Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

Ummatimning ahvoli nima bo‘ladi?

13.07.2019   15908   4 min.
Ummatimning ahvoli nima bo‘ladi?

Biz Islom ummatining[1] deyarli oxir zamon vakillaridanmiz. Biz shu ummatning bir bo‘lagi sifatida, biz uchun qayg‘urgan, buning uchun umrini bag‘ishlagan, joni chiqar holida ham ummatining ahvoli tashvishi bilan bo‘lgan Zotga jonimizni qo‘ying mayli, muhabbatimiz qanchalik?

Payg‘ambar alayhissalomni hammadan ortiq ko‘rishimizning boisi, Payg‘ambar alayhissalom butun payg‘ambarliklari davrida ummat qayg‘usi bilan yashadilar, ummatni haq yo‘lga boshladilar. Hatto jonlari chiqayotganda ham ummatlarini o‘yladilar.

Rivoyat  qilinadiki, “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘lim onlarida Jabroil alayhissalomdan: “Mendan so‘ng ummatimning ahvoli nima bo‘ladi?” deb so‘radilar. Shunda Alloh taolo Jabroil alayhissalomga vahiy etdi: Habibimga xushxabar ber, ummati ichida uni uyaltirmayman. Hashr kunida u qabrdan eng oldin chiqadiganlardan bo‘ladi va Mahshargohda to‘planganlarning sayyidi qilinadi. To uning ummati kirmagunicha boshqa ummatlarga jannatga kirish haromdir”.

“Ana endi  ko‘zim quvonchga to‘ldi”, dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. Buni ko‘rgan sahobalar: “Yo Rasululloh! Sizni nima yig‘latdi?”, deb so‘rashdi. U zot esa: “Birodarlarimni sog‘indim!”, deb javob berdilar. Sahobalar: “Bizlar birodarlaringiz emasmizmi, yo Rasululloh?”, deyishdi. Shunda u zot alayhissalom: “Yo‘q. Sizlar as'hoblarimsiz. Birodarlarim mendan keyin keladilar, meni ko‘rmasdan turib menga imon keltiradilar!”, dedilar.

Mana shuning uchun ham Alloh elchisini sevish komil imon ramziga aylandi. Anas ibn  Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va  sallam:

لآ يُؤْمِنُ أحدُكم حتّي أحبَّ إليه مِن والده و ولدِه و الناس أجمعين

«Men unga ota-onasidan, farzandidan va odamlarning barchasidan suyukli bo‘lmagunimcha u komil mo‘min bo‘la olmaysiz», deganlar” (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rishda sahobalarga teng keladigani yo‘q edi. Bular ichida esa Abu Bakr roziyallohu anhuning oldiga hech kim tusha olmasdi[2].

Makka fathi kuni Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning otalari Abu Quhofa musulmon bo‘ldi. Ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan bu qariyaning musulmon bo‘lishi ancha kechikkan edi. Abu Bakr Siddiq otalari Islomga kirganini aytib, bay’at qildirish uchun u kishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Bakr! Keksa otangizni uyda qoldirsangiz bo‘lar edi. Oldilariga o‘zimiz borardik», dedilar. Shunda Abu Bakr Siddiq: «Ey Allohning Rasuli, bunga siz haqliroqsiz», dedilar. O‘sha kunlarda Abu Bakr ko‘p yig‘ladilar. Shunda odamlar: «Eng xursand bo‘ladigan kunda ham yig‘laysizmi? Axir otangiz musulmon bo‘lib, do‘zaxdan najot topdi-ku?» deyishdi.

Abu Bakrning javoblariga e’tibor bering.

«Hozir otam Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilganidan ko‘ra Abu Tolib bay’at qilsa, ko‘proq xursand bo‘lar edim. Chunki bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘proq xursand bo‘lardilar» (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyati).

Bu zotlar o‘z xursadchiligidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xursandchiligini ustun qo‘yganlar. Shuning uchun bu ummatning ustuni bo‘lishgan.

Biz nima qilmog‘imiz kerak?

Buning uchun axloqimizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloqlari kabi xulqlantirishimiz, hayotimiz, turmush tarzimiz, oilamizga U Zot sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarini joriy qilishimiz va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘gitlari asosida umr o‘tkazishimiz kerak. Bularni o‘rganish uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tanishimiz zarur. Ko‘rishmaganmiz-ku, deyishimiz mumkin. U Zotni tanishimiz siyratlari, hayot yo‘llari va shamoillarini o‘qib, o‘rganish orqali bo‘ladi. Yana salavotlarni ko‘paytirish ham muhabbatning belgilaridan.

Vaqtni qo‘ldan boy bermang! Siz ilm olish yoki yetkazish uchun ilk qadamni tashlang, baraka Allohdan!

Allohumma solli a’laa sayyidinaa Muhammad va a’laa aali sayyidinaa Muhammad!

Nodirbek NISHONOV,

Farg‘ona shahar “Muhammad avliyo” masjid imom-noibi

Manba: Fargonaziyo

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kech uxlash umrni qisqartiradi

25.08.2026   27487   1 min.
Kech uxlash umrni qisqartiradi

Tadqiqotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 58 foizi uyqusizlikdan aziyat chekmoqda. Buning birinchi sababi gadjetlar doimiy tomosha qilish oqibatida kechki soat 23:00 dan keyin uxlashga odatlanishdir. 
 

Kech uxlash sog‘liqqa bir qancha xavf tug‘diradi.


Jigar va boshqa a’zolar o‘zini tiklay olmaydi. Inson organizmidagi barcha a’zolar tunda, ayniqsa, soat 22:00–02:00 oralig‘ida faol tiklanish jarayoniga kirishadi. Xususan, jigar soat 23:00 dan keyin tanani faol tozalash (detoksikatsiya) vazifasini bajaradi. Agar inson u paytda uxlamagan bo‘lsa, vazifa to‘liq bajarilmaydi. Bu esa charchoq, bezovtalik, tushkunlikka olib keladi.


Gormonlar muvozanati buziladi. Uyqu vaqtida, ayniqsa, soat 22:00–01:00 orasida o‘sish gormoni (melatonin va somatotropin) ishlab chiqariladi. Bu gormonlar immunitetni ko‘tarish, teri va hujayralarni tik lash, stressni kamaytirishga xizmat qiladi. Agar uxlash kechiksa, bu gormonlar kama yib boradi.


Aqliy faoliyat susayadi. E’tiborni jamlash, eslab qolish qobiliyatining pasayishi aynan o‘z vaqtida uxlamaslik bilan bog‘liq. Oqibatda ish unumdorligi yomonlashib, sifatli o‘qishga ham salbiy ta’sir qiladi.


Ruhiy muvozanat buziladi. Soat 23:00 dan keyin uxlaydigan insonlarda depressiya, qo‘rquv, ruhiy zaifliklar ko‘p kuzatiladi.


Yurak urish muvozanati yomonlashadi.


So‘nggi yillarda yurakqon tomir kasalliklari ham ko‘payib, ham “yosharib bormoqda”. Kam va o‘z vaqtida uxlamaslik yurakni zo‘riqtirib, umrning qisqarishiga sabab bo‘lmoqda. Yurakni davolash uchun o‘z vaqtida uxlash kerak.


Eng foydali uyqu esa soat 22:00 dan 05:00 gacha bo‘ladi. Chunki aynan shu soatlarda uyqu fazalari mukammal kechadi.


Internet manbalari asosida tayyorlandi.

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 8-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

O'zbekiston yangiliklari