Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, u zotga burda (libos) hadya qildi. U zot alayhissalom uni kiydilar. U zotning o‘sha kiyimga ehtiyojlari bor edi. Sahobalardan biri uni ko‘rdi-da, «Ey Allohning Rasuli, bu buncha ham chiroyli ekan. Menga kiydiring shuni» deb u zotdan o‘sha libosni so‘radi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol yechib, o‘sha odamga berdilar. Shunda sahobalar o‘sha odamga «Yaxshi ish qilmading. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kiyimga ehtiyojlari borligidan uni kiygan edilar. Keyin sen u zot hech kimni quruq qaytarmasliklarini bilib turib so‘rading» deyishdi. Buni eshitgan boyagi odam «Allohga qasamki, men u libosni kiyish uchun so‘ramadim. Balki men uni kafanim bo‘lishi uchungina so‘radim» dedi. Buxoriy rivoyati.
O‘sha sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning liboslarini o‘zida saqlab turdi va oxiri o‘sha kiyim uning kafani bo‘ldi.
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan haj mavsumi, xizmatlar, sharoitlar, ibodatlar va o‘zaro aloqalar to‘g‘risida bo‘lib o‘tgan suhbat Saudiya Arabistonida chop etiladigan mashhur “Ukkoz” gazetasida e’lon qilindi.
Mazkur intervyuda joriy yilgi haj mavsumi yuqori darajada tashkil etilgani, yuksak saviyali xizmatlar ko‘rsatilgani, namunali tartib-intizom va insonparvarlik tamoyillari asosida o‘tgani alohida ta’kidlangan. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, jadal taraqqiy etayotgani e’tirof etilgan.
“Haj – 2026” mavsumining muvaffaqiyatli o‘tishida o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshirishga rahnamolik qilgan Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirilgan. O‘z navbatida Saudiya Arabistoni rahbariyatiga tashakkur aytilgan.
Ayniqsa, shu yilda ilk bor joriy etilgan 100 nafar yurtdoshimiz “Prezident hojisi” sifatida Saudiya Arabistoni mas’ullari tomonidan yuksak ehtirom bilan kutib olingani va ko‘rsatilgan oliy darajadagi e’tiborga alohida urg‘u qaratilgan.
Mino va Arafotdagi zamonaviy chodirlar, shinam sharoitlar, sovutish tizimlari hamda raqamli xizmatlar ziyoratchilar ibodatlarini xotirjam ado etishlariga omil bo‘lgani qayd etilgan. Shuningdek, yurtimizda ziyoratchilarga ko‘rsatilgan xizmatlar, xususan 9 ta xalqaro aeroport orqali aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani, muborak manzillardagi oziq-ovqat, tibbiy va transport xizmatlarining yuqori darajada bo‘lgani ikki davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik samaralari ekani bayon qilingan.
Ma’lumot o‘rnida: “Ukkoz” gazetasi 1960 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Saudiya Arabistonida chop etiladigan eng yirik va nufuzli kundalik nashrlardan biri. Gazeta nomi qadimgi arab dunyosida adabiyot, madaniyat va savdo markazi hisoblangan tarixiy “Ukkoz bozori” sharafiga nomlangan. Bugungi kunda nashr bosma va raqamli formatda chiqib, qirollik hamda Islom dunyosidagi siyosiy, ijtimoiy va diniy jarayonlarni keng yoritadi.