Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Avgust, 2025   |   13 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:53
Quyosh
05:24
Peshin
12:34
Asr
17:28
Shom
19:37
Xufton
21:01
Bismillah
07 Avgust, 2025, 13 Safar, 1447

"Ehson — sadaqa berish va yaxshilik qilishdir"

04.07.2019   14898   5 min.

Arab tilidagi “ehson” so‘zining ma’nolari ko‘p. “Ehson” deganda odatda birovga biror ne’matni berish va fazlu karam ko‘rsatish tushuniladi. Lekin “ehson” so‘zi lug‘atda “yaxshilik qilish, ezgulik ko‘rsatish” ma’nolarini ham anglatadi. Qur’onda ehsonning fazilati haqida zikr etish barobarida ehson qiluvchilarga beriladigan savob-mukofotlar, ularga yetadigan manfaatlar ham bayon etiladi:
ya’ni, “(Ey Muhammad), sizdan nima ehson qilishni so‘rashsa, “Nima ehson qilsangiz ham ota-onaga, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qiling, qanday yaxshilik qilsangiz ham Alloh uni albatta biladi», deng” (Baqara surasi, 215-oyat).


Haqiqatan, biror kishiga bir narsani ehson qilsangiz yoki unga biror yaxshilik ko‘rsatsangiz, bundan dilingiz ravshan tortadi, ruhiy xotirjamlik yuzaga keladi, o‘zgalarga manfaat yetkazganingizdan xursand bo‘lasiz. Ehson qilingan kishi ham o‘ziga ko‘rsatilgan yaxshilikdan sevinadi, dilida sizga muhabbat paydo bo‘ladi, agar sizga keki bo‘lsa, unutadi. Shu tariqa jamiyatda kishilar o‘rtasida totuvlik, hurmat-ehtirom paydo bo‘ladi, adovatlar barham topadi, osoyishtalik va farog‘at barqaror bo‘ladi. Eng asosiysi, kimga bir yaxshilik qilsangiz, Alloh taolo uni o‘zingizga o‘n barobar qilib qaytaradi. Chunki Parvardigorning bunday va’dasi bor:
ya’ni, “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘sha yaxshiligi o‘n barobar qilib qaytariladi” (An’om surasi, 160-oyat).
Qur’oni karimda yaxshilik-ehson qiluvchilarning sifatlari batafsil bayon etilgan. Ular kechalari turib namoz o‘quvchilar, tun oxirida Parvardigorlaridan mag‘firat so‘rovchilar, mol-mulklaridan muhtoj va faqirlarga nasiba ajratuvchi kishilardir. Ehsonning turlari ko‘p: Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom sunnatlariga ergashish ham – ehson, birovni kechirish ham – ehson, boshga kelgan musibat va ozorlarga sabr qilish ham – ehson, hatto birovga yaxshi muomala qilish ham – ehson. Alloh azza va jalla bunday buyuradi:
Musulmon kishi kimga yaxshilik qilishni, qanday yaxshilik qilishni juda yaxshi biladi. Chunki Allohning Kitobida, Payg‘ambar alayhissalom hadislarida bu haqda juda ko‘p amr-farmonlar, ko‘rsatmalar kelgan. Shularga ko‘ra, ehson qilish eng oldin sizni tug‘ib katta qilgan, yedirib-ichirgan, kiyintirgan, chiroyli ta’lim, xulqu odob o‘rgatgan, kamolga yetkazib uyli-joyli qilgan ota-onadan boshlanadi. Imom Nasafiy va Xozin tafsirlarida zikr qilinishicha, farzand uchun ota-onaning maqomi shunchalar ulug‘ki, u ota-onani nomi bilan chaqirmay, balki «otajon, onajon» kabi shirin so‘zlar murojaat qilishi, ularni ranjitadigan gaplarni gapirmasligi, ular oldida o‘zini qul yoki cho‘rilardek tutishi lozim. Shundan keyin qarindosh-urug‘lar, o‘zgalar mehr-muruvvatiga muhtoj bo‘lib qolgan yetimlar, kambag‘al-faqirlar, safarda aziyat chekayotgan musofirlarga ehson qilinadi. Ehson-sadaqa qilinishi lozim bo‘lgan toifalar haqida Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) bir necha hadisi shariflar vorid bo‘lgan: “Miskinga qilingan sadaqaga bitta savob, qarindoshga qilingan sadaqaga ikkita savob: biri sadaqa, ikkinchisi silai rahm uchundir”; “Rasuli akram (alayhissalom): “Yetimni qaramog‘iga olgan kishi bilan men jannatda mana bunday yonma-yon turamiz”, dedilar hamda ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini juftlab ko‘rsatdilar"; “Beva va miskinga ehson qilish uchun harakat qilgan kishi Alloh yo‘lida jang qilgan, tuni bilan namoz o‘qigan va kun bo‘yi ro‘za tutib yurgan kishi kabidir" (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Odamlarga qilinadigan yaxshilikning fazilatlari haqida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan ko‘plab hadislar rivoyat qilingan. Navos ibn San’on Ansoriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu kishi Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) yaxshilik va yomonlik haqida so‘radi. Shunda u zot: «Yaxshilik – husni xulq, yomonlik – yuragingni g‘ash qiladigan va odamlar ko‘rib qolishini yoqtirmagan narsang», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qudsiy hadisda bunday deganlar: Albatta, Alloh taolo yaxshi va yomon amallarni ham yozib, uni quyidagicha bayon etdi: «Kim bir yaxshilik qilishga ahd etsayu, ammo amalga oshira olmasa, Alloh taolo uning uchun O‘z huzurida komil yaxshilik qildi, deb yozib qo‘yadi. Agar yaxshilik qilishga qaror berib, uni amalga oshirsa, unga Alloh taolo O‘z huzurida o‘n savobdan yetti yuz savobgacha, hatto bundan bir necha barobar ko‘p savob beradi. Agar biror yomonlik qilishni o‘ylasayu, uni amalga oshirmasa, Alloh taolo unga bir yaxshilik savobini beradi. Yomonlik qilishga qaror bersayu uni amalga oshirsa, Alloh taolo unga bitta yomonlik yozadi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Bulardan esa, har bir musulmon atrofidagi kishilarga mehribon, himmatli, saxovatpesha, sadoqatli bo‘lishi lozim, degan fikr kelib chiqadi.

Alloh taolo barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin, hidoyat yo‘lida sobitqadam qilib, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin! Omin.


Qiziltepa tuman bosh imom xatibi Z.Oripov

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Men bilmayman”

06.08.2025   2330   3 min.
“Men bilmayman”

Ilmning qadr-qimmati barchamizga ma’lum. Ilm sababli Alloh taolo Odamni farishtalardan afzal qildi. Ilm sababidan farishtalarga Odamga sajda qilishni buyurdi. Alloh taolo olimlar va ilm talabidagilarning martabalarini yuqoriga ko‘tardi. U Zot bunday deya marhamat qiladi: «...Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur...»[1].

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Alloh uchun ta’lim olish – Allohdan qo‘rqishdir. Ilm­ni dars qilish –  tasbehdir. Uni o‘rganish – ibodat, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, amal qilish esa Allohga yaqinlashishdir”.

Ilm sizning qadringizni ko‘taradi va ilm orqali Alloh taologa yaqinlashib borasiz. Abu Bakr Varroq bu borada bunday deydi:

Ilm o‘z sohibin ko‘targay yuksak,
Xoja aylagaydir qulni-da shaksiz.
Rizolik yo‘li ham shul erur demak,
Ilmdan boshqasi abas, keraksiz.

Ilm oluvchi go‘zal odob-axloq ila bezanmog‘i lozim. Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Ilm olar ekansiz, sakinat va halimlikni ham o‘rganing. Sizdan ilm o‘rganuvchilar ham sizga nisbatan kamtarin munosabatda bo‘lsinlar, siz ham ilm olayotgan kishingizga tavozeli bo‘ling. Zulmkor olimlardan bo‘lmang. Sizlarning ilmingiz jaholat birla turmas”.

“Men bilmayman” deyish hech qachon ayb sanalmaydi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Qalbga rohat beradigan eng go‘zal narsa haqida savol so‘rashganida, “Men bilmayman”, deb javob berishdir”, deganlar.

O‘rgangan ilmingizni odamlardan berkitmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar”[2], deganlar.

O‘rganayotgan narsalaringizga bee’tibor bo‘lib odamlarga yetkazmay yurish yaxshi emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilmni berkitsa, Alloh taolo qiyomat kunida unga olovdan bo‘lgan yuganni soladi”, [3] deganlar.

Amal qilinmaydigan ilmda xayr yo‘q. Unday odamning ustiga jild-jild kitoblar ortilgan eshakdan farqi yo‘q.

Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu bunday deydilar: “Ilm o‘rganib, unga amal qilinglar. Ilm ila chiroyli ko‘rinish uchun ilm o‘rganmang. Umringiz uzoq bo‘lsa, hali shunaqalarni ko‘rasiz, odamlar kiyim kiyib bezanganidek, odamlar ilm olib o‘zlariga oro beradilar”.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Imlni olimlarga maqtanish, u orqali esi past, johillar bilan talashib-tortishish yoki odamlarning e’tiborini o‘zingizga qaratish uchun o‘rganmang. Kim shunday qilsa, u jahannamdadir”[4], deganlar.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Mujodala surasi, 11-oyat.
[2]  Imom Buxoriy rivoyati.
[3]  Ibn Hibbon, Imom  Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyati.
[4]  Ibn Moja rivoyati.