«Hilol-nashr» matbaa-nashriyoti va G‘avsoniy noshirlik uyi o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik munosabatlari 2018 yilning iyul oyida boshlangan hamda ushbu nashriyotlar o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. Mazkur shartnomadan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda Mus'hafi sharifning yangi nusxasini chop qilishdan iborat. Unga ko‘ra, G‘avsoniy noshirlik uyi tomonidan «Hilol-nashr» nashriyotiga Mus'hafni chop etish huquqi bilan birga uning maxsus nusxasi bepul taqdim qilingan edi.
Ushbu Mus'haf nusxasining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, uning xati butun dunyo musulmon xalqlari o‘rgangan Madina Mus'hafining eski nusxasiga, sahifa va qatorlariga to‘liq mos keladi. Vaqf alomatlari esa, eng so‘nggi nusxadagi Mus'hafdan olingan bo‘lib, G‘avsoniy noshirlik uyi uchun mashhur xattot Usmon Toha tomonidan maxsus yozib berilgan. «Hilol-nashr» nashriyoti ham mazkur nusxa asosida o‘zining maxsus nusxasini tayyorladi. Yozuvlar G‘avsoniy noshirlik uyidan olingan nusxaga to‘liq mos bo‘lgan holda oyat raqamlarining gardishlari har bir sahifaning atrofidagi naqsh va boshqa bezaklar mohir naqqosh Farrux G‘afforov hamda dizayner Uyg‘un Solihovlar tomonidan o‘zbek milliy naqshlari bilan almashtirildi. Navbatdagi chop etilishi kutilayotgan Mus'hafi sharif sahifalarining rangi sariq hamda och sariq rangda Qur’on tilovat qiluvchilarga taqdim etiladi, InshaAlloh. Keyinroq, ushbu mus'hafi sharifni siz azizlarga yana ham qulay bo‘lishi uchun har xil o‘lchamda chop etish rejalashtirilgan.
Mus'hafning dastlabki nusxasi tayyor bo‘lgach, G‘avsoniy noshirlik uyi tomonidan yangi nusxaning badiiy saviyasini, naqshlarini o‘rganib chiqildi va yuqori baholandi. Shundan so‘ng, yangi Mus'haf nusxasi bir yarim oy davomida maxsus nazorat guruhi tomonidan sinchiklab, harfma-harf, so‘zma-so‘z tekshirib chiqildi. Tekshiruvda hech qanday sahv-xatolar yo‘qligi tasdiqlangach, «Hilol-nashr» matbaasiga ushbu yangi nusxani chop etishga ruxsat berildi.
Mazkur shartnomaga asosan, «Hilol-nashr» matbaa-nashriyoti ushbu yangi Mus'hafni Markaziy Osiyo davlatlari hamda Rossiyaga tarqatish huquqini ham qo‘lga kiritgan. Ushbu xayrli ishning yana bir diqqatga sazovor jihati shundaki, «Hilol-nashr» matbaasi mazkur yangi Mus'hafni ustama narx qo‘ymay, tan narxda sotishga qaror qilgan. Qolaversa, G‘avsoniy nashriyoti ham bu ulkan xizmatning savobidan bahramand bo‘lish maqsadida moliyaviy daromaddan voz kechdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Padari buzrukvorim qoddasallohu sirroh aytar edilar: "Uyda ba’zi narsalar umumiy bo‘ladi, ulardan hamma foydalanadi. Faqat ularni ishlatib bo‘lgach, tayin qilingan joyga qo‘yish kerak. Misol uchun choynak, piyola, sovun...".
Hammasining tayin joyi bor. Shu o‘rinda muhim gap bor — bu narsalarni ishlatib bo‘lgach, joyiga qo‘ymaslik gunohdir! Ammo biz bu gunohdan bexabarmiz. Chunki har kuni takrorlanaverib, odatiy holga aylanib qolgan. Kimdir o‘sha kerakli narsani ishlatmoqchi bo‘lib, topa olmasa, tabiiy, mashaqqat va ozor chekadi. Biror musulmonga aziyat berish esa, gunohi kabiradir. Hech birimizning xayolimizga bu ishning ham gunoh ekani kelmagan bo‘lsa kerak. Biz narsalarni joyiga qo‘yishni dinga aloqasiz, balki dunyoga tegishli, uyni tartiblashga oid ish deb o‘ylab kelganmiz.
Yodda tuting! Din ko‘rsatmasi bo‘lmagan hayotning biror go‘shasi yo‘q. Barchamiz xolis qaraylik, shu narsaga e’tibor beramizmi, o‘zgalarga aziyat yetmasligi uchun umumiy narsalarni ishlatgandan keyin ularni tayin qilingan joyiga qo‘yamizmi? Aslida, bu narsalar arzimagandek tuyuladi, lekin unga bee’tiborlik sababli gunohlarga mubtalomiz. Sababi, biz dinni to‘la tushunmaymiz, uning uchun qayg‘urmaymiz, ko‘pchiligimizda Alloh taoloning huzurida turish hissi yo‘q. Ikkinchi tarafdan, johillik va bexabarlik ham ancha urchigan.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan