’atlardan xoli ravishda, ahli ilm hamda mahalla ulug‘lari bilan bamaslahat, imkon qadar yengil, kamtarona, kamchiqim holda o‘tkazmog‘imiz ma’qul.

Islom shariati musulmonlarga hargiz qiyinchilikni ravo ko‘rmaydi. Mahalla kuy oldida xijolat bo‘laman deb, qarz olib yoki borini sarflab xudoyi qilishlik, shariatimizda nomaqbul ish sanaladi. Chunki Qur’oni karimda: 

 ﴿...وَمَا جَعَلَ عَلَيْكُمْ فِي الدِّينِ مِنْ حَرَجٍ ... ﴾ (سورة الحج/78)

ya’ni: “Alloh taolo sizlar uchun bu dinda hargiz qiyinchilik yaratmadi” (Haj surasi, 78-oyat), deb aytilgan.

Boshqa bir oyatida:

﴿ لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا ... ﴾ (سورة البقرة/286)

ya’ni: “Alloh taolo hech bir bandaga qo‘lidan kelmaydigan ishlarni buyurmaydi” (Baqara surasi, 286-oyat), deyilgan. Alloh taoloning mazkur oyatlari musulmonlar diniy marosimlarini osonlik bilan o‘tkazishlari va bemalol ibodat qilishlari uchun nozil bo‘lgan.

Musibatxonalarda payshanbalik, yakshanbalik nomi bilan qilinayotgan, dafndan keyin ma’lum kun yoki oyni sanab, ayniqsa, ikki hayit kunlarida o‘tkazilayotgan xudoyi marosimlari diniy kitoblarimizning birortasida buyurilmagan. Musibat yetgan xonadonda muayyan kunga bog‘lamasdan, marhumning merosi taqsimlangandan keyin oilaning iqtisodiga zarar yetkazmaydigan holatda xudoyi qilib o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shunday ekan, o‘tganlarimizni yo‘qlashda faqat taom pishirib ulashish bilan chegaralanib qolmasdan kam ta’minlangan oilalar, beva-bechoralar, muhtoj kishilarni turar joyini yaxshilash, farzandlariga kiyim-kechak olib berish yoki ko‘pchilik manfaat oladigan ishlarni amalga oshirishga, doimiy ravishda uni savobi o‘tganlarimizga borib turishini ta’minlaydigan holatlarga ham o‘tishimiz kerak.

Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimiz hayotini bundan ham farovon qilib, shariatimiz ko‘rsatmasiga amal qilib, yashamog‘imizni muyassar qilsin!

Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida hozirda yoshlarimiz tomonidan namozda e’tiborsizlik qilinayotgan ba’zi masalalarga to‘xtalib o‘tamiz. Ma’lumki, Namoz durust bo‘lishi uchun avrat a’zolarining barchasi yopiq bo‘lishi shart. Chunki, avrat yopilishi namozning farzlaridan biri hisoblanadi. Zero, Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

يَا بَنِي آَدَمَ خُذُوا زِينَتَكُمْ عِنْدَ كُلِّ مَسْجِدٍ

ya’ni: “Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz!” (A’rof surasi, 31-oyat).

Ma’lumki, namozdagi biror bir farz amal bajarilmasa namoz durust bo‘lmaydi. Erkak kishi namozda kindigining ostidan boshlab tizzasining ostigacha yopishi farzdir (Manba: “Sharhun niqoya”).

Ulamolarimiz avrat a’zolardan birining to‘rtdan bir qismi bir muddat ochilib qolsa namoz buziladi, deganlar. Bunda ayol kishining soqi (ya’ni boldiri), erkak kishining soni alohida a’zo hisoblanadi. Bir muddat miqdori esa uch marta tasbeh aytish miqdoricha ekani bilan izohlangan (manba: “Hoshiyatut-Tahtoviy”).

Hozirgi paytda esa ba’zi yoshlar kalta va tor ko‘ylak bilan  namoz o‘qib, ruku va sajdaga borganlarida mana shu a’zolarining to‘rtdan biri tugul yarmidan ko‘prog‘i ko‘rinib qolib, natijada shuncha harakat qilib o‘qiyotgan namozlari o‘zlari bilmagan holda buzilishiga olib kelmoqda. Bu ham yetmaganday orqa safdagi namozxonlarning ko‘zlari avrat a’zolarga tushishiga sababchi bo‘lmoqdalar.

Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda ba’zilar kalta shim (shortik)da namoz o‘qimoqdalar. Unday kalta kiyimda belni yopganda, tizza ochilib qolishi, tizzani yopganda esa bel ochilib qolishi tabiiy. Vaholanki, tizzaning o‘zi ham avrat a’zo hisoblanib, uni to‘rtdan birini ochilib qolishi namozni buzadi.

Shuning uchun har bir namozxon o‘ziga qulay bo‘lgan va avrat a’zolarni yopadigan keng hamda uzun kiyimda namoz o‘qishi dinimiz talabidir.

Alloh taolo ibodatlarimizni mukammal ado etib, O‘zining roziligini topishimizga muvaffaq aylasin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “Qalb kasalliklari muolajasi” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   38161   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari