Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Katta Langar Qur’oni: Haqiqatmi yoxud afsona...

14.06.2019   8406   9 min.
Katta Langar Qur’oni: Haqiqatmi yoxud afsona...

Katta Langar Qur’oni mavzusini teran tushunish uchun avval Muqaddas Kitob, ya’ni Qur’oni Karim tarixiga nazar tashlash joiz. U payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga Jabroil alayhissalom vositasida Alloh tomonidan nozil qilingan. Qur’oni Karim Islom dinining asosi, qonun-qoidalari, Allohning o‘z bandalariga nisbatan buyruqlari aks etgan ilohiy kitoblarning oxirgisidir.

Qur’oni Karim dastlab Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga vahiy kelishiga mos ravishda, bosqichma-bosqich, og‘zaki shaklda jamlangan. 

Qur’onni yaxlit hajmda yod olganlarning soni qancha bo‘lgani to‘g‘risida olimlarning fikrlari turlicha. Ayrim olimlar, Imom al-Buxoriyning hadislaridan biriga asoslangan holda, Qur’on hofizlarining soni 7 ta bo‘lgan deb hisoblaganlar. Yana bir hadisda Qur’onni yoddan bilganlarning soni to‘rtta, deb ko‘rsatilgan, tarixchilar esa o‘nlab kishilar Qur’onni yoddan bilganlar, deb hisoblaydilar. Tarixiy haqiqat esa shundan iboratki, Rasululloh alayhissalomdan Qur’oni Karimni to‘liq yod olganlarning soni behisob bo‘lgan. Nabiy alayhissalomning vafotlaridan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan Yamama yaqinidagi janglarda halok bo‘lganlar ichida yetmishdan ortiq qori sahobalarning bo‘lgani ushbu fikrga dalil bo‘la oladi. Bu to‘g‘rida imom Movardiy shunday deydi: “Ushbu to‘rtlikdan boshqa hech kim Qur’oni Karimni komil yod olmagan, deb chegaralash mumkin emas. Zero, sahobalar turli shaharlarga tarqab ketgan edilar”.  

Ayni paytda Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Qur’onni yozma ko‘rinishda saqlashga ham alohida e’tibor qaratganlar. Qur’on nozil bo‘layotgan paytida hali qog‘oz muomalada bo‘lmagan. Nabiy alayhissalomga vahiy kela boshlashi bilan, sahobalar qo‘l ostilarida yozuvga yaroqli nima topsalar, shunga suralarni yozib olganlar. Xususan, daraxt po‘stlog‘i, matolar, teri, yassi toshlar, kurak suyaklari... Payg‘ambarimiz vafotlaridan so‘ng ichki qurolli nizolar oqibatida ko‘plab qorilarning vafot etishlari oqibatida Qur’onning yo‘qolib ketish xavfi tug‘ilgan.

Shunda xalifa Abu Bakr (r.a.) sahobalardan hay’at tuzib, ularning qo‘llarida saqlanayotgan suralar va oyatlarni jamlatganlar va kitob shakliga keltirganlar. Jamlangan Qur’oni Karim payg‘ambarimizning bevalari Hafsa (r.a.)ga saqlash uchun topshirilgan. Uchinchi xalifa Usmon ibn Affon paytlarida Qur’onni o‘qish, Qur’on tajvidi masalalarida ixtiloflar kelib chiqqan. Chunki Qur’on turli holatlarda har xil qoidalarga amal qilingan holda o‘qilgan. Ahvol shu darajaga yetib borganki, musulmonlarning birligiga rahna tushish holatlari kelib chiqa boshlagan. Shunda xalifa Usmon ibn Affon sahobalarning qo‘lida saqlanayotgan Qur’on qismlarini, xalifa Abu Bakr to‘platgan kitob shaklidagi Qur’onni olib keltiradi va yana hay’at tuzib, mukammal kitob holida jamlaydi.

Xalifa Usmon jamlatgan Quron nusxalarining biri O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanadi va juda ko‘pchilik olimlarning fikricha, bu aynan asl, birinchi nusxa hisoblanadi. Ushbu tarixiy manbalarni aytib o‘tayotganimizning sababi shuki, Alloh bizni mana shunday buyuk bir ne’mat bilan taqdirlagan.

Endi bevosita Katta Langar Qur’oni taqdiriga e’tibor qaratsak. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida Katta Langar qishlog‘i bor, atrofi tog‘li hudud. Ana shu qishloqqa XIV asr boshlarida darveshlar, so‘fiylar ko‘chib kelganlar. Muhammad Sodiq degan o‘z zamonining mashhur tasavvuf shayxi shu tomonlarda qo‘nim topib, qishloq masjidiga asos soladi. Mazkur tabarruk manzil avval ham, hozir ham ziyoratgoh vazifasini o‘tab kelmoqda. Unda Muhammad Sodiqning otasi va o‘g‘illari hamda o‘zlarining qabrlari bor. Ma’lumki, tasavvuf tarixida Yassaviya, Kubroviya, Naqshbandiya kabi so‘fiylik tariqatlari bo‘lgan. Biz zikr etayotgan qishloqda esa Ishqiya tariqatining shayxlari faoliyat yuritganlar.

Ko‘pchilik uchun kema langarini anglatadigan so‘z, o‘rta asrlarda qarorgoh, darveshlar uchun qurilgan xonaqo ma’nolarida qo‘llanilgan. Sohibqiron Amir Temur davrida darveshlar, so‘fiylar alohida e’tibor bilan e’zozlangan va ular uchun maxsus langarxonalar barpo etilgan. Ularning aksariyati shajaralari Payg‘ambar alayhissalomga yoki u kishining kuyovlari Hazrat Aliga yoki nabiralariga borib taqaladi, deyiladi. Ishqiya shayxlari Allohdan boshqa hech kimga muhabbat bog‘lash mumkinmas, degan yo‘lni tutib, asosan Yaratganning zikri bilan hayot kechirganlar. Taassufki, Katta Langarga Ishqiya shayxlari qayerdan kelib qolishgani, ularning millatlari noma’lum. Yillar, asrlar oralig‘ida shayxlar o‘zbeklashib, mahalliy aholi bilan qarindosh bo‘lib ketganlar. Ba’zi manbalarda ularning iroqlik ekanliklariga ishoralar uchraydi. Lekin ilmiy jihatdan ushbu taxminlar chuqur o‘rganilmagan. E’tiborli tomoni shundaki, aynan Ishqiya shayxlari o‘zlari bilan birga Katta Langar Qur’oni deb atalayotgan Qur’onni olib kelishgan. Ushbu muqaddas kitob Ikkinchi jahon urushidan oldin ham, keyin ham olimlar tomonidan ma’lum darajada tadqiq etilgan. Ta’kidlanishicha, urushdan oldin Qur’on to‘liq, ya’ni 498 sahifadan iborat bo‘lgan. Keyinchalik sahifalarning soni kamayib borgani tasdiqlangan. 2003 yilda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasining madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Per Shyuven degan olim Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga Katta Langar qishlog‘idagi Qur’on sahifalari yo‘qolib ketayotganini ma’lum qiladi. Tez fursatda olim va ulamo Abdurazzoq Yunusov (Alloh rahmat qilsin, o‘sha paytlar musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari vazifasida edilar) xizmat safariga yuboriladi. U kishi qishloq ahli bilan maslahatlashib, ularning roziligini olib, Qur’onning qolgan 12 sahifasini Toshkentga olib keladi. Hozir Langar qishlog‘ida aynan shu 12 sahifaning xattotlar tomonidan ko‘chirib berilgan nusxasi saqlanmoqda. Asl nusxa esa O‘zbekiston musulmonlari idorasining muzeyida maxsus sharoitlarda asrab kelinmoqda.

Katta Langar Qur’onining yana bir sahifasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining qo‘lyozmalar institutida, bir alohida sahifa Musulmonlar idorasi kutubxonasida, yana ikki sahifa Buxoro o‘lkashunoslik muzeyida saqlanmoqda. Buxorodagi sahifalar o‘z vaqtida amirning o‘g‘liga tegishli kutubxonadan muzeyga olingan. Shunday qilib, yurtimizda jami 16 sahifa Katta Langar Qur’oni deb atalgan noyob Qur’on qo‘lyozmasi saqlanadi. 1998 va 2003 yillari Sankt-peterburglik qur’onshunos olim Yefim Rizvan uni tadqiq qiladi va Gollandiyada rentgen uglerod tahlilidan o‘tkazadi. Aniqlanishicha, mazkur Qur’on VIII-IX asrlarga tegishli ekan. Rossiyaning Sharqshunoslik qo‘lyozmalar institutida Katta Langar Qur’oni deb atalgan Qur’onning 81 sahifasi borligi ma’lum. Ayrim mutaxassislar Katta Langar Qur’onining 81 sahifasini mashhur sharqshunos olim Krachkovskiy  Rossiyaga olib ketgan, degan fikrni ilgari suradilar. Aslida, tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asrning 30-yillaridagi ocharchilik davrida Nofal ismli livanlik arabning bevasi Qur’on sahifalarini Krachkovskiyga sotgan. Uning eri oktyabr inqilobidan avval Rossiya Mudofaa vazirligida arab tilidan saboq bergan. Mantiqiy xulosa shuki, nusxalarni Sankt-Peterburgga Nofal olib kelgan, u ham kimdandir sotib olgan yoxud unga kimdir asrab qo‘yish uchun bergan bo‘lishi mumkin. Livanlik arabning O‘zbekistonga kelishi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Hech qaysi manbada bu haqda ma’lumot yo‘q. Eng qizig‘i, Fransiya milliy kutubxonasida xuddi shunday o‘lchamlarda, xuddi shunday yozuvda Qur’on sahifalari saqlanmoqda. Uning bir qismini Napoleon Bonapart Misrni bosib olgan chog‘ida, faranglar konsuli kolleksiya yig‘ish maqsadida xarid qiladi. Vataniga qaytgach, Fransiya milliy kutubxonasiga topshiradi. Parij milliy kutubxonasi, Peterburg qo‘lyozmalar instituti va bizdagi sahifalar bir-birini to‘ldiradi. Bizda bor qo‘lyozma sahifalari ularda yo‘q, ulardagi sahifalar bizda yo‘q. Katta Langar Qur’oni haqidagi tarixiy ma’lumotlar mana shulardan iborat.

Hozir “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi asosida yurtimiz ilmiy-tarixiy va madaniy yodgorliklarining chet el kolleksiyalaridagi asl manbalari o‘rganilmoqda. Biz loyiha rahbari Firdavs Abduholiqov bilan izchil va faol hamkorlik qilmoqdamiz. Mamnuniyat bilan qayd etamizki, Sankt-Peterburgdagi hamda bizdagi sahifalarni qo‘shgan holda Katta Langar Qur’onining faksimile nusxasi yaratildi. Faksimile nusxalar soha ilmiy tekshirish muassasalariga topshirildi.

 Shu o‘rinda boshqa bir qiziqarli ma’lumotga to‘xtalib o‘tsak. Angliyaning Birmingem shahrida XX asr oxirlarida bir aspirant yigit tasodifan kutubxonadan ikki sahifa Qur’onni topib oladi. Qizig‘i, yozuv usuli va o‘lchami bir xil bo‘lishiga qaramay, ular Katta Langar Qur’oni sahifalari emas, Usmon Qur’oniga ham mos kelmaydi. Bu ikki sahifa olimlar tomonidan qayta-qayta tekshirildi. Jumladan, o‘tgan yil Birlashgan Arab Amirligining qo‘lyozmalar markazidan ekspertlar atroflicha o‘rganishdi. Sahifalar xalifa Abu Bakr davrida yozilgan bo‘lishi va Usmon Qur’onidan ham, Katta Langar Qur’onidan ham qadimiyroq ekanligi to‘g‘risida fikrlar bildirildi. Lekin Birmingemdagi Qur’on bilan Katta Langar Qur’oni sahifalari, albatta, qiyosiy o‘rganilishi kerak, negaki, ikkala Qur’on ham hijoziy yozuvida bitilgan. Shu bois ilm ahlini katta ishlar kutib turibdi.

Usmon Qur’oni hamda Katta Langar Qur’onining yurtimizga kelib qolganligining o‘zi ilohiy mo‘jiza. Ana shunday ulug‘ mukofotga sazovor bo‘lganligimiz yurtimizga berilgan baraka va farovonlikdan dalolatdir. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tariximiz, ajdodlardan qolgan buyuk ilmiy-ma’rifiy merosni tadqiq qilish, uni asrab-avaylash va targ‘ib qilish vazifasi yuklatilgan. Mamlakatimizda saqlanayotgan Qur’oni Karim qo‘lyozmalari ham ana shu merosning tarkibiy qismi sifatida tadqiq qilinmoqda.

       

Shoazim MINOVAROV,

 Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   25244   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari