Alloh taologa shukrki, joriy yilimiz ko‘plab yangilik, yaxshi xabarlarga boy bo‘lmoqda. Xabaringiz bor, Ramazon oyida Toshkent shahrida “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Suzuk ota”, Termiz shahrida “Hakim Termiziy” nomida yangi masjid-majmualar ochilgan edi. Barakotli oydan keyin ham xushxabarlar davom etib, Toshkent shahridagi yana bir masjid davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, o‘z faoliyatini boshladi.
Bugun, 12 iyun kuni Uchtepa tumanidagi “Ko‘rkamobod” mahallasida “Fayzullaxo‘ja o‘g‘li Murodhoji” jome masjidi rasmiy faoliyat boshladi. Masjidning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ishtirok etdilar. Muftiy hazratlari jamoani yangi masjid bilan qutlab, Allohning baytida toat-ibodatlar, solih amallar, Qur’oni karim tilovati Qiyomat qadar davom etishini tiladilar. Shuningdek, tashkiliy ishlarda faollik ko‘rsatgan pok niyatli kishilar haqqiga duolar qildilar.
Aslida, ushbu ibodat uyi 1997 yilda qurilgan bo‘lib, mahalliy masjid sifatida faoliyat yuritib kelgan. Mahallaning jonkuyar kishilari, ko‘pni ko‘rgan keksalari tomonidan masjidni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun qilingan sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq bugun mahalla ahliga Alloh taolo ushbu mo‘tabar jome masjidni in’om etdi.
– Bizga eng yaqin masjid “Said Vaqqos ota” jome masjidiga qatnash uchun katta yo‘lni kesib o‘tish kerak edi. Bu esa mahalla ahliga, ayniqsa, keksalarga katta qiyinchilik tug‘dirardi. Shunda mahallamizda masjid qurish zarurati borligi uchun faollar bilan bir masjid barpo etishni maslahat qilganmiz. 1997 yilda xalq hashari bilan masjid qurildi, 2006 yilda qayta ta’mirlandi. Alhamdulillah, bugun mutasaddi tashkilotlar murojaatlarimizni ijobiy hal qilib berishdi, - deydi mahalla faoli Saidkarim Sotvoldiyev.
Alloh taboraka va taolo ushbu jome masjidni xalqimizga muborak aylasin, yangi masjidlar sonini yanada ziyoda qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi