Sayt test holatida ishlamoqda!
29 May, 2025   |   2 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:54
Peshin
12:25
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:25
Bismillah
29 May, 2025, 2 Zulhijja, 1446

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning hijratlari

04.07.2019   30237   23 min.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning hijratlari

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hijratga sho­shilmadilar. O‘zlari bilan Abu Bakr Siddiq (roziyallohu an­hu) va Ali (roziyallohu anhu)ni olib qoldilar. Abu Bakr (roziyal­lo­hu an­hu) Yasribga hijrat qilish uchun ijozat so‘raganlarida:

“Sabr qiling, balki Alloh sizga bir hamroh berib qolar”, deb Abu Bakr (roziyallohu anhu)ning safarini orqaga surdilar.

Abu Jahl va uning sheriklari Islom Makkadan tashqariga tarqalib, Yasrib aholisi orasida kengayib ketayotganidan juda qo‘r­qar edi. Buning ustiga musulmonlar Yasribga hijrat qila­yotgani, ularni yasribliklar eski qadrdonlardek, mehmonnavoz­lik bilan quchoq ochib kutib olishayotganini eshitganlaridan keyin, agar Muhammad ham Yasribga ketib qolsa va u yerda musul­monlarni birlashtirib, ularga o‘zi boshchilik qilsa, bu dush­manni keyin yengib bo‘lmaydi, katta xavf-xatarga qolamiz, Mak­ka tijorati uchun Shom yo‘li ham bekiladi, degan vahima mush­rik­larni chulg‘ab oldi.

“Muhammad kuchayyapti, butun atrof unga ishonyapti, bu katta tahlikadir, uni o‘ldirib, bu tahlikaning oldini olaylik”, de­yishdi.

Mushriklar maslahatga to‘planib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni qanday usul bilan yo‘qotish ustida bosh qo­ti­rishdi. Ularga Abu Jahl bunday maslahat berdi:

“Quraysh qabilasining hamma urug‘laridan bittadan odam tanlanadi. Ular keskir qilichlar bilan qurollanib, bir paytda Ra­suli akram (sollallohu alayhi va sallam)ga hujum qiladi va ba­ravar zarba bilan o‘ldiradi. Kim o‘ldirgani aniq bo‘lmagach, hoshimiylar da’vo qilolmaydi va diya (xun haqi) olish bilan kifoyalanadi”.

Abu Jahlning bu taklifi bir ovozdan qabul qilindi. Mush­riklar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning uylarini o‘rab oldi. Jabroil (alayhissalom) bu voqeadan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni xabardor qildi. Payg‘ambari­miz (sollallohu alayhi va sallam) hazrat Ali (roziyallohu anhu)­ni chaqir­tirib, unga:

“Men Madinaga ketyapman. Bu omonatlarni ertaga egalariga topshirib, mendan keyin bu yerda qolmasdan, sen ham yo‘lga chiq! Bu kecha mening o‘rnimga kirib yot! Mening yopinchig‘im bilan o‘ran!” dedilar. Keyin shu kecha xonalaridan chiqib, Yosin surasidan:

«Yana ularning oldilaridan bir to‘siq (parda)ortlaridan bir to‘siq (parda) qilib,ularni o‘rab qo‘ydikBasular «ko‘ra» olmaslar» (Yosin, 9), oyati karimani o‘qib, yerdan bir siqim tuproq olib, mush­rik­lar­ning ustilaridan sochdilar va ularning oldidan o‘tib ketdi­lar. Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu)ning uyiga borib, piyoda Mak­ka­dan chiqib ketishdi.

Shu kun ikkovlon piyoda yurib Savr tog‘idagi g‘orga yetib bo­rish­di. U yerda bir necha kun turishdi. Quraysh kofirlari Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning chiqib ketganlarini bilgani­dan keyin, chor-atrofga odam yuborib, u kishini izlay boshladi. Qidiruvchilar g‘orning og‘zigacha bordi. Alloh taolo ularni g‘or ichiga kirishdan yiroq qildi. Holbuki, Rasululloh (sollallo­hu alayhi va sallam) va Abu Bakr (roziyallohu anhu) ularni ko‘rib tu­rishgan edi. Hattoki, Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) bir oz qo‘rqdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Abu Bakr­ga: “Qo‘rqmang, Alloh biz bilan birgadir”, dedilar.

Ertasiga dunyodagi eng sodiq ikki do‘st, bir necha kundan buyon Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) safarga tayyorlab, boqib tur­gan tuyalarga minib, birgalashib Yasrib tomonga qarab jo‘nab ke­tish­di. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

«Kofir bo‘lganlar sizni asir olish yo o‘ldirishyoki (yurt­dan) chiqarib yuborish uchunmakr qilganlarini eslang(Ular) makr qiladi, Alloh ham “makr qiladiAllohmakr qi­luv­chilarning yaxshisidir» (Anfol, 30).

Makkadan Madinaga yuradigan karvon qumliklar va tog‘lar orasidan o‘tadi hamda bir necha kunga cho‘ziladi. Shuning uchun ular turli qishloqlarda qo‘nib o‘tadi. Masalan: Makkadan chiqqan karvon Saniyatul G‘azol, Kadid, Xalis, G‘uddid, Kuliyya, Jo‘hfa, Badr, Ravjo va Zulhulayfa qishloqlarini bosib, so‘ng Yasribga ki­rib kelardi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hamrohlari bi­lan karvon yo‘lida mushriklarga duch kelib qolmaslik, ular­ni chalg‘itish uchun, karvon yo‘lini ba’zi joylarda kesib o‘tib, zan­jir hosil qilib safar qildilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alay­hi va sallam)ning safar yo‘llari avval Yasribga qarama-qarshi tarafga, ya’ni Savr tog‘iga bo‘ldi. U yerdan Huday­biyyaga bordilar, Batni Murra yaqinida karvon yo‘lini kesib o‘tib, Asfon yaqinidan o‘tdilar. Karvon yo‘lini yana Amaj qishlog‘i yaqinida kesib o‘tib, Ummu Ma’bad chodiriga yetdilar. Qarama-qar­shi karvon yo‘lini kesib o‘tib, Saniyatul Murra qishlog‘iga va u yerdan bir necha ki­chik-kichik qishloqlar oralab, Quboga yetib bordilar.

Yasribga avvalroq hijrat qilgan muhojirlar va ularga g‘am­xo‘rlik qilgan ansorlar shahar tashqarisiga chiqib, sevimli Pay­g‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni intizorlik bilan kutib turishardi.

Havo issiq, barcha musulmonlar o‘zlarini soyaga olgan edi. Za­rurat bilan qir tepasiga chiqqan bir yasriblik yahudiy uzoqdan bir to‘p qora kiyimlilar orasida oq libos kiygan ikki kishiga ko‘zi tushdi. Yasribliklar intizor bo‘lib kutayotgan kishilar shu­lar bo‘lsa kerak, deb beixtiyor: “Ey arab eli, baxtinglar keldi, iq­bolinglar ochildi”, deb baqirdi.

Shu kuni Yasrib yaqinida Shomdan qaytayotgan musulmonlar ti­jorat karvoni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga yo‘liqib qoldi, ularning boshlig‘i Zubayr ibn Avvom edi. Ular Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) va hamrohlarini ko‘rib: “Ey Allohning Rasuli, shahrimizga kelishingiz muborak bo‘lsin, yangilik bo‘lsin”, deb ikki oq libosni ikkovlarining us­tilariga kiygazib qo‘yishdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning kelayotganla­rini eshitgan musulmonlar soya-salqindan chiqib kelib, u zotga peshvoz chiqdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Yasribdan to‘rt chaqirim masofadagi Qubo qishlog‘iga kelib tushdilar. Bu kun milodiy sananing 622 yil, 20 sentyabr, Rabiul avval oyining o‘n ikkisi, dushanba kuni edi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Quboda bir ne­cha kun qolib ketdilar. U yerda Qubo masjidini bino qilish uchun joy hozirladilar. Sahobalar bilan birgalikda tosh jamlan­di. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlari masjid qib­lasini to‘g‘rilab, keyin muborak qo‘llari bilan mas­jid poydevoriga birinchi toshni qo‘yib berdilar.

Qur’oni karimda bu joy:

«Birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid» (Tavba, 108), deb zikr qilindi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) juma kuni qu­yosh chiqar paytida yuzga yaqin musulmonlar hamrohligida Yasrib shahri tomon yurdilar. Yarim yo‘lga borganda peshin namozining vaqti kirdi. Shu yerda musulmonlar uchun juma namozi farz bo‘l­di va birinchi juma namozi ham, birinchi juma xutbasi ham shu yerda o‘qildi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) shu kuni ham­du sanodan so‘ng: «Ey insonlar, salomatlik paytingizda oxira­ti­ngiz uchun tay­yorgarlik ko‘ringlar. Bilinglar, qiyomat kunida Alloh­ning huzuriga tarjimonsiz, vositachisiz borganingizda, Alloh sizga: “Senga mening Rasulim kelib ogohlantirmadimi? Men senga mol berdim, senga lutfu ehson qildim, o‘zing uchun qan­day hozirlik ko‘rding? Nafsing uchun nima hozirlading?” deb so‘raydi. Shunda o‘ng va chap tomoningizga qarab hech narsa topa ol­maysiz, so‘ngra old tomonga qaraysiz, jahannamdan boshqa hech narsa ko‘rmaysiz. Shunday ekan, har kim o‘zini, hattoki yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham, olovdan saqlasin, yaxshiliklar qilsin. Uni topa olmasa, go‘zal so‘z bilan o‘zini qutqarsin. Chunki yaxshi­lik­ning o‘n barobardan yuz barobargacha savobi bordir. Barchan­gizga Allohning salomi va rahmati bo‘lsin», dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) musulmonlar bilan birinchi jumani o‘qigan joylariga bugungi kunda “Jum’a” masjidi deb aytiladi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) juma namozi­dan keyin Yasrib shahriga yaqinlashdilar. Yasrib ahlining qalbi­ni Alloh allaqachon hidoyatga ochib qo‘ygan edi, Rasululloh (sol­lal­lohu alayhi va sallam)ni juda katta hurmat bilan kutib olish­di. Kattayu kichik, erkagu ayol ko‘chalarga, tomlarga chiqib, Saniyyatul Vado tepaligida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga ko‘z­lari tushishi bilan yuraklari jo‘shib, “Rasululloh”(Allohning ra­suli) keldi, deb sevinganlaridan jo‘r bo‘lib ohang bilan:

Tala’al badru alayna min saniyyatil vado’i,

Vajabash shukru alayna moda’a lillahi do’i,

Ayyuhal mab’usu fiyna ji’ta bilamril muto’i,

Ji’ta sharraftal Madinamarhaban yo xoyra do’i.

Tarjimasi:

To‘lin oy chiqdi bizlarga Vado tog‘ining ustidan,

Kerakdur shukrini aytmoq, bu dunyo boricha bizdan.

Kelibsizxush kelibsizey yubormish Alloh elchisi,

Kelib Madinani sharaflantirganmarhaboey mohir do’i.

deyishar edi. Xalq Saniyyatul Vado tepaligidan ko‘ringan Ra­sululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni o‘n to‘rt kunlik oyga o‘x­shatdi. Bir-birlarini tabriklashdi. Yasribda musulmonlar so­ni­ning ko‘payishini buyuk ne’mat deb bildilar. Ayniqsa, yosh qiz bolalar sevinch ko‘z yoshlari bilan:

“Biz qahramonlikda dong taratgan Bani Najjorning qiz­la­rimiz. Hazrati Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) biz bi­lan qo‘shni bo‘lganlari bilan faxrlanamiz”, deyishdi. Payg‘am­barimiz (sollallohu alayhi va sallam) bolalarga yaqin kelib: “Meni yaxshi ko‘rasizlarmi?” dedilar. Bolalar: “Jonu dilimiz bilan yaxshi ko‘ramiz”, dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ham bolalarning javoblaridan mamnun bo‘lib: “Men ham sizlarni sevaman”, dedilar.

Har bir yasriblik musulmon u kishini o‘z uyiga tushishlarini istab, taklif etardi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ularga:

“Tuyani o‘z holiga qo‘yinglar, u qayerda to‘xtasa, o‘sha yerda meh­mon bo‘lamiz”, dedilar. Tuya asta-sekin yurib, hozirgi Masjidi Nabiy qurilgan joyga kelib cho‘kdi. Bir ozdan keyin o‘rnidan tu­rib, Masjid minbari qo‘yilgan joyga borib cho‘kdi va bo‘kira bosh­ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Inshaalloh man­zilimiz shu yerdir”, dedilar va tuyadan tushib: “Bu yerga eng yaqin uy kimning uyi?” deb so‘radilar. Hozirda qabrlari Istan­bul­da bo‘l­gan Abu Ayyub Ansoriy darhol Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga yaqin kelib: “Eng yaqin uy mening uyimdir, yo Rasululloh”, deb yuklarni ko‘tarib, o‘z uyi tomon boshladi. Pay­g‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam):

«Yana aytEy RabbimMeni bir muborak manzilga tu­shirginSen (manzilga) tushiruvchilarning yaxshisidirsan”» (Mu’minun, 29), deb duo qildilar va Abu Ayyubning orqasidan yur­dilar. Tuya cho‘kkan joyning haqini to‘lab, sotib oldilar va u yerga masjid, yoniga esa oilalari uchun hujralar qurishni buyurib, o‘z­lari to masjid qurilgunga qadar Abu Ayyubning uyida turdilar.

Hijratning ikkinchi yili, safar oyida masjid qurib bit­kazildi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) masjid yonida o‘zlari uchun qurilgan alohida xonalarga ko‘chib o‘tdilar. Bu xonalar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning “az­vo­ji mutahharot”lari uchun qurilgan bo‘lib, ular“saodat huj­rala­ri” deyilar edi. Oysha onamiz (roziyallohu anho) ana shu huj­ra­lar­ning birida turgan, yosh bo‘lsa-da, Abu Bakr Siddiq (rozi­yal­lo­hu anhu)dek ulug‘ sahobaning xonadonlarida tarbiya ko‘r­gan far­zand eka­nini har bir qadamda izhor qilgan va Payg‘am­ba­ri­miz (sol­lal­lohu alayhi va sallam)ning muhabbatlarini qozo­nish­ga mu­yassar bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sal­lam) bi­lan birga yasha­gan to‘qqiz yillik hayotlari davomida va­hiy­ga sho­hid bo‘lib, ko‘p ilm o‘rgandi va sahobalar orasida ulug‘ mu­fas­sir­lar hamda fiqh bi­limdonlari qatoridan joy oldi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarining ko‘pchiligi dehqonlar va savdogarlar edi. Ular Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bilan faqat namoz vaqtlaridagi­na ko‘risha olardi.

Shuning uchun masjidning yoniga bir suffa ham qilinib, uning usti kapa shaklida yopildi va u suffada faqir sahobalar, boshpanasiz g‘ariblar yashay boshladi. Ular doim masjidda bo‘lar, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning yonlaridan hech ajralmas edi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) ham Suffa as­hob­laridan edi. Ular doim Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning yonlarida bo‘lib, din ta’limini o‘rganishar, va­hiylar­ni birinchi bo‘lib tinglashar, Qur’on va hadisni o‘rga­nishar edi. U joy alohida o‘ziga xos maktab bo‘lib, bu maktab­ning darsxonasi masjid, maskani Suffa, talabalari Suffa as­hob­lari va muallimi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sal­lam)­ning o‘zlari edilar. Suffa as'hoblari butun hayotlarini din va ilmga baxshida etgan edi. Islom ilmlarining dastlabki mak­tabi shu tariqa tabiiy va sodda holda bunyod etildi. O‘ziga to‘q bo‘l­gan sahoba­lar bu yerda istiqomat qiladigan tolibi ilmlar – “ah­li suffa”larga qarar va oziq-ovqatlaridan xabar olib turardi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Madinadan tash­qari biror yerga muallim yubormoqchi bo‘lsalar, Suffa as­hob­laridan birini tanlab yuborar edilar.

Payg‘ambar masjidining qurilishi bitgandan keyin masjid jamoasini jamoat namozlariga chaqirish muammosi paydo bo‘ldi. Masjidga yaqin mavzelarda yashovchi musulmonlar namozga avvalgi vaqtda kelib olishar, uzoqdagilar yetib kelguncha kutishga maj­bur bo‘lishar edi. Bu hol jamoatga og‘irlik qila boshladi. Juma va boshqa farz namozlarni o‘z vaqtida bildiradigan bir alomatga muhtoj bo‘lishdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarni mashvaratga yig‘dilar. Ba’zilar qo‘ng‘iroq chalishni, yana ba’zilar karnay chalishni, uchinchilari esa tepalikka olov yoqishni taklif qildi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam), bu odatlar yahudiylar, nasroniylar va majusiylarning odatlari ekanini aytib, ma’qul ko‘rmadilar. Mashvarat ahli, hozircha Bilol habashiy baland ovoz bilan: “Namozga, namozga!” deb chaqirib turishiga ittifoq qilib tarqaldi. Shu kuni kechasi ansorlardan biri Abdulloh ibn Zayd tush ko‘rdi va darhol kelib ko‘rgan tushini Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga aytib berdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xur­sand bo‘lib: “Inshaalloh, haq tush ko‘ribsan. Ko‘rganingni Bilol­ga aytib tur, uning ovozi senikidan balandroq, azonni u ayt­sin!” dedilar.

Bilolning azon tovushini eshitib, Umar (roziyallohu anhu) ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurla­riga kelib, shunday tush ko‘rganini aytdi. Ayni shu paytda Jab­roil (alayhissalom) azon haqida vahiy ham keltirgan edi. Shun­day qilib, azon namoz vaqti va din erkinligining alomati si­fatida joriy etildi. Azon lafzlari eshitganlarga Allohning yagonaligini, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning haq­ligini e’lon etish bilan birga, namozning ulug‘ ibodat va najot topishning asosiy yo‘rig‘i ekanini eslatadi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning hijrat­larigacha Yasrib deb atalgan shahar, u zot kelganlaridan so‘ng “Madinatun Nabiy”, ya’ni “Payg‘ambar shahri” yoki “Madinatul mu­navvara”, ya’ni “Payg‘ambar kelishlari bilan nur olgan shahar”, deb nomlandi. Bu nomlar qisqartirilib, faqat “Madina” shakli­gina qoldi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kel­ganlaridan keyin, bu yerda katta o‘zgarish sodir bo‘ldi. Hamma musulmonlar Madinaga ko‘chib kela boshladi. Ilgari Makka arab­lariga kuchli adovati bo‘lgan Avs va Xazraj qabilalari yoppasiga musulmonlikni qabul qilib, hijrat qilib kelgan makkaliklar­ga g‘amxo‘rlik va mehribonlik ko‘rsatar edi. Payg‘ambarimiz (sol­lallohu alayhi va sallam) ansorlar va muhojirlar o‘rtasida “muoxot”, ya’ni bir-birlari bilan “qardoshlik ahdlashuvi” or­qali diniy birodarlik rishtalarini mustahkamlaganlaridan keyin, madinalik musulmonlar makkalik musulmonlarni uy­lariga olib borishlari, mol-mulklarini baham ko‘rishlari za­rur bo‘ldi. Bu din qardoshligi tug‘ishgan qarindoshlikdan ham afzal edi. Ansorlar hayotlik paytidagina muhojirlarga yordam ko‘rsatmasdan, balki o‘layotgan paytida ham din qardoshiga me’­rosidan ulush berishi lozim edi. Muhojirlar va ansorlar o‘r­ta­sidagi bu qardoshlik Qur’oni karim oyatlari bilan mus­tah­kamlandi:

«Albattaimon keltirganhijrat qilganmollari va jonlari bilan Alloh yo‘lida(dushmanga qarshi) kurashgan va (muhojirlarga) joy berib yordam ko‘rsatgan(madinalik ansor)­laraynan o‘shalar birbirlariga do‘stdirlar» (Anfol, 72).

Madinada Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga va musulmonlarga do‘st ikki qabila bilan birga ikki ashaddiy dush­man toifasi ham bor edi, ularning birinchisi Avs va Xazraj qa­bi­lasi orasidan chiqqan munofiqlar bo‘lib, bu toifaning bosh­lig‘i Abdulloh ibn Ubay ibn Salul edi. Payg‘ambarimiz (sol­lal­lohu alayhi va sallam) Madinaga kelmaslaridan avval Xazraj zoda­gonlaridan bo‘lgan Abdulloh ibn Ubay qabila raisligiga sayla­nish arafasida edi, bu ish amalga oshmadi. Ikki qabila ahli ham musulmonlikni qabul qilib Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga itoat qilishi va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni yaxshi ko‘rishi Abdulloh ibn Ubay hamda uning taraf­dor­lari qalbida adovat, nifoq olovi kuchayishiga sabab bo‘ldi. Muno­fiq­lar zohiran musulmonlikni qabul qilgan bo‘lsa-da, qalblarida eski butparastlik e’tiqodini saqlayotgan edi.

Ikkinchisi, Madina yahudiylari: Falastindan kelib qolgan Bani Qurayza, Bani Qaynuqo’ va Bani Nazir nomli uchta qabila bo‘lib, ular munofiqlardan ham xavfliroq edi.

Yahudiylar azaldan Makka arablari bilan juda mustahkam sav­do aloqalarini o‘rnatgan edi. Madinadagi bu ikki ashaddiy dush­man kuchi Islomga qattiq xavf-xatar solib turardi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ehtiyot chorasini ko‘rib, xavfning oldini olish va Islom bag‘rikengli­gini izhor qilish maqsadida ansorlar va muhojirlarni bir-bir­lariga qanday qarindosh tutintirgan bo‘lsalar, ansorlar bi­lan yahudiylar orasida “Hamyurtlik, vatandoshlik” ahdnomasini tuzdirdilar.

Shunday qilib, hijratning birinchi yilida quyidagi muhim voqealar sodir bo‘ldi:

  1. Juma namozi farz qilindi.
  2. Payg‘ambar masjidi qurildi.
  3. Azon mashru’ bo‘ldi.
  4. Muhojirlar bilan ansorlar o‘zaro do‘stlashtirildi.
  5. Yahudiylar bilan tinchlik ahdnomasi imzolandi.
  6. Oysha onamizning to‘ylari bo‘ldi.

Payg‘ambar masjidlaridan keyin birin-ketin Madinada bosh­qa masjidlar ham qurila boshladi. Hamma masjidlarning qib­lasi Quddus tarafga qaratilgan bo‘lib, Payg‘ambarimiz (sollal­lohu alayhi va sallam) qiblaning Ka’ba tarafda bo‘lishini ju­da-juda xohlardilar. Ana shunday masjidlardan biri Bani Sala­ma urug‘i masjidida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) asr namozini jamoatga o‘qib berayotgan edilar. Namozning ik­kinchi rakatiga yetganlarida Alloh taolo oyat nozil qildi.

«Yuzingizni Masjidul Harom tarafga buring!» (Baqa­ra, 144) oyati karimasi bilan Alloh taolo musulmonlarning qib­lasi shu kundan e’tiboran Masdijul Harom tomonda bo‘lishini bu­yur­di. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) muborak yuzla­rini Quddus tarafdan Makka tarafga burdilar, jamoa ham o‘z saflarini to‘g‘rilab oldi, asr namozining qolgan ikki rakati­ni Masjidul Haromga qarab ado qildilar. Shu kundan e’tiboran ana shu masjid – “Masjidul qiblatayn”, ya’ni “Ikki qiblali mas­jid”, deb nom oldi.

Bu voqea hijratning ikkinchi yilida sodir bo‘lib, birin­chi­dan, musulmonlarning yahudiylar va nasroniylardan iborat ahli kitoblar bilan “qibla birligi” buzilgan bo‘lsa, ikkinchi­dan yaqinda Makka musulmonlar tomonidan fath etilishiga, Is­lom yuksak darajada ravnaq topishiga qat’iy ishora ham edi.

Hijratning birinchi yilida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) musulmonlar bilan yahudiylar orasida “ham­yurt­lik” ahdnomasini tuzdirgan bo‘lsalar-da, bu ahdnomaga amal qi­lishni yahudiylar istamayotgan edi.

Buning ustiga, tijorat hamkorlari bo‘lgan makkalik zodagon­lar ketma-ket odam yuborib, yahudiylarni musulmonlarga qarshi gijgijlashar, agar musulmonlar kuchayib ketsa, Madina orqali Shomga o‘tadigan tijorat yo‘llari bekilib qolishini aytib qo‘r­qitishar, shuning uchun musulmonlarni hali kuchaymasdan yo‘q qi­lish, imkon topilgan vaqtda o‘ldirishga tezlar edi. Shu sababli musulmonlarning hijratdan keyingi dastlabki yillari xavfu xatar bilan o‘tdi. Kechalari navbatchilik qilib, mijja qoqmay o‘ti­rishardi. Shuning uchun Madina atrofini qo‘riqlash maqsadi­da musulmonlardan birinchi posbonlar guruhi tuzildi va unga boshliq etib Abdulloh ibn Jahsh tayinlandi.

Yahudiylar va munofiqlardan har soniyada ehtiyot bo‘lish lo­zim edi. Buning ustiga qiblaning Masjidul Haromga o‘zgarishi Islom dushmanlari – yahudiylar, munofiqlar, mushriklarning g‘a­la­misligini oshirdi, adovatini kuchaytirdi. Natijada mu­sulmonlar Islom dushmanlariga qarshi bir necha bor katta-ki­chik urushlar olib bordi. Aslida, musulmonchilikka majburan emas, da’vat, amru ma’ruf va nahyi munkar bilan odamlarni, qa­bilalarni, millatlarni jalb qilishga Alloh buyurgan edi. Sa­ho­balar mushriklarga hujum qilish, zarba berish uchun Pay­g‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan ijozat so‘radi. Ammo Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Biz bunga buyu­rilmadik”, deb ruxsat bermagan edilar. Ammo mushriklar, mu­no­fiqlar va yahudiylarning tajovuzkorliklari haddan oshib bo­rishi, bir-birlari bilan musulmonlarga qarshi o‘zaro yordam­lashishga ahdlashuvlari, musulmonlar bilan qilgan ahdlarini buzganlaridan keyin, Alloh taolo musulmonlarga ham mudofaa uchun jang qilishga izn berdi:

«AlbattaAlloh imon keltirganlarni mudofaa qilurAl­battaAlloh barcha xoinva noshukrlarni suymas(Mush­rik­lar tomonidan) hujumga uchrayotgan(musulmon)largamaz­lum bo‘l­ganliklari sababli(jang qilishga) izn berildiAl­bat­taAlloh ularga yordam berishga qodirdir» (Haj, 38–39).

Janobimiz Muhammad (alayhissalom) Madinada 10 yildan or­tiq ilohiy vazifalarni ado etdilar. 12 yil Makkada jami sal kam 23 yil mobaynida payg‘ambarlik faoliyatlarini olib bordilar.

Olamlarga rahmat bo‘lib kelgan zot 632 yil dushanba kuni do­rulfanodan dorulbaqoga rihlat qildilar. Payg‘ambar (alay­his­salom) qamariy yil hisobi bo‘yicha salkam 63, shamsiy yil hiso­bida esa 61 yoshda olamdan o‘tganlar (ul zotga Allohning salavot va salomlari bo‘lsin).

Alloh taoloning mukarram bandasi, bashariyat ichida eng azi­zu mukarrami bo‘lgan Muhammad mustafo (sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambarlik burchlarini juda qisqa muddat ichida, a’lo darajada ado etib ulgurdilar. Biroq shu qisqa vaqt ichida oldin o‘tgan barcha payg‘ambarlarga nisbatan juda og‘ir, murakkab, azob-uqubatli yo‘lni bosib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz Muhammad (sol­lallohu alayhi va sallam) avvalo, Allohning bandasi, shu bi­lan birga savdogar, ibratli oila boshlig‘i, mushriklar ta’qibiga uch­ragan muhojir, mohir notiq, so‘zi ta’sirli voiz, adolatli qo­zi edilar. Ko‘p narsadan xabardor alloma, yetuk sarkarda, mashhur dav­lat arbobi, hatto, podsho bo‘la olgan, insu jinga yuborilgan pay­g‘ambar edilar.

Ul zotdan bashariyatga, maxluqotu mavjudotga zulmatdan yorug‘­likka, zalolatdan hidoyatga olib chiquvchi ikki buyuk nur qol­di. Biri Allohning kalomi – ilohiy vahiy bo‘lmish Qur’oni ka­rim, ikkinchisi ul zotning sunnatlari – insoniyatga foydali hik­mat­larga to‘la hadislari – vasiyatlaridir.

 

Usmonxon ALIMOVning

“Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak vasiyatlari” (1-jild) kitobidan

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Murojaat va takliflar tinglandi

28.05.2025   4919   1 min.
Murojaat va takliflar tinglandi

Bugun, 28 may kuni chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va takliflarini tingladi.


Qabul jarayonida Samarqand, Toshkent viloyatlari va poytaxtimizning turli tumanlaridan kelgan fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, ishga joylashish, oilaviy munosabatlar, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga mulohazalar atroflicha o‘rganildi.


Shuningdek, mas’ullarga tegishli masalalarni qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Murojaat va takliflar tinglandi Murojaat va takliflar tinglandi Murojaat va takliflar tinglandi Murojaat va takliflar tinglandi Murojaat va takliflar tinglandi
O'zbekiston yangiliklari