Katta Langar Qur’oni mavzusini teran tushunish uchun avval Muqaddas Kitob, ya’ni Qur’oni Karim tarixiga nazar tashlash joiz. U payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga Jabroil alayhissalom vositasida Alloh tomonidan nozil qilingan. Qur’oni Karim Islom dinining asosi, qonun-qoidalari, Allohning o‘z bandalariga nisbatan buyruqlari aks etgan ilohiy kitoblarning oxirgisidir.
Qur’oni Karim dastlab Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga vahiy kelishiga mos ravishda, bosqichma-bosqich, og‘zaki shaklda jamlangan.
Qur’onni yaxlit hajmda yod olganlarning soni qancha bo‘lgani to‘g‘risida olimlarning fikrlari turlicha. Ayrim olimlar, Imom al-Buxoriyning hadislaridan biriga asoslangan holda, Qur’on hofizlarining soni 7 ta bo‘lgan deb hisoblaganlar. Yana bir hadisda Qur’onni yoddan bilganlarning soni to‘rtta, deb ko‘rsatilgan, tarixchilar esa o‘nlab kishilar Qur’onni yoddan bilganlar, deb hisoblaydilar. Tarixiy haqiqat esa shundan iboratki, Rasululloh alayhissalomdan Qur’oni Karimni to‘liq yod olganlarning soni behisob bo‘lgan. Nabiy alayhissalomning vafotlaridan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan Yamama yaqinidagi janglarda halok bo‘lganlar ichida yetmishdan ortiq qori sahobalarning bo‘lgani ushbu fikrga dalil bo‘la oladi. Bu to‘g‘rida imom Movardiy shunday deydi: “Ushbu to‘rtlikdan boshqa hech kim Qur’oni Karimni komil yod olmagan, deb chegaralash mumkin emas. Zero, sahobalar turli shaharlarga tarqab ketgan edilar”.
Ayni paytda Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Qur’onni yozma ko‘rinishda saqlashga ham alohida e’tibor qaratganlar. Qur’on nozil bo‘layotgan paytida hali qog‘oz muomalada bo‘lmagan. Nabiy alayhissalomga vahiy kela boshlashi bilan, sahobalar qo‘l ostilarida yozuvga yaroqli nima topsalar, shunga suralarni yozib olganlar. Xususan, daraxt po‘stlog‘i, matolar, teri, yassi toshlar, kurak suyaklari... Payg‘ambarimiz vafotlaridan so‘ng ichki qurolli nizolar oqibatida ko‘plab qorilarning vafot etishlari oqibatida Qur’onning yo‘qolib ketish xavfi tug‘ilgan.
Shunda xalifa Abu Bakr (r.a.) sahobalardan hay’at tuzib, ularning qo‘llarida saqlanayotgan suralar va oyatlarni jamlatganlar va kitob shakliga keltirganlar. Jamlangan Qur’oni Karim payg‘ambarimizning bevalari Hafsa (r.a.)ga saqlash uchun topshirilgan. Uchinchi xalifa Usmon ibn Affon paytlarida Qur’onni o‘qish, Qur’on tajvidi masalalarida ixtiloflar kelib chiqqan. Chunki Qur’on turli holatlarda har xil qoidalarga amal qilingan holda o‘qilgan. Ahvol shu darajaga yetib borganki, musulmonlarning birligiga rahna tushish holatlari kelib chiqa boshlagan. Shunda xalifa Usmon ibn Affon sahobalarning qo‘lida saqlanayotgan Qur’on qismlarini, xalifa Abu Bakr to‘platgan kitob shaklidagi Qur’onni olib keltiradi va yana hay’at tuzib, mukammal kitob holida jamlaydi.
Xalifa Usmon jamlatgan Quron nusxalarining biri O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanadi va juda ko‘pchilik olimlarning fikricha, bu aynan asl, birinchi nusxa hisoblanadi. Ushbu tarixiy manbalarni aytib o‘tayotganimizning sababi shuki, Alloh bizni mana shunday buyuk bir ne’mat bilan taqdirlagan.
Endi bevosita Katta Langar Qur’oni taqdiriga e’tibor qaratsak. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida Katta Langar qishlog‘i bor, atrofi tog‘li hudud. Ana shu qishloqqa XIV asr boshlarida darveshlar, so‘fiylar ko‘chib kelganlar. Muhammad Sodiq degan o‘z zamonining mashhur tasavvuf shayxi shu tomonlarda qo‘nim topib, qishloq masjidiga asos soladi. Mazkur tabarruk manzil avval ham, hozir ham ziyoratgoh vazifasini o‘tab kelmoqda. Unda Muhammad Sodiqning otasi va o‘g‘illari hamda o‘zlarining qabrlari bor. Ma’lumki, tasavvuf tarixida Yassaviya, Kubroviya, Naqshbandiya kabi so‘fiylik tariqatlari bo‘lgan. Biz zikr etayotgan qishloqda esa Ishqiya tariqatining shayxlari faoliyat yuritganlar.
Ko‘pchilik uchun kema langarini anglatadigan so‘z, o‘rta asrlarda qarorgoh, darveshlar uchun qurilgan xonaqo ma’nolarida qo‘llanilgan. Sohibqiron Amir Temur davrida darveshlar, so‘fiylar alohida e’tibor bilan e’zozlangan va ular uchun maxsus langarxonalar barpo etilgan. Ularning aksariyati shajaralari Payg‘ambar alayhissalomga yoki u kishining kuyovlari Hazrat Aliga yoki nabiralariga borib taqaladi, deyiladi. Ishqiya shayxlari Allohdan boshqa hech kimga muhabbat bog‘lash mumkinmas, degan yo‘lni tutib, asosan Yaratganning zikri bilan hayot kechirganlar. Taassufki, Katta Langarga Ishqiya shayxlari qayerdan kelib qolishgani, ularning millatlari noma’lum. Yillar, asrlar oralig‘ida shayxlar o‘zbeklashib, mahalliy aholi bilan qarindosh bo‘lib ketganlar. Ba’zi manbalarda ularning iroqlik ekanliklariga ishoralar uchraydi. Lekin ilmiy jihatdan ushbu taxminlar chuqur o‘rganilmagan. E’tiborli tomoni shundaki, aynan Ishqiya shayxlari o‘zlari bilan birga Katta Langar Qur’oni deb atalayotgan Qur’onni olib kelishgan. Ushbu muqaddas kitob Ikkinchi jahon urushidan oldin ham, keyin ham olimlar tomonidan ma’lum darajada tadqiq etilgan. Ta’kidlanishicha, urushdan oldin Qur’on to‘liq, ya’ni 498 sahifadan iborat bo‘lgan. Keyinchalik sahifalarning soni kamayib borgani tasdiqlangan. 2003 yilda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasining madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Per Shyuven degan olim Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga Katta Langar qishlog‘idagi Qur’on sahifalari yo‘qolib ketayotganini ma’lum qiladi. Tez fursatda olim va ulamo Abdurazzoq Yunusov (Alloh rahmat qilsin, o‘sha paytlar musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari vazifasida edilar) xizmat safariga yuboriladi. U kishi qishloq ahli bilan maslahatlashib, ularning roziligini olib, Qur’onning qolgan 12 sahifasini Toshkentga olib keladi. Hozir Langar qishlog‘ida aynan shu 12 sahifaning xattotlar tomonidan ko‘chirib berilgan nusxasi saqlanmoqda. Asl nusxa esa O‘zbekiston musulmonlari idorasining muzeyida maxsus sharoitlarda asrab kelinmoqda.
Katta Langar Qur’onining yana bir sahifasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining qo‘lyozmalar institutida, bir alohida sahifa Musulmonlar idorasi kutubxonasida, yana ikki sahifa Buxoro o‘lkashunoslik muzeyida saqlanmoqda. Buxorodagi sahifalar o‘z vaqtida amirning o‘g‘liga tegishli kutubxonadan muzeyga olingan. Shunday qilib, yurtimizda jami 16 sahifa Katta Langar Qur’oni deb atalgan noyob Qur’on qo‘lyozmasi saqlanadi. 1998 va 2003 yillari Sankt-peterburglik qur’onshunos olim Yefim Rizvan uni tadqiq qiladi va Gollandiyada rentgen uglerod tahlilidan o‘tkazadi. Aniqlanishicha, mazkur Qur’on VIII-IX asrlarga tegishli ekan. Rossiyaning Sharqshunoslik qo‘lyozmalar institutida Katta Langar Qur’oni deb atalgan Qur’onning 81 sahifasi borligi ma’lum. Ayrim mutaxassislar Katta Langar Qur’onining 81 sahifasini mashhur sharqshunos olim Krachkovskiy Rossiyaga olib ketgan, degan fikrni ilgari suradilar. Aslida, tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asrning 30-yillaridagi ocharchilik davrida Nofal ismli livanlik arabning bevasi Qur’on sahifalarini Krachkovskiyga sotgan. Uning eri oktyabr inqilobidan avval Rossiya Mudofaa vazirligida arab tilidan saboq bergan. Mantiqiy xulosa shuki, nusxalarni Sankt-Peterburgga Nofal olib kelgan, u ham kimdandir sotib olgan yoxud unga kimdir asrab qo‘yish uchun bergan bo‘lishi mumkin. Livanlik arabning O‘zbekistonga kelishi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Hech qaysi manbada bu haqda ma’lumot yo‘q. Eng qizig‘i, Fransiya milliy kutubxonasida xuddi shunday o‘lchamlarda, xuddi shunday yozuvda Qur’on sahifalari saqlanmoqda. Uning bir qismini Napoleon Bonapart Misrni bosib olgan chog‘ida, faranglar konsuli kolleksiya yig‘ish maqsadida xarid qiladi. Vataniga qaytgach, Fransiya milliy kutubxonasiga topshiradi. Parij milliy kutubxonasi, Peterburg qo‘lyozmalar instituti va bizdagi sahifalar bir-birini to‘ldiradi. Bizda bor qo‘lyozma sahifalari ularda yo‘q, ulardagi sahifalar bizda yo‘q. Katta Langar Qur’oni haqidagi tarixiy ma’lumotlar mana shulardan iborat.
Hozir “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi asosida yurtimiz ilmiy-tarixiy va madaniy yodgorliklarining chet el kolleksiyalaridagi asl manbalari o‘rganilmoqda. Biz loyiha rahbari Firdavs Abduholiqov bilan izchil va faol hamkorlik qilmoqdamiz. Mamnuniyat bilan qayd etamizki, Sankt-Peterburgdagi hamda bizdagi sahifalarni qo‘shgan holda Katta Langar Qur’onining faksimile nusxasi yaratildi. Faksimile nusxalar soha ilmiy tekshirish muassasalariga topshirildi.
Shu o‘rinda boshqa bir qiziqarli ma’lumotga to‘xtalib o‘tsak. Angliyaning Birmingem shahrida XX asr oxirlarida bir aspirant yigit tasodifan kutubxonadan ikki sahifa Qur’onni topib oladi. Qizig‘i, yozuv usuli va o‘lchami bir xil bo‘lishiga qaramay, ular Katta Langar Qur’oni sahifalari emas, Usmon Qur’oniga ham mos kelmaydi. Bu ikki sahifa olimlar tomonidan qayta-qayta tekshirildi. Jumladan, o‘tgan yil Birlashgan Arab Amirligining qo‘lyozmalar markazidan ekspertlar atroflicha o‘rganishdi. Sahifalar xalifa Abu Bakr davrida yozilgan bo‘lishi va Usmon Qur’onidan ham, Katta Langar Qur’onidan ham qadimiyroq ekanligi to‘g‘risida fikrlar bildirildi. Lekin Birmingemdagi Qur’on bilan Katta Langar Qur’oni sahifalari, albatta, qiyosiy o‘rganilishi kerak, negaki, ikkala Qur’on ham hijoziy yozuvida bitilgan. Shu bois ilm ahlini katta ishlar kutib turibdi.
Usmon Qur’oni hamda Katta Langar Qur’onining yurtimizga kelib qolganligining o‘zi ilohiy mo‘jiza. Ana shunday ulug‘ mukofotga sazovor bo‘lganligimiz yurtimizga berilgan baraka va farovonlikdan dalolatdir. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tariximiz, ajdodlardan qolgan buyuk ilmiy-ma’rifiy merosni tadqiq qilish, uni asrab-avaylash va targ‘ib qilish vazifasi yuklatilgan. Mamlakatimizda saqlanayotgan Qur’oni Karim qo‘lyozmalari ham ana shu merosning tarkibiy qismi sifatida tadqiq qilinmoqda.
Shoazim MINOVAROV,
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati