Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, u zotga burda (libos) hadya qildi. U zot alayhissalom uni kiydilar. U zotning o‘sha kiyimga ehtiyojlari bor edi. Sahobalardan biri uni ko‘rdi-da, «Ey Allohning Rasuli, bu buncha ham chiroyli ekan. Menga kiydiring shuni» deb u zotdan o‘sha libosni so‘radi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol yechib, o‘sha odamga berdilar. Shunda sahobalar o‘sha odamga «Yaxshi ish qilmading. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kiyimga ehtiyojlari borligidan uni kiygan edilar. Keyin sen u zot hech kimni quruq qaytarmasliklarini bilib turib so‘rading» deyishdi. Buni eshitgan boyagi odam «Allohga qasamki, men u libosni kiyish uchun so‘ramadim. Balki men uni kafanim bo‘lishi uchungina so‘radim» dedi. Buxoriy rivoyati.
O‘sha sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning liboslarini o‘zida saqlab turdi va oxiri o‘sha kiyim uning kafani bo‘ldi.
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
Bir qishloqda Yusuf ismli mehribon yigit yashardi. U har kuni qishloq chetidagi chashmaga borib, chanqagan hayvonlarga suv berar, mahalladoshlariga ko‘maklashishni kanda qilmasdi.
Kunlarning birida qishloqqa bir begona odam keldi. Uning kiyimlari yirtilib, o‘zi bir ahvolda, gapirishga ham holi yo‘q edi. Qishloqdagilar uning kimligi va nima maqsadda kelganini bilmasdan unga qaramadi ham. Ammo Yusuf unga befarq bo‘lmay yegulik va suv berdi. O‘ziga kelib olishi uchun hech kim yashamaydigan pasqam uyidan joy tayyorladi. U Yusufning mehribonligidan ta’sirlanib, ko‘z yoshlari bilan minnatdorlik bildirdi.
Bir necha kun o‘tib, u o‘ziga kelganidan so‘ng gap boshladi:
– Men sizlardan bir necha chaqirim naridagi qishloqda yashayman. Yoz kunlari qishlog‘imizga suv yetib bormayapti. Sizlar esa suvning boshida yashaysizlar, shu bois suvdan teng foydalanish haqida kelishmoqchi bo‘lib kelayotgan edim. Ammo yarim yo‘lga yetganimda yomg‘ir yog‘ib, adir yo‘lidagi soy suvga to‘ldi va yo‘lakniyam yuvib meni ham oqizib ketdi. Shukrki, bir katta daraxtga ilinib, jonim omon qoldi. Yomg‘ir tinib, suv qaytgach, uyga qaytishni ham, sizlar tomonga kelishni ham bilmay qoldim. Chunki hammayog‘im bir ahvolda edi. Nima bo‘lsa, bo‘lar deya qishlog‘ingizga kelaverdim.
Yusuf uning niyatini qishloq oqsoqollariga yetkazdi. Ular: “Yaxshilik qilishimiz albatta, yaxshilik bilan qaytadi”, deya bu kelishuvga rozi bo‘ldi.
Shu tariqa ikki qishloq orasida suv manbasini adolatli bo‘lishish haqida kelishuv tuzildi. Yusufning mehribonligi ikki qishloqni bir-biriga yaqinlashtirdi.
Nafisa PARDAYEVA
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 11-sonidan