Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, u zotga burda (libos) hadya qildi. U zot alayhissalom uni kiydilar. U zotning o‘sha kiyimga ehtiyojlari bor edi. Sahobalardan biri uni ko‘rdi-da, «Ey Allohning Rasuli, bu buncha ham chiroyli ekan. Menga kiydiring shuni» deb u zotdan o‘sha libosni so‘radi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol yechib, o‘sha odamga berdilar. Shunda sahobalar o‘sha odamga «Yaxshi ish qilmading. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kiyimga ehtiyojlari borligidan uni kiygan edilar. Keyin sen u zot hech kimni quruq qaytarmasliklarini bilib turib so‘rading» deyishdi. Buni eshitgan boyagi odam «Allohga qasamki, men u libosni kiyish uchun so‘ramadim. Balki men uni kafanim bo‘lishi uchungina so‘radim» dedi. Buxoriy rivoyati.
O‘sha sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning liboslarini o‘zida saqlab turdi va oxiri o‘sha kiyim uning kafani bo‘ldi.
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
#Xushxabar #ijoza #qiroat
Toshkent islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasining quyidagi ustozlari ijoza oldilar:
– Jahongir qori Ne’matov ؘ– Varshning Nofe’dan qilgan rivoyati;
– Ahmadxon qori Rashidov – Hafsning Osimdan qilgan rivoyati Toyyiba yo‘li orqali;
– Abdurahmon qori Mahkamov – Varshning Nofe’dan qilgan rivoyati;
– Habibulloh qori Olimjonov – Qolunning Nofe’dan qilgan rivoyati.
“Qur’on ilmlari” kafedrasi ustozi, 10 ta qiroat bo‘yicha ijoza sohibi, Al-Azhar shayxi Ibrohim Muhammad huzurida hatm qilgan qorilarga institut rektori Uyg‘un domla G‘afurov bilan ijoza shahodatnomalarini topshirdi.
Shu bilan birga Jahongir qori Ne’matov Ko‘kaldosh o‘rta maxsus ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Abdulbosit qori Abdullayevga Hafsning Osimdan qilgan rivoyati Toyyiba yo‘li orqali Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bog‘langan sanad bilan ijoza berdi.
Ijoza – Qur’oni karimni rivoyat qilish uchun ustoz tomonidan berilgan og‘zaki yoki yozma izn, ruxsatdir. Qorilarning nazdida ijoza deb ijoza beruvchi muqriydan ijoza oluvchi qoriga Qur’on o‘qish va o‘qitish uchun beriladigan shahodatnomaga aytiladi.
Alloh taolo ustozlarning bu muborak yo‘ldagi sa’y-harakatlarini qabul aylab, Qur’on xizmatida bardavom va muvaffaqiyatli bo‘lishini nasib etsin!
Oliymahad.uz