Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Avgust, 2026   |   8 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:12
Quyosh
05:38
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:18
Xufton
20:39
Bismillah
21 Avgust, 2026, 8 Rabi`ul avval, 1448

12.07.2019 y. Haj va umra – muborak ibodat

10.07.2019   8227   16 min.
12.07.2019 y. Haj va umra –  muborak ibodat

بسم الله الرحمن الرحيم

HAJ VA UMRA  MUBORAK IBODAT

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي فَرَضَ عَلىَ عِبَادِهِ حَجَّ بَيْتِهِ الْحَرَامِ ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا سَيِّدِ الأَنَامِ ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ اَجْمَعِينَ أَمَا بَعْــدُ

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, haj amali – Islom dinimizning besh asosiy farzlaridan biridir. Haj – moliyaviy va jismoniy ibodat bo‘lib, qodir bo‘lgan mo‘min-musulmon kishi umrida bir marta ado etishi farzdir.

Lug‘atda “haj” – “hurmatli narsaning ziyoratini qasd qilish”dir.

Shariatimizda “haj” – “belgilangan joylarda, muayyan vaqtlarda maxsus amallarni bajarish”dir (“Nurul izoh”).

Haj hijriy sananing to‘qqizinchi yilida farz bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘ninchi hijriy yilda haj qildilar.

Hajning farzligi Qur’oni karim, sunnati sharif va ijmo’ bilan sobit bo‘lgan. Haj qilmoqchi bo‘lgan shaxs balog‘atga yetgan, aqli raso, sog‘lom, safar xarajatlariga qodir, hajga borib kelguniga qadar o‘z qaramog‘idagilarni nafaqa bilan ta’minlagan bo‘lishi kerak. Yo‘llar ochiq va bexatar bo‘lishi ham shart qilinadi.  Ayol kishiga esa – yuqoridagi shartlar bilan birga eri yoki biror mahrami hamroh bo‘lishi lozim. Kimda mana shu shartlar topilsa, unga haj farz bo‘ladi. Qur’oni karimda hajning farzligi haqida  shunday deyilgan:

فِيهِ آَيَاتٌ بَيِّنَاتٌ مَقَامُ إِبْرَاهِيمَ وَمَنْ دَخَلَهُ كَانَ آَمِنًا وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ اللَّهَ غَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ 

ya’ni: “Unda aniq alomatlar – «Maqomi Ibrohim» bordir. Unga (Ka’baga) kirgan kishi omonda bo‘lur. Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir. Kimda-kim (buni) inkor etsa, bas, albatta, Alloh olamlardan behojatdir” (Oli Imron surasi, 97-oyat).

Hajning farzligini bildiradigan bir qancha hadislar rivoyat qilingan. Jumladan, “Islom besh narsa ustiga bino qilingan...” (Muttafaqun alayh), hadisida hajning farzligi ochiq bayon qilingan. Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday buyuradilar:

حُجُّوا فإِنَّ الحَجَّ يَغْسِلُ الذُّنُوبَ كما يَغْسِلُ المَاءُ الدَّرَنَ

(رَوَاهُ الإمَامُ الطَّبَرانِي عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ جَرَادٍ رضي الله عنه)

ya’ni: “Haj qilinglar! Chunki haj xuddi suv kirni yuvgani kabi gunohlarni yuvadi”(Imom Tabaroniy rivoyati).

Hajga aloqador boshqa oyatlar ham bor:

وَأَتِمُّوا الْحَجَّ وَالْعُمْرَةَ لِلَّهِ فَإِنْ أُحْصِرْتُمْ فَمَا اسْتَيْسَرَ مِنَ الْهَدْيِ

ya’ni:Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting! Agar (kasallik yoki qaroqchilar tufayli) qurshovda qolsangiz, qurbingiz yetgan biror (bo‘taloq, sigir, qo‘y kabi) jonliq so‘ying(Baqara surasi, 196-oyat).

Quyidagi oyati karimada hajda kishi o‘zini qanday tutishi, qanday tayyorgarlik ko‘rishi kerakligi zikr qilingan:

الْحَجُّ أَشْهُرٌ مَعْلُومَاتٌ فَمَنْ فَرَضَ فِيهِنَّ الْحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي الْحَجِّ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ 

ya’ni:Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar!(Baqara surasi, 197-oyat). Oyatning mazmuniga ko‘ra, hajga boruvchi kimsa taqvo bilan ziynatlanib, bajarayotgan amallarini chiroyli ado etishga harakat qilishi kerak. Qolaversa, hajning sanoqli kunlarini oxirati uchun zaxira bo‘ladigan amallar bilan o‘tkazishga oshiqishi lozim.

Haj – qadimiy buyuk bir ibodatdir. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga odamlarni hajga chorlashni buyurdi. Bu chaqiriqqa “labbay” deganlar ulug‘ ibodatni amalga oshiradilar va ko‘pdan-ko‘p manfaatlar ko‘radilar. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

وَأَذِّنْ فِي النَّاسِ بِالْحَجِّ يَأْتُوكَ رِجَالًا وَعَلَى كُلِّ ضَامِرٍ يَأْتِينَ مِنْ كُلِّ فَجٍّ عَمِيقٍ لِيَشْهَدُوا مَنَافِعَ لَهُمْ وَيَذْكُرُوا اسْمَ اللَّهِ فِي أَيَّامٍ مَعْلُومَاتٍ عَلَى مَا رَزَقَهُمْ مِنْ بَهِيمَةِ الْأَنْعَامِ فَكُلُوا مِنْهَا وَأَطْعِمُوا الْبَائِسَ الْفَقِيرَ 

ya’ni:Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin! (Shunda) ular senga (Ka’baga) piyoda va har qanday tuyada uzoq yo‘llardan kelurlar. Ular o‘z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo‘lish uchun va ma’lum kunlarda (Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga (qurbonlik uchun so‘yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o‘zlaringiz ham yeyaveringiz, bechora kambag‘allarga ham yediringiz!” (Haj surasi, 26-27-oyatlar).

Hajning va umraning o‘ziga xos mashaqqati va sarf-xarajatlari bor, ularning mukofoti ham shunga yarasha ulug‘dir. Bu haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

العُمْرَةُ إِلَى العُمْرَةِ كَفَّارَةٌ لِمَا بَينَهُمَا ، وَالحَجُّ المَبْرُورُ لَيْسَ لَهُ جَزَاءٌ إِلاَّ الجَنَّةَ

متفقٌ عَلَيْهِ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه 

ya’ni: “Bir umra bilan (keyingi) umra – oradagi gunohlarga kafforatdir. Mabrur hajning mukofoti – faqat  jannatdir” (Muttafaqun alayh).

Umra Hanafiy mazhabimizda sunnati muakkada hisoblanadi (“Nurul izoh”). Uni yilning barcha vaqtida ado qilish mumkin. Faqat Arafa kuni va undan keyingi to‘rt kunda umra qilib bo‘lmaydi. Bu hadis qayta-qayta umra qilishning mustahab ekaniga dalildir. Demak, ixlos bilan qilingan umradan keyin yana bir umra qilinsa, bu ikkisi orada qilingan gunohlarga kafforat bo‘ladi. Hadisi sharifda mukofoti faqat jannat bo‘ladigan mabrur haj haqida gap ketmoqda. Mabrur haj xolis niyat bilan, halol topilgan mol evaziga qilinadi. “Hajji mabrur”ga erishmoqchi bo‘lgan kishi hajga ketishdan avval Alloh taolo oldidagi va bandalardan olgan qarzlarini ado qilishi, haj davomida esa uning shart-sharoitlari va odoblariga qat’iy rioya qilishi kerak.

Shuningdek haj davrida behayo so‘zlarni aytmay, fisqu fasod ishlarni qilmay yurish ham “hajji mabrur”ning shartlaridan hisoblanadi. “Hajji mabrur” qilgan kishilar xuddi onadan tug‘ilgandek begunoh holda uylariga qaytadilar. Payg‘ambarimiz  sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

مَنْ حَجَّ للهِ وَلَمْ يَرْفَثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمٍ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ

(رَوَاهُ الإمَامُ البُخَارِيُّ وَالإمَامُ أحْمَدُ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni: “Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, onasidan tug‘ilgandek gunohlardan pok bo‘lgan holda qaytadi” (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyati).

Hajning mukofoti ulug‘ligi bilan birga uni tark qilishning gunohi ham katta. Hazrati Umar raziyallohu anhu shunday deydilar:

مَنْ أَطَاقَ الْحَجَّ فَلَمْ يَحُجَّ، فَسَوَاءٌ عَلَيْهِ يَهُودِيًّا مَاتَ أَوْ نَصْرَانِيًّا

(رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو بَكْرٍ الإِسْمَاعِلِيُّ)

ya’ni: “Kim haj qilishga qodir bo‘la turib, uni ado qilmasa, u uchun yahudiy bo‘lib o‘lishning ham, nasroniy bo‘lib o‘lishning ham farqi yo‘q” (Imom Abu Bakr Ismoiliy rivoyat qilgan).

Hurmatli jamoat! Keyingi yillarda hojilarimizga yaratilayotgan sharoitlar kundan-kunga yaxshilanib bormoqda. Shunday ne’matlarga shukrona o‘laroq, hajni maqsad qilib turgan vatandoshlarimiz muborak safar davomida, doimo go‘zal odob, chiroyli muomala, boshliqlarga itoat kabi me’yorlarga rioya qilishlari lozimdir. Zero, muborak safar davomida hojilarimiz butun xalqimiz va diyorimizning yuzi bo‘ladilar.

Haj ibodatini bajarish hammaga ham nasib qilaveradigan amallardan emas. Shuning uchun bu ulug‘ safarni niyat qilgan yurtdoshlarimiz hajning mohiyatini yaxshi tushunib olishlari, uni ado etish tartiblarini puxta o‘zlashtirishlari, safar odoblariga qat’iy rioya qilishlari talab etiladi.

Haj ziyoratiga otlangan kishilar zimmalaridagi hajning farz, vojib va sunnat amallarini iloji boricha jamoat bilan, o‘z vaqtida ado etishga g‘ayrat qilishlari – muborak dinimiz ko‘rsatmasi va shariatimiz talabidir. Ko‘proq Qur’on tilovati, nafl ibodatlar, zikr va istig‘for aytish, yordamga muhtoj kishilarga ko‘mak berish kabi savobli ishlarni qilishlari zarur.

Yana safar davomida iloji boricha bilimdon va solih kishilarga yo‘ldosh bo‘lish, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya qilgan duolarni yodlab, o‘qib yurishga intilish ham maqbul amallardandir. Haj davomida g‘iybat, bekorchi gaplar, ishboshi va hamrohlarga til bilan ozor berishdan saqlanish shart. Zero, Harami sharifga kirgan, ehrom o‘ragan har bir hoji urush-janjal, behayo so‘zlar, o‘zgalarni haqorat qilishdan hazar qilishi kerak. Hatto, mayda jonivorlarni o‘ldirish, Haramdagi o‘t-o‘lanlarni yulish mumkin emas. Bu ishlar hajda “jinoyat” deb hisoblanadi. Modomiki, kichik hasharot, o‘t-o‘langa zarar yetkazish “jinoyat” ekan, tashkilotchilar va hamrohlarning qalbini achchiq so‘zlar bilan jarohatlash, dilini og‘ritish va xafa qilish ikki karra “jinoyat” emasmi?! Bu haqda muborak safarga chiqishdan avval yaxshigina o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Mavlono Jaloliddin Rumiy bu haqda shunday deydilar:

Ka’ba – bunyodi Xalili Ozar ast,

Dil – nazargohi Jalili Akbar ast.

ya’ni: 

Ka’ba – Ibrohim Xalil bunyodi erur,

Qalb – Alloh taoloning nazargohidur.

Shuni ta’kidlash lozimki, hoji bo‘lish – sharaf, shu bilan birga katta mas’uliyat hamdir. Chunki ulamolarimizning aytishlaricha, hajning qabul bo‘lish yoki  bo‘lmasligi hojining uyiga qaytganidan keyingi amallaridan bilinadi. Demak, hojilarimiz yurtimizga qaytganlarida bilim-ma’rifat, chiroyli xulq, odob-axloq va barcha ezgu ishlar va go‘zal fe’l-atvorda hammaga namuna bo‘lishlari lozimdir.

Aziz jamoat! Mav’izamizning davomini “Ayollarning masjidga qatnashi” mavzusidagi suhbat bilan yakunlaymiz.

Muqim ayollar farz namozlarni masjidga chiqib, jamoat bo‘lib o‘qishlariga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir qancha shartlar bilan ruxsat bergan edilar. Masalan, xotin kishi masjidga borganda erkaklarga aralashmasligi, o‘ziga oro berib, hushbo‘y narsa surmasligi kabi shartlar qo‘yilgan edi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ayollarni Allohning masjidlaridan man qilmangiz. Lekin ular (masjidga chiqsalar) xushbo‘ylanmagan holda chiqsinlar”, – deganlar. (Imom Abu Dovud rivoyati).

Bu hadisda erkak kishilarga ayollarning jamoat namoziga chiqishidan qaytarmasliklarini buyurilib, ayollarni begona erkaklar e’tiborini o‘ziga tortuvchi barcha omillarni qilishdan qaytarilmoqda.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan so‘ng,  Hazrati Umar raziyallohu anhuning davrida ayollarni masjidga borishdan man qilindi. O‘sha davrda hayot bo‘lgan buyuk sahobalardan birortasi hazrati Umarning ushbu qaroriga e’tiroz bildirmadi. Ba’zi ayollar Oisha raziyallohu anho onamizga: “Payg‘ambarimiz davrlarida man qilinmagan narsa hozirga kelib man qilindi”, – degan ma’noda shikoyat qilganlarida Oisha raziyallohu anho onamiz shunday deganlar:

لَوْ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَأَى مَا أَحْدَثَ النِّسَاءُ؛ لَمَنَعَهُنَّ الْمَسْجِدَ كَمَا مُنِعَتْ نِسَاءُ بِنِي إِسْرَائِيلَ

Agar Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham biz guvohi bo‘layotgan keyingi ayollarning holatini ko‘rganlarida, ularni xuddi Bani Isroil ayollari (masjidga chiqishdan) man qilinganlaridek, albatta, masjiddan qaytargan bo‘lar edilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimizni fikrlaricha, Banu Isroil ayollariga ham bir vaqt ibodatxonaga borishga izn berilib, keyinchalik ulardan noshar’iy ishlar, jumladan, masjidda erkaklarga aralashish sodir bo‘lgandan keyin ibodatxonalarga borishlari man qilingan. Payg‘ambarimiz alayhissalom ayollarning yolg‘iz o‘qigan namozi fazilati haqida shunday deydilar:   

صلاةُ المرأةِ في مَخدعِها أفضلُ من صلاتِها في بيتِها، وصلاتُها في بيتِها أفضلُ من صلاتِها في حُجرتِها"

رَوَاهُ الإِمَامُ أبُو دَاوُدَ وَالإِمَامُ البَزَّارُ عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه 

ya’ni: “Ayol kishining hovlisidagi namozidan uyidagi namozi afzaldir. Uning uyidagi namozidan o‘ziga xos xonasidagi namozi afzaldir” (Imom Abu Dovud va Imom Bazzor rivoyati).

Demak, ayol kishi namozni qancha birovni ko‘zi tushmaydigan joyda o‘qisa, shuncha yaxshi bo‘lishi ta’kidlanmoqda. Chunki ayol ko‘rinadigan joyda namoz o‘qisa, nomahram  kishilarning ko‘zi tushib qolishi ehtimoli bor. Oqibatda esa boshqa noshar’iy ishlarga eshik ochiladi.

Yuqorida zikr qilingan va boshqa ko‘plab dalillarni o‘rgangan fuqaholarimiz quyidagi fikrlarni aytganlar:

Alloma Badruddin Ayniy “Imom Abu Hanifa rahimahulloh va ba’zi buyuk mujtahid imomlar fitna xavfi bo‘lmagan hollarda yoshi qari ayollar bomdod, shom, xufton namozlariga masjidga chiqishlariga ruxsat berganlarini, keyinchalik fisq-u fasod keng tarqagani sababli keyingi faqihlar hatto kampirlarni ham hech bir namozni, na tungi va na kunduzgi namoz bo‘lsin, masjidda o‘qishlari mumkin emasligini ta’kidlashgani”ni aytgan (“Al-Binoya sharhul-Hidoya”).

Yosh qiz va juvonlar masjidga chiqib, jamoat bilan namoz o‘qishini barcha faqihlar bir ovozdan man qilganlar. Jumladan,

Alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bu haqida shunday deydi:

“...Ayollarga namozni jamoat bilan ado qilish vojib bo‘lmaydi. Chunki ayollarning jamoat namozlariga chiqishida fitna bordir” (“Badoye’us-Sanoye’”). 

Muhaqqiq olim Mulla Ali qori rahimahulloh bu masalani atroflicha bahs qilib, quyidagi xulosani aytgan:

وَالْمُخْتَارُ: مَنْعُ العَجُوزِ عَنْ حُضُورِ الْجَمَاعَةِ فِي جَمِيعِ الأَوْقَاتِ فَضْلاً عَنِ الشَّابَّةِ

“Ixtiyor qilingan gap shuki, barcha namozlarga nafaqat yosh qiz, balki, kampirlarni masjidga kelishlaridan man qilinadi” (“Fathu babil-inaya”).

Demak, Hanafiy mazhabi ulamolariga ko‘ra, ayollar xoh yosh, xoh qari bo‘lsin, jamoat namozlarida ishtirok etishlari hamda juma va hayit namozlariga chiqishlari mumkin emas.

Shuni eslatib o‘tish lozimki, Haj va Umra ziyoratiga borgan ayollar o‘z mahramlari bilan birgalikda u yerdagi jamoat namozlarda ishtirok etishlari mumkin. Bu – muborak Ikki haramning o‘ziga xos fazilati sabablidir. Alloh taolo muborak haj safariga hozirlik ko‘rayotgan barcha yurtdoshlarimizga haj ibodatlarini  to‘la-to‘kis ado etib, yurtimizga sog‘-salomat holda qaytib kelishlarini muvaffaq aylasin! Omin!

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “HASAD VA GINA –HAMJIHATLIK ZAVOLI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

14.08.2026   24643   6 min.
Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

Xorazmlik yosh mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning Aristotel fizikasiga bildirgan tajribaviy e’tirozlari va Ibn Sino bilan yozishmalari X-XI asrlar bo‘sag‘asida Markaziy Osiyoda shakllangan mustaqil tanqidiy ilmiy fikrning eng yorqin namunasi hisoblanadi, xabar bermoqda O‘zA.

X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.

Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.

Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.

Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.

Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.

Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.

Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.

Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar