بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ للهِ الَّذِي نَهَى عَنِ الإِسْرَافِ وَالتَّبْذِيرْ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ البَشِيرِ النَّذِيرْ، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينْ، أما بعد:
ISROFDAN SAQLANAYLIK!
Muhtaram jamoat! Barchamizga ma’lumki, Islom dinimiz mo‘tadil din bo‘lib, barcha ishlarda mo‘tadil yo‘lni tutishga buyuradi. Ayni paytda isrofdek og‘ir gunohdan qaytaradi. Chunki, har qanday ishda haddan oshish isrof sanaladi va u Islom dinining mo‘tadillikka asoslangan ta’limotiga zid keladi. Isrof deb, shariat tilida biror ish harakatni bajarishda, so‘z so‘zlashda, molni sarf qilishda, ko‘ngildagi xohish istaklarni amalga oshirishda mo‘tadillik chegarasidan chiqishga aytiladi. Alloh taolo Qur’oni karimda isrofgarlarni suymasligini va ular shaytonning birodarlari ekanligini bayon qilgan. Jumladan,
إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ
ya’ni: “...U isrof qiluvchilarni sevmagay” (A’rof surasi, 31-oyat).
وَآَتِ ذَا الْقُرْبَى حَقَّهُ وَالْمِسْكِينَ وَابْنَ السَّبِيلِ وَلَا تُبَذِّرْ تَبْذِيرًا إِنَّ الْمُبَذِّرِينَ كَانُوا إِخْوَانَ الشَّيَاطِينِ
وَكَانَ الشَّيْطَانُ لِرَبِّهِ كَفُورًا
ya’ni: “Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi” (Isro surasi, 26-27-oyatlar).
Biz ko‘pincha isrof deganda taomning ortib qolishi yoki ortiqcha sarf harajat qilishnigina tushunamiz. Bu ham to‘g‘ri. Ammo, nafaqat ortib qolishi, balki qolmasin deb, to‘q qorin ustiga yeyish ham isrof sanaladi. Alloh taolo Qur’oni karimda:
يَا بَنِي آَدَمَ خُذُوا زِينَتَكُمْ عِنْدَ كُلِّ مَسْجِدٍ وَكُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ
ya’ni: “Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz! Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay”, deb marhamat qilgan (A’rof surasi, 31-oyat).
Yeb-ichishdagi isrof – qorin to‘q bo‘la turib, ustiga yana taom yeyish, degan tafsir ham bor. Horun ar-Rashidning bir nasroniy hoziq tabibi bor edi. U bir kuni ulamolardan Ali ibn Husayn ibn Voqidga: “Qur’on kitoblaringizda tabobat xususida hech narsa yo‘q. Vaholanki, ilm ikki xildir. Biri – din ilmi, ikkinchisi – badan, ya’ni tib ilmi”, deganida, u javobiga: “Alloh taolo tabobatning hammasini yarimta oyatga joylab qo‘ygan”, – deb, mazkur oyatni o‘qib berganida tabib: “Payg‘ambaringiz bu xususda hech nima demagan”, – debdi. Shunda olim: “Aksincha. Oshqozon dard manbai, parhez – barcha davoning boshi. Badanni unga mos narsa bilan parvarish qil!” - degan hadislarini o‘qib beribdi. Shunda tabib: “Kitobingiz bilan Payg‘ambaringiz Jolinus hakimga tabobatdan hech narsa qoldirmabdi”, – degan ekan (Madorik tafsiridan).
Umar ibn Xattob raziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u zot shunday deganlar:
إِيَّاكُمْ وَالْبِطَنَةَ مِنَ الطَّعَامِ وَالشَرَابِ؛ فَإنَّهَا مُفْسِدَةٌ لِلْجَسَدِ، مُورِثَةٌ لِلسَّقَمِ، مُكْسِلَةٌ عَنِ الصَّلاَةِ، وَعَلَيْكُمْ بِالْقَصْدِ فِيْهِمَا؛ فَإنَّهُ أَصْلَحُ لِلْجَسَدِ، وَأَبْعَدُ مِنَ السَّرَفِ وَأَقْوَى لِلْعِبَادَةِ
ya’ni: “Taom va ichimlik bilan qorinni shishirishdan saqlaning. Zero, bunday qilish jasadni buzadi, kasallik keltiradi va namozga yalqovlantiradi. Taom va ichimlikda mo‘tadil bo‘ling. Zero, shunday qilish jasadga foyda beradi, isrofdan yiroq qiladi va ibodatga kuch beradi”.
Sarf-xarajat va xayr-ehson qilishda ham isrofga yo‘l qo‘ymaslik lozim bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda infoq ehsonni mo‘tadil qilgan bandalarini maqtab shunday degan:
وَالَّذِينَ إِذَا أَنْفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَامًا
ya’ni: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat).
Alloh taolo ehson qilish, nafaqa ulashishga buyurgan o‘rnida, isrof qilishdan, haddan oshishdan qaytaradi. Quyidagi oyat bunga dalil bo‘ladi:
وَهُوَ الَّذِي أَنْشَأَ جَنَّاتٍ مَعْرُوشَاتٍ وَغَيْرَ مَعْرُوشَاتٍ وَالنَّخْلَ وَالزَّرْعَ مُخْتَلِفًا أُكُلُهُ وَالزَّيْتُونَ وَالرُّمَّانَ مُتَشَابِهًا وَغَيْرَ مُتَشَابِهٍ كُلُوا مِنْ ثَمَرِهِ إِذَا أَثْمَرَ وَآَتُوا حَقَّهُ يَوْمَ حَصَادِهِ وَلَا تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ
ya’ni: “U (Alloh) shunday zotki, (so‘ritoklarga) ko‘tarib qo‘yiladigan va ko‘tarib qo‘yilmaydigan (uzumzor) bog‘larni, ta’mi turlicha (bo‘lgan) xurmo va mevali daraxtlarni, (rang va ta’mda) o‘xshash va o‘xshamas zaytun va anorlarni paydo qildi. Meva hosil qilganda, mevasidan tanovul qilingiz! Hosil yig‘ish kunida (muhtojlarga) haqqini (ushri va xirojini) beringiz va isrof qilmangiz! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi” (An’om surasi, 141-oyat).
Ibn Jurayjdan rivoyat qilinishicha, ushbu oyat Sobit ibn Qays ibn Shammos haqida nozil bo‘lgan bo‘lib, u bog‘dagi xurmosini terib oladi va: bugun oldimga kelgan kishilarning hammasiga mevadan ehson qilaman, dedi. Kelgan odamlarning hammasiga mevadan beraverdi. Kechga bormay o‘ziga meva qolmadi. Shunda, Alloh taolo: “Isrof qilmangiz! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi”, degan oyatni nozil qildi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham hadislarining birida:
كُلُوا وَاشْرَبُوا، وَالْبَسُوا وَتَصَدَّقُوا، فِي غَيْرِ إِسْرَافٍ وَلاَ مَخِيْلَةٍ
(رواه الإمام البخاري)
ya’ni: “Yenglar, ichinglar, kiyininglar va sadaqa qilinglar, isrof va maqtanchoqlik qilmagan holda” (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, ehson qilishning ham me’yori bor ekan.
Biz o‘zbek xalqi mehmondo‘st, xayru saxovatli, qo‘li ochiq xalqmiz. Shuning uchun xilma-xil marosimu tadbirlarimizning soni ham ko‘p. Aqiqa to‘yi, nikoh valimasi, hovli to‘yi, motamga oid vazima marosimlarining ham bir necha turlari mavjud. Albatta, bunday marosimlarning paydo bo‘lishi va amalga oshirilishidan ko‘zlangan maqsad avvalo, qavmu qarindosh, qo‘ni qo‘shni va yoru qadrdonlar bilan diydorlashish, yetim-yesirning ko‘nglini olish, muhtoju faqirlarga taom ulashish orqali Alloh taoloning savobiga noil bo‘lishdir. Ammo, zinhor, ushbu tadbirlarda isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlikka o‘tmaslik kerak bo‘ladi. Aks holda, ehson qilib savob topish o‘rniga og‘ir gunohga qolinadi.
Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali, isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillarni, isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlari, isrofgarlikdan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar.
Isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillar:
Isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlari:
Isrofgarlikdan qutulish yo‘llari:
Alloh taolo hayotimiz va rizqimizni farovon aylab, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yishdan va uning balolaridan O‘z panohida asrasin! Omin!
“Isrofdan saqlanaylik” tezisiga ilova:
Muhtaram azizlar! Salom berish – Islom dinining shiori, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlaridir. Shuningdek, salom beruvchi kishining tavozeli va kamtar ekanining belgisidir. Salomga alik olish esa – vojibdir. Alloh taolo salom berilganda unga alik olishni buyurib, shunday deydi:
وَإِذَا حُيِّيتُمْ بِتَحِيَّةٍ فَحَيُّوا بِأَحْسَنَ مِنْهَا أَوْ رُدُّوهَا إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ حَسِيبًا
(سُورَةُ النِّسَاءِ / الأَيَةُ 86)
ya’ni: “Qachon sizlarga salom berishsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik oling yoki o‘sha salomning o‘zini qaytaringlar. Albatta, Alloh hamma narsani hisobga oluvchi zotdir” (Niso surasi, 86-oyat).
Demak, biror kishi bizga "Assalomu alaykum" desa, biz unga hech bo‘lmaganda: "Va alaykum assalom va rohmatulloh" deb, alik olishimiz shart. Agar bizga: "Assalomu alaykum va rohmatulloh" deyilsa, "Va alaykum assalom va rohmatullohi va barakotuh", deb javob qaytarishimiz lozim. Salom berilganda uni eshitib turib, alik olmagan kishi gunohkor bo‘ladi.
Salomlashish insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat va samimiylikni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
"لا تَدْخُلُوا الْجَنَّةَ حَتَّى تُؤْمِنُوا، وَلا تُؤْمِنُوا حَتَّى تَحَابُّوا، أَلا أَدُلُّكُمْ عَلَى شَيْءٍ إِذَا فَعَلْتُمُوهُ تَحَابَبْتُمْ، أَفْشُوا السَّلامَ بَيْنَكُمْ"
(رَوَاهُ الْإمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِيْ هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kirmaysiz. O‘zaro muhabbat qilmaguningizcha, mo‘min bo‘lmassiz. O‘zaro muhabbat qilishingizga sabab bo‘ladigan narsaga dalolat qilaymi? Orangizda salomni yoying!” – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloma Tibiy rahimahulloh mazkur hadis sharhida shunday deydilar: “Salomni keng yoyish – o‘zaro mehr-muhabbatga sababchidir. Bu esa imonning mukammalligiga olib keladi. Salom ila musulmon jamiyatda do‘stlik, inoqlik va o‘zaro ulfat kelib chiqadi. Shuningdek, bu odatda musulmonlar birdam bo‘lishi, boshqa millatlardan ajratib turuvchi shiorlarining namoyon bo‘lishi yuzaga keladi, o‘zaro gina va adovatlar ko‘tariladi”.
Shariatimizga ko‘ra musulmon odam har qanday gapni salom berishdan boshlashiga targ‘ib qilingan. Payg‘ambarimiz alayhissalom:
"السَّلَامُ قَبْلَ الْكَلَامِ" (رَوَاهُ الْإمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ جَابِرٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Salom kalomdan avvaldir”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, gapirishdan avval salom beriladi, keyin gap boshlanadi. Bir joyga, birovni oldiga kirmoqchi bo‘lgan kishi avvalo salom berib, keyin kirish uchun izn so‘raydi.
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: Bir kishi: “Yo Allohning Rasuli, Islomning qaysi xislati yaxshi?”, – dedi. U Zot sallallohu alayhi vasallam:
"تُطْعِمُ الطَّعَامَ وَتَقْرَأُ السَّلَامَ عَلَى مَنْ عَرَفْتَ وَعَلَى مَنْ لَمْ تَعْرِفْ"
(مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ).
ya’ni: “Taom berishingiz va tanigan-tanimagan kishiga salom berishingiz”, dedilar (Muttafaqun alayh).
Salom berish tartibi quyidagilardan iborat. Ulovda ketayotgan odam – piyodaga, yurib ketayotgan kishi – o‘tirgan odamga, kichik yoshdagi kishi – yoshi kattalarga, ozchilik – ko‘pchilikka salom beradi. Payg‘ambarimiz alayhissalom:
"يُسَلِّمُ الصَّغِيْرُ عَلَى الْكَبِيْر،ِ وَالْمَارُّ عَلَى الْقَاعِدِ، وَالْقَلِيْلُ عَلَى الْكَثِيْرِ" (رَوَاهُ الْإمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِيْ هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Kichik – kattaga, yurgan – o‘tirganga, ozchilik – ko‘pchilikka salom beradi”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Yana bir hadisi sharifda:
"يُسَلِّمُ الرَّاكِبُ عَلَى الْمَاشِيْ وَالْمَاشِيْ عَلَى الْقَاعِدِ وَالْقَلِيلُ عَلَى الْكَثِيْرِ" (رَوَاهُ الْإمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِيْ هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Ulovdagi kishi – piyodaga, yurib ketayotgan kishi – o‘tirganga, ozchilik – ko‘pchilikka salom beradi”, – deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamoi kiromlarimiz farzandlar hamda yoshlarga to‘g‘ri salom berishni o‘rgatish – ota-onaning, yoshi ulug‘larning burchlari ekanini ta’kidlaganlar. Anas ibn Molik raziyallohu anhuga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam nasixat qilib:
"يَا بُنَيَّ إِذَا دَخَلْتَ عَلَى أَهْلِكَ فَسَلِّمْ يَكُنْ بَرَكَةً عَلَيْكَ وَعَلَى أَهْلِ بَيْتِكَ" (رَوَاهُ الْإمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَنَسِ رضي الله عنه (
ya’ni: “Ey o‘g‘lim, qachonki uyingizga kirsangiz, ahli oilangizga salom bergin. Shunda sizga ham ahli oilangizga ham baraka bo‘ladi”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Hech kim yo‘q joyga kirilganda ham, kishi o‘z uyiga kirganda ham salom bilan kirishiga targ‘ib qilingan. Chunki, salom bilan birga uylarimizga xayr-baraka kiradi.
"إِذَا انْتَهى أَحَدُكُمْ إِلَى المَجْلِسِ فَلْيُسَلِّمْ، فَإذَا أرَادَ أنْ يَقُومَ فَلْيُسَلِّمْ، فَلَيْسَتِ الأُولَى بِأحَقّ مِنَ الآخِرَةِ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Sizlardan biringiz biror masjlisga borganda, salom bersin. Agar turishni hohlasa ham, salom bersin. Avvalgisi keyingisidan haqli emasdir”, – deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Demak, birov bilan ko‘rishganda yoki biror yig‘inga kirganda salom berish – sunnat ekan. Shuningdek, suhbat yakunlanganda ham uni salom berish bilan tamomlash ham – sunnat. Har birimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ushbu muborak sunnatlarini tiriltirish, uni hayotimizga tatbiq etish maqsadida o‘zro suhbat va uchrashuvlarimizda salom berishga odatlansak ulkan ajrlarga ega bo‘lamiz.
Alloh taolo barchamizga dinimiz shiorlarini ehtirom qilib, unga amal qilib yashash baxtini nasib etsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma suhbati “FOLBINGA BORISH – OG‘IR GUNOH” mavzusida bo‘ladi.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi