Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

14.06.2019 y. Oila, nikoh va taloqqa oid shar’iy hukmlar

10.06.2019   6003   11 min.
14.06.2019 y. Oila, nikoh va taloqqa oid shar’iy hukmlar

بسم الله الرحمن الرحيم

Oila, nikoh va taloqqa oid shar’iy hukmlar

Alloh taolo borliqdagi barcha mavjudotni juft-juft qilib yaratgani kabi, inson naslini ham o‘z jufti bilan yaratgan. Bundan ko‘zlangan murod – har  ikki jinsning birgalikda turmush qurishi, zurriyot qoldirishi, birgalikda hayot kechirishini ta’minlashdir.

Nikoh – Islomdagi eng muqaddas tushunchalardan biridir. Chunki aynan nikoh bitimi tufayli boshqa-boshqa xonadonda, butunlay boshqa sharoitda katta bo‘lib, voyaga yetgan ikki yosh bir oila bo‘lib yashay boshlaydi.
Payg‘ambar alayhissalom ko‘plab hadisi shariflarida nikohlanishga targ‘ib qilib, shunday deganlar:

" يَا مَعْشَرَ الشَّبَابِ مَنْ اسْتَطَاعَ منكُم الْبَاءَةَ فَلْيَتَزَوَّجْ ، فَإِنَّهُ أَغَضُّ لِلْبَصَرِ ، وَأَحْصَنُ لِلْفَرْجِ ، وَمَنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَعَلَيْهِ بِالصَّوْمِ فَإِنَّهُ لَهُ وِجَاءٌ "

(رَوَاهُ الإمَامُ البُخَارِيُّ وَالإمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ ابْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه)

ya’ni: “Ey, yoshlar jamoasi sizdan kim nikohga qodir bo‘lsa, uylansin. Albatta, u ko‘zni to‘suvchi va farjni saqlovchidir. Kim qodir bo‘lmasa, ro‘zani tutsin, bu uning uchun (haromdan) saqlanishidir" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Nikohdan oldin sovchilik qilish ham – sunnatdir. Sovchilikdan maqsad – qizning xohishini, shuningdek, ota-onasining fikrini, nikohga roziligini yo noroziligini bilishdir. Nikohdan oldin qiz va oila a’zolarining roziligi lozim. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollarning o‘zlari ijozat bermaganida ularni nikohlashdan qaytarib, shunday marhamat qilganlar:

"لا تُنْكَحُ الأيِّمُ حَتَّى تُسْتأمَرَ، وَلاَ تُنْكَحُ الْبِكْرُ حَتَّى تُسْتَأْذَنَ، قالوا يَا رَسُولَ اللهِ وَكَيْفَ إذْنُهَا؟ قال: "أَنْ تَسْكُتَ"

(رَوَاهُ الإمَامُ البُخَارِيُّ وَالإمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni: “Bevani u bilan maslahatlashmasdan nikoh qilinmaydi. Qizning roziligi olinmasdan nikoh qilinmaydi”. Sahobalar:  “Yo Allohning Rasuli, qizning roziligi qanday bo‘ladi?” deb so‘rashdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sukut saqlashi”, – deb javob qildilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Milliy qadriyatlarimizga ko‘ra, ota-onalarning yosh kelin-kuyovlarga oilaviy turmush haqida pand-nasihat qilishlari, o‘z hayotiy tajribalarini so‘zlashlari odat tusiga kirgan. Bu ham aslida avvalgi ulug‘larimizning go‘zal odatlaridan hisoblanadi. Buyuk sahoba Anas ibn Molik raziyallohu anhu: “Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning sahobalari yangi kelinlarga erining hurmatini va xizmatini qilishga buyurishar edi”, – deganlar.

Muhtaram jamoat! Nikoh va oilaga aloqador bo‘lgan yana bir muhim shar’iy masala – taloq masalasi ham borki, bugungi kunda yoshlarimiz ushbu nozik masalaga yengil qaramoqdalar. Bilib-bilmay, tushunib-tushunmay, arzimagan oilaviy mojaro sababli o‘z jufti haloliga nisbatan “taloq” lafzini ishlatib qo‘ymoqdalar. “Taloq” so‘zi aytilganda shar’iy nikoh fosid bo‘lib, er-xotin bir-biriga harom bo‘lib qoladi. Taloq – oxirgi chora sifatida joriy qilingan bo‘lib, Alloh taologa xush kelmasligi hadislarda vorid bo‘lgan. Bu haqida Payg‘ambar alayhissalom marhamat qilganlar:

"أَبْغَضُ الْحَلاَلِ إِلَى اللهِ الطَّلاَقُ"

(رَوَاهُ الإمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالإمَامُ ابْنُ مَاجَه عَنْ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه)

ya’ni: “Halol narsalar ichida Alloh uchun eng noxush narsa – taloqdir” (Imom Abu Dovud va Imom Moja rivoyati).

Ba’zi erlar o‘zlari va oilalariga baxtsizlik  va kulfatdan boshqa narsa keltirmaydigan qiyinchilik va mushkulot yo‘lini tutib, shariat hukmlariga xilof tarzda “taloq” so‘zini ko‘p va bo‘rttirib qo‘llash holatlari avj olmoqda. Aslida bu – ulkan ma’siyat va haddan oshishdir. Mahmud ibn Labid raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan:

" أُخْبِرَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم عَنْ رَجُلٍ طَلَّقَ اِمْرَأَتَهُ ثَلَاثَ تَطْلِيقَاتٍ جَمِيعًا، فَقَامَ غَضْبَانَ ثُمَّ قَالَ: "أَيُلْعَبُ بِكِتَابِ اَللَّهِ تَعَالَى، وَأَنَا بَيْنَ أَظْهُرِكُمْ"

حَتَّى قَامَ رَجُلٌ ، فَقَالَ: "يَا رَسُولَ اللَّهِ أَلَا أَقْتُلُهُ"

(رَوَاهُ الإمَامُ النَّسَائِيُّ عَنْ مَحْمُودِ بْنِ لَبِيدٍ رضي الله عنه)

ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga xotinini uchta taloqni jamlab taloq qilgan kishi haqida xabar berildi. U Zot g‘azabnok holda o‘rnilaridan turib: “Men oldilaringizda bo‘lsam-u, Alloh taoloning Kitobi bilan o‘ynashiladimi?!”, dedilar. (U Zotning qattiq g‘azablanganlaridan) hatto bir kishi o‘rnidan turib: “Yo Rasululloh, uni o‘ldiraymi?” deb yubordi” (Imom Nasaiy rivoyati).

Taloqni ermak qilish, bo‘lar-bo‘lmas sabablar bilan ayolni taloq qilaverish juda katta kulfatlarga, oilaviy baxtsizliklarga sabab bo‘lishini unutmasligimiz zarur. Ko‘pgina yoshlar “Nega xotingizni taloq qildingiz?” degan savolga “Bilmay yoki hazillashib shunday qilib qo‘yibman” degan javobni berishadi. Vaholanki, shariatni bilmaslik hech kimni mas’uliyatdan xalos qilmaydi. Zero, ilm olish – barcha musulmonlarga farzdir. Xuddi shu kabi bilmasdan yohud hazil tariqasida aytsa ham, taloq tushadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu borada shunday deganlar:

"ثَلَاثٌ جِدُّهُنَّ جِدٌّ، وَهَزْلُهُنَّ جِدٌّ: النِّكَاحُ، وَالطَّلَاقُ، وَالرَّجْعَةُ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو دَاوُد وَالإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ وَالإِمَامُ ابْنُ مَاجَه وَالإِمَامُ الْحَاكِم عَنْ أبي هُرَيْرَة رضي الله عنه)

ya’ni: “Uch narsaning jiddiysi  ham jiddiy, hazili ham jiddiy: taloq, nikoh va raj’at (ya’ni raj’iy taloqda ayolga qaytish), – deganlar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Ibn Moja va Imom Hokim rivoyati).

Tilga erk berib, noo‘rin taloq so‘zini aytgan yoxud unda haddidan oshib, bir lafzda “uch taloq”, “ming taloq” yohud “qum taloq” kabi iboralar ila xotiniga taloq qilgan kishi ulkan gunohni amalga oshirgan, Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lib, shaytonni xursand qilgan bo‘ladi.

Rivoyatlarda kelishicha, sahoba Ubboda ibn Somit raziyallohu anhuning otasi ayolini “ming taloq” qiladi. Ubboda shoshib Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, U Zotdan buning hukmini so‘raydi. Shunda Sarvari koinot shunday javob berganlar:

" بَانَتْ بِثَلَاثٍ فِي مَعْصِيَةِ اللَّهِ تَعَالَى ، وَبَقِيَ تِسْعُمِائَةٍ وَسَبْعٌ وَتِسْعُونَ عُدْوَانًا وَظُلْمًا،

إنْ شَاءَ عَذَّبَهُ اللَّهُ وَإِنْ شَاءَ غَفَرَ لَهُ "

(رَوَاهُ الإمَامُ عَبْدُ الرَّزَّاقِ فِي مُصَنَّفِهِ)

ya’ni: “Allohga osiylik bilan (xotiniga) “uch taloq” tushibdi. (Ming taloqdan) to‘qqiz yuz to‘qson yettitasi haddan oshish va zulm bo‘libdi. Alloh xohlasa azoblaydi, xohlasa uni kechiradi” (Imom Abdurrazzoq “Musannaf”da rivoyat qilgan).

Ayrimlar esa xotinini taloq qilishi bilan uni ota uyiga jo‘natib yuboradi. Shariatga ko‘ra, taloq qilingan ayol erning uyidan chiqib ketib, boshqa uyda yashashi mumkin emas. Har qanday iddadagi xotin iddasini erining uyida o‘tkazishi – vojibdir.

Muhtaram jamoat! Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda taloq va ajrimlarning kelib chiqishiga ko‘p hollarda taloqning oldini olishi kerak bo‘lgan shaxslar – ota-onalar sababchi bo‘lib qolmoqdalar. Ba’zi holatlarda ota-onalar yoshlarning hayotiga aralashib, o‘zlari bilib yoki bilmagan holda ularning oilaviy hayotlarini buzishgacha borishmoqda. Bunday noo‘rin aralashuv ayniqsa to‘ydan oldin yuzaga chiqishi ham ko‘p kuzatiladi. Sovchilik va unashtiruv paytidagi bid’at va xurofotdan iborat bo‘lgan “oldi-berdi”lardan janjal chiqadi. Qiz tarafga shariatga tamoman xilof ravishda turli shartlar qo‘yiladi va “soliq”lar solinadi. Kelin tarafga esa mazkur bo‘sh xonalarni mebel va jihozlar bilan to‘ldirib berish majburiyati yuklanadi.

Shariatimizga ko‘ra, har qanday oilaviy kelishmovchilik va mojarolarni tinch yo‘l bilan, oqilona hal etishga harakat qilinadi. Bunda oilada ayniqsa erdan bosiqlik va hikmat bilan ish ko‘rish talab etiladi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimning “Niso” surasida aynan erlarga xitob qilib:

وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا 

(سُورَةُ النِّسَاءِ/ الأيةُ 19)

ya’ni: “Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin”, –  degan (19-oyat).

Shu sabab er xotinini arzimas sababli urishi u yoqda tursin, ranjitishi ham Qur’oni karimning mazkur ta’limotiga ziddir! Besh qo‘l ham barobar emas. Hayotda ba’zi ayollar haddilarida turmay, erlariga qarshi bosh ko‘tarib, beodoblik, itoatsizlik ko‘rsatadilar. Bunday paytda er oilada o‘z mavqeini saqlashi, xotinini taloq bilan qo‘rqitishga urinmasligi, balki tartibga chaqirishida Islom dini ko‘rsatmasiga muvofiq yo‘l tutishi kerak. Alloh taolo Niso surasinig 34-oyatida shunday degan:

 وَاللَّاتِي تَخَافُونَ نُشُوزَهُنَّ فَعِظُوهُنَّ وَاهْجُرُوهُنَّ فِي الْمَضَاجِعِ وَاضْرِبُوهُنَّ فَإِنْ أَطَعْنَكُمْ فَلَا تَبْغُوا عَلَيْهِنَّ سَبِيلًا إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيًّا كَبِيرًا

(سورة النساء/ الأية 34)

ya’ni: "... Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so‘ngra (bu ta’sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh  oliy va ulug‘ zotdir" (Niso surasi, 34-oyat).

Ushbu oyati karimada ayollarni itoatsizlik holatida tarbiyalash yo‘li ta’lim berilmoqda. Bunda er uch bosqichda ayoliga tarbiya berishi kerak. Birini amalga oshirmay, navbatdagisini bajarishi mumkin emas. Bunda er sabr-matonat bilan, avvalo o‘zi hayotiy namuna bo‘lib, uzoq muddat nasihat qilishda bardavom bo‘ladi.

Er va xotin orasini isloh qilish uchun ikki tarafdan aqlli, tajribali, turmushning past-balandidan xabardor, Allohdan qo‘rqadigan, adolatli hukm chiqarishga harakat qiladigan kishilar bo‘lishlari kerak. Shuningdek, isloh qilguvchi shaxslar er xotinsiz, xotin ersiz yashashi  oson emasligini avvalo o‘zlari anglab yetishlari va mana shu narsani “ajrashaman” deb turgan er-xotinga tushuntira olishlari lozimdir.

Alloh taolo barchalarimizni hayotning barcha jabhalari qatori nikoh va taloq masalasida ham Qur’oni karim va sunnati nabaviya talablari asosida hayot kechirishimizni nasib aylasin! Farzandlarimizning baxt-saodati yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib, ularga hayotiy tajribalarimizni erinmay o‘rgatadigan ota-onalardan bo‘lishga muvaffaq qilsin! Omin! Yo Robbal olamin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT – DINIMIZ SHIORI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Har qanday qoraning ichida oq bor

04.07.2025   897   4 min.
Har qanday qoraning ichida oq bor

Bismillahir Rohmanir Rohiym

ismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Qavming yangi musulmon bo‘lmaganida...

Oisha onamiz roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan Hijri Ismoil haqida so‘radilar:

- Ey Allohning Rasuli! U ham Ka’badanmi?

- Ha, u ham Ka’badan!

- Nima uchun uni Ka’baning ichiga kiritishmagan?

- Chunki o‘shanda qavmingning nafaqasi yetmay qolgan!

- Nega Ka’baning eshigi baland qurilgan?

- Qavming o‘zi istaganiga Ka’baga kirishga ruxsat berib, istamaganiga ruxsat bermaslik uchun! So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallam yana dedilar:

Agar qavming yangi musulmon bo‘lmaganida va ularning qalbi inkor qilishidan qo‘rqmaganimda, Ka’bani buzishga amr qilar va undan chiqarilgan narsalarni yana uning ichiga kiritib, boshqatdan qurar edim. Uni yerga barobar etib, ikki eshik qilardim. Biri sharqiy tomonida, ikkinchisi g‘arbiy tomonida. Uni Ibrohim alayhissalomning poydevoriga yetkazardim!

Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhumo Hijozda hukmronlikni qo‘lga kiritgach, xolasi Oisha onamiz unga yuqoridagi hadisni aytib berdilar. U Ka’bani buzib Ibrohim alayhissalomning davridagidek qilib qurdi. So‘ngra Hajjoj Abdulloh ibn Zubayrni qatl etgach, Ka’bani buzib, yana Quraysh mushriklari davridagidek qilib qurdi.

Abbosiylardan Abu Ja’far Mansur xalifa bo‘lgach, Ka’bani buzib, yana Ibrohim alayhissalom davridagidek qilib qurmoqchi bo‘ldi. Bu to‘g‘risida imom Molik rohimahulloh bilan maslahat qildi. Imom Molik rohimahulloh unga dedilar:

- Menimcha, uni hozirgi holida qoldirganing yaxshi. Yo‘qsa, Ka’ba podshohlar o‘rtasida o‘yinga aylanadi!

Bizga kerakli nuqta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Qavming yangi musulmon bo‘lmaganida edi...» degan gaplaridir!

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga bugungi Ka’bani Ibrohim alayhissalom davridagi Ka’ba emasligini, uni buzishni, Ibrohim alayhissalom qanday qurgan bo‘lsalar, shunday qilib qayta qurishni istayotganlarini aytyaptilar. Ammo Fathdan so‘ng islomga yangi kirgan qurayshliklarning iymonidan xavfsirayaptilar. Bu u zotning chiroyli siyosatlarini, foyda bilan zararning rioyasini qilganlarini anglatadi!

Islomda zararni daf qilish foyda keltirishdan oldinda turadi. Masalan, bir to‘g‘ri ish bor. Ammo uni qilsangiz, ortidan zarar keladi. Yaxshisi, uni qilmasligingiz kerak. Ana shu narsa muhim bir hayot darsidir!

Gohida bir qizni boshqa bir munosib bo‘lmagan kishiga turmushga berib zulm qilib qo‘yamiz. U qizimiz turmush o‘rtog‘i bilan yashay olmaydi. Undan ajralishga harakat qiladi. Bu unga foydali bo‘lib ko‘rinadi. Ammo bu ajralishdan o‘rtadagi farzandlar uvol bo‘lishi mumkin. Ona farzandlarini o‘zi bilan olib keta olmaydi yoki ularni tashlab ham keta olmaydi. Ana shunaqa paytda savob umidida uni sabrga chaqiriladi, ajralishga undalmaydi. Chunki ajralishda bir kishiga manfaat, ammo bir necha kishiga zarar bor!

Hayotdagi barcha ishlarni shunga qiyos qiling. Hayotda hamma narsa bir xil emas. Bir narsa ziyoda bo‘ladi, yana bir narsa ikkita narsaga teng bo‘ladi. Bu hayot chigal. Bunda har qanday oqning ichida qora bor. Har qanday qoraning ichida esa oq bor. Oqil inson o‘zidagi ko‘p oqni saqlab qolish uchun ozgina qorani qabul qiladi.

Umar roziyallohu anhu ajoyib gap aytganlar: «Yomondan yaxshini ajratib olgan inson ziyrak emas, ikkita yomondan yaxshisini ajratib olgan inson ziyrakdir».

Hayot bizni gohida ikkita achchiq narsadan birini tanlashga majbur qiladi. Zakiy inson to‘g‘ri amalda bo‘lgan, yaqinlashib yurgan va foyda bilan zarar o‘rtasini solishtira oladigan kishidir. Haq deb hamma narsa aytilavermaydi!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar